Asosiy darsliklar va o’quv qo’llanmalar
O.Hasanboeva va boshq. Oila pedagogikasi. T., Aloqachi,2007y
A.K.Minavvarov. Oila pedagogikasi. T., O’qituvchi, 1994 y.
M.Inomova. Oilada bolalarni ma’naviy axloqiy tarbiyasi.T., O’qituvchi, 1999 y.
R.To’raqulova Oilada sog’lom muhit va reproduktiv madaniyat. . T., 2002y.
Reproduktiv ma’naviyat va madaniyat asoslari. To’plam. T.,2002y.
M.R.Bo’rieva O’zbekiston oila demografiyasi. T., Universitet, 1997y.
O.To’raeva Bola aziz odobi undan aziz T., O’qituvchi, 1996 y.
6.MAVZU:Oilada vatan va vatanparvarlik eng oliy qadriyat sifatida.
Dars o’quv maqsadi: Talabalarga nikoh oldi omillari va ularning nikoh mustaxkamligiga ta'siri
Tushunchalar va tayanch iboralar:
Asosiy savollar:
1. Oilada vatanparvarlik tarbiyasi
2.Vatanga muhabbatni tarbiyalash va baynalmilalchilik tarbiyasi.
3.Mytafakkirlar va shoirlar ijodida vatanparvarlikni talqin etilishi.
Vatan hissi... U bolada oilaga, eng yaqin kishilari –ota, ona, buva, buvi, aka –uka, opa –singillariga bo’lgan munosabatdan boshlanadi. Bu uni qadrdon uyi va yaqin kishilari bilan bog’laydigan ildizlardir.
Eramizdan oldin yashagan yunon adiblaridan biri “Vatan sha’niga” asarida: “Mening bu gaplarim g’oyat eski gaplardir. Lekin haqiqat shunday: o’z otasini sevmagan farzand o’zganing otasini ham hurmat qila olmaydi, o’z vatanini sevmagan kishi o’zgalar vatanini qadrlay olmaydi”, deb yozgan ekan. Uning bu gaplari oradan ikki ming yildan ortiq vaqt o’tgan bo’lsa ham, uning uchun o’sha paytda “eski bo’lgan gaplar” hozir naqadar zamonaviy jaranglamoqda.
Vatan deganda nimani anglash mumkin? Vatan – arabcha ona yurt degani. Vatan – bu odam tug’ilib o’sgan, tarbiyalangan, mehnat quvonchini totgan, shu odam mansub bo’lgan xalq tarixi bilan bog’langan hamda turixan shakllangan ijtimoiy – iqtisodiy, siyosiy va madaniy muhitdir.
Vatan – ko’p qirrali tushunchadir, bu ma’lum xalq yashaydigan hudud, ijtimoiy –iqtisodiy va siyosiy tuzum, milliy hayot, madaniyat, til, milliy an’analar, ya’ni kishi mansub bo’lgan jamiyatning moddiy va ma’naviy sharoitlari yig’indisini o’z ichiga oladi.
Vatanparvarlik –vatanga muhabbat, unga sodiqlik, uning manfaatlari yo’lida xizmat qilishga tayyor turish demakdir.
Vatanparvarlik ijtimoiy, tarixiy va axloqiy his- tuyg’u sifatida olamning ijtimoiy taraqqiyoti davomida paydo bo’ladi. Ibtidoiy jamoa tuzumida vatanparvarlik faqat o’z urug’doshlariga, ona yerga, ona tiliga, urf –odatlarga bog’liq his bo’lgan bo’lsa, sinflar paydo bo’lishi bilan vatanpvarlik g’oyalari chuqurlashib, ijtimoiy hayotning tobora ko’proq sohalariga chuqurroq kirib bordi. Davrlar o’tishi bilan bu tuyg’u buyuk qudratga aylanadi.
Buyuk o’zbek mutafaakirlarining fikricha, “Biz tug’ilgan yurtimizdan uzoq ketsak, bizni tortib kelaturg’on quvvat o’z vataniimizning, ona tuproqning mehru muhabbatidir”.
