www.ziyouz.com kutubxonasi
28
hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?” — o‘yladi bo‘zbola, biroq u qo‘lida
ushlab turgan toshlar g‘oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat’iyatini
berayotganday edi.
G‘aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga
kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o‘shanda unga duch
kelgan tovlamachining qorasi ko‘rinmasdi. Xo‘jayin choy keltirdi.
“Cho‘ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — o‘yladi Santyago. — Qo‘y boqishni, jun
qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda
ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Ko‘kragiga oltin sipar
taqqan qariya mening butun o‘tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga,
donishmand uchragan edi”.
Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yo‘l ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon
sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham bo‘lishini u tushundi: hozir yo‘l
olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni
yo‘qotgan esa-da.
“Nega qo‘ylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi
ko‘raman, ularning tashvish ham aytarli ko‘p emas. Biroq sahroga shunday mehr qo‘ysa
bo‘larmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro o‘z bag‘riga bekitgan-ku. Agar
uni topolmasam — uyga qaytaman. Bo‘lganicha bo‘ldi, hozir pulim ham, vaqtim ham
bor, nega bir urinib ko‘rmasligim kerak?”
Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Cho‘ponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan
paytda o‘zi ham billur savdosi bilan shug‘ullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham
ko‘p, biroq boshqa birov emas, aynan uning o‘zi bir tushni ikki marta ko‘rdi va unga
keksa podshoh duch keldi.
U yemakxonadan dumog‘i chog‘ bo‘lib chiqdi. Xo‘jayiniga billur yetkazib turadigan,
sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va
Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana o‘z xazinasini qidirib yo‘lga
tushishga qaror qildi.
“Men doimo o‘z Taqdiri yo‘lidan borayotganlar yonidaman”, — u Malkisidq so‘zlarini
esladi.
Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi,
deb so‘rasa bo‘lgani.
Angliyalik o‘tirgan joy ko‘proq og‘ilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi.
“Mana shunday yovuqda yashash uchun o‘n yil o‘qish lozim bo‘ldi”, — o‘yladi u, kimyoga
oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.
Biroq ortga chekingani imkon yo‘q. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani
bashar gapiradigan o‘sha yagona tilni topishga bag‘ishladi, shu uchun o‘qidi-izlandi.
Dastlab u xalqaro sun’iy til — esperanto bilan mashg‘ul bo‘ldi, keyin dunyodagi dinlar
bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli
diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar bo‘la olgani yo‘q. To‘g‘ri,
qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va o‘z
tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan ko‘mak
topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, g‘alati fe’l-atvorli
odamlar chiqdi, ularning bari faqat o‘zini o‘ylar, biror-bir ko‘mak yo maslahat olish
dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan
afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.
Angliyalik otasining merosidan bir qismini o‘zining samarasiz tajribalariga sovurib bo‘ldi.
U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izg‘idi, alkimyoga oid kamyob, o‘ta nodir kitoblarni