11 - Mavzu. Yangi ming yillikda Rossiya.
Reja
SSSR parchalanishining dunyoning siyosiy xaritasiga va kuchlar balansiga keskin ta`siri.
Rossiya va NATO munosabatlari.
Rossiya Xitoy munosabatlari ob`ektiv zaruriyat sifatida.
Rossiyaning tashqi siyosatida SHHT va MDHning roli.
SSSRning qulashi va sotsialistik blokning halokatidan so‘nggi voqeliklar, eski va yangi davlatlar, ayrim-ayrim geosiyosiy aktorlar va ular orasidagi munosabatlar va h.k.lar hozirgi jahon geosiyosiy tuzilmasining asosini tashkil etadi.
SHuni qayd qilish kerakki, hozirgi dunyoda “sovuq urush” davridagi mafkuraviy ziddiyat bartaraf etilibgina qolmay, ayni chog‘da jahon geosiyosiy sistemasidagi davlatlararo aloqalar xarakterining o‘zi, voqeliklari va vazifalari, aktorlari, tarkibiy qismlari, kun tartibi ham jiddiy ravishda o‘zgardi. Avvallari milliy davlatlarning manfaatlari va o‘zaro aloqalari asosida qurilgan jahon sistemasi bu jarayonga yangi aktorlarning qo‘shilishi, ichki va tashqi siyosat masalalarining, davlat
suvereniteti va milliy manfaat kabi geosiyosiy tushunchalarning o‘zgarishi, chegaralarning borgan sari shaffoflashuvi, geostrategic va geoiqtisodiy xavfsizlikning yangi talablari va h.k.lar natijasida ham shaklan, ham mazmunan o‘zgardi, yangi sifatga ega bo‘ldi.
Agar oldingi sistemada xalqaro huquqning asosiy vazifasi suveren davlatlarning milliy huquqlarini, ularning xavfsizligi va hududiy butunligini himoya etishdan, davlatlararo munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lsa, yangi jahon sistemasida inson huquqlari va erkinliklarini himoya etish, xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, global ekologik va ijtimoiy tahdidlarning oldini olish, davlat boshqaruvida qonunlarga rioya
etish, shaffoflik va erkin siyosiy raqobatni ta’minlash vazifalari oldingi qatorga chiqdi. Bular ayrim-ayrim davlatlarning suveren huquqlari va milliy manfaatlarini
borgan sari orqaga surib qo‘ymoqda. Hozirgi xalqaro va geosiyosiy munosabatlar juda murakkab sistemaga aylandi. Bu sistema ishtirokchilari soni to‘xtovsiz
ko‘payib bormoqda, ularning qamrov doirasi kengaymoqda. Agar 386 Vestfal sistemasidan XXI asr boshigacha bo‘lgan davrda asosan davlatlar va davlat koalitsiyalari xalqaro aloqalar qatnashchisi bo‘lgan esa, hozirgi bosqichda ularning soni nohukumat tashkilotlari hisobiga bir necha barobar ortib ketdi. Hozirgi
vaqtda jahon siyosatida milliy davlatlar bilan bir qatorda xalqaro transmilliy tuzilmalar, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari, davlat ichidagi mintaqalar faoliyat ko‘rsatmoqda va ular alohida ajralib turibdi. Bu aktorlar XX asr oxiri – XXI
asr boshlarida an’anaviy geosiyosiy sub’ektlarni xalqaro hayot maydonidan asta-sekin bir chekkaga surib, ta’sir ko‘rsatish va boshqarishning strategik mexanizmlarini egallamoqda va ham ijobiy, ham salbiy (xalqaro terror, narkobiznes, diniy fanatizm
va b.) rol o‘ynamoqda, milliy davlatlar bilan birga xalqaro munosabatlar, xalqaro huquq va transmilliy globallashuvning asosiy aktorlariga aylanmoqda.
Uchinchi mingyillik arafasida sayyoramizda yuz bergan hodisa
va jarayonlar, bu davrdagi davlatlararo aloqalarning xarakterli
xususiyatlari, jahonda o‘zaro aloqalarni amalga oshirishga jalb etilgan aktorlarning ko‘pligi va xilma-xilligi o‘tmishda ma’lum bo‘lgan sistemalardan tubdan farq qiladi. Qadimgi dunyo va o‘rta asrlardagi davlatlararo munosabatlar ham, XVII asr oxiri – XX asr boshlarida kapitalizm va mustamlakachi imperiyalar gullab-
yashnagan davrdagi geosiyosiy jarayonlar ham, insoniyat 1917-1990 yillarda boshdan kechirgan mafkuraviy qarshi turish davrida ham geosiyosat bugungiday murakkab va ziddiyatli bo‘lmagan.
