Gnoseologik funksiyasi. Gnoseologiya – bilish nazariyasi, bilish haqidagi fan
demakdir. Bilish nazariyasi borliqni, uning aniq bir holatlari, manbalari va shakllarini
o`rganishga qaratilgandir. Aniqroq aytadigan bo`lsak, gnoseologik funksiya davlatlar va xalqlarning geosiyosiy joylashuvi, turmush tarzi hamda ular hayotining rivojlanish
tendensiyalarini o`rganish bilan bog`liq. Dunyoning mafkuraviy manzarasini, xalqaro
munosabatlarning rivojlanish tendensiyalarini, bu jarayonning asosiy ishtirokchilarini,
ularning tub manfaatlarini, shuningdek bu manfaatlarni amalga oshirishga asoslangan hatti-harakatlarni, insoniyat rivojining bugungi darajasi va istiqbollarini tahlil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Va olingan natijalar, xulosalar har bir davlatning istiqboldagi rejalarida o`z aksini topadi.
Albatta, gnoseologik funksiya amaliyotida geosiyosatning davlatlar va xalqlar turmushini o`rganishda qo`llaydigan bir qator uslublari – taqqoslash,
ekstrapolyatsiya (narsa va hodisaning bir qismini kuzatish asosida olingan xulosalarni uning boshqa qismiga yoyish yoki tatbiq etish), empirik (tajriba qilish) va shular singari uslublarining o`rni kattadir.
Prognoz qilish funksiyasi. Geosiyosatning prognoz qilish funksiyasi bevosita
gnoseologik funksiya asosida olingan natijalari asosida shakllanadi. Chunki
insoniyatning ertangi kuniga dahldor har bir muammo xususida bashorat qilish uchun
o`sha muammoni yuz berishi bilan bog`liq jihatlar obdon o`rganilmog`i lozim.
Ob‘yektda turgan masalaning qanchalik chuqur o`rganilganlik darajasi tadqiqotchi
uchun tegishli xulosalarni chiqarish hamda uning kelajakdagi kechmishi haqida ham
muayyan prognozlarni aytish imkonini beradi. Prognoz qilish funksiyasining
ahamiyati qachonki olib borilayotgan geosiyosiy tadqiqotlar quyidagi jihatlarni
o`zida namoyon etsagina bo`ladi, ya‘ni: muammoga nisbatan bildirilgan fikr - mulohazalarning qanchalik darajada ilmiy tomondan isbotlanganligi bilan;
bildirilgan sharhlarning xalqlar, davlat va mintaqalarning geosiyosiy
turmushiga qanchalik darajada o`zgarishlarni olib kelishi bilan;
bashoratlarning yaqin yoki uzoq muddatga mo`ljallanganligi bilan; bashoratning ob‘yektivligi va h.
Prognoz qilish – siyosiy jarayonlarning rivoji va ko`rinishlari, ular amalga
oshishining muqobil yo`llari va muddatlari haqida ilmiy asoslangan mulohazalarni ishlab chiqish jarayonlari, shuningdek, ularning o`sha voqeliklar sharoitida amalga oshishi uchun aniq tavsiyalarni berish demakdir.
Prognoz qilish funksiyasi bir qator tamoyillarga asoslanadi, ya‘ni batartiblik,
muvofiqlik, uzluksizlik, muqobillik va rentabellik. Tabiiyki, ushbu prinsiplar jamiyatning iqtisodiy - siyosiy, ijtimoiy - siyosiy, siyosiy - mafkuraviy va harbiy - siyosiy doiralarini o`rganishda qo`l kelishi mumkin. Bundan tashqari, amaliy jihatdan geosiyosatning prognoz qilish funksiyasi quyidagi bosqichlardan iborat:
mavjud ijtimoiy - siyosiy vaziyatni tahlil qilish; olingan ma‘lumotlarni o`rganish, tahlil etish; tayanch andazalarni ishlab chiqish; qidiruv modellarini tanlash;
qiyosiy taqqoslash; tahlilning aniqligi va ishonchliligini baholash; Borliqdagi geosiyosiy jarayonlar kelajagi va ularning qay ko`rinishda
rivojlanishini oldindan prognoz qilish qanchalik murakkab bo`lmasin, prognoz qilish
funksiyasi tadqiqotchilar nigohidan chetda qolayotgani yo`q. Balki unga qiziqishning
ortishi orqasida geosiyosiy tadqiqotlarni o`rganish va tahlil qilish mazmun va ma‘no
jihatidan takomillashib bormoqda.