Geologik-geomorfologik shart sharoitlar. O‘zbekiston hududi geologik–geomorfologik jihatdan Turon pasttekisligi, Ustyurt platosi va tog‘ oldi pasttekisliklar, adirlar, baland tog‘ Tyan-Shan va Pomir-Oloy tizmalarini o‘z ichiga oladi. Bu maydonlarning ko‘p qismini Chotqol, Qurama, Turkiston, Zarafshon va Hissor tog‘ tizmalari va tog‘ oldi mintaqalari, ulardan keyin adirlar, lyossli tekisliklar, daryo vohalari qamrab olgan. Tog‘li mintaqalarda o‘ziga xos balandliklarning murakkab relyefi eroziya bazisining chuqurligi, tik qiyaliklar, chuqur soylar bilan xarakterlidir (Maxsudov,1989,Tursunov va bosh.,2009).
O‘zbekiston quyidagi litologik-geomorfologik tumannlarga ajratiladi:
Baland tog‘li mintaqalar (Chotqol, Qurama, Turkiston, Xissor tog‘lari).
O‘rtacha balandlikdagi tog‘ mintaqalari.
Past tog‘ va tog‘ oldi mintaqalari, bu yerlarda asosan to‘rtlamchi davr yotqiziqlari, qiyalik yonbag‘irlarda chag‘irtoshli mayda zarrachali prolyuvial-delyuvialli yotqiziqlar bilan qoplangan.
O‘r-qirli tog‘ oldi mintaqasi, relyefi baland-past yonbag‘irli qiyaliklardan iborat. Tuproq paydo qiluvchi ona jinslar asosan lyoss va lyossimon ѐtqiziqlar hamda skeletli mayda zarrachali prolyuviydan iborat.
Tog‘ oldi pasttekisliklari, darѐlarning yuqori terrasalari, relyefi baland-past qiyaliklardan iborat bo‘lib, lyossimon va skeletlimayda zarrachali prolyuviy bilan qoplangan.
Tog‘ etagi tekisliklari, daryolarning yuqori terrasalari balandpast relyefli bo‘lib, lyossimon yotqiziqlar bilan qoplangan, qolgan hududlar tekis relyefli bo‘lib har xil yoshdagi geologik tog‘ jinslaridan tashkil topgan. Bularning ichida qadimiy uchlamchi davr-”neogen” yotqiziqlari bilan qoplangan jinslar uchraydi.
Ushbu tumannlar yerlarining geologik-geomorfologik tuzilishi jihatidan relyefi murakkab to‘lqinsimon baland-past yonbag‘irlardan iborat bo‘lib, eroziya jarayonlari rivojiga yordamlashadi, chunki lyoss va lyossimon yotqiziqlar eroziyaga oson beriladi, yemirilib jarliklar hosil qiladi. Qumoqli, qadimiy uchlamchi davr yotqiziqlari yemirilishga ancha chidamli, qumoqli yengil qumoqli eol yotqiziqli shamol eroziyasiga oson uchraydi. O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida rivojlangan adirli maydonlardagi tuproqlarning, ayniqsa 30-50 sm chuqurliklarda joylashgan va usti g‘ovak yotqiziqlar qoplagan zich tog‘ jinslari (granit, slanets va qumtoshlar) suv eroziyasi jihatidan juda xavfli. Hozirda bu yerlarda noto‘g‘ri sug‘orib dehqonchilik qilish oqibatida ko‘pgina maydonlar tashlandiq yerlarga, jarliklarga aylanib, qishloq xo‘jalik aylanmasidan chiqib ketmoqda.
Shunday qilib, geologik-geomorfologik jihatdan qayd etilgan mintaqalarning ko‘pchiligi bo‘linib–bo‘linib ketgan tog‘li va to‘lqinsimon past-balandliklardan iborat murakkab relyefga ega. Bu relyeflarda rivojlangan tuproqning va tuproqosti qatlamlarining eroziyaga uchrashi oson kechadi. Ayniqsa daryolarning yuqori terrasalariga tutashgan tog‘ oldi va to‘lqinsimon past-baland relyefli tog‘ etagidagi adirlar katta qiziqish uyg‘otadi. Bulardan tashqari respublikamiz hududida loyli, qumoq lesslar va skeletli-mayda zarrali yotqiziqlarda rivojlangan bo‘z tuproqlar mavjud.
Bu yerlar asosan sug‘oriladigan va lalmikor dehqonchilik mintaqalari bo‘lib, paxta, donli – boshoqli va boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari o‘stiriladi. Bundan tashqari bu mintaqalarda bog‘dorchilik va uzumchilik ham rivojlangan (Maxsudov, 2003).