«keldi» so‟zi tarkibidagi 4 ta harfdan uchtasi «k», «l» va «d» kichik, qatordan yuqorida ham chiqib ketadi, ya‟ni uning shakli kichik bo‟lsa ham balandligi katta harflar bilan baravar yoziladi. «E» va «i» harflari esa kichik parallel qatorlar ichida yoziladi.
Bunday mashqlar o‟quvchilarni bosh harflar bilan kichik harf o‟ratsidagi farqni ajrata olishga va bir tekis yozishga o‟rgatadi. O‟quvchilar harflarning balandligiga rioya qilib yozishni bilib olganlaridan so‟ng ularning oldiga yozuvning qiyaligini to‟g‟ri saqlash, harflarni qo‟l harakatini uzmasdan bog‟lab yozish vazifalari qo‟yiladi.
Harflarni qiyaligini to‟g‟ri saqlash parta ustidagi daftarning holatiga bog‟liq. Agar daftarning holati to‟g‟ri qo‟yilsa, xat ham to‟g‟ri yoziladi. Daftarning holatini tez-tez o‟zgarishi natijasida xatning sifati buziladi. Shuning uchun birinchi navbatda o‟qituvchining o‟zi parta ustida o`quvchilarning daftarning to‟g‟ri turishiga doimiy e‟tibor berishi lozim.
Harflarning qiyaligi 65º ga teng bo‟lishi kerak.
Yozuvning bir tomonga qiya bo‟lishi tik yozuvga nisbatan oson bo‟lib, xat tekis chiqadi va yozuv tezligi oshadi.
Daftarni to‟g‟ri tutish malakasini o‟quv yilining boshidan hosil qilish va bu malakani butun o‟quv yili davomida mustahkamlab borish zarur.
O‟quvchilarda daftarni to‟g‟ri tutish, yozuv vaqtida to‟g‟ri o‟tirish avtoruchkani to‟g‟ri ushlash kabi malakalarni mustahkamlash uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin: «bir» deganda gavdani to‟g‟ri tutish, «ikki» deganda daftarni to‟g‟ri qo‟yish, «uch» deganda ruchkani ushlash.
Bir chiziqli daftarda qiya chiziqlarning yo‟qligi daftarni parta ustida to‟g‟ri tutishga alohida e‟tibor berishni taqozo qiladi. Buni amalga oshirish o‟qituvchidan ko‟p mehnat talab etadi, chunki o‟qituvchi har bir o‟quvchining daftarini butun dars davomida kuzatib borishi lozim bo‟ladi. Bu ishni osonlashtirish uchun quyidagi usuldan foydalanish mumkin.
Parta ustiga ikki o‟quvchining har biri uchun ingichka nazorat chiziq chizish kerak. Bu chiziqning ostki uchi o‟quvchilarning chap ko‟kragi o‟rtasiga to‟g‟ri bo‟lib, parta chetiga nisbatan 65º bo‟lishi zarur. Natijada hamma o‟quvchilarning oldida (partada) nazorat chiziqlar hosil bo‟ladi. Shundan keyin daftarni shu nazorat chiziqqa tekis qilib qo‟yishni talab qilish oson bo‟lib qoladi. Qatorlar to‟lib borgan sari daftar ham shu chiziq bo‟ylab yuqoriga ko‟tarila boradi.
Shu tartibda daftarni to‟g‟ri tutish malakasi hosil qilingandan so‟ng o‟qituvchi doskaga bir nechta qiya holatdan kichik tayoqcha va yoniga yana shunday bir nechta tik tayoqcha chizib, o‟quvchilardan qaysi tayoqchalar tik va qaysi tayoqchalar qiya ekanligini ko‟rsatishni talab qiladi.
O‟quvchilar ular orasidagi farqni ko‟rsatib beradilar. Shundan keyin o‟qituvchi yozuv o‟ng tomonga 65º qiya bo‟lishligini yana ta‟kidlaydi.
Bunday mashqlar o‟quvchilar kuzatuvchanligini oshiradi, o‟quvchilarga xatning qiya yozilishi shart ekanligini anglatadi. Ba‟zi o‟quvchilar harflarning tayoqcha unsurini yozishda qiynaladilar. Bunday kamchilikning oldini olish uchun shunday unsurlardan tashkil topgan harflarni mashq qildirish kerak. Bu mashqni o‟tkazishda unsurlarning qiyaligini to‟g‟ri saqlashga yordam beruvchi qo‟shimcha qiya chiziqchalar ham beriladi.
