Test metodi - "Test" inglizcha so‘z bo‘lib sinash tekshirish demakdir.
Shaxsning aqliy o‘sishini, qobiliyatini, irodaviy sifatlari va boshqa psixik
xususiyatlarini tekshirishda qo‘llaniladigan qisqa standart masala, topshiriq test deb
ataladi. Test ayniqsa, odamning qanday kasbni egallashi mumkinligi, kasbga
yaroqliligi yoki yaroqsizligini, iste'dodlilar va aqli zaiflarni aniqlashda keng
qo‘llaniladi.
Test
metodining
qimmati
tajribaning
ilmiylik
darajasiga
tekshiruvchining mahoratiga va qiziqishiga, yig‘ilgan psixologik materiallarning
ob'ektivligi va ularni ilmiy tahlil qilishga bog‘liqdir.
1905 yildan fransuz psixologi A.Bine va uning shogirdi A.Simon insonning
aqliy o‘sishi va iste'dod darajalarini o‘lchash imkoniyati borligi g‘oyasini ilgari
surgandan keyin psixologiyada test metodi qo‘llana boshladi.
Biografiya (tarjimai hol) metodi - inson psixikasini tadqiq qilish uchun uning
hayot faoliyati, ijodiyoti to‘g‘risidagi og‘zaki va yozma ma'lumotlar muhim
ahamiyatga ega. Bu borada kishilarning tarjimai holi, xotiralari, esdaliklari, o‘zgalar
ijodiga bergan baholari, taqrizlari alohida o‘rin egallaydi. Shu bilan birga o‘zgalar
tomonidan to‘plangan tarjimai hol haqidagi materiallar, esdaliklar, xatlar, rasmlar,
tavsiflar, baholar, magnitafon ovozlari, fotolavhalar, hujjatli filmlar o‘rganilayotgan
shaxsni to‘liqroq tasavvur etishga xizmat qiladi.
Tarjimai hol ma'lumotlari inson psixikasidagi o‘zgarishlarni kuzatishda uning
suhbat va tajriba metodlari bilan o‘rganib bo‘lmaydigan jihatlarini ochishga yordam
beradi.
So‘rovnoma metodi - psixologiyada keng qo‘llaniladigan metodlardan
biridir. Uning yordamida turli yoshdagi odamlarning psixologik xususiyatlari narsa
va hodisalarga munosabatlari o‘rganiladi. So‘rovnoma odatda 3 xil tuzilishda
bo‘ladi. Ularning birinchisi anglangan motivlarni aniqlashga mo‘ljallangan
savollardan tuziladi. Ikkinchi xilida har bir savolning bir nechtadan tayyor javoblari
beriladi. Uchinchi turida sinaluvchiga yozilgan to‘g‘ri javoblarni ballar bilan
baholash tavsiya etiladi. So‘rovnomadan turli yoshdagi odamlarning layoqatlarini,
muayyan sohaga qiziqishlari va qobiliyatlarini, o‘ziga, tengdoshlariga, katta va
kichiklarga munosabatlarini aniqlashda foydalaniladi.