3. Adolat, sadoqat, burch va halollik kasbiy ma’naviyatning bosh mezoni
Adolat g‘oyasi butun dunyo xalqlarini azaldan o‘ylantirib kelgan. Islom olamida esa
adolat g‘oyasi haqiqatning mezoni hisoblanadi. Buyuk ajdodimiz sohibqiron Amir Temur “Bir
kunlik adolat – yuz kunlik toatibodatdan afzaldir» deya adolatga yuksak baho bergan bo‘lsa,
hazrat Alisher Navoiyning “Kimki haqiqatni yolg‘ondan, to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajrata
bilsa, u o‘z adli bilan G‘arbu Sharqni yoritgan bo‘ladi” degan hikmatida mazkur iboraning
ma’naviy-ma’rifiy mohiyati mujassamlashgan.
Adolatning o‘zagi «adl» bo‘lib, odillik, haqqoniylik degan ma’nolarni anglatadi. Huquqni
muhofaza qilish organlari xodimlari faoliyatida ushbu tushunchani quyidagicha ham izohlash
mumkin:
1) sudda insof va adolat yuzasidan hukm chiqarish;
2) to‘g‘rini noto‘g‘ridan, rostni yolg‘ondan ajrata bilish, biror tomonga yon bosmaslik;
3) zulmni bartaraf etish, insof yuzasidan ish ko‘rish, mazlumni himoya qilish.
Tilimizda «adl» so‘zi bilan bog‘liq bir qator so‘z birikmalari mavjud. Masalan, adl
mezoni deganda adolat tarozusi, ya’ni qonun asosida haqiqatni tiklagan kishi, adolat qonuni; adl
tariqi deganda shariat nizomlari; adolat posboni deganda adolat himoyachisi, odil podsho,
haqgo‘y qozi; adlu insof deganda o‘rtada turib, haqiqatni aniqlash, to‘g‘rilik, to‘g‘ri qaror qabul
qilish nazarda tutiladi.
Dostları ilə paylaş: |