www.ziyouz.com kutubxonasi
29
xarid qildi. O‘sha kitoblardan bittasida u, ko‘p yillar burun Yevropada bo‘lgan bir
mashhur arab alkimyogari haqida o‘qidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani
va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta,
angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan
qaytib kelgan oshnasi o‘zi ko‘rgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib
bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap-
so‘zlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira
olarmish.
Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yig‘ishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va
shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yo‘lga tushdi — va mana, u shu
yerda, og‘ilga o‘xshagan badbo‘y omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yo‘l
solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yo‘li
ustida.
“Men bu la’nati alkimyogarni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishim kerak”, — o‘yladi angliyalik va
ayni damda tuyalarning sassig‘i ham unga juda badbo‘y tuyulmadi.
Shu orada bir navqiron arab, kiftida yo‘l to‘rvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.
— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi u.
— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob o‘qishga tutindi.
Uning vaqti ziq edi: o‘n yil o‘rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo‘lmaydi,
alkimyogar uning bilimini sinab ko‘rishni xohlab qoladimi.
Bo‘zbola bu orada o‘tirib, kiftiga osgan to‘rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning
ispan tilida ekanini payqadi.
“Harqalay, yomonmas”, — o‘yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq
gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yo‘l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo‘ladi.
“Qiziq, — o‘ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta
o‘qib chiqarkan. — Shu kitobni qo‘lga olganimga, mana, ikki yil bo‘ldi, hanuz birinchi
betidan nariga o‘tganim yo‘g‘-a.”
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo‘q xalal beradigan, biroq bo‘zbola baribir diqqatini
jamlay olmadi. Boz ustiga, o‘zi shu qarorga to‘g‘ri keldimmi, degan fikr uni chalg‘itardi.
Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish—
ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u
go‘yo tezkor oqimga sho‘ng‘iganday bo‘ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga
oqizib ketadi.
“Xazinani qidirib yo‘lga chiqqanimda billur sotuvchining do‘konida ishlayman, deb
o‘ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu
qarorimdir, biroq mening yo‘lim o‘z-o‘zicha sirliligicha qoladi”.
Uning yonida yevropalik o‘tiribdi va u ham kitob o‘qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz
odamday ko‘rindi: bo‘zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech
gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo‘ymaganida.
Bo‘zbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga o‘xshashga hecham xohishi yo‘q edi, keyin
cho‘ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o‘ynay boshladi.
— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.
Santyago shoshilib ularni yashirdi.
— Sotilmaydi, — dedi u.
— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar,
hech qanday xislati yo‘q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov
odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o‘lkalarda ham