huquqning me’yoriy kategoriyalaridan biri. U jamiyat hayotidagi hodisalar, tartib-qoidalarning
asl insoniy ideallarga, haqiqat mezonlariga qanchalik mos ekanini aniqlashda hamma
zamonlarda ham asosiy ma’naviy mezon bo‘lib xizmat qiladi. Jamiyatning shaxsga, shaxsning
jamiyatga va bir shaxsning ikkinchi shaxsga munosabatida namoyon bo‘ladigan adolat prinsipi
ana shu munosabatlarni baholashning o‘zgarmas o‘lchovidir. Adolat yuksak ma’naviy qadriyat
bo‘lib, “baxt”, “ozodlik”, “tenglik”, “do‘stlik”, “tinchlik” tushunchalari kabi insonning azaliy
ezgu intilishlari timsolidir.
Adolat haqidagi ilk tasavvurlar juda olis zamonlarga borib taqaladi. Qadimgi davr
mutafakkirlari uni universal qonun sifatida talqin etishgan. Masalan, Zardusht adolatni “arta”
tushunchasi yordamida ifoda etar ekan, uni olamdagi ikki qutbdan biri deb hisoblagan. Yunon
faylasufi Aflotun adolat muammosini izchil o‘rganib chiqishga harakat qilgan. Uning ijtimoiy-
siyosiy konsepsiyasida adolat “hukmronlik” va “imtiyoz” tushunchalariga yaqin kategoriya
sifatida sharhlangan. Faylasufning fikricha, har bir tabaqa ichida tenglik bo‘lmog‘i, tabaqalar
o‘rtasida tenglik hukm surmog‘i adolatdandir.
Arastu bu g‘oyalarni rivojlantirib, “tenglashtirish” va “taqsimlash adolati”
tushunchalarini qo‘llagan. Arastu Iskandarga qilgan nasihatlaridan birida adolat haqida shunday
fikrlarni keltiradi: “Bilgilki, adolat buyuk va qudratli xudoning yer yuzidagi o‘lchovidir. Uning
yordamida zaif bo‘lgan haq odam kuchli bo‘lgan nohaqdan o‘z haqini oladi. Kimki Alloh
bandalari orasida o‘rnatgan ilohiy adolat o‘lchovini buzsa va undan chetlashsa, katta nodonliklar
qilib, xatoliklarga yo‘l qo‘yadi”....
Adolat ma’naviyatning insonlararo munosabatlarda namoyon bo‘lishidir. Adolatni
ta’minlashning eng ishonchli usuli davr ruhiga muvofiq mukammal qonunlar ishlab chiqish va
qonun ustuvorligini ta’minlashdir. «Adolat» tushunchasi zamirida butun xalq, jamoa taqdiri,
jamiyat, jamoa istiqboli, mamlakat va jamiyat kelajagi mujassam. Amir Temurning «Kuch –
adolatda» degan o‘giti davlatining muhrida ham bitilgani bejiz emas, albatta. U o‘z tuzuklarida
adolatni davlatni idora qilishda asos bo‘ladigan 12 qoidaning biri sifatida qayd etgan. Shu
o‘rinda ulkan imperiya tuza olgan va uni adolat mezonlari asosida boshqargan buyuk
sohibqironing biz avlodlarga qoldirgan boshqaruvning 12 qoidasini yana bir bor eslashni joiz deb
bildik. Bular quyidagilar:
Birinchisi – davlat va saltanatimga bog‘lagan birinchi tuzugim – Tangri taoloning dini va
Muhammad mustafoning shariatiga dunyoda rivoj berdim.
Ikkinchisi – o‘n ikki tabaqa va toifadagi kishilar bilan mamlakatlarni zabt etdim, ularni
idora qildim. Davlat, saltanat ustunlarini ushalar bilan quvvatlab, majlislarimni shular bilan
ziynatladim.
Uchinchisi – maslahat, kengash, tadbirkorlik, faollik va hushyorlik ehtiyotkorlik bilan
g‘anim qo‘shinlarini yengib, mamlakatlarni o‘zimga bo‘ysundirdim. Saltanat ishlarini murosayu
madora, muruvvat va sabr-toqat bilan yurgizdim.
To‘rtinchisi – davlat ishlarini saltanat qonun-qoidalariga asoslangan holda boshqardim.
Beshinchisi – amirlarim va sipohiylarimni martaba va unvonlar, zarur zevarlar bilan xushnud
etdim. Bazmlarda ularga (o‘z yonimdan) o‘rin berdim, shuning uchun janglarda jonlarini fido
qildilar.
Oltinchisi – adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim.
Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim.
Yettinchisi – sayyidlar, ulamoyu mashoyix, oqilu donolar, muhaddislar, xabarchilar
tarixchilar)ni tanlangan, e’tiborli odamlar hisoblab, izzatu hurmatlarini joyiga qo‘ydim.
Sakkizinchisi – azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qasd qilgan bo‘lsam, butun
zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim. Har neki degan
bo‘lsam, unga amal qildim. To‘qqizinchisi – raiyat ahvolidan ogoh bo‘ldim, ulug‘larini og‘a
qatorida, kichiklarini farzand o‘rnida ko‘rdim.
O‘ninchisi – turku tojik, arabu ajamning turli toifa va qabilalaridan bo‘lgan va mening
panohimga kirgan kishilarning ulug‘lariga hurmat ko‘rsatdim, qolganlarini ham holiga yarasha
siyladim. Yaxshilariga yaxshilik qildim, yomonlarini esa o‘z yomonliklariga topshirdim.
O‘n birinchisi – farzandlar, qarindoshlar, oshna-og‘ayni, qo‘shnilar va men bilan bir
vaqtlar do‘stlik qilgan barcha odamlarni davlatu ne’mat martabasiga erishganimda unutmadim,
(molu mulk va naqd pul bilan) haqlarini ado etdim.
O‘n ikkinchisi – do‘st-dushmanligiga qaramay, har joyda sipohiylarni hurmat qildim,
chunki ular boqiy mato bo‘lgan jonlarini foniy dunyo moli uchun sotadilar»
Haqiqiy mansab egasi – rahbar barchaga birday odilona munosabatda bo‘ladi. Albatta,
odamlar har xil, ularning orasida gap uqmaydigan, ba’zan esa ro‘y-rost e’tiroz bildiradiganlari
ham bo‘ladi.
Forobiy «adolat»ni ijtimoiy iyerarxiya va tartibning mavjud bo‘lishi uchun poydevor
yaratuvchi huquqiy kategoriya deb ta’riflagan. Adolatning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini
uning quyidagi vazifalarida ko‘rish mumkin:
– jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni maqsadga muvofiq tashkil qilish;
– turli ijtimoiy guruh va sinflar manfaatlarining himoya qilinishini ta’minlash, ular
orasida muvozanatni saqlab turish;
– jamiyatdagi mulkchilik munosabatlarini tartibga solib, ishlab chiqarish faolligini
oshirish;
– fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish;
– voqelikda keng ildiz otgan, lekin ijtimoiy taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan
munosabatlarni bartaraf etishga da’vat qilish;
– odamlarda kelajakka ishonch tuyg‘usini uyg‘otish va kuchaytirish.
Adolat insonlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning asosiy mezoni bo‘lgani uchun ham
doimo ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. U jamiyat hayotida alohida o‘rin tutadigan ijtimoiy qadriyat
bo‘lgani bois kundalik faoliyat va umuman jamiyatda “ijtimoiy adolat” tushunchasi keng
qo‘llaniladi.
Dostları ilə paylaş: