Tabiatning ontologik maqomi. Biosfera va Noosfera haqidagi ta'limotlar. Tabiatga oid koevolyusion va invayronmental nazariyalar.
Tabiat tushunchasining falsafiy tahlili. «Tabiat» tushunchasi eng muhim va keng qo`llaniladigan falsafiy kategoriyalardan biridir. Bu atama bir necha talqinga ega bo`lib, falsafada ko`pincha u keng, tor va maxsus ma’noda ishlatiladi. Mazkur ma’nolarning har biri, o`ziga xos xususiyatga ega.
Tabiat tushunchasining keng ma’nosi borliqni, butun dunyoni barcha rang-barang shakllari bilan jamuljam holda aks ettiradi. Bu ma’noda «tabiat» atamasi borliqqa nisbatan tatbiq etiladi va «materiya» kategoriyasidan ham kengroq falsafiy kategoriya sifatida amal qiladi, zero u moddiy va ma’naviy asoslarning birligidan iborat muayyan yaxlitlik sifatidagi insoniyatni ham o`z ichiga olgan Koinotning butun moddiy-energetik va axborot dunyosini qamrab oladi. Ayni shu ma’noda «tabiat» tushunchasi falsafaning borliq muammolari o`rganiladigan sohasi, ya’ni ontologiyada keng qo`llaniladi. Mazkur atama ko`rsatilgan ma’noda falsafada ko`proq XIX asrgacha ishlatilgan.
Tabiat tushunchasining tor ma’nosi XIX asrda hayotning paydo bo`lishi va yerdagi evolyutsiya jarayonlari muammolarini tushunishga nisbatan yangicha yondashuvlar yuzaga kelishi, shuningdek Inson dunyoda o`z o`rnini anglab yetishi bilan shakllana boshladi. Shu ma’noda «tabiat» atamasi muayyan hajmgacha torayib, ob’ektiv borliqning biosfera (J.Lamark 1802 yilda biosfera atamasini muomalaga kiritgan), ya’ni «hayot sohasi» deb nomlagan qisminigina anglata boshladi. Biosfera jonsiz tabiatning avvalgi rivojlanish mahsuli bo`lib, yerning hayot kechayotgan nozik qatlamini tashkil etadi. U atmosfera, gidrosfera va litosferaning yuqori qismini qamrab oladi.
Biosferada inson alohida o`rin egallaydi. U jonli tabiatning tabiiy qismi bo`lsada, vaqt o`tishi bilan unga qarshilik ko`rsatuvchi faol asosga aylandi. Bu faktni u ekologiya muammolari yig`ilishiga qarab anglay boshladi. Mazkur muammolar keskinlashgani sari inson o`zining o`zgargan holati haqida yanada teranroq mulohaza yuritib, tabiat va jamiyatning o`zaro aloqasi masalasini ilmiy, falsafiy va amaliy nuqtai nazardan yechishga harakat qila boshladi.
Shu ma’noda, tabiat insonni qurshagan muhitni, ya’ni borliqning biosferadan biologik tur sifatida o`rin olgan insonning mavjudlik sharoitlari majmui sifatida amal qiladigan qismini anglata boshladi.
Shunday qilib, tabiatni o`rganishga nisbatan odatdagi yondashuvlar «biosfera va inson» murakkab sistemasining tahlili va uni falsafiy anglab yetish hisobiga sezilarli darajada kengaydi, «tabiat» atamasi yangicha, yanada teranroq mazmun kasb etdi. Bu avvalo jamiyatning atrof muhit bilan o`zaro munosabatlari, xususan iqtisodiyot, ijtimoiy hayot sohasidagi faol fundamental tadqiqotlar mahsuli bo`ldi. Shu sababli «tabiat» atamasining mazkur ma’nosi ijtimoiy falsafada ayniqsa ko`p ishlatiladi va odamlar yashaydigan tabiiy muhitni ham, inson qo`llari bilan yaratilgan (o`zgartirilgan) sun’iy muhitni ham qamrab oladi. Boshqacha aytganda, ayni holda o`zaro bog`liqlik va birlikda inson yashaydigan makonni tashkil etadigan «birlamchi» va «ikkilamli» tabiat nazarda tutiladi.
«Tabiat» tushunchasining maxsus talqinida e’tibor muhokama predmetining ildizlari, fundamental asoslarini yoritishga qaratiladi. Mazkur kontekstda, masalan, inson, u yoki bu ijtimoiy hodisa, elementar zarra yoki sharsimon chaqmoqning tabiati qanday, degan savol mutlaqo o`rinli yangraydi. Falsafada ko`pincha u yoki bu predmet, jism, mavjudot va shu kabilarning mohiyati, asosiy mazmunini aniqlash zaruriyati paydo bo`ladi. Fanda ham ba’zan muayyan hodisa, voqeaning xususiyati va yuz berish sabablarini aniqlash talab etiladi. Ayni holda mazkur ob’ekt yoki hodisaning tabiati haqida shu ma’noda so`z yuritiladiki, uning mohiyati, shuningdek qolgan ob’ektiv borliq - so`zning keng ma’nosidagi tabiat bilan aloqasi aniqlanadi.
«Tabiat» tushunchasining yuqorida zikr etilgan uchala ma’nosi ham hozirgi falsafiy va ilmiy adabiyotlarda keng qo`llaniladi, ammo uning ikkinchi biosfera, atrof muhit bilan tenglashtiriladigan ma’nosi so`nggi vaqtda ekologiya muammolariga e’tibor sezilarli darajada kuchaygani munosabati bilan ayniqsa keng tarqaldi. Ayni shu sababli hozirgi vaqtda «ekologiya», «atrof muhit» kabi tushunchalar ham faol ishlatilmoqdaki, bu haqda quyida batafsilroq so`z yuritamiz. Xullas, tabiatni falsafiy tushunishga bag`ishlangan mazkur bo`limda biz «tabiat» kategoriyasidan asosan uning ikkinchi, tor ma’nosidan foydalanamiz, chunki u keng ma’noda ontologiyada yoritib berilgan