Jahon geosiyosiy tuzilmasida bo‘layotgan murakkab jarayonlar va o‘zgarishlarni an’anaviy geosiyosiy tasavvurlar, klassik siyosiy mezonlar va konsepsiyalar bilan tasvirlash endi mumkin bo‘lmay qoldi. “Quruqlik va dengiz kuchlari o‘rtasida abadiy qarama-qarshilik va kurash” nazariyasi, “doimiy dushmanlar va ittifoqchilar” kategoriyasi va shu singari boshqa konsepsiyalar yordamida kichik to‘qnashuvlar va jahonshumul larzalarni aniq bashorat etish va boshqarishga odatlangan klassik geosiyosiy maktablar yangi sharoitda juda mushkul ahvolga tushib qoldi.
Hozirgi global geosiyosiy jarayonlarni an’anaviy geosiyosiy nazariya va tushunchalar asosida tushuntirish, boz ustiga bashorat etish endi mumkin emasdi. Vestfal, Versal va Potsdam davrlariga xos oldingi geosiyosiy yondashuvlar, maqsad va o‘lchamlar yangi davrda sifat jihatidan mutlaqo yangi aktorlar, holatlar va 387
muvozanatlarga duch keldi. Bu esa siyosatshunoslardan tegishli ravishda yangi yondashuvlarni va baholash mezonlarini topishni taqozo qildi.
Uchinchi mingyillikning yangi sharoitlarida geosiyosiy maqsadlarni qanday va nima asosida belgilash kerak, yangi geosiyosiy munosabatlar va tartibotlar qanday bo‘ladi, avvalgi mafkuraviy qutblashishni nimaga va qanday almashtirish darkor,
mamlakatlarning milliy manfaatlari va milliy xavfsizligi qanday baholash mezonlari asosida va qaysi yo‘l bilan muvozanatga keltiriladi, bu ishda kim hakam rolini o‘ynaydi va shu kabi jahonshumul savollarga klassik geosiyosat doirasida javob toppish amalda mumkin emas. Bir so‘z bilan aytganda, yangi sharoit klassik geosiyosatning aniq tushuncha va kategoriyalari bilan izohlangan geosiyosiy koordinatlarining avvalgi sistemasidan tamoman farq qiladigan geosiyosiy tahlil va yondashuvlarni talab qildi.
Ko‘rinib turganidek, an’anaviy geosiyosiy o‘lchamlar, qoliplar va stereotiplar hozirgi dunyoning rivojlanish tendensiyalariga endi javob berolmay qoldi, ayni chog‘da sayyoraning madaniy geosiyosiy makoni va tobora kengayayotgan “yovvoyi dunyo” o‘rtasidagi ziddiyatli jarayonlar tobora kuchaydi. Garchi XX asrda geosiyosatga kiritilgan davlatlarning ierarxiyali tasnifi: “asosiy dunyo” (G‘arb mamlakatlari), “ikkinchi dunyo” (sobiq sotsialistik mamlakatlar), “uchinchi dunyo”
(rivojlanayotgan sobiq mustamlaka mamlakatlari) va, nihoyat, “to‘rtinchi dunyo” (nohukumat va davlatlararo tashkilotlardan iborat yangi aktorlar) jahon geosiyosiy tuzilmasining hozirgi vaziyati haqida muayyan tasavvur bersa-da, uning mohiyatini to‘la yoritib bera olmaydi.
Hozirgi sayyoraviy geosiyosatda geosiyosiy tuzilmani an’anaviy geosiyosatda taklif qilinganidek, milliy davlatlar (bugungi kunda ularning soni 204taga etdi) o‘rtasidagi munosabatlar tarzida emas, balki xalqlar (hozirgi vaqtda ularning soni
2000dan ko‘proq) o‘rtasidagi munosabatlar sistemasi sifatida tasavvur qilishga urinadigan yondashuvlar ham bor. Bunday yondashuv, shubhasiz, jahonning mavjud voqeligidan juda uzoq bo‘lib, ayrim manfaatdor markazlarining xomxayolidan boshqa
narsa emas.
Jahon makonini tavsiflash borasida an’anaviy va klassik geosiyosatda hozirgacha juda jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Agar fan-texnika taraqqiyotiga va insoniyatning ishlab chiqarish ehtiyojlariga nazar tashlansa, oldingi strategik va nostrategik
hududlarda jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rish mumkin.
Klassik geosiyosatning sal bo‘lmasa jahon geosiyosiy tuzilmasining qonuni va tendensiyasi darajasiga ko‘tarilayozgan Quruqlik va Dengiz, ular o‘rtasidagi doimiy kurash kategoriyasi, jahon tijorati va geostrategik xavfsizlik tushunchasi hozirgi
vaqtda mutlaqo boshqacha mohiyat kasb etdi. Biroq shunday muayyan maqsad va xususiyatlar borki, o‘sha zamonda ham, hozirgi bosqichda ham jahon sistemasi va uning geosiyosiy tuzilmasining hal qiluvchi va muhim vazifasi bo‘lgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qolaveradi.
Dostları ilə paylaş: |