www.ziyouz.com kutubxonasi
32
bilishadi.”
Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan bo‘lsa
kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob o‘qishni
biladigan va g‘aroyib sarguzashtlar aytib beradigan cho‘ponga tegdimikan —
Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday bo‘lganiga negadir ishonchi komilligi
bo‘zbolaga kuchli ta’sir o‘tkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi
barchaning buguni va o‘tmishini bilar? “Ko‘ngil sezishi” — bu qobiliyatni uning onasi
shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari o‘zaro
bog‘langan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan cho‘mish. Zero, bizga
hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib
qo‘yilgan
— Maktub, — deb yubordi bo‘zbola, billur sotuvchini eslab.
Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh
oldidan chiqib qolsa, uni aylanib o‘tar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi.
Qumi juda yumshoq va mayda bo‘lgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa
yo‘l izlashga to‘g‘ri kelardi. Ba’zan sho‘rxok yerda oyoq bosish lozim bo‘lar — demak, bu
joyda bir zamonlar ko‘l bo‘lgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib
o‘kirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni
o‘z yelkalariga tashlab olar va yo‘lning bu g‘irrom qismidan o‘tib olishgach, yuklarni
tag‘in tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir og‘rib yoki o‘lib-netib
qolsa, birodarlari qur’a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.
Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yo‘l bosmasin, yo‘lini necha
martalab o‘zgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. To‘siqlarni yengib o‘tib, vohaning
qaerdaligini ko‘rsatib turgan yo‘lchi yulduzga qarab yo‘l olardi. Azon mahali osmonda
yarqiragan yulduzga qarab, odamlar o‘zlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor
va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolg‘iz angliyalik kitobdan
bosh ko‘tarmas, go‘yo hech nimani payqamayotganday edi.
Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob o‘qishga urinib ko‘rdi. Biroq keyin
tevarak-atrofga qarab, shamolning nag‘masiga quloq tutib ketish bu mashg‘ulotdan
ko‘ra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini o‘rgandi. Unga bog‘lanib qoldi, keyin
umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon
kitob ochib ko‘z yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.
U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno bo‘lib oldi. Kechqurunlar,
dam olish uchun qo‘nishib, gulxan tevaragida o‘tirishganda, Santyago o‘zining
qo‘ychivonlik hayotidan turli voqealarni so‘zlab berardi.
Bir safar tuyakash o‘zi haqida gap boshladi:
— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bog‘im, bolalarim bor edi
va umrimning oxirigacha bekami-ko‘st yashasam bo‘lardi. Bir yili, o‘shanda hosil juda
mo‘l bo‘ldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik—
nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi ko‘ngilni xotirjam qilib, qazoyimni
kutsam bo‘lardi. Yaratganga shukronalar aytardim.
Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirg‘oqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu
ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qo‘shnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan
tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib
qolayotganimizni ko‘rib turib dahshatga tushdim.
Shundan so‘ng yer hosil bermay qo‘ydi— tirikchilikning boshqa yo‘lini qidirishimga to‘g‘ri
keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. O‘shanda menga Ollohning: noayonlikdan
cho‘chimangiz, zotan, har kim o‘z xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj