10-MAVZU. BUXORO XONLIGI VA AMIRLIGI DAVRI MADANIYATI VA SAN\'ATI
Zardo’zlik — hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri zar ip bilan naqsh (kashta) tikish kasbi. U forscha zar (tilla), do’zi (tikmoq) so’zini anglatadi. Zardo’zlik san’ati uzoq tarixga ega. Zardo’zlikning vatani Vavilon bo’lib, u Rim imperiyasiga qarashli bo’lgach, zar, ipak va jun ip qo’shib tikilgan rang-barang kashtachiligi bilan butun dunyoga mashhur bo’lgan. Vizantiyada zardo’zi kiyim-kechaklarni faqat imperator ayollari, aslzodalar kiyishgan. Vizantiya bilan muntazam madaniyat hamda siyosiy hamkorlik qilishi tufayli zardo’zlik san’ati Eron podsholigi saroyida ham rivoj topgan. Eronda zardo’zlik san’atining rivojlanganligiga XV—XVII asrda ishlangan zardo’zlik namunalari misol bo’la oladi. Vizantiyadan Qadimgi Rusiyaga ham zardo’zlik san’ati kirib keldi. Kichik Osiyo doirasida zardo’zlik XIII va XV asrlarda ham rivojlandi. Xullas Vizantiya qayerga ta’sirini o’tkazgan bo’lsa o’sha yerda zardo’zlik rivojlangan.O’rta Osiyoda zardo’zlik juda qadimdan rivojlanib kelayotgan xalq amaliy san’ati turlaridan biridir. Arxeologik topilmalar va tarixiy manbalardan ma’lumki, O’rta Osiyo xalqlari orasida qadimdan I—II asrlarda zarbof kiyimlar, badiiy buyumlar keng tarqalgan. 1947 yili Toshkent viloyatining Vrevskiy qishlog’ida o’tkazilgan arxeologik topilmada ayol qabridan I — II asrlarga tegishli zarbof kiyimlar topilgan. Abdurazzoq Samarqandiy «Hindiston safarnomasi» asarida 1442 yili Shohrux zamonida Shimoliy Hindiston bilan Hirot o’rtasida turgan elchilarning sovg’alari orasida zarbop kiyimlar bo’lganligini aytib o’tgan. 1465 yili «Ashratxona» maqbarasi haqidagi hujjatlarda zarbop kiyimlar haqida bayon etib o’tgan. Hirotda yashab ijod etgan Vasfiy o’zining risolalarida zarbof kiyimlar va zardo’zlik kasbi to’g’risida bayon etgan. XVII asrda yashagan Samarqandlik shoir Fitratning asosiy kasbi zardo’zlik bo’lgan, u matolarga zardan ajoyib kashtalar tikkan. XIX-XX asr boshlarida zardo’zlikning o’ziga xos maktabi yaratilgan. O’zbekistonda Buxoro, Samarqand, Farg’ona va boshqa joylarda zardo’zlik maktablari ochilgan. Qimmatbaho matodan tayyorlanadigan zardo’zi kiyimlar mahalliy aholining turli tabaqalari o’rtasida keng tarqalgan. Bu kiyim-kechaklar asosan amir saroyidagilar, shahar boylari uchun tikilgan. Yuzlab qo’li gul ustalar hammasi amir saroyining ehtiyoji uchun ishlagan. Bu ustalarning ko’pchiligi ota-bobosidan meros bo’lgan kasbi saroy ahllari uchun kamzul, chakmon, chalvor, poyafzal, belbog’, salla, quloq va jul tikishdir. Bu kiyimlar xon yoki uning yaqinlari tomonidan oilaviy tantana yoki bayram munosabati bilan buyurtma berilgan. Hyech kim, hatto eng katta amaldorlardan birortasi ham yuqorida aytib o’tilgan kiyimlardan hyech birini o’ziga buyurtirishga haqi yo’q edi, ular zarbop kiyimlarni amir sovg’a qilgandagina kiyishlari mumkin edi. Ayollar va bolalarning zardo’zi kiyimlari faqat badavlat xonadonlarning an’analaridagina kiyilgan, kiyimlarni ular turli oilaviy tantana yoki bayram munosabati bilan kiyishgan. Boy xonadonlarning 8-10 yoshdan katta bo’lmagan o’g’il bolalariga sunnat to’yi munosabati bilan zarbop to’n kiydirishgan». XIX-XX asr boshlarida Buxoroda hukmronlik qilgan mang’itlarning oxirgi sulolasiga taalluqli zarbop kiyimlar yagona yodgorliklari nusxasi hisoblanadi. Bu borada 1800-1826 yillarda Haydarxon podsho zamonasida ishlangan zardo’zi maxsi (1810 yilda ishlangan), 1827-1860 yillarda Amir Nasrulloxondan juda ko’p zarbop kiyimlar hamda. 1895 yildan 1911 yilgacha hukmronlik qilgan Abdulahadxonga mansub juda ko’p zardo’zlik kiyimlar ko’p saqlanib, o’sha davrlarda zardo’zlik san’ati gullab yashnaganini ifodalaydi.1915 yili Olimxon davrida Buxoroda Qushbegi Mirzo Urganjiyning uyida podshoqlik ustaxonasi tashkil etilgan. Bu ustaxona qushbegi ixtiyorida bo’lgan. Unda ishning ko’p-kamligidan qat’i nazar 20 tadan 40 tagacha ustalar ishlagan. Ustaxonaga ustakor boshchilik qilgan. Ustakor tajribali, malakali tarhkashlardan (ya’ni naqsh chizuvchi usta) qushbegi tomonidan saylangan. Bulardan biri gul tikish san’atida qoravulbegi, Salim ustakorlik lavozimida ishlagan. Keyinchalik Shoiddin va Abdushukur tarxkash bo’lgan. Ular zardo’zlarga ish bergan, buyurtmalarni o’z vaqtida bajarilishi hamda ishni sifatli chiqishini nazorat qilgan. Ustakor barqut, shoyi, ip va boshqa xom-ashyolarni tarqatib turgan. Faqat ustakor kalobatunni, ya’ni qimmatbaho zar ipni qushbegi idorasi ichida tayinlangan maxsus mirzo kalobatunchidan olgan. Kalobatun alohida joyda saqlangan. Gul kesuvchi ustalar mazkur ustaxonalarda asosiy kishilardan hisoblanar edi.