Ayollarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasida: Ichki ishlar vazirligi tomonidan huquqiy va ijtimoiy yordamga muhtoj xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha 360 nafar inspektorlar shtat birligi joriy etildi. 2019 yil 2 sentyabrda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi, u ayollarni uyda, ish joyida, ta'lim muassasalarida zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonunda bir qator tushunchalar, «jinsiy zo‘ravonlik», «jismoniy zo‘ravonlik», «iqtisodiy zo‘ravonlik», «ruhiy zo‘ravonlik» «zo‘ravonlik», «tazyiq» kabi tushunchalarga keng ta'rif berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-5116 sonli qarori bilan 1 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha Respublika markazi, 14 ta hududiy markazlar va 14 ta namunali tumanlararo markazlari hamda zo‘ravonlik qurbonlari murojaat qilishi mumkin bo‘lgan 1146 qisqa raqamli «Call-center» tashkil etildi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni tuzatish dasturlari to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.
Onalar salomatligi sohasida: Onalar va bolalar salomatligini har tomonlama mustahkamlashni ta'minlash, sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2017 yil 25 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Bolalarda tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi to‘g‘risida" gi qarori qabul qilindi. Qarorda, jumladan, homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda patologiyani erta aniqlash bo‘yicha davlat tizimini yanada rivojlantirish, bolalarda nogironlikni kamaytirishga doir vazifalar belgilangan.
2019 yil 11 martda "Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan ayollar va erkaklarga reproduktiv huquqlarini amalga oshirishda teng huquq va imkoniyatlar, farzandlarining tug‘ilishi bilan bog‘liq mustaqil qarorlar qabul qilish huquqi belgilandi, xavfsiz va samarali texnologiyalardan foydalanish kafolatlandi.
2019 yil 23 oktyabrda “Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda ko‘krak suti bilan boqishni qo‘llab-quvvatlash, go‘daklar va yosh bolalarning ovqatlanishini ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, davlat organlarining vakolatlari belgilandi.