Sharq va G‘arb mutafakkirlari kulgulilikni xunuklik bilan bog‘lab mushohada
qilishadi. Xunuklikning o‘zi kulgili emas, balki uning go‘zallik da’vo qilishi va
o‘zini go‘zallik o‘rniga qo‘yishga harakat qilishi kulgililikdir deb ta’kidlanadi.
Kulgililikning ichki tomoni – keng ma’nodagi hazil (yumor) tuyg‘usidir.
Hazil tuyg‘usi insonni hayvondan ajratib turadigan eng muhim xislatlrdan biridir.
Hazil tuyg‘usi murakkab aqliy tuyg‘u bo‘lib, unda shaxs o‘zining butun borlig‘i
bilan namoyon bo‘ladi. Unda insonning his-tuyg‘u va aql madaniyati, orzu-
umidlari namoyish etiladi.
Kulgining turli sabablari bo‘lishi mumkin: to‘yimli va mazali ovqatlanishdan keyin
rohatlanib kuladigan odamlar bo‘lishi mumkin. Bunday odamlar uchun kulgi
hayotni sof fiziologik - jismoniy idrok etish ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Inson tashqi ko‘rinishi bilan uning asl mohiyati o‘rtasidagi nomuvofiqliklar
ziddiyati, tafovutlar, beo‘xshovliklar, kelishmovchi-liklarni tabiiy anglash
natijasida ham kulgi kelib chiqadi. Ba’zi bir odamlar o‘zining pastkash, johil,
loqayd, xudbin mohiyatini tashqi viqor, oliftalik, takabburlik bilan «bezab»
ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, bu ham kulgini kelib chiqaradi.
Bundan ham kulamiz, ham quvonamiz, sabab bu odamdagi ichki ruhiy mohiyat
bilan uning tashqi ko‘rinishi o‘rtasidagi beo‘xshovlikdan kulsak, quvonishimizga
sabab mazkur haqiqatni anglashimizda, haqiqatni yolg‘ondan ajratish qobiliyatimiz
mavjudligida kelib chiqadi. Uchinchi sabab quvonchimizga «sog‘lom» xudbinlik
hissi ham qo‘shilib ketishi mumkin, chunki mazkur odamning asl mohiyatini
anglash qobiliyatimiz bilan ma’naviy-insoniy jihatdan u odamdan yuqori turish
kayfiyatida bo‘lishimiz ham bizga yoqadi. Bunday kulgu inson ruhini ko‘taradi,
unda insoniy g‘urur tuyg‘usi vujudga keladi.
Kulgi va qo‘rquv bir-biriga qarama-qarshi tushunchalardir. Inson yaramas va
xunuk hodisalar ustidan kulishiga o‘rgana bilsa, u qo‘rquv hissini tark etadi va
nomatlub illatlardan forig‘ bo‘ladi. eng qadim davrlarda ham xalqning o‘tkir so‘zli
hozirjavob, zukko vakillari vositasida kulgi quroli bilan ijtimoiy illatlarga qarshi
kurashgan kamchilik va illatlar ustidan kulganlar. Masalan: Askiya.
Kulgi o‘z xususiyatiga ko‘ra demokratik mazmunga ega. Chunki u barcha
odamlarni bir-biriga qovushtiradi. Ular kulgi vositasida o‘zaro tenglashadilar.
Kulgi noinsonning noaxloqiy illatlar bilan kurashning omilkor vositasi. Kulgi
noinsonning kuch-qudrati va ozodligi timsoli hamdir. Kulgi rang-barang va xilma-
xil qirralarga ega. Mayin rag‘batlantiruvchi, xushfe’l, hazil-mutoyiba hissiyotidan
tortib, to ayovsiz, achchiq istehzo hissiyoti darajasigacha ham etib boradi.