Biz Vatan so’zini ne-ne so’zlarga qo’shib, ne –ye qadriyatlarga sifat berib ishlatamiz: “Vatan tuprog’i”, “Vatan adabiyoti”, “Vatan tuyg’usi”, “Vatan tarixi”.
Maqollarimizda o’zbek xalqining ona vatanga bo’lgan cheksiz muhabbati, hurmati, sadoqati o’z ifodasini topgan. Ularda vatan, el –yurt ulug’lanadi, har kim o’z elida erkin nafas olishi, izzat –hurmatda yashashi ko’rsatilib, vatanni sevish, uyga hamisha sodiq bo’lish zarurligi uqtiriladi. “Bulbul chamanin sevar, odam vatanini”, “Onaga bo’lgan muhabbat – vatanga bo’lgan muhabbatning kurtagi”, “Kim onasin sevmagan, kim vatanin sevmagan?!”, “Har kimning o’z elati o’ziga shirin”, “Har qush o’z uyasida erkin”, “Har qush o’z uyasiga qarab uchadi”, Har toycha suv ichgan bulog’ini maqtaydi”, “Har ko’katning o’z suygan tuprog’i bor”, “Tovushqonga tug’ilgan tuprog’i aziz” abi maqollarda ona yurt o’zining butun borligi bilan madh etiladi va har kimning o’z vatani o’zga yurtlardan afzalligi, naqadar yoqimli va nihoyatda azizligi faxr va g’urur ila madh etiladi.
Shu bilan birga o’z vatanini faqat sevibgina qolmay, balki uni asrab, avaylashga chaqiruvchi xalq maqol a matallarini ham ko’plab uchratish mumkin: “O’lsang o’l –vatanda bo’l”, “Vataning tinch –se tinch”, “Eling omon bo’lsa, sen omon”, “Vatanga falokat –o’zingga halokat”, “Ona yurting omon bo’lsa, rangi –ro’ying somon bo’lmas” kabi maqollarda Vatanning tinchligini saqlash, uning dahlsizligini ta’minlay, ona tuprog’ini dushman oyog’i ostida toptamaslik, vayron bo’lishiga yo’l qo’ymaslik –oliy burch ekanligi uqtiriladi.
“Yurtim –ko’ksim, elim –iligim”, “Esi butun elidan chiqmas”, “Tog’ gulining tog’da o’sgani yaxshi”, “Tuqqan yerdan oyoq uzilsa ham ko’ngil uzilmas”, “Shunqor qiyasin sog’inar, to’rg’ay uyasin”, “Oyodan yorug’ narsa yo’q qora bulut bo’lmasa, odamdan g’arib narsa yo’q qaytib yurtin topmasa”, “Vafosizga vatan yo’q” kabi maqollarda unib o’sgan yurtni noshukurchilik qilib tashlab ketish juda yomon va xunuk oqibatlarga olib borishi ta’kidlanadi.
Bu haqda bobokalon shoirimiz A.Navoiy shunday yozganlar:
Vatan tarkini bir nafas aylama,
Yana ranji g’urbat havas aylama.
Chunki vatandan tashqarida buxt yo’q, begona yurt hyech qachon vatan bo’lolmaydi. O’z vatanini tashlab ketishga majbur bo’lgan va chet ellarda yashashgan majbur bo’lgan zahiriddin Muhammad Bobur o’z vatanini cheksiz sevgan, o’z xalqiga chuqur hurmat bilan qaragan vatanparvar shoirdir. Uning vatan muhabbatini kuylashga bag’ishlangan chiroyli ruboiylari bor.
Tole yo’qi jonimga balolig bo’ldi,
Har ishni ayladim xatolig’ bo’ldi,
O’z yurtni qo’yib hind siri yuzlandim,
Yorab netayin ne yuz qaroliq bo’ldi.
U chet elda bo’lsa ham o’z ona yurtidan bir dam bo’lsa –da ko’nglini uzolmadi, ona vatanini qo’msab azob chekdi:
Ko’pdin berikim yoru diyorim yo’qdir,
Bir lahzai bir nafas qarorim yo’qtir.
