Vatanga muhabbatni tarbiyalash. Vatanga muhabbat –eng chuqur ijtimoiy hislardan biridir. Bizning davlatimizda Vatanga muhabbat hissi baynalmilalchilik hissi bilan uyg’unlashib ketadi. Vatanga muhabbat hissi maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarda kattalar tomonidan bolalarning ruhiy taraqqiyotini va ular tafakkurining aniq va obrazliligini e’tiborga olgan holda ma’lum izchillik bilan tarbiyalab boriladi. Shuning uchun bu yoshdagi bolalarda vatanga muhabbat hissini ularga yaqin va tanish bo’lgan aniq faktlar, yorqin misollar orqali tarbiyalab boriladi. Tarbiyachilar bolalarda o’z oilasiga, uyiga, bolalar bog’chasiga va bolalarni o’rab turgan tevarak –atrofga mehr –muhabbatni va ularga sodiq bo’lishni tarbiyalayotib, eng muhim ijtimoiy his bo’lgan vatanga muhabbatni tarbiyalab boradi.
Kichik bog’cha yoshidagi bolalar tevarak –atrofdagi voqyea, hodisalarning faqat tashqi belgilarini anglab oladilar. Ular Hayit, Navro’z bayramini hamma kishilar shodiyonalik, bilan kutib olishalirni ko’radilar, bundan juda zavqlanadilar, ammo buning saboblari, natijalari bilan qiziqmaydilar. Ammo bu yoshdagi bolalar tevarak –atrofdagi kishilar mehnati, ularning bolalarga ko’rsatayotgan g’amxo’rliklari bilan kattalar tanishtirib borsalar, aniq misollar orqali tushuntirsalar, ayni muddao bo’ladi.
O’rta guruh bolalari ijtimoiy hayot voqyealari bo’lgan kattalarning qishloq xo’jaligidagi, fabrikadagi, zavoddagi mehnatini, ular ko’pchilik manfaatini ko’zlab ishlayotganligi, shahar va qishloqlarni obod qilayotganligi, maishiy va uy –joy binolarini qurayotganligini tushunadigan bo’lib qoladilar.
Katta guruh bolalari esa bizning jumhiriyatimizda har xil millat vakillari birga yashaydi degan haqiqatni ham tushunib oladilar.
Kichkina guruhda vatanga muhabbat hissi o’z uyiga, bog’chasiga, tarbiyachiga muhabbatni tarbiyalashdan boshlanadi. Bolalar ota –onalari va pedagoglar ularga qanday g’amxo’rlik qilayotganini ko’radilar va his etadilar, natijada bolalarda ularga bo’lgan muhabbat yanada ortadi, ularning g’amxo’rligi va himoyasiga ishonch hosil qiladilar.
O’rta guruhda bolalar endi kengroq doiradagi kishilar bilan munosabatda bo’la boshlaydilar. Ular ota –onalari va tarbiyachilardan o’z shahri, qishlog’i to’g’risida ko’p narsani bilib oladilar.
Vazifa kishilarga bo’lgan muhabbat va mehribonlik tuyg’ularini ancha anglangan va ta’sirchan qilishdan iboratdir. Shu maqsadda tarbiyachi suhbatlardan, badiiy adabiyotlardan foydalanadi, rasmlar ko’rsatadi, ekskursiyalar uyushtiradi.
Bolaning o’ziga xos xususiyatini e’tiborga olish, uning axloqiy tasavvurlari bilan konkret xatti –harakati o’rtasida qarama –qarshilik bo’lishi mumkinligini nazarda tutib, kishilarga nisbatan chinakam muhabbatni tarbiyalash uchun ularga yordam berish istagini (dasturxon yozib, stol tuzash, idish –tovoqlarni yuvishga yordam berish va shunga o’xshashlar) uyg’otishga alohida e’tibor berish kerak.
Katta guruh bolalariga uyda onalariga, buvilariga va otalariga yordam berish topshiriladi. Butun guruh bolalari bilan ular oilada kattalarga qanday yordam berganliklari to’g’risida suhbatlashiladi.
Onaga hurmat va muhabbatni tarbiyalashda 8 mart bayramini uyushtirish yaxshi yordam beradi. Bu kuni bolalar va tarbiyachilar she’rlar o’qiydilar, ashulalar ijro tishadi, onalari haqida hikoya qilib berishadi.
Bayramga tayyorgarlik davrida onalari, ularning mehnati, oiladagi g’amxo’rligi haqida suhbat o’tkaziladi. “Onaga sovg’a” rasmi ko’riladi, ona va buvilarga sovg’alar tayyorlanadi.
Tarbiyachi ota –onalarga muhabbatni tarbiyalashda badiiy adabiyotdan ham keng foydalanadi.
Tayyorlov guruhidagi bolalar bilan olib boriladigan suhbatlarda ona mehnat qilib, faqat o’z oilasigagina emas, jamiyat uchun ham foyda keltirish ta’kidlanadi. Maktab temir yo’l stansiyasi, tikuvchilik ustaxonasi, pochta, kutubxonaga ekskursiyalar uyushtiriladi.
Ekskursiyalarda onalarning qanday ishlayotganlari ko’rsatiladi. Ekskursiyadan keyin “Onalar qanday ishlaydilar” degan mavzuda suhbat o’tkaziladi.
Oilaga, bog’chaga, yaqin kishilarga mehr –muhabbat hissi asta –sekin kengayib, bolalarning tug’ilgan shahri, qishlog’i, jonajon tabiatga bo’lgan mehri bilan qo’shilib ketadi va murakkablashib boradi.
Tarbiyachi bolalarga jonajon shahar, qishloqdagi eng chiroyli ko’chalarni, maydonlarni, binolarni, bog’larni ko’rsatadi. Ko’chalar, maydonlar, hiyobonlarning nomi shahar yoki qishloqning tarjiman holini, halqning o’tmishini anglatishini tushuntiradi. Bu nomlar buyuk olimlar, sarkardalar, yozuvchilar, xalq e’zolagan boshqa kishilar sharafiga qo’yilganini tushuntiradi.
Pedagog kichik guruhdan boshlab bolalarda jonajon o’lka tabiatiga muhabbat o’yg’otishi, uning go’zalligini his etish paytirish istagini uyg’otib borishi lozim. Buning uchun u bolalar bilan bog’larga, polizga, issiqxonalarga, paxta dalasiga, gulzorga, daryoga, pillaxonalarga, tovuqxona, fermalarga sayr –ekskursiyalar uyushtiradi.
U o’zbek va boshqa millat yozuvchi –shoirlarining tabiat haqidagi she’r va qo’shiqlaridan, buyuk rassomlarning rasmlaridan foydalanadi. Tarbiyachi bolalarni jumhuriyatimizning boshqa nohiya va qishloqlari, shaharlari, undagi ijtimoiy hayot bilan tanishtiradi. Bolalar kitob, hikoya, kinofilmlardan benoyon vatanimiz xalqlari, ularning hayoti va mehnati, o’lkamiz boyliklari to’g’risida tasavvurga ega bo’ladilar.
Tarbiyachi “Vatan”, “Bizning shahar”, “O’zbekistonning poytaxti –Toshkent”, “Qishlog’imizning eng yaxshi kishilari”, “shahrimizning eng yaxshi kishilari” va shunga o’xshash mavzular bo’yicha kitob va rasmlar tanlaydi, turli albomlar, papkalar tayyorlab, bolalar bilan olib boradigan ta’lim –tarbiyaviy ishida foydalanadi.
Har bir davrda yuz beradigan voqyea –hodisalar bolalarga bevosita va bovosita ta’sir etadi. Bunday voqyea –hodisalar to’g’risida tarbiyachining bolalarga mohirona hikoya qilib berishi vatanparvarlikni tarbiyalashda muhim vosita bo’lib xizmat qiladi.