Hujjat 01.05.2021 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QISHLOQ XO‘JALIGINI RIVOJLANTIRISHNING 2020 — 2030-
YILLARGA MO‘LJALLANGAN STRATEGIYASINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
Keyingi yillarda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini
isloh qilish, xususan sohada davlat
boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi subyektlar o‘rtasidagi munosabatlarning
huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni
joriy etish hamda qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni zamonaviy texnikalar bilan
ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu
bilan birga, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan
strategiyaning mavjud emasligi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, sohaga
investitsiyalarni keng jalb etishga, ishlab chiqaruvchilarning yuqori daromad olishiga va
mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, qulay
agrobiznes muhitini va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish,
kooperatsiya munosabatlarini
rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda
kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi qishloq
xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi (keyingi o‘rinlarda —
Strategiya)
1-ilovaga
muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga
mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si (keyingi
o‘rinlarda — “Yo‘l xarita”si)
2-ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Strategiyani amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, talab
etiladigan miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni nazarda tutuvchi oziq-ovqat xavfsizligi
davlat siyosatini ishlab chiqish va joriy etish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat
nazorati infratuzilmasini
rivojlantirish, eksportni rag‘batlantirish, maqsadli xalqaro bozorlarda
raqobatbardosh, yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni
nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va barqaror
o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirishni nazarda
tutuvchi sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish
mexanizmlarini joriy qilish;
er va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi tabiiy
resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvi tuzilmasini restrukturizatsiya qilish va yanada
rivojlantirishni nazarda tutuvchi boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish;
fermer xo‘jaliklarida
mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori
qo‘shilgan qiymat yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish orqali davlat xarajatlari
samaradorligini oshirish va bosqichma-bosqich qayta taqsimlash;
qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan
integratsiyalashgan bilim va ma’lumotlarni tarqatishning samarali shakllarini qo‘llashni nazarda
tutuvchi ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish;
qishloq joylarini muvozanatli va barqaror taraqqiy ettirishga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi
qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish;
zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali statistik ma’lumotlarni to‘plash,
tahlil qilish va tarqatishning ishonchli uslublarini joriy etishni
nazarda tutuvchi tarmoq
statistikasining shaffof tizimini yaratish.
3. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga
mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi
o‘rinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash)
3-ilovaga
muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi
organi etib belgilansin.
4. Muvofiqlashtiruvchi kengash (A.N. Aripov):
Strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsin hamda belgilangan
indikatorlarga erishish ustidan doimiy monitoring olib borsin;
bir oy muddatda Strategiyaning har bir asosiy yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislardan,
shu jumladan xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda doimiy ishlovchi ishchi guruhlarini, ularga
xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar grantlari, O‘zbekiston Respublikasi
Qishloq xo‘jaligi vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan
taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ish haqi va boshqa to‘lovlarni
belgilagan holda
shakllantirsin;
Strategiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarning
loyihalari sifatli va o‘z muddatida ishlab chiqilishi hamda belgilangan tartibda kiritilishini
ta’minlasin;
har yili 1-dekabrga qadar joriy yil uchun belgilangan vazifalarning bajarilishini chuqur tahlil
etgan holda Strategiyani amalga oshirish yuzasidan kelgusi yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar
dasturini tasdiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini sifatli ishlab
chiqilishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini tashkil etsin;
har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga Strategiyani amalga
oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida axborot taqdim etib borsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bir oy muddatda mazkur Farmonda
nazarda tutilgan vazifalarning to‘liq va o‘z muddatlarida bajarilishini ta’minlash maqsadida vazirlik
tuzilmasida qo‘shimcha 4 ta shtat birligidan iborat mas’ul boshqarma
tashkil etsin hamda xorijiy
ekspertlar jalb etilishini ta’minlasin.
Xorijiy ekspertlarni jalb etish vazirlikning budjetdan tashqari hamda xalqaro moliya
institutlarining grant va texnik ko‘mak mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-oktabrdagi PQ-4486-son “Suv
resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
qaroriga
muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Suv xo‘jaligi sohasidagi loyihalarni
amalga oshirish agentligi tashkil etilganligi hamda unga suv xo‘jaligi sohasida investitsiya
loyihalarini amalga oshirish yuklatilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi
mavjud investitsiya loyihalari, loyihalarni amalga oshirish guruhlari, shuningdek,
huquqlar,
majburiyatlar va shartnomalar saqlab qolingan holda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi
vazirligi tarkibiga o‘tkazilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda vazirlik va
idoralarning budjetdan tashqari jamg‘armalari budjetlari parametrlarida qishloq xo‘jaligi xarajatlari
tarkibini diversifikatsiya qilishning maqsadli yo‘nalishlari
4-ilovaga
muvofiq belgilansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:
Strategiyani o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini
o‘rnatish;
amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va
tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat
Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi,
boshqa manfaatdor
vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib
chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Qishloq
xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonning mazmun-mohiyati hamda maqsad va
vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.
Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov
zimmasiga yuklansin.