Xalq - folklorning ijodkori.Folklor qabila, urug`, elat, xalq yoki millatning mafkurasi va psixologiyasini aks ettiradi. Uning paydo bo`lishida hal qiluvchi rol o`ynaydi. Boshda ijod g`ayrishuuriy holda bo`lgan. Ijodkor g`ayriixtiyoriy tarzda mohiyatni tushunmagan holda ijod etar edi. Chunonchi, ovchi cho`qqida hayvon rasmini beixtiyor chizar yoki uni qanday qilib ov qilganligini urug`doshlariga aytib bera turib, badiiy obraz yaratilayotganligini o`zi anglamas edi. Shu asnoda amaliy mulohazalar zamirida sanat asari tug`ilardi: rasm ovchiga yo`l ko`rsatar, raqs qushlar va hayvonlar harakatini takrorlash asosida ko`rinmasdan ularga yaqinlashish yo`li vazifasini bajarsa, qo`shiq mehnat jarayonining ritmik regulyatori sozlovchisi edi. Ibtidoiy jamiyatda folklor hayot bilan mustaqil kurash vositasiga aylanib shakllandi. Qoyalardagi tasvirlar, bolta va boshqa mehnat qurollari qadimiy ajdodlarimizning tabiiy tuyg`ularini shakllantira bordi, hayvonlardan farqli o`laroq, badiiy ijod qilish iqtidorini uyg`ota boshladi, ulardagi manaviy kuchning qo`pol amaliy ehtiyojlar asirligidan qutulishiga ko`maklashdi. Albatta, eng qadimiy mehnat quroli boltaning ixtirosi hali sanatning ifodasi bo`la olmas, lekin ibtidoiy inson unda o`z ijodiyotini ko`rib, qanoat tuyg`usini kechirdi.
Astasekinlik bunday takrorlash va takomillashtirish ehtiyojga aylana bordi. Endi insonga boltaga dasta yasash kamlik qilar, shuning uchun o`sha dastaning qulay bo`lishi zarurligini anglab yetdi. Natijada mehnat qurolining ko`rkam va qulayligi uchun kurash estetik tafakkur rivojiga turtki bera bordi. Odamlar endi mehnat qurollariga turlituman rasmlar chizadigan bo`ldilar. Boshda ovchi qanday ov qilganligini dalillardan chekinmay hikoya qilgan bo`lsa, bora-bora shu hikoyasiga o`z hayotiy tajribalarini qo`shgan holda, hayot epizodlarini bir-biriga solishtirgan holda, ko`rgan-kechirganlari bilan boyitilgan holda xayoliga erk berib ifodalaydigan bo`ldi. Xayolga erk berish zamirida ibtidoiy odamda estetik tuyg`u shakllana bordi, go`zallikni tushunish va anglash teranlashdi va shular zaminida xalq og`zaki ijodiyotining dastlabki namunalari yuzaga keldi. Shunga qaramay, M.Gorkiy uqtirganidek: Kishilar juda qadimgi davrdayoq orzu qilganlar. Faeton, Dedal va uning o`g`li Ikar hamda uchar gilam haqidagi afsonalar shundan dalolat beradi. Odamlar yerda tez harakat qilishni o`rganganlar; daryoga uning oqimidan ham tez suzish istagi eshkak va yelkanni ixtiro qilishga olib keldi, uzoqdan turib dushman yoki maxluqni yo`q qilishga intilish esa palaxmon va kamonlarning vujudga kelishiga sababchi bo`ldi. Insonlar bir kechada juda ko`p mato to`qishni, eng yaxshi turar joy, hattoki qasr, yani dushman hamlasiga chidash bera oladigan mustahkam qo`rg`on qurishni xayol qildilar. Bu yo`lda ular qadimiy mehnat qurollaridan charxni va mato to`qish uchun ibtidoiy dastgohni yaratdilar hamda dono Vasilisa haqidagi ertakni ijod etdilar. Shu zaylda mehnat jarayoni, ijtimoiy taraqqiyot tufayli mehnatning turli tarmoqlarga taqsimlanishi esa, o`z navbatida, so`z sanatini ham shaklan, ham mazmunan xilma-xil xarakter kasb etishini taminladi. Aytaylik, og`zaki so`z sanati paydo bo`lishi jarayonida odam so`zning magik (ilohiy, sehrli) qudratiga sig`inar, shu asosda o`z xatti harakatlarini belgilar va o`z mehnatining samarasini baholar edi. Natijada so`z marosim bilan bog`lana boshladi, u yoki bu marosim mohiyatini ifoda etdi.