12.3.Reklamaning vazifalari va funksiyalari. Reklamaning asosiy vazifasi — maxsus axborotlardan foydalanib mahsulot, xizmat turlari va ularning xarid qilish joyi haqida axborot berishdir. Lekin reklamaning vazifasi faqat bu bilan cheklanib qolmaydi. Uning oʻziga xosligi shundaki, reklama axborotni targʻibot va tashviqot bilan birga olib boradi. Shunday qilib, faol reklama axborot beruvchi va ayni vaqtda ishontiruvchi, maʼlum maqsadga yoʻnaltiruvchi boʻlishi lozim. Shu turdagi reklama talabni maʼlum yoʻnalishga solib, uni bir turdagi xizmat va mahsulotdan boshqasiga koʻchirgan holda, talablarni ochadi va xaridorning niyatlariga taʼsir qiladi. Reklama ishlab chiqaruvchi, savdo va xaridor oʻrtasida tijorat axborot almashishiga imkon beradi.
Reklama — bu mahsulot va xizmat turining ishlab chiqarishdan savdo va xaridorgacha boʻlgan yoʻli haqidagi xilma-xil axborotlar oqimidir. Reklamaning oxirgi maqsadi — bozorda taklif qilingan mahsulotlarning xaridor tomonidan qabul qilinishi ehtimolini oshirishdir.
Reklama qilinayotgan mahsulotlarning sotilishi, ularning oldindan rejalashtirilgan realizatsiya miqdori bilan hamohang oʻsib bormogʻi kerak. Bu shuning uchun ham muhimki, mahsulotlarga boʻlgan talabni hisobga olmay, reklama qilish talab va taklifning bir-biriga mos kelmasligiga olib kelishi mumkin. Bu maqsad bosqichma bosqich amalga oshiriladi. Har bir bosqichda turli xil vazifa qoʻyiladi: xaridorlar diqqatini mahsulotga jalb etish, ularda qiziqish uygʻotish, talablarni shakllantirish, xarid istagini korxonaning xaridor talabini bajara olish imkoniga yoʻnaltirish. Biroq reklama yana psixologik omil hamdir. Uning taʼsiri katta kuchga ega.
Masalan, koʻp xaridorlar mahsulot bahosiga obroʻsi, deb kurashadi. Zero xaridorlar qimmatroq toʻlashga tayyorlar, chunki mahsulotning alohida xususiyatini taklif qilishyapti. Reklama sanoat va savdo korxonalari manfaatlarining mos tushishi, aholi talablari asosida xaridning amalga oshishi, tijorat siyosatining tez rivojiga imkon beradi. Ammo, faqat reklama u yoki bu mahsulotning koʻpayishiga xizmat qilar ekan, deb oʻylash notoʻgʻri boʻladi. Xaridorning qarori sifat, baho, uning joylashtirilishi hamda sotilgandan keyingi holatidan kelib chiqadi.