15
3. Xududiy-ishlab chiqarish majmualari rivojlanishining iqtisodiy-ekologik
strategiyasi
Ishlab chiqarish ko`p xollarda xududning tabiiy sharoiti, resurslar turlarining
boyligi, mexnat resurslari va boshqa omillarga juda xam bog`liq. Atrof - muxit va
ekologik vaziyat nuqtai nazardan tabiiy ekologik sharoit ishlab chiqarishning
rivojlanishiga ma`lum (ba`zan kuchli) darajada ta`sir etadi. Chunki yer osti va yer
usti boyliklarining mavjudligi, resurs turiga qarab unga mos (sanoat)
korxonalarning vujudga kelishi va tayyor maxsulot ishlab chiqarishni yo`lga
qo`yishga imkon beradi. Sanoat korxonalarining tarkib topishi axoli sonining ortib
borishi va pirovardida ishga tushirilgan korxona(lar) negizida axoli yashash punkti
va ba`zan me`yordagi shaxarlarning vujudga kelishiga turtki bo`ladi (masalan,
Uchquduq, Muruntov, SHo`rtan va b.).
Ishlab chiqarishni joylashtirish va rivojlantirish xududning tabiiy - ekologik
sharoitlariga juda mos tushishi va asosan uning xususiyatlaridan kelib chiqishi
shart (bu tamoyil quyiroqda taxlil qilib o`tiladi). Ammo 30-50 va xatto 70-80-
yillarda xam bunga jiddiy e`tibor berilmadi va natijada turli miqyosda ekologik va
ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar yuzaga keldi. Masalan, Chirchiq va Oxangaron
vodiylarida ko`plab turli sanoat korxonalarini joylashtirish, Surxondaryo vodiysi
(qo`shni Tojikiston) da alyuminiy kombinatining ishga tushirilishi va boshq.
Buning oqibatida atrof - muxit xozirga qadar aziyat chekmoqda, axoli salomatligi,
chorva mollari, qishloq xo`jaligi jiddiy zarar ko`rmoqda. Boshqacha aytganda,
sanoat ishlab chiqarishidan ko`plab daromad olinishi bilan birga atrof - muxit,
axoli va qishloq xo`jaligiga keltirilayotgan zarar va uning iqtisodiy baxosi
(qiymati), bizningcha, bir-birlariga to`g`ri kelmoqda. Chunonchi, ishlab chiqarish
juda xam kam samara bilan ishlayotganligi to`g`ri, xolisona taxlil qilinsa, bular
o`rtasidagi xaqiqiy ayirma obyektiv baxolangan bo`lar edi.
To`g`ri, odatda, ishlab chiqarish rivojlanishining birinchi bosqichlarida tabiiy
ekologik sharoit o`zgarishi, axolining joylashuvi va zichlik darajasi o`sishi
e`tiborga olinmasligi natijasida keyinchalik turli oqibatlar kelib chiqishi mumkin.
16
Xech kimning xayoliga xam kelmagan edi-ku, Chirchiq yoki Oxangaron vodiysida
sanoat ishlab chiqarishining shu darajada o`sishi xavo va suv xavzalarini, tuproqni
jiddiy tarzda ifloslaydi deb. Bu xodisa sanoat korxonalarining quvvatini xamda
axoli sonining ortib borishi bilan to`g`ridan - to`g`ri bog`liq. Ishlab chiqarishni
joylashtirish jarayonida obyektiv bashorat qilinganda vaziyat shunchalik taxlikali
bo`lmasligi mumkin edi.
Ishlab chiqarish majmualarini vujudga keltirish mavjud tabiiy ekologik
sharoitlar to`liq xisobga olinishini taqozo etadi. Birinchi navbatda iqlimiy omillar,
xususan, shamol rejimini aniq e`tiborga olish katta axamiyatga ega. Chunki
shamolning xarakati, tezligi va yo`nalishi sanoat chiqindilarini turli tomonga
yoyadi, bunda bir yoki ikki tomonga yil davomida barqaror esish yo`nalishini
ko`proq nazarda tutish muximdir. Tojikistondagi alyuminiy korxonasini loyixalash
va qurish jarayonida tog`-vodiy shamolining qo`shni O`zbekistonga tomon esishi
to`liq xisobga olinmaganligi tufayli Uzun, Sariosiyo, Denov tumanlari muntazam
aziyat chekib kelmoqda. Surxondaryoning ushbu tumanlariga yetkazilayotgan
umumiy ijtimoiy-iqtisodiy zarar miqdori Tojikistondagi alyuminiy korxonasidan
olinayotgan daromadning ma`lum qismini tashkil qiladi. Buni korxona
loyixachilari va ekspertlari o`ylab ko`rmaganmikinlar?! Bundan ne foyda?!
Xuddi shunday xodisa Oxangaron vodiysida xam kuzatilmoqda. Tog`-vodiy
shamoli Olmaliq, Oxangaron, Angren sanoat korxonalarining chiqindilarini tunda
tog`dan vodiy bo`ylab, kunduzi esa tog` oldidan vodiy bo`ylab tog` yonbag`rilariga
`yoyadi. Bunda texnogen chiqindilar Oxangaron vodiysi xududida muntazam bir
tekisda taqsimlanadi va atrof - muxitga yog`iladi, yer usti va yer osti suvlariga
aralashib, ularni ifloslaydi. Piskent shaxri axolisi shaxar xududidagi yer osti suvi
ifloslanganligi uchun tog` etagidan quvurlar orqali keltirilgan yer osti suvidan
foydalanmoqda. Quvurlar, ularni o`rnatish, suv xaydash va umuman, suv
tizimining foydalanish xarajatlari xisobga olinsa sanoat korxonalari keltirayotgan
daromadning
bir
qismi
bu
soxaga
sarflanishidan
korxona
raxbarlari
xabardormikin? Axoli sog`ligini tiklash uchun sarflanayotgan tibbiy yordam va
17
kasallik varaqalari uchun kasaba uyushmalari to`layotgan mablag` qaysi xisobdan
amalga oshiriladi?
Yuqorida keltirilgan misollar va aytilgan fikrlarni xisobga olib xududiy-
ishlab chiqarish majmualarini rivojlantirishning uzoqqa mo`ljallangan iqtisodiy-
ekologik strategiyasini ishlab chiqish katta amaliy axamiyat kasb etadi. Iqtisodiy-
ekologik strategiyaning dastlabki tamoyili xududning xalq xo`jaligi tarmoqlarini
rivojlantirish jarayonida uning tabiiy sharoiti, resurslari va ekologik vaziyatdagi
o`zgarishlar, yangi tarkib topadigan nomatlub antropogen xodisalar, sabab-oqibat
zanjirining uzluksiz taraqqiyoti natijalari, ro`y beradigan ekologik va ijtimoiy-
iqtisodiy oqibatlar atroflicha va chuqur asoslanishi, prognostik xulosalar ishlab
chiqilishi, tarkib topadigan yangi anropogen tizimning boshqaruv yo`llari oldindan
taxliliy usullar asosida tayyorlanishi maqsadga muvofiq. Aks xolda xududiy
ishlab-chiqarish majmualarining istiqbolda keltiradigan iqtisodiy samaralari ijobiy
bo`lmasligi mumkin. Qisqacha qilib aytganda, iqtisodiy majmua rivojlanishi
xududning ekologik tizimi (yoki geotizim) ga qanchalik ta`sir ko`rsatadi, uning
miqyosi oldindan bashorat qilinishi va shu asosida korxonalar ishlab chiqarishini
optimallashtirish tadbirlari amalga oshirilishi zarur. “Korxona(lar) taraqqiyoti-
xudud” tizimi xar qanday iqtisodiy rejalashtirishda doimo uzluksiz bir-birlariga
bog`liq xolda qaralishi va o`rganilishi lozim.
Xududning iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirishda istiqbolda korxonalar
quvvatini oshirish va yangilarini barpo etishni nazarda tutganda ishlab
chiqarishning atrof - muxitga ta`sirini e`tiborga olish bilan birga tabiatning xalq
xo`jaligi obyektlariga aks ta`sirini xam to`g`ri va xaqqoniy xisobga olish maqsadga
muvofiq. Bu xodisa, odatda, insonning tabiiy muxitga me`yordan ortiq darajada
ta`sir etishi natijasida yuz beradi. Ekologik muvozanatning buzilishi negizida tabiat
atrof - muxitga qayta aks ta`sir eta boshlaydi. Bu ta`sirning kuchi, miqyosi va
umumiy qudrati insonning tabiatga ko`rsatgan ta`siridan kuchliroq va kengroq
miqyosda bo`lishi mumkin. Bunga Orol dengizi misolida yaxshi tasavvurga ega
bo`linadi. Shuni to`g`ri xisobga olish zarurki, tabiatning insonga aks ta`siri
18
muddati yangi ekologik muvozanat barqaror bo`lguncha (topguncha) davom etadi.
Bu xodisa bir necha o`n yillargacha davom etishi mumkin.
Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va rivojlantirishning strategiyasini
asoslaganda ular qanday tabiiy geografik muxitda amalga oshirilayotganini
xisobga olish o`ta muxim vazifa xisoblanadi. Boshqacha aytganda, ishlab chiqarish
kuchlarini joylashtirishda geografik o`rin birinchi darajali amaliy axamiyat kasb
etadi. Tog` daryo vodiylari (Chirchiq, Oxangaron, Qashqadaryo va boshq.), tog`
vodiylari (tog`larning ichki qismidagi berk vodiylar), tog` oldi tekisliklari sanoat
korxonalarini joylashtirishda bir necha tabiiy ekologik omillarni to`g`ri xisobga
olishni talab qiladi. Bunda asosan iqlimiy (meteorologik), gidrologik,
gidrogeologik, geomorfologik, geologik, tuproq va boshqalar nazarda tutiladi.
Bunda sanoat chiqindilarining atmosfera xavosida tarqalish jarayonining tezligi va
yo`nalishi, to`planishi yoki tarqalishi ustivor axamiyatga ega. Atmosferaga
chiqaraliyotgan chiqindilarning tog` vodiylarida to`planishi xududda og`ir
metallar, kimyoviy birikmalar akkumulyatsiyasiga sabab bo`ladi (masalan,
Olmaliq, Oxangaron sanoat tuguni xududida). Tog` oldi prolyuvial tekisliklar
korxonalardan chiqayotgan iflos grunt suvlari suv xavzalariga qo`shilib, ularni
ifloslantiradi, ayniqsa, ichimlik suvlarini yaroqsiz axvolga olib keladi (Farg`ona
neftni qayta ishlash korxonasi). Kimyoviy chiqindilarning korxonalar atrofida
yog`ilishi («ishqorli yog`inlar») ekinzorlar, yaylov o`simliklari va o`rmonlardagi
dov-daraxtlarning o`sishiga salbiy ta`sir etadi, ularning tarkibida og`ir metallar
miqdori me`yordan ortib ketadi (Olmaliq tog`-metallurgiya korxonasi ta`sir
doirasidagi xudud). Qorovulbozordagi neftni qayta ishlash majmuasi cho`lda,
axoli yashash punktlaridan uzoqda qurilganligi tufayli uning atrof - muxitga ta`siri
kamroq, buning ustiga texnologiya samaradorligi ancha yuqoriligi sababli
muxitning ifloslanishi me`yorida. Shuningdek, Muborak va SHo`rtan gazni qayta
ishlash majmualari xam xamma jixatdan qulay joyda qurilgan va atrof - muxitga
salbiy ta`siri ancha zaif. Ularda chiqindilarning chiqarlishi xam me`yordan uncha
katta emas. Xuddi shunday ijobiy tavsifga Talimarjon IES xam ega. Uning atrof -
muxitga ta`siri kamroq.
|