Dorivor issop – Hyssopus officinalis L., bo`yi 50-80 sm gacha еtadigan chala buta. Vatani O`rta Yer dengizi (G`arbiy Yevropa, Qrim, Kavkaz, Eron) va O`rta Osiyo (Janubiy Qozog`iston, Qirg`iziston) mamlakatlari. Tabiiy holda tog`larning quruq yonbag`irlarida, mayda toshli qoyalarda, tog` oldi hamda tog`larning o`rta qismlarida daraxt va butalar orasida o`sadi. Poyasi tik o`suvchi, to`rt qirrali, sershox. Barglari lansetsimon, qisqa bandi bilan poyada qarama-qarshi joylashgan. Gullari siyoh rang yoki to`q havo rang, ikki labli, boshoqsimon to`pgulga yig`ilgan. Urug`i uzunchoq-tuxumsimon, rangi to`q-qo`ng`ir yoki qo`ng`ir qora, sirti silliq, uzunligi 2-2,5, eni 1-1,2 mm. 1000 dona urug`ining og`irligi – 1,1-1,3 g. Toshkent Botanika bog`iga 1948 yil Moskva farmatsevtika instituti Botanika bog`idan keltirilgan.
Dorivor rozmarin – Rosmarinus officinalis L., bo`yi 1,5-2 m gacha еtadigan doim yashil buta. Tabiiy holda O`rta Yer dengizi atrofidagi mamlakatlarda o`sadi. Aksariyat hollarda tarkibida ohak ko`p bo`lgan tuproqlarda, quruq qoyalarda, tog`larning janubiy yonbag`irlarida, quyosh yaxshi tushadigan joylarda uchraydi. Poyasi tik o`suvchi, shoxlangan, yosh novdalari to`rt qirrali. Ildiz tizimi yaxshi taraqqiy etib, tuproqqa 3-4 m gacha kirib boradi. Barglarining uzunligi 4, eni 0,3 sm, cho`zinchoq qalami shaklda, bandsiz yoki qisqa bandi bilan poyada qarama-qarshi joylashgan. Gullari ikki labli mayda, och binafsha rangda. Urug`i tuxumsimon, jigarrang, usti silliq, uzunligi 2-2,5 mm, eni 1-1,5 mm. 1000 dona urug`i 1,2-1,4 g keladi. O`rta Osiyoda birinchi marta 1930 yilda Toshkent va Regarda tajriba uchun ekilgan. Hozirda respublikamizning barcha hududlarida ekib еtishtirilmoqda. Shahar va qishloqlarda ko‘chalar hamda xiyobonlar atrofida, klumbalarda manzarali o‘simlik sifatida ham o‘stirilmoqda.
Dorivor limonO`t – Melissa officinalis L., bo`yi 0,5-1 m gacha еtadigan ko`p yillik o`tsimon o`simlik. O`rta Yer dengizi mamlakatlari va O`rta Osiyoda tabiiy holda tarqalgan bu tur namlik yuqori bo`lgan joylarda, daryo va ariqlar bo`ylarida o`sadi. Poyasi qarama-qarshi shoxlangan. Barglari tuxumsimon, qisqa bandi bilan poya va shoxlarda qarama-qarshi o`rnashgan. Gullari ikki labli oq rangda, bandli gullari barg qo`ltiqlarida joylashib to`pgul hosil qiladi. Urug`i qattiq, tuxumsimon, qora rangda, yaltiroq, silliq, uzunligi 1,5-1,8 mm, eni 0,6-1 mm keladi. 1000 dona urug`i 0,6-0,8 g. O`rta Osiyoda birinchi marta 1930 yilda Chimyon va Regarda tajriba uchun ekilgan. Tanlangan turlarning urug`lari mayda bo`lib, 4 ta kosachabargni birikib o`sishidan hosil bo`lgan yong`oqcha ichida joylashgan.
Dostları ilə paylaş: |