Milliy manfaat. Manfaatga muayyan guruhlarga moddiy va ma‘naviy
tomondan foyda keltiruvchi omil sifatida qarash mumkin. Biroq geosiyosatda milliy
manfaat tushunchasi kengroq ma‘noda – xalqlar, davlatlar manfaatlaridan kelib
chiqib talqin etiladi. Bizningcha, milliy manfaatning geosiyosiy tus olishi avvalo o`sha davlatda olib borilayotgan ichki siyosatning tarkibiy qismini tashkil etuvchi asosiy vazifalar va maqsadlardan boshlanadi. Negaki, har bir davlat aniq bir tarixiy sharoit, taraqqiyot va barqarorlik manfaatlari, milliy - tarixiy xususiyati va qadriyatlaridan kelib chiqib, uzoq va yaqin kelajakda amalga oshirilishi zarur bo`lgan asosiy vazifalari va maqsadlarini belgilaydi. Masalan, bugungi kunda O`zbekistonning oldida turgan asosiy ustuvor masalalar – jamiyatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan erkinlashtirish; jamiyat ma‘naviyatini yuksaltirish;
xalq turmush darajasini oshirish; iqtisodiyotda tarkibiy o`zgarishlarga erishish; barqarorlik, tinchlik, totuvlik va davlatimiz hududining daxlsizligini ta‘minlash va b. hisoblanadi. Ushbu vazifa va maqsadlar davlatimiz milliy manfaatlari tizimida o`z aksini topgan. Har bir davlatning milliy manfaatlari evolyutsiyasi oxir oqibat jahon siyosati bilan bog`lanadi. Shuning uchun ham jahon siyosati asosida nafaqat manfaat
tushunchasi turadi, balki har bir milliy manfaatlar amaliyoti jahon siyosatini
harakatga keltiradi. Shu tariqa davlatlarning o`z manfaatlariga erishish yo`lidagi
harakatlari, unga intilishi jahonda muayyan kuchlar muvozanatini yuzaga keltiradi.
Ana shu bosqichda geosiyosatning manfaat kategoriyasi kuchlar muvozanati
kategoriyasi bilan amaliy jihatdan o`zaro tutashadi.
Aytish joizki, geosiyosatning mohiyatiga va fanning tuzilishiga ko`ra mavjud
bo`lgan kategoriyalari, ularni ham nazariy, ham amaliy jihatdan o`rganish muhim
ahamiyatga egadir.
Geosiyosat fan sifatida jamiyat hayotini, unda
kechayotgan turli mazmundagi geosiyosiy jarayonlarni tahlil etadi, tegishli taklif xulosalar beradi, bir so`z bilan aytganda ushbu jarayonlar bilan bevosita
bog`langandir. U real hayotdagi voqea - hodisalar va jarayonlarning o`zaro
aloqadorligini va ularning bir - biriga bog`liqligini ifodalovchi qonuniyatlarni o`ziga
qamrab olgan. Shuningdek, geosiyosat borliqdagi jarayonlarni o`zida aks ettiribgina
qolmay, ularga bog`liq tarzda jamiyatda muayyan funksiyalarni ham bajaradi. Odatda
geosiyosatning asosiy funksiyalari qator adabiyotlarda quyidagicha tahlil etiladi:
gnoseologik funksiya; prognoz qilish funksiyasi; boshqaruv funksiyasi; mafkuraviy funksiya; skeptitsizm funksiyasi.
To`g`ri, qayd qilingan funksiyalar boshqa ijtimoiy - siyosiy fanlarga ham xos
bo`lishi mumkin. Biroq mazkur funksiyalar geosiyosat fanida o`ziga xos izchillika,
mantiqiylikka, afzalliklarga ega.