3-ma’ruza. Buxoro amirligining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti. (2 soat) Reja


Buxoro amirligi aholisining etnik tarkibi



Yüklə 245 Kb.
səhifə3/9
tarix21.12.2022
ölçüsü245 Kb.
#77106
1   2   3   4   5   6   7   8   9
3-ma\'ruza (2)

Buxoro amirligi aholisining etnik tarkibi:Turkiy xalqlar 85.0 %,ya’ni 1.830.254: Eroniy xalqlar 12.0%,ya’ni 258.389:Boshqa elatlar 3.0 %,ya’ni 64.597 Jami 100.0 %,ya’ni 2.153.240 nafarni tashkil etgan.

Amirlikning davlat boshqaruvi  tizimi.
Mansablar, unvonlar va amallar
V.V. Krestovskiyning yozishicha, Buxoro amirligidagi beklar rus gubernatorlariga teng bo’lishgan, faqat beklarning huquqlari ko’proq bo’lgan. Amir bekka o’lim jazosi tayinlashdan boshqa barcha huquqlarni berardi. Bek amirga har hafta o’z ishlari haqida yozma hisobot jo’natardi. U faqat fuqaroviy emas, balki harbiy hokimiyatga ham ega bo’lib, soliqlar yig’ar, shuningdek urush paytida qo’shinga odam to’plardi.O’z hududi va aholisi soniga, hamda o’zining ahamiyatiga ko’ra barcha bekliklar bir xil emas edi. Yirik bekliklarda, odatda hukmdor amirga qarindosh yoki yaqin kishi bo’lgani uchun, ba’zi bir dabdababozlik bor edi va mahalliy hukmdor barcha narsada amirdan o’rnak olishga harakat qilardi. Poytaxtdan uzoq bo’lgan va kambag’alroq hisoblangan bekliklarda ko’p narsalar oddiy bo’lib, ortiqcha dabdaba bo’lmagan, bek a’yonlari kamroq va kichik unvonlarda bo’lgan. Ammo shunga qaramasdan, deyarli barcha bekliklarda boshqaruv tizimi aytarli bir xil edi.Viloyatdagi beklarni o’z qarorgohlari – qo’rg’on, qal’a, hokimnishin degan joylari bo’lgan. Ko’p hollarda ular arofi mudofia devori bilan o’ralgan joy edi.
Amirlikdagi bek mahkamasi ta’rifiga kelganda shuni ko’rsatmoq zarurki, bekning huzurida doimo yasovulboshi bo’lardi. Bu kishi bekning eng yaqin, ishonchli odami hisoblangan. Yasovulboshi bekning axborotchisi bo’lib, bu amal o’z ichiga qisman mirshablik, qisman bek yordamchisi vazifalarini, bekka ariza topshirish va bek buyruqlarini bajarishni o’z ichiga olgan. Har bir bekda ikkita yasovulboshi bo’lgan. Yasovulboshi bekning shaxsiy qo’riqchilari boshlig’i ham bo’lib, u ko’pincha bek qarorlarini amalga oshirishga bevosita rahbarlik qilgan. Odatda yasovulboshiga qorovulbegi yoki miroxur kabi kichik amal va unvon ham berilgan.
Bekliklardagi muhim amaldorlardan biri qozi hisoblanardi. Qozi amali bekdan mustaqil bo’lgan. Qozi to’g’ridan-to’g’ri Buxorodan tayinlanar va o’sha yerdan kelgan buyruq bilan almashtirilardi. Qozi odatda bekning harakatlarini kuzatar va maxfiy ravishda Buxoroga xabar berib turar edi. Qozi beklikdagi fuqaro ishlarini hal qilardi. Qoziga maosh tayinlanmas, odatda u tortishayotgan taraflardan olgan yig’imlar va notarial tusdagi har xil bitimlar, pora va hadiyalar hisobiga kun ko’rar edi.Buxoro amirligidagi har bir beklik kichik ma’muriy birliklarga-amlokdorliklarga bo’lingan. Bu so’z bilan aslida amirga yoki davlatga qarashli, lekin dehqonlar ixtiyorida bo’lgan alohida yerlar nazarda tutilardi. Amlokning o’zi ma’muriy-soliq oladigan birlik edi. Amlok boshqaruvchisi bo’lgan ma’muriy shaxsning, ya’ni amlokdorning eng muhim vazifasi amlok yerlaridagi dehqonlardan soliq yig’ib olish edi. Amloklar xuddi bekliklar kabi, hududlari bilan bir-biridan farqlangan bo’lib, ularning beklikdagi soni esa doimiy bo’lmagan va tez-tez o’zgarib turgan.
Buxoro amirligidagi eng katta Hisor bekligi ma’lumotlarga ko’ra 23 ta amloklikka bo’lingan bo’lgan. Ba’zi manbalarda ko’rsatilishicha esa u yerda 27 amlokdorlik bo’lgan. Rus zobiti kapitan Liliental Hisor bekligi 21 amlokdorlikka bo’lingan deb qo’yidagilarni: Romit, Varzob, Fayzobod, Cho’rtan, Kofirnihon, Dushanbe, Hisor, Shurion, Xonaqo, ikkinchi Xonaqo, Ali begi, Qoratog’, Regar, Sarjo’y, Sariosiyo, ikkinchi Sariosiyo, Nurek, Yavon, Laqay, Sultan-Rovot va G’ozi Maliklarni ko’rsatib o’tadi. Shu paytning o’zida, huddi shu tadqiqotchi so’zlariga ko’ra, ancha kichik bo’lgan Qabodiyon bekligi atigi ikki amlokdorlik-Beshkent va Bosh-Charvonga bo’lingan. Qo’rg’ontepa bekligi uchta amlokdorlikdan Qo’rg’ontepa, Jiliko’l va Saroydan iborat edi. Sherobod bekligi olti amlokdorlik-Talashkon, Saliobod, Jar-Qo’rg’on, Gilam-Bog’, Talimoron, Saidobodga bo’lingan.
Boysun bekligi to’rtta amlokdorlik – Boysun, Yavmchi, Bosht-Hurd va Darbantdan tashkil topgan. Qarshi bekligida XX asr boshlarida 15 ta amlokdorlik-Qamashi, Jeynov, Kasbi, Maymanak, Koson, Po’lati, Parvoza, Fayzobod, Beshkent, Potron, Fazli, Jumabozor, Xonobod, Chim, Qorabog’ bo’lgan.Ko’lob bekligining ma’muriy bo’linishi o’ziga xos edi. Bu yerda 8 ta Mo’minobod, Ko’l, Sari-Chashma, Quvray, Chubek, Sayot, Girdi-Qo’rg’oni Bolo va Girdi-Qo’rg’oni Poyon kabi amlokdorliklar bo’lgan. Sanab o’tilgan amlokdorliklardan tashqari yana alohida to’qqizta ma’muriy birlik Davlatobod, Tog’nov, Kishti, Poyondaryo, Bolodaryo, Rog’i, Sari-Ko’l, Vari, Du-Oba bor edi. Ularni badaxshonliklar egallagan bo’lib ular yuqorida ko’rsatib o’tganimizdek, Buxoro hukumati tomonidan berilgan imtiyozlar va yengilliklardan foydalanar edilar. Bu ma’muriy birliklar boshida merosxo’r hukmdorlar-sho (shoh)lar turardi. Bu so’z ilgari odatda Qorategin, Darvoz va Tog’li Badaxshondagi mayda mustaqil hukmdorlarga nisbatan ishlatilgan.Bevosita bekliklarga tobe amlokdorlardan tashqari amirga to’g’ridan-to’g’ri bo’ysinuvchi amlokdorliklar ham bo’lgan. Lekin ushbu holat doimiy emas, balki vaqtincha bo’lgan.
Amirlikdagi amlokdorliklar o’z navbatida bir necha kichik ma’muriy-hududiy bo’g’inlarga bo’lingan. G’arbiy Buxoroda u kentlar deb atalgan. Sharqiy Buxoroda esa u turlicha atalgan. Masalan Qorateginda miri - hazor, Hisor va Qabadiyonda saod deyilgan.Kentlar bir necha qishloqlardan (arboblik) tashkil topgan bo’lib, ularni oqsoqollar (arboblar) boshqarishgan.Ba’zi manbalarda Buxoroga bo’ysunuvchi 7 ta amlokdorlik, ba’zilarida esa 9 ta amlokdorlik nomlari keltiriladi. Buni amlokdorlik markazining bir qishloqdan boshqasiga ko’chirilishi bilan ham tushuntirish mumkin. Chunki amlokdorlikning nomi uning markazi bo’lgan qishloq nomidan olingan. Shuningdek bir amlokdorlikning bir nechta nomga ega ekanligi holati ham uchraydi. Masalan, eng yirik amlokdorlardan bo’lgan G’ijduvon, shuningdek Xo’jai Jahon nomiga ham ega bo’lgan va bu nom maqbarasi G’ijduvonda bo’lgan Xo’ja Abdulholiq G’ijduvoniy sharafiga qo’yilgan bo’lishi mumkin. Biz bu masalaga oid barcha ma’lumotlarni o’rganib chiqib Buxoro amlokdorliklari soni to’qqizta bo’lganini aniqlashga muvaffaq bo’ldik. Xususan, Buxoro shimoli-sharqida Pirmast, Vobkent, G’ijduvon va Varganza shimol va shimoli-g’arbda Shofirkon, Zandani va Romitan, g’arbda Xayrobod (Jondor) va janubi-g’arbda Qorako’l amlokdorliklari joylashgan bo’lgan.
Buxoro amlokdorliklari yoki tumanlari xonlik poytaxtiga yaqin bo’lganliklari sababli katta ahamiyatga ega edi. Bu yer amlokdorlari deyarli bekga teng bo’lgan va amir tomonidan tayinlangan. G’ijduvon kabi yirik tumanda to’qsabodan tortib, biygacha bo’lgan unvondagi amaldorlar ham bor edi. Agar G’ijduvon amloklari amalga ko’tariladigan bo’lsa, ular odatda biror yerga bek sifatida jo’natilgan. Bu amlokdorliklarda bekliklardagi kabi qozi, rais, mirshab kabi amaldorlar bo’lgan va ular amlokdor bilan birgalikda chor hokim deyilgan. Bu amaldorlarning barchasini bevosita amir tayinlagan. Har bir amlokdorlikda zakotchi ham bo’lgan va uni qo’shbegi tayinlagan.Buxoroga yaqin qishloqlar «qishloqi atrofi shahar» deyilgan. Ular yuqorida sanab o’tilgan bironta ham ma’muriy birlikka kirmagan. Bu qishloqlar Buxoro bosh raisi yordamchilari-noiblari boshqaruvidagi bir nechta mayda ma’muriy birlikni tashkil etganlar. Buxoro noibliklari qatoriga Buxorodagi bosh ziyoratgoh-shayx Bahovuddin maqbarasi va unga tegishli yerlari bilan birga kirgan.Ma’muriy zinapoyaning keyingi pog’onasi qishloq ma’muriyati hisoblangan. Shu bilan birga qator tumanlarda yanada mayda ma’muriy birliklar ham bo’lgan.