Boshqa o’rinda:
Yod etmas ermish kishini g’urbatda kishi.
Shod etmas emish ko’nglini jannatda kishi.
Ko’nglum bu g’ariblikda, shod o’lmadi oh,
G’urbatda sevinmas emish albatta kishi,
deb o’z taqdiridan noliydi.
Haqiqiy vatanparvarlik vatan manfaati yo’lida kerak bo’lsa hatto qurbon bo’lishga ham tayyor turishda namoyon bo’ladi. Chunki o’zingni vatanga qanchalar yaqin his etsang, uni shu qadar vujud kabi aniqroq va sevibroq tasavvur qilasan. O’z ota –onasi, o’z ona tuprog’i, qishlog’i, o’z millati va xalqi, o’z tarixi, madaniyatini sevmagan kimsa qanday qilib begonalarni sevolsin, qanday qilib bunday shaxsdan tom ma’nodagi baynalmilalchi chiqsin?
O’zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov o’zining “O’zbegim” qasidasida ona vatanni chiroyli ta’riflagan:
Tarxingdir ming asrlar ichra pinhon o’zbekgim,
Senga tangdur Pomiru oqsoch Tyanshon o’zbegim,
So’ylasin Afrosiyobu so’ylasun O’rxun xati,
Ko’hna tarix shodasida bitta marjon o’zbegim.
Men buyuk yurt o’g’lidurman, men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo’lgum sodiq o’g’lon o’zbekgim.
Tarixiy obidalarga, bolalar ruhi ufurib turgan asori –atiqalarga hurmat ila munosabatda bo’lish tarixga bo’lgan hurmat, ehtiromning bir qirrasidir. Unut bo’lgan tariximizni tiklash, payhon bo’lgan zaminimizni poklash, kelajak avlodga ajdodlarimizdan qolgan merosimizni eson –omon yetkazish –har bir insonning, vatanparvar, xalqparvar, tarixiparvar insonlarning ham qarz, ham farzidir.
Vatanparvarlik tuyg’usi, tarbiyasi ota –onaga, o’z mahalla, qishlog’iga, nohiya, shahar, viloyat va jumhuriyatiga bo’lgan cheksiz muhabbatdan, uning tarixi va madaniyatiga bo’lgan mislsiz va tengsiz hurmat va sadoqatdan boshlanadi.
Vatan tuyg’usi kichkina odam ko’z o’ngida ko’rayotgan narsadan qoyil qolishidan, uni hayratlantiradigan va qalbida aks –sado beradigan narsalardan boshlanadi.
Kattalarning vazifasi –bola oladigan ko’plab taassurotlardan unga eng tushunarli bo’lganlarini: eng yaqin kishilari, jonajon o’lka tabiati va hayvonot dunyosi, kishilarning xalq farovonligi, vatanning gullab –yashnashi yo’lidagi mehnati, o’rtoqlik, o’zaro yordam va boshqalarni tanlab berishdan iboratdir.
Xo’sh, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolaning tushunchasiga nima ko’proq mos keladi va nima uni qiziqtirishi va hayajonlantirishi mumkin?
Dastavval, bu u tug’ilgan va yashayotgan joylardir. Jona-jon ona tabiat vatanga muhabbatni tarbiyalashning kuchli omillaridan hisoblanadi. Uning go’zalligi bilan zavqlanish. Tabiat dunyosiga ehtiyokorona munosabatda bo’lishdan, inson mehnatining tabiatdagi o’zgartiruvchilik rolini tushunishigacha –bularning hammasi jonajon o’lkaga muhabbatni shakllantirishning manbalaridir. Bolalaikda jonajon tabiat haqida hosil qilingan yorqin taassurotlar inson xotirasida bir umrga saqlanib qoladi, chunki uning obrazlarida vatan o’z ifodasini topgan bo’ladi. Odam vatanga bo’lgan muhabbatini o’zi tug’ilgan va o’sgan oilasi, bolalar bog’chasi va maktabi, bolalar bilan o’ynagan o’yinlari va joylari bilan bog’laydi.
Dostları ilə paylaş: |