boshqa) ikkinchi falsafadan farqli xususiy-ilmiy bilimlarni o‘rganadigan qismi sifatida talqin qilgan. Ko‘p hollarda, dialektikaga qarama-qarshi deb talqin etiladigan metafizika olamdagi narsa va hodisalarni o‘rganishda ularning muayyan vaqt davomida nisbatan o‘zgarmasdan, alohida turgan holatiga diqqatni ko‘proq qaratadigan usuldir. Bu usul qo‘llanganida olamning namoyon bo‘lish shakllari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning alohida qismi yoki holatiga asosiy e’tibor beriladi. Voqea, hodisa va jarayonlarni doimiy o‘zgarish holatida o‘rganish nihoyatda qiyin bo‘lganligidan, nafaqat faylasuflar, balki barcha fan mutaxassislari uning nisbatan tinch va o‘zgarmay turgan holatini o‘rganadilar, tadqiq etadilar. Sofistika — qarama-qarshi fikrlar asosida ixtiyoriy tanlangan foydali mulohaza bo‘lib, uning yordamida har qanday narsa yoki fikrni isbotlay olish mumkin. Masalan, Aristotelning yozishicha, bir afinalik ayol o‘g‘liga, jamoa ishlariga aralashma, chunki agar to‘g‘ri gapirsang, seni odamlar; yolg‘on so‘zlasang — Xudolar yomon ko‘radi, degan ekan. Sofizmga ko‘ra afinalik ayolga shunday rad javobi berish mumkin: sen jamoa ishlarida ishtirok qilishing kerak, chunki to‘g‘ri so‘zli bo‘lasan va buning uchun seni Xudolar ham, odamlar ham yaxshi ko‘radi. Sofistika mavjud bilimlar tizimidan ziddiyatlarni siqib chiqaradi, bu bilan eski va yangi bilimlarni murosaga keltiradi. Sofistika inson bilimi doirasida cheksiz relyativizmni ulug‘laydi. Predmet haqida har narsa deyish mumkin. Qanday maqsad ko‘zlanmasin, so‘zlar ifodasida hech qanday chegara yo‘q (masalan, asal — shirin; asal — achchiq; qo‘rg‘on — aylanasimon, qo‘rg‘on — to‘rtburchak va h.k.) shunga ko‘ra sofist — mohir usta, so‘zamol donishmand ma’nolarini anglatadi.