«USTOZ-SHOGIRD» MAKTABI SAMARADORLIK OMILI Bugun ta'lim sifatini oshirish, o'qituvchilarga amaliy-metodik yordam berish, ayniqsa, maktablarda endi ish boshlagan o'qituvchilarga ish jarayonini to'g'ri tashkil etishi uchun maslahatlar berish pedagogik jamoalar oldidagi muhim masaladir. Bu jarayonda mahoratli o'qituvchilarning izdoshlariga o'z tajribalarini o'rgatishini samarali tashkil etish maqsadida xalq ta'limi tizimida «Ustoz-shogird maktabi» faoliyatining tizimli yo'lga qo'yilgani ahamiyatli bo'lmoqda. «Ustoz-shogird» ta'lim-tarbiya ishlarini olib borishda o'qituvchilarning kasbiy va metodik mahorati hamda malakasini oshirish, ta'lim-tarbiya jarayonining zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etilishini ta'minlash borasida o'zaro tajriba almashish, ijodkorlik yo'nalishidagi izlanishlarni rivojlantirish va birlashtirish singari yo'nalishlarga e'tiborni kuchaytirdi.
Maktab rahbarlari esa ustoz-shogirdlarning mashg'ulot o'tishlari uchun sharoit yaratib berish maqsadida ustoz o'qituvchi uchun dars jadvalida metod kunlar qo'yilishini ta'minladi.Ustoz shogirdning «Kasbiy mahoratni oshirish ustaxonasi»da samarali ishlashini tashkil etish, kerakli ko'rgazmali qurollar bilan ta'minlanishi, shuningdek, o'quv-laboratoriya jihozlari, materiallar, ko'rgazmali qurollar, texnika vositalaridan foydalanishida amaliy yordam bermoqda.
• Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 20ta fan yo'nalishida 254 nafar ustoz o'qituvchilar samarali faoliyat olib bormoqda. Ularning har biriga 3 nafardan shogird biriktirilgan va ular 720 nafarni tashkil etadi. O'tgan 2010-2011 o'quv yilining oxirida ustozlar safi yana 14 nafarga ko'paydi, ya'ni 14 nafar shogird ustoz darajasiga ko'tarilib, ularga ham 3 nafardan shogird o'qituvchilar biriktirildi.
Yangi o'quv yilidan boshlab har bir maktabda «Ustoz-shogird» maktablari shakllantirildi.Ustoz o'qituvchilar o'rtasida «Eng yaxshi kasb-mahoratni oshirish ustaxonasi», «Eng yaxshi dars ishlanmasi», «Eng yaxshi shogird» kabi ko'rik-tanlovlar o'tkazilishi rejalashtirilgan.
"Ustoz-shogird" maktabi takomillashmoqda
O’zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan umumiy o'rta ta'lim fanlarini o'qitish samaradorligini oshirish maqsadida "Ustoz-shogird" maktabining o'rni va ahamiyatiga bag'ishlangan ilmiy-metodik seminar o'tkazildi. Unda umumiy o'rta ta'lim va ixtisoslashtirilgan maktablarning o'qituvchilari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta'lim sifati va samaradorligini yanada oshirish, malakali o'qituvchilarning bilim va salohiyatini yuksaltirish, ilg'or pedagogik texnologiyalar va interfaol usullarni ta'lim tizimiga izchil tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar samarasida har jihatdan sog'lom va yetuk yoshlarimiz safi kengaymoqda. "Ustoz-shogird" maktabi" loyihasi ham ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilayotir.
O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan amalga oshirib kelinayotgan mazkur loyihada salkam to'rt mingga yaqin o'qituvchi ishtirok etib, o'z kasb mahoratini yuksaltirdi.
Maktabimizda 465 nafar o'quvchi bilim oladi, - deydi O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tasarrufidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi direktorining o'rinbosari Jahongir Tohirov.
O'ttiz olti nafar o'qituvchining aksariyati "Uztoz-shogird" maktabi loyihasi asosida faoliyat ko'rsatmoqda. Bu esa darslarning qiziqarli va mazmunli o'tishiga xizmat qilayotir.
Seminarda yosh o'qituvchilarga tajribali pedagoglarning ish tajribasini o'rgatish, yangi pedagogik texnologiyalarni ta'lim jarayoniga izchil tatbiq etish, o'quvchilar fanlarni yaxshi o'zlashtirishi uchun elektron darsliklar va multimedia vositalaridan keng foydalanishga oid ma'ruzalar tinglandi.
"Ustoz-shogird" maktabi samaralari
Prezidentimiz Islom Karimovning O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 21 yanvarda bo'lib o'tgan majlisidagi maruzasida o'qituvchilar tarkibini tayyorlash sifati va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlangan.
Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi tomonidan "Ustoz-shogird maktabi" loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu esa o'qituvchilarni davr talabi asosida qayta tayyorlash, ularning bilim va malakasini yanada oshirish, sohadagi ilg'or ish tajribasini umumlashtirish va ommalashtirishda muhim omil bo'layotir.
Poytaxtimizda bo'lib o'tgan o'quv-seminarda mazkur loyiha natijalari tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.Unda umumiy o'rta ta'lim maktablarining loyihada qatnashayotgan 160 nafar eng faol o'qituvchisi ishtirok etdi.
O'zbekiston xalq ta'limi vaziri A.Marahimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta'lim sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar jahon andozalariga mos bilim maskanlari barpo etish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat ta'lim standartlarini davr talabiga hamohang tarzda takomillashtirish imkonini berayotganini ta'kidladi. Bu jarayonda pedagog kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
"Ustoz-shogird maktabi" loyihasidan maqsad - ilg'or va izlanuvchan o'qituvchilarning ish tajribasini yosh pedagog kadrlarga puxta o'rgatishdan iborat. Yurtimizning 5,5 mingdan ortiq umumiy o'rta ta'lim maktabi qamrab olingan mazkur loyiha doirasida 3,5 ming nafardan ortiq mohir o'qituvchining har biriga uch nafardan yosh pedagog biriktirildi. Yosh o'qituvchilar malakasi asosan amaliyot tarzida izchil oshirib boriladi.
Shuningdek, yosh pedagoglar ochiq darslar, o'quv mashg'ulotlari, ma'rifiy tadbirlar orqali ilg'or tajriba va ish usullarini o'zlashtirmoqda. Loyiha davomida zamonaviy pedagogik texnologiyalar, interfaol dars usullarini amaliyotga samarali joriy etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanish, yurtimiz va jahon ta'lim tizimidagi yangiliklar va ma'lumotlardan muntazam xabardor bo'lib borishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bunday ma'rifiy loyihada ishtirok etish ustoz-pedagog uchun ham, shogirdlar uchun ham birdek foydalidir, - deydi Guliston shahridagi 16-umumiy o'rta ta'lim maktabining boshlang'ich sinf o'qituvchisi Dilorom Toshimova. Bu loyiha o'quv mashg'ulotlarining sifati va samaradorligini yanada yuksaltirishga, bolalarning bilim olishga bo'lgan intilishi va qiziqishini kuchaytirishga, mavzularni puxta o'zlashtirishga yaqindan yordam bermoqda. Seminar davomida boshlang'ich sinflarda matematika fani bo'yicha ko'plab qiziqarli uslub va tavsiyalardan xabardor bo'ldik.