www.ziyouz.com kutubxonasi
59
uning qo‘rquvini uqdi.
Ular bir tilda gaplashishdi.
Uchinchi kuni qabila boshlig‘i o‘zining harbiy sardorlarini yig‘di.
— Ko‘raylik-chi, bu bo‘zbola qanday qilib shamolga aylanarkan, — dedi u.
— Ko‘ramiz — javob qildi Alkimyogar.
Santyago ularni o‘zi kecha kun bo‘yi o‘tirgan joyga olib bordi. Keyin o‘tirishlarini so‘radi.
— Biroz kutishga to‘g‘ri keladi, — dedi u.
— Shoshayotgan joyimiz yo‘q, — dedi qabila boshlig‘i. — Bizlar sahro odamlarimiz.
Santyago ufqqa qaradi. Oldda tog‘lar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh ko‘karishi
aqlga sig‘maydigan qumloqda ajabtovur yer bag‘irlab o‘t-o‘lanlar o‘sib yotibdi. Uning
ro‘parasida sahro yastanib yotibdi — bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru
sinoatining arzimasgina qismidan xabardor bo‘ldi. Yo‘lida angliyalikni, karvonlarni
uchratdi, qabilalar o‘rtasidagi janglarga guvoh bo‘ldi, ellik ming tub xