u yoki bu holatlarning ilmiy va amaliy ahamiyati hamda qiymatini asoslab berish, xulosalar chiqarish.
Ilmiy tadqiqot voqelikdagi biror narsa-hodisa haqida uning bevosita kuzatishda berilgan, xususiyliklarini kuzatish asosida narsa-hodisaning mavjudlik, yashash va rivojlanish qonuniyatlari haqida umumlashma hosil qilish jarayoni bo‘lib, u ijtimoiy, sof insoniy, aqliy faoliyatdir. Shuning uchun ilmiy tadqiqot, bir tomondan, obyektiv, ya’ni tadqiqotchidan tashqarida turgan, unga bog‘liq bo‘lmagan haqqoniy (real) borliq bilan, ikkinchi tomondan esa, shu borliqning shaxs (subyekt, tadqiqotchi) ongida in’ikosi bilan bog‘liq bo‘lgan subyektivlikka aloqador murakkab jarayondir. Uning shaxs bilan, subyektivlik bilan bog‘liqligi Sharqu g‘arbda mashhur juda qadimgi hikmatli so‘zda "Hamma qaraydi, lekin hamma ham ko‘rolmaydi" matalida o‘z aksini topgan, zeroki, "ko‘ra olish" maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan, o‘ziga xos tadqiq qurollari bilan qurollangan, ulardan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxslarga, mutaxassislarga xos harakatdir10.
Ilmiy tadqiqning muhim tarkibiy qismlardan biri tadqiq manbayi (o‘rganish obyekti)dir. Tadqiq manbayi deganda ilmiy tadqiqning voqelikda mavjud bo‘lgan, o‘rganilishi kerak bo‘lgan narsa-hodisa, ularning orasidagi munosabat - aloqalar, qonuniyatlarning xilma-xil ko‘rinishlarda, shakl va turlarda yuzaga chiqishi tushuniladi. Nimada biror narsa-hodisani tavsiflash, aniqlash, sharhlash, ochish ilmiy tadqiq oldida maqsad qilib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha narsa tadqiq manbaidir. Tilshunoslik fanining tadqiq manbayi inson tili, fikrini shakllantirish va uni ifodalashning eng asosiy vositasidir.
Umumiylik sifatida olingan tilshunoslikning tadqiq manbayi ijtimoiy aloqa-aralashuv (fikrni shakllantirish, ifodalash va uqish)ning eng asosiy vositasi bo‘lmish til bo‘lsa, bu fanning har bir oqimida tadqiq predmeti o‘zgacha - shu tilning ayrim qirrasidir. Shu bois tilshunoslikning har bir bo‘limining shu oqimlarga mos turlari (chunonchi, tarixiy fonetika, statik (tavsifiy) fonetika, psixolingvistik fonetika, tarixiy fonologiya, sinxronik fonologiya, tipologik fonetika va fonologiya va.h. kabi yo‘nalishlari) mavjuddir. Har bir turning tadqiq predmeti o‘ziga xos bo‘lib, ikkinchidan farq qiladi, har bir tur o‘ziga xos metodlardan foydalanadi. Shuning uchun tilning ma’lum bir birligini (hodisasini) o‘rganishga kirishgan tadqiqotchi tadqiq manbayi va tadqiq predmetini aniq farqlashi lozim, tadqiq predmetiga mos ravishda tadqiq metodlarini tanlashi zarur.
Tadqiq manbayi va predmetining tanlanishi davrning taraqqiyot xususiyatlari, fanning shu davrdagi holati, tadqiqotchining tayyorgarlik darajasi, ko‘zlangan maqsad, davr va fan-texnikaning imkoniyatlari, tadqiq manbayi va predmeti, o‘rganilganlik darajasi kabi juda ko‘p omillar bilan bog‘liqdir. Tadqiq manbayi va predmetini to‘g‘ri tanlash va asoslash ilmiy tadqiqning ilk jiddiy yutug‘idir. Xususan, yosh tadqiqotchilar uchun tadqiq manbayi va predmetini belgilashda ilmiy rahbarga katta mas’uliyat yuklanadi. Ilmiy rahbar shogirdiga tadqiq manbayi va predmetini belgilar ekan, izdoshiga aniq yo‘lni ko‘rsatishi ham, uni cheksiz va tubsiz dengizga uloqtirishi ham mumkin. Mana shuning uchun tadqiqotchi ilmiy tadqiqqa kirishar ekan, tadqiq manbayi va predmetini aniq belgilasa va ma’lum bir ilmiy faraz (gipoteza)ga ega bo‘lsa, boradigan yo‘li aniq, izlanishi maqsadli va, albatta, samarali bo‘ladi. Tadqiq manbayi va predmeti qancha keng bo‘lsa, ilmiy tadqiq shuncha sayoz, yuzaki bo‘ladi. Ular qat’iy va aniq chegaralangan bo‘lsa, ilmiy tadqiq chuqur va mufassal bo‘ladi. Chunki tadqiq manbayi va predmeti behad keng bo‘lsa, tadqiqotchi fakt (hodisa)lar ummoniga cho‘kadi va tadqiqotchining asosiy maqsadi – hodisalar tartibsizligida qonuniyatni ochishdan chalg‘iydi. Lekin tadqiq manbayi va predmeti juda tor bo‘lsa ham ilmiy tadqiq maqsadiga erishmaydi, zeroki tadqiqotchiga qonuniyatlarni ochish uchun hodisa (fakt)lar etishmaydi.
Tadqiq manbayiga turlicha yondashish mumkinligi bois fanda ayni bir tadqiq manbayi turli jihatlardan va turli mufassallikda qayta-qayta o‘rganilishi lozim va bu tadqiq mavzusida o‘z aksini topishi zarur.
Ilmiy tadqiq mavzusi (odatda, ilmiy ishning sarlavhasi) tadqiq manbayiga va tadqiq predmetiga ishorani o‘z ichiga oladi.
Ilmiy tadqiq mavzusi, odatda, ilmiy tadqiqotning sarlavhasidir. Tadqiq jarayonida u juda muhim ahamiyatga egadir. Tadqiqotchilar orasida "sarlavha ish muvaffaqiyatining yarmi" degan hikmatli so‘zning tarqalganligi bejiz emas. Akademik shoir G’afur G’ulomning iste’dodi, chuqur falsafiy mushohadasi va tafakkuri mahsuli bo‘lgan "Vaqt" she’rining dunyoga kelishi bilan bog‘liq qiziq bir hodisa va adibning so‘zlari sarlavha ijodiy ishda qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatadi.
"O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad shunday eslaydi11:
Said Ahmad "Qizil O‘zbekiston" gazetasi redaktori topshirig‘i bilan G’afur akadan bir she’r undirish ilinjida tayinlangan vaqtda G’afur akaning uyiga boradi.Biroq:
Domla o‘sha kuni meni kechgacha ovora qildilar. Fe’llarini bilganimdan xalaqit bermadim.Kech bo‘ldi. Qorong‘u tushdi. Domlaning she’r yozib berish niyati yo‘qqa o‘xshardi.
- Menga qara, ke, shu ishni ertaga qoldiraylik.
Men ko‘nmadim.Ertaga ertalab she’rsiz redaksiyaga borsam, redaktor xafa qilishini aytdim.
-Azonda yozamiz. Bo‘ptimih G’afur G’ulomning gapi bitta bo‘ladi. Tamom.Yaxshi she’r yozaman, degan shoir kechqurun palov yeb yotishi kerak. Hozir ikkovimiz osh qilamiz.
Ko‘nmay ilojim yo‘q edi. Oshdan keyin to yarim kechagacha Bedil o‘qib ma’nosini tushuntirib berar, afandi aytib kulardi. Bilib turibman, domla she’r yozish oldidan ruhini yengillatmoqchi, o‘ziga yaxshi kayfiyat yaratmoqchi.Yotish oldidan bilagidagi soatni echib, ko‘zoynak taqib qaradi.
-Bo‘ldi,-dedi domla, qayta o‘rnidan turib, she’r tayyor. Komil Aliev shunday degan edi:"Sarlavhasi bilan tagiga yoziladigan o‘z noming naqd bo‘lsa, asaring bitdi deyaver." She’rning nomi bilan tagiga G’afur G’ulom so‘zini bitdi.
U kishiga savol bilan qaradim.
-Jiyanim Hamidulla o‘tkan kuni shu soatni sovg‘a qilgan edi.Shu soatga bag‘ishlab she’r yozaman.
Boshqatdan kiyinib o‘tirib oldik. Men pastga tushib choy damlab chiqdim.Stolga choynakni qo‘ya turib qarasam, she’rning ikki satri yozilib qopti:
G’uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik.
Xayolini buzmaslik uchun choy quyib stol qirg‘og‘iga qo‘ydim. Qarab turibman, G’afur aka o‘ylayapti. Ko‘zi goh shiftga tikilar, goh qoshlari chimirilib xuddi urishmoqchi bo‘lgandek, menga yomon qarab qolardi. Bilaman, bunaqa paytda G’afur aka qaragani bilan meni ko‘rmaydi. Xayolida yaratayotgan narsanigina ko‘radi.Ruchkani siyohdonga zarda bilan botirdi-yu yoza ketdi:
Gohida bir muddat olgulik nafas.
..Bu satrni shoshib o‘chirdi-yu,boshqatdan yozdi:
"Ba’zida bir nafas olgulik muddat.
Ming yulduz so‘nishi uchun etgulik"12 Bu xotirada olim-adibning: "sarlavhasi...naqd bo‘lsa, asaring bitdi, deyaver", degan fikriga alohida e’tibor bermoq zarur.
Sarlavha qanchalik qisqa, ixcham va sermazmun bo‘lsa, shuncha yaxshi. Chunki sarlavha qanchalik qisqa, aniq va mazmundor bo‘lsa, ilmiy tadqiqotning shunchalik uqilgan va yetilganligiga ishora qilib turadi. Aksincha uzundan-uzoq sarlavha noqulay va ishning g‘o‘rligi nishonalaridan biridir. Sarlavhada ortiqcha so‘zlar bo‘lmasligi kerak.13 Mavzuning ixcham va aniqligi uning to‘liq uqilganligining nishonasidir. Zeroki, ilm olamida "uqilganni ifodalash oson" degan hikmatli so‘z bor. Shuning uchun har bir ilmiy tadqiqot mavzusi ilmiy jamoatchilik orasida (dastlab, tadqiqotchi va uning ilmiy rahbari orasida, so‘ngra kafedra, laboratoriya yig‘ilishida, muassasa ilmiy kengashida, dissertatsiya mavzulari esa yana mintaqa va respublika muvofiqlashtiruvchi kengashlarida) muhokama etilib, ma’qullanishi talab etiladi. O‘zR OAK nomzodlik va doktorlik dissertatsiyasi mavzularini "OAK Byulleteni"da e’lon qilinib, keng jamoatchilikka ma’lum qilishni ham tavsiya etadi.
Tadqiqot mavzusining o‘rganilish tarixi deganda tanlangan mavzu fanda kimlar tomonidan qay darajada o‘rganilganligi tushuniladi. Tadqiqotchi mavzuning o‘rganilish tarixini, ya’ni undan oldin shu masala bo‘yicha kimlar nimalar qilganligini, qanday yutuqlarni qo‘lga kiritganlarini, qaysi muammolarni o‘rtaga qo‘yganliklarini tugal bilmog‘i lozim. Busiz tadqiqotchi ilmiy tadqiq ishiga kirishishi, hatto sarlavha belgilashi va asoslashi mumkin emas. O‘rganayotgan (mutolaa qilayotgan) ilmiy-tadqiqiy asarlardagi ilmiy havolalar tadqiqotchiga yangi-yangi tadqiqotlarni topish va o‘rganish uchun yo‘llanmadir.