Bunda o‟quvchilar harflar yonidagi tayoqcha unsuriga qarab harflarning qiyaligini to‟g‟rilab, o‟zlarining yozuvlarini tekshirib boradilar.
2-sinf o‟quvchilari uchun beriladigan mashqlar tekshiruv xarakterida bo‟lishi ham mumkin.
O‟qituvchi o‟quvchilarga harflarning to‟g‟ri yozilishini ko‟rsatish bilan birga har bir harfning shaklini (qayerdn boshlanib, qayerdan tugatishni) ham o‟rgatishi lozim.
O‟quvchilarni to‟g‟ri va noto‟g‟ri yozilgan harflarni farq qila olishga, ularning asosiy kamchiligi nimadan iborat ekanligini aniqlay olishga o‟rgatish kerak.
O‟qituvchi o‟rgatilayotgan harfning shaklini va yozilish tarkibini doskada ko‟rsatib bo‟lganidan so‟ng, o‟qituvchilarning 4-5 marta yozishlarini talab etadi. Bu vaqtda o‟qituvchi sinfni aylanib chiqib, xato yozayotgan o‟quvchilarning daftariga to‟g‟risini yozib berib, shunga qarab yozishni buyuradi.
Noto‟g‟ri yozilgan harflarning shaklini tahlil qilish orqali ularning kamchiligini topishni o‟qituvchi doskada ham mashq qilib ko‟rsatishi mumkin. Masalan, to‟g‟ri yozilgan kichik t harfi bilan xato yozilgan t harfini yonma-yon yozadi.
Noto‟g‟ri yozilgan bu harfning asosiy kamchiligi nimadan iborat ekanligini o‟qituvchi o‟quvchilardan so‟raydi. O‟quvchilar javob beradilar. (Ikkinchi usti ilmoqli kichik tayoqcha unsuri birinchi unsurdan kichik, uchinchi unsuri esa ikkinchisidan ham kichik).
O‟quvchilar bu harfdagi xatoni aytib beradilar (Birinchi unsuri bilan ikkinchi unsuri orasidagi masofa yaqin, ikkinchi unsuri orasidagi masofa yaqin, ikkinchi unsuri bilan uchinchi unsuri orasidagi masofa esa olis).
Shundan keyin o‟qituvchi doskadagi noto‟g‟ri yozmagan harflarni o‟chirib tashlab, uning to‟g‟ri yozilishini qayta ko‟rsatib beradi, o‟quvchilar ko‟chirib yozadilar.
Shunday qilib, yozuvning qiyaligini to‟g‟ri saqlash uchun, birinchi navbatda, daftarning parta ustida to‟g‟ri turishini ta‟min etish, o‟z-o‟zini tekshirish uchun esa qo‟shimcha mashqlar berish lozim. Xatolar ustida ishlash esa o‟quvchilar yozuvini mukammallashtiruvchi muhim omillardan biridir.
Bu sinfda yozuv grafikasini o‟stirish uchun berilgan mashqlarning xarakteri 1-sinfga o‟xshash bo‟lsa-da, maqsad harflarning kengligini, balandligin va qiyaligini to‟g‟ri saqlashdan iborat bo‟lib, bir chiziqli daftarga yozish malakasi ona tili materiallari bilan bog‟liq holda olib boriladi.
O‟quvchilar harflarni unsurlarga bo‟lib yozmasalar ham, har bir harfning qanday unsurlardan tuzilishini, yozayotganda peroni qaysi tomonga harakat qildirishni, qayerda burilish bo‟lishini, qaysi unsur qanday qiyalikda yozilishini va boshqa qoidalarni yaxshi bilishlari kerak.
Ta‟kidlanganidek, 1-sinfda o‟quvchilarga harflarn qiya chiziqlari siyrak bo‟lgan ikki chiziqli daftarga yozishga o‟rgatilgan bo‟lsa, 2-sinfdan boshlab bir chiziqli daftarga yozish o‟rgatiladi. Undan tashqari, harflarni guruhlarga ajratish ham 1-sinfdan farq qiladi.
Husnixatga o‟rgatish metodlari ichida genetik metodi ham bor. Bu metoddan foydalanishda harflar ma‟lum o‟xshash guruhlarga ajratilishi va ularning qanday unsurlardan iborat ekanligini ko‟rsatish lozim. Hozirgi kunda ham bu metoddan qisman foydlanilmoqda. Genetik metodning asosiy xususiyati kichik va bosh harflarni guruhlarga bo‟lib yozdirishdir. Masalan, harflarni quyidagi guruhlarga bo‟lib yozish tavsiya etiladi.