2.2. KARP BALIQLARINI SUN’IY OZIQLANTIRISH Hovuz baliqchiligida baliqlarni oziqlantirish uchun 3 xil oziqalardan foydalaniladi:
1. Tabiiy oziqalar.
2. Qo‘shimcha oziqalar.
3. Me’yorlashtirilgan (balanslashtirilgan) oziqalar.
Tabiiy oziqalar (hovuzning tabiiy oziqa zaxirasi) — hovuzlarda tabiiy yo‘l bilan rivojlanadigan, o‘sadigan o‘simliklar, hovuzlardagi planktonlar, suvda o‘sadigan o‘simliklar, qisqichbaqasimonlar, bakteriyalar, detritlar, bentoslar, yuqori tabaqadagi o‘simliklar, hasharotlar, suv hayvonlari va baliqlar kiradi. Tabiiy oziqa zaxirasining rivojlanish darajasi suvning sifatiga bog‘liq. Baliqchilar turlicha usullarni qo‘llab: ohaklash, organik va noorganik moddalar orqalio‘g‘itlash kabi yo‘llar bilan suv sifatini yaxshilashga erishadi. To‘g‘ri o‘g‘itlangan suv havzalari o‘zida barcha biogen moddalar, mikroelemetlarni saqlaydi hamda ruxsat etiladigan chegarada oziqa zaxirasining yetarli darajada rivojlanishiga imkoniyat beruvchi maqbul (optimal) gidrokimyoviy sharoitlarga ega bo‘ladi. Hovuzlar yoki suv havzalarida tabiiy yo‘l bilan rivojlanadigan turlarga plankton, suv o‘simliklari, bakteriyalar, detritlar, bentos, yuqori suv o‘simliklari, suv jonivorlari, shu jumladan, baliqlar kiradi. Iste’mol qilingan oziqalar karp baliqlarining oziqa hazm qilish a’zolariga suvning harorati 2 °C bo‘lgandan 8—10 soat, 22 °C bo‘lganda 6—9 soat, 26 °C bo‘lganda esa 4—7 soat oralig‘ida parchalanib hazm bo‘lishi aniqlangan. Shundan kelib chiqib suvning harorati nisbatan yuqori bo‘lgan yozning issiq oylarida, kunduz kunlari baliqlarning kunlik oziqalarni bir necha bo‘lakka (3—6 bo‘lakka) bo‘lib berish maqsadga muvofiq. Karp baliqlarini oziqlantirishda chigit, jo‘xori, yeryong‘oq, xantal, zig‘ir, soya va boshqa o‘simlik urug‘larining kunjara va shrotlaridan keng foydalaniladi. Ulardagi proteinlar miqdori 30—40 foizni, yog‘lar 7—8 foizni va uglevodlar 30—40 foizni tashkil qiladi. Guruch, bug‘doy va boshqa boshoqli don o‘simliklari unlari uglevodlarga juda boy bo‘lib, karp baliqlarini oziqlantirishda ko‘pincha kunjaralar bilan birgalikda qo‘llaniladi. Shuningdek, oziqa sifatida uglevodlarga boy bug‘doy va boshqa boshoqli donlar unidan foydalaniladi. Ayniqsa, soya uni juda yaxshi oziqa hisoblanadi. Guruch, bug‘doy, jo‘xori oqshog‘i, nisbatan qimmat bo‘lsada, juda sifatli oziqa sanaladi. Oziqa tarkibi, asosan, chorva oziqalaridan iborat bo‘ladi. Bunda baliq asosiy rol o‘ynaydi.
Ushbu oziqalar baliq turlariga qarab omuxta yem ishlab chiqaruvchi zavodlar tomonidan baliq yoshiga qarab granulalangan holida ishlab chiqariladi. Oziqalar:
— yaxshi oziqaviy xususiyatga ega bo‘lishi lozim, ya’ni tarkibida protein va uglevodlar ko‘p bo‘lib, tolali birikmalar kamroq bo‘lishi kerak;
— juda ham arzon bo‘lishi zarur.
Qo‘shimcha oziqa sifatida turli xil manba va mahsulotlardan foydalanish mumkin:
— o‘simliklar: yashil qismlari, barglari, mevalari, dukkakli o‘tloqzor o‘simliklarning donlari (urug‘lari), changalzor, daraxtlar, jumladan, meva hamda sabzavotlardan;
— suv o‘tlari: suvli giatsint, ryaska, pistiya va boshqalar;
— mayda tuproq umurtqasiz hayvonlar: tuproq chuvalchanglari, hasharotlar, molluskalar;
— suv hayvonlari: qurtlar, yovvoyi baliqlar, golovastiklar.
Qo‘shimcha oziqa uchun ishlatiladigan materiallar:
— yer usti o‘simliklari: yashil qismi, mevasi, bargi, dukkaklilar urug‘i va boshqalar. Qo‘shimcha oziqalar baliqlarga ikki xil shaklda yetkazib beriladi:
1. Quruq oziqa: bularga boshoqli o‘simliklar doni, kunjara va boshqalar kirib, ularni saqlash va transportirovka qilish qulayroqdir.
2. Ho‘l oziqalarga: hayvonlar qoni va boshqa chiqindilari, pivo zavodi chiqindilari va boshqalar kiradi. Bu oziqalarni baliqlarga berishdan oldin maxsus qayta ishlash talab etiladi.