Sharqiy Buxorodagi tog’lik bekliklarni tadqiqot qilgan mutaxassislar shuni ko’rsatishadiki, ba’zi bekliklarda, masalan Qorateginda amlokdorliklar qator hollarda, ammo har doim emas, yanada kichikroq miri hazor nomli ma’muriy birliklargabo’lingan, ba’zilarida esa miri hazorliklar biron-bir amlokdorlikka kirmay, to’g’ridan-to’g’ri bekka bo’ysungan. Bunday turli-tuman ma’muriy bo’linish mahalliy urf-odatlar va o’ziga xosliklar natijasida tarixan shakllangan bo’lib, u biz o’rganayotgan davrgacha yetib kelgan.Buxoro amirligi quyi ma’muriy bo’linishida biz uchratgan mirixazor va saada terminlari eski ma’muriy bo’linish – yuz (sada) va ming (hazorga) qoldiqlari edi. Mingboshi so’zining kelib chiqishini ham shunday tushuntirish mumkin.Ko’rsatilgan quyi ma’muriy bo’linishlar shuni ko’rsatadiki, Buxoro amirligining turli tumanlarida ular turlicha bo’lgan. Shu narsa kishi e’tiborini o’ziga tortadiki, qator hollarda qishloq ma’muriyati qishloq boshqaruvchisi (oqsoqoli) va bir guruh qishloqlarning boshqaruvchilariga bo’lingan. Bu oxirgilar amlokdor va qishloq oqsoqoli orasidagi oraliq bog’lovchi hisoblangan. Bu oraliq bog’lovchi har doim va har yerda ham bo’lavermagan. Ammo bu bo’linish ham shartlidir. Yirik qishloqlar mazelarga bo’lingan bo’lsa, har bir alohida mavze yoki masjid jamoasini ko’pincha oqsoqol boshqargan. Bu holda qishloqni boshqaruvchi amaldor ixtiyorida bir nechta oqsoqollar bo’lardi. Aksincha, qishloqlar kichik bo’lsa, bir oqsoqol ulardan bir nechtasini jamlagan holda boshqarardi.Shunday qilib, Buxoro amlokdorliklari qishloqlarida oqsoqollar qo’yi ma’muriyat vakillari edi, har bir qishloqda, katta qishloqlarda esa har mavzeda (masjidda) bir oqsoqol bo’lardi.
Davlat hukm surarkan, albatta uni ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy masalalarini hayotga tadbiq etuvchi amaldorlar va davlat lavozimlari bo’lib, ularda faoliyat ko’rsatuvchi shaxslar bo’lishi muqarrar.Amallar va lavozimlar har bir davlatda mavjud bo’lgan va bo’ladi. Shu bilan birga turli xil davlatlarda amallar va lavozimlar turli xil vaqtlarda turlicha bo’lib turgan. Ushbu lavozim va amallar har bir davlat o’z nomiga ega bo’lib, egallab turgan va bajargan ish darajasiga qarab turlicha nomlangan. Amirlikda qimmatbaho narsalar va amir savdo qiluvchi mollar saqlanadigan «Yuqori omborxona (amborxonayi bolo)» mavjud bo’lib, uni «Yuqori qo’shbegi» boshqargan. Zakotdan tushgan narsalar saqlanadigan omborxona «Qo’yi omborxona» (amborxonayi poyon) deb atalgan bo’lib, uni «Qo’yi qo’shbegi» boshqargan.Buxoro shahridagi jamoat tartibini saqlash mirshablarga topshirilgan bo’lib, odatda ular shahar mirshabboshiga bo’ysinishgan. Shu narsani ta’kidlash kerakki, Buxoro shahri mirshabboshisiga bir vaqtning o’zida amirlikdagi boshqa barcha shaharlar mirshablari ham bo’ysinishgan. Uning idorasini «mirshabxona» deyishgan. Buxoroda mirshabxona Arkdan tashqari, zindon yaqinida joylashgan edi.
Buxoro shahrida odamlar harakati xufton nomozidan so’ng, ya’ni qorong’u tushgandan ozgina vaqt o’tgach to’xtagan. Aynan shu paytda Buxoro shahrining 11 (o’n bir) darvozasi va to’pchiboshi o’tirgan ark darvozasi qulflangan va barcha darvozalar kaliti qo’shbegiga topshirilgan. Shaharning har bir darvozasiga ikki qo’riqchidarvozabon qo’yilgan. Shahar mirshabboshisi kechasi shaharni aylanib yurib, o’z odamlaridan shaharning qaysi mavzesi va qaysi uyda bazm va man’ etilgan o’yinlar o’ynalayotganligi to’g’risida ma’lumotlar olib, ushbu ma’lumotlar asosida o’z xizmatchilari bilan borib gunohkorlarni ushlab, ularga nisbatan jarima belgilab jazolashgan. Jarima to’lashga qurbi yetmaganlar vaqtincha qamoqqa tashlangan. Shu narsani alohida ta’kidlash lozimki, Buxoroda hatto to’y va ruxsat berilgan bazmlar ham belgilangan vaqtda tugashi shart bo’lgan va ayrim sabablar bilan ushlanib qolgan to’y yoki bazm ishtirokchilari shu xonadonda tonggacha qolishlari shart edi.
