www.ziyouz.com kutubxonasi
35
turmushda ham o‘rgansa bo‘lishiga tobora ishonch hosil qilardi.
— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir g‘aroyib xususiyatga ega: uning bir
ushog‘i ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.
Bu gapni eshitgandan so‘ng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina
sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa bo‘ladi, deb o‘yladi u. Axir,
u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida
o‘qigan, o‘qiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar o‘z Yo‘llarini oxirigacha bosib
o‘tishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib
bo‘lmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun mo‘’jizalar yaratishgan, chunki — eng
muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni o‘z qo‘llariga olish imkoniga ega
bo‘lishgan.
Biroq Santyago Ulug‘ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk
ko‘chaga kirib qoldi: ular ko‘plab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi
gaplar bilan ham to‘lib-toshgan edi.
— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — so‘radi bo‘zbola bir
kuni oqshom o‘zining kitoblarini o‘qiy olmay zerikib o‘tirgan angliyalikdan.
— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bog‘liq jarayonlarning butun
mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib ko‘r, agar xohlagan
odam cho‘yanni oltinga aylantiraversa nima bo‘lishini. Tez orada oltinning qadri cho‘yan
bilan tenglashadi. Qat’iyatli va bilimdonlargagina Ulug‘ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning
uchun men hozir bu yerda, sahroning o‘rtasidaman. Men sirli yozuvni o‘qiy oladigan chin
alkimyogarni uchratishim kerak.
— Bu kitoblar qachon yozilgan?
— Ko‘p asrlar burun.
— Axir, o‘sha paytlar bosmaxonalar bo‘lmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir
alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar
bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega g‘alati?
Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan so‘ng: necha kundan beri
karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi.
Faqat qabilalar o‘rtasida janglar bo‘layotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.
Oradan bir necha kun o‘tib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.
— Xo‘sh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida so‘radi
angliyalik: tashvishli o‘y-xayollardan chalg‘ishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi
keldi.
— Tushunganim shu bo‘ldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga
uyg‘unlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tag‘in shuni tushundimki, ko‘pgina
alkimyogarlar o‘z Yo‘lini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf
etishgan, — dedi Bo‘zbola va biroz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi: — Eng muhimi, bular bari
shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sig‘arkan.
Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na o‘zining uzoq vaqt o‘qiganiyu na timsollar, na dono
kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi
Santyagoda hech qanday taassurot uyg‘otmagan edi.
“U juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi”, — o‘yladi angliyalik, keyin kitoblarini yig‘ib,
tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.
— Endi o‘zingning karvoning bilan shug‘ullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi
senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zig‘ircha zang yuqqani yo‘q.
Santyago tag‘in sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida