9.3. Diskret va nodiskret fiskal siyosat. Budjet taqchilligi va ortiqchaligi. Hukumatning bandlik darajasi, ishlab chiqarish hajmi, inflatsiya sur’atlari va
to‘lov balansi holatini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan maxsus qarorlarni qabul qilishi
natijasida davlat xarajatlari, soliqlar va davlat budjeti qoldig‘ini maqsadli
o‘zgartirilishi diskret fiskal siyosat deyiladi. Diskret fiskal siyosat yuritilganda
iqtisodiy pasayish davrida yalpi talabni rag‘batlantirish uchun davlat xarajatlarini
oshirilishi va soliqlarni kamaytirilishi natijasida davlat budjeti kamomadi yuzaga
keltiriladi. O‘z navbatida davriy ko‘tarilish paytida budjet ortiqchaligi yuzaga
keltiriladi.
Diskret fiskal siyosat iqtisodiy tebranishlarni yumshatishda muhim rol
o‘ynasada, uning ayrim kamchiliklari mavjud. Bu, avvalam bor, vaqt oraliqlari bilan
bog‘liq. Ya’ni iqtisodiyotda pasayish yoki inflatsion zo‘riqishning paydo bo‘lishi, bu
holatlarni aniqlash yuzaga kelgan muammolarni hal etish uchun davlat xarajatlari va
soliq tushumlarini o‘zgartirish borasida qaror qabul qilish, bu qaror bajarilishini
ta’minlash jarayonlarining har biri o‘rtasida ma’lum vaqt o‘tadi.
Bu vaqt davomida iqtisodiy vaziyat o‘zgaradi va ko‘rilgan chora-tadbirlar
ko‘tilgan natijani bermasligi mumkin. Shu tufayli davriy tebranishlarni avtomatik
tarzda yumshatib turish mexanizmini yaratish zarurati yuzaga keladi.
Nodiskret fiskal siyosat – davlat xarajatlari, soliqlar va davlat budjeti qoldig‘ini
avtomatik o‘zgartirishni ko‘zda tutadi. Nodiskret fiskal siyosat o‘rnatilgan
barqarorlashtirgichlarga
asoslanadi.
Rivojlangan
davlatlarda
o‘rnatilgan
barqarorlashtirgichlari rolini progressiv soliq tizimi, davlat transfertlari tizimi va
foydada ishtirok etish tizimi o‘ynaydi. Nodiskret fiskal siyosat davriy tebranishlarni
yumshatish uchun hukumatning bevosita aralashuvini talab etmaydi. Davriy pasayish
sharoitida daromadlar pasayishi tufayli soliq stavkalari pasayadi. Bu esa yalpi
talabning oshishiga, ishlab chiqarishni kengaytirishga rag‘batni yuzaga kelishiga olib
keladi. Shuningdek pasayish davrida davlat transfertlari, jumladan ishsizlik nafaqasi
to‘lovlari miqdori oshadi. Bu holat ham yalpi talabni oshirib, yalpi taklif hajmini
oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy yuksalish davrida ortiqcha talab iqtisodiyotga inflatsion ta’sir
ko‘rsatayotgan sharoitda daromadlar darajasi oshishi bilan soliqlar stavkalari
pasayadi va bu yalpi talabga cheklovchi ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda davlat
xarajatlari (ishsizlarga nafaqalar, davlat transfertlarining bir qancha turlar) ham
pasayadi. Ammo nodiskret fiskal siyosat vositalari iqtisodiy tebranishlarni to‘liq
yumshatish imkonini bermaydi va u diskret fiskal siyosat yuritishni inkor etmaydi.
Iqtisodiyotning o‘rnatilgan barqarorligi darajasi davriy budjet taqchilligi va
ortiqchaligi miqdorlariga bog‘liq. Davriy taqchillik (ortiqchalik) iqtisodiy faollik
pasayishi (oshishi) sharoitida soliq tushumlarining avtomatik kamayishi (oshishi) va
davlat xarajatlarining avtomatik oshishi (kamayishi) natijasida yuzaga keladigan
davlat budjeti taqchilligi (ortiqchaligi)dir.