Buxoro amirligidagi markaziy davlat boshqaruvida amirlik poytaxti hisoblanmish Buxoro shahri alohida o’rin tutgan. Jumladan Buxoro shahri hokimi amirning birinchi vaziri va boshqa viloyat boshliqlari boshqaruvchisi hisoblangan. Buxoro shahri mirshablari boshlig’i esa o’z navbatida barcha bekliklardagi mirshablar ishini boshqargan. Poytaxt oliy qozisi, ya’ni qozikalon-amirlikning barcha qozilari boshlig’i hisoblangan. Mana shu holat asosida Buxoro amirligida juda katta markazlashuv vujudga kelgan.Yana shuni ta’kidlash lozimki, Buxoroda o’sha davrda qo’shbegi, qozikalon, bosh rais va Buxoro shahri mirshabboshisini birgalikda «chor hokim», ya’ni «to’rt hokim» deb yuritilgan.P. Shubinskiy ma’lumotlariga qaraganda amir huzurida o’sha davrda din, fuqarolik va harbiy sohalar vakillardan iborat kengash faoliyat ko’rsatgan. Ushbu kengashda qo’shbegi, bosh zakotchi, to’pchiboshi va boshqa oliy amaldorlar ham ishtirok etishgan. Ushbu kengash doimiy ravishda faoliyat ko’rsatmagan bo’lsa kerak, negaki biror bir arxiv hujjatlari, yohud mahalliy tarixchilar asarlarida va boshqa manbalarda ushbu kengash to’g’risida deyarli ma’lumotlar uchramaydi va fikr bildirilmaydi. Bizningcha ushbu kengash biror bir muhim islohot o’tkazilayotgan paytda va o’ta muhim masala yechimi qidirilgan paytda chaqirilgan bo’lishi ehtimoldan holi emas. Buxoro amirligi ijtimoiy-siyosiy hayotida, davlat boshqaruvida harbiy ma’muriy va din peshvolarining tutgan o’rni ham o’ziga xos bo’lgan. Buxoro amirligida din vakillari juda ko’p bo’lgan va ular ta’sirli kuchga ega bo’lishgan. Din vakillari aksariyat hollarda imtiyozli guruhlardan-sayyid va xo’jalardan tashkil topgan edi. Amirlikdagi yuqori diniy amaldorlardan biri hisoblangan shayxulislom XVII – XVIII asrlarda davlatda eng oliy toifali din vakili hisoblangan. Ammo biz ko’rib chiqayotgan davrda uning vazifalari ancha torayib, asosan arzlar va payg’ambar, hamda uning xalifalaridan kelib chiqishi muammolarga bag’ishlangan masalalarni ko’rib chiqishdan iborat bo’lib qolgan. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asr boshlarida shayxulislom o’rnini qozikalon egallaydi. Amir huzuridagi Kengashda din vakillaridan qozikalon, shayxulislom, naqib va rais (muhtasib) qatnashgan.
Buxoro amirligi tarixi, davlat tuzumi to’g’risida tadqiqot olib borishgan ko’p olimlar diniy unvonlar to’g’risida to’xtalishganda ba’zan muftiy, qozi va boshqalarni ham ko’rsatib o’tishgan. Aslida bu noto’g’ri. Boshqacha qilib aytganda ular unvon bilan amalni chalkashtirib yuborishgan.
Aslida esa Buxoro amirligida rasman uchta diniy unvon: 1) o’roq, 2) sudur va 3) sadr mavjud bo’lgan.
Tarixiy ma’lumotlar shundan guvohlik beradiki, madrasani tugatgan shaxs mulla, qozi, rais amallarini egallashlari mumkin bo’lgan. Yuqoridagi amallarda bir necha yil ishlagandan so’ng, fiqh sohasida qo’lga kiritgan yutuqlari asosida unday shaxslarga dastlab o’roq, keyin sudur va so’ngra sadr unvonlari berilgan. Eng oxirgi – yuqori diniy unvon sohibi bo’lgan shaxs qozikalon, muftiy a’lam, oxun kabi diniy amallarni egallashi mumkin bo’lgan.Buxoro amirligida din vakillarining kuchi va ta’siri ancha salmoqli bo’lgan. Din vakillari sudni, odamlar xulqini, ta’limni nazorat qilib, uni boshqarishga mas’ul hisoblangan.Buxorodagi barcha fuqaro sudi shariat bo’yicha boshqarilgan va bu boshqaruv «qozi» deb ataluvchi shaxslar qo’lida bo’lgan.Bosh qozi, ya’ni qozikalon poytaxt bosh qozisi va ayni paytda amirlikdagi boshqa barcha qozilar boshlig’i hisoblangan. Amirlikda harbiylar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ularning shikoyatlarini shu masala bo’yicha shug’ullanuvchi maxsus amaldor, ya’ni qozi askar ko’rib chiqqan. Ushbu turdagi jinoyatlarga fatvo tayyorlash muftiy askar zimmasida bo’lgan.Bundan ko’rinib turibdiki, amirlikdagi harbiylar va fuqarolik ishlari alohida-alohida mahkamalar tomonidan ko’rib chiqilgan.
Buxoro amirligi boshqaruv tizimida o’ziga xos o’rinni «rais» egallagan. Ushbu amal yarim diniy, yarim tartibotchi usulida edi. Buxoro amirligida bosh rais odatda eshon rais yoki rais-ush shariat deb atalgan. Bosh raisga barcha mahalliy raislar bo’ysingan. Bosh rais ularni amir oldida tekshiruvdan o’tkazib turgan.Davlat tizimidagi keyingi amaldor bu artilleriya boshlig’i to’pchiboshiyi askar hisoblangan. Uning qo’l ostida shogird-pesha, mirza va merganlar bo’lgan.Keyingi amaldor amirlikda bosh qozi-qozikalon hisoblangan. Qozikalon apparatiga devonbegi, alamiyon, tergovchi, mahram boshi, miroxo’r boshi, tarakachi, muharrir, mulozimlar, mirzalar, shotirlar, tilmoch va dahboshi (o’nboshi) kirgan.
Qozikalondan keyin turadigan amaldor raisi kalon hisoblangan. U eshon rais deb ham yuritilgan. Uning apparatiga vaqtincha o’rinbosarlik qiluvchi xalifa, noib, durra-dast, mulozimlar, mirzalar, miroxo’r boshi, devonbegi, tarakachi, tergovchi, shahar mirobi kirgan.Shuningdek ijro hokimiyatini amalga oshiruvchi lavozimlar qatoriga shahar xavfsizligiga javobgar bo’lgan mirshab va uning qo’l ostidagilar, suv ta’minotiga javobgar shaxs bo’lgan mirob va uning qo’l ostida ishlaydiganlar kirgan.
Mirshab qo’l ostida yasavul boshi, devonbegi, mahramboshi, mirzalar, dahboshi, kechki qarovul hisoblangan shabgardlar, farroshboshi va miroxo’rboshi faoliyat ko’rsatgan.Mirob taasarufida esa mahram, mirzalar, bakavullar, miroxo’rlar, suv tarmoqlari nazoratchilari, arboblar, mahalla, mavze va qishloq oqsoqollari bo’lishgan.mir Muzaffar huzurida yuqorida keltirilgan yuqori mansabdorlar bilan birga qo’yidagi amaldorlar ham xizmat qilishgan. Amir farmonlarini yetkazuvchi parvonachi, amirga doimo hamroh bo’lib yuruvchi hidoyachi, amir maslahatchisi va xorijiy mehmonlarni kutib oluvchi shig’ovul, amir osoyishtaligi va tinchligini muhofaza qiluvchi tongotar, amirga qaratilgan barcha salom va ta’zimlarni qabul qiluvchi va javob beruvchi salom og’asi, amir dasturxoniga javobgar dasturxonchi, amir safari chog’ida namozga chorlovchi-imomi jilov, amir safari chog’ida qonun bilan shug’ullanuvchi-mufti jilov, amir maslahatchilari guruhi-jamog’a shular jumlasidandir.Amirga bo’lgan sadoqati va xizmati uchun alohida diqqatga sazovor bo’lganlar dodxoh, inoq, to’qsabo, otaliq, eshik-og’asi kabi unvonlarga ega bo’lishgan.

Yüklə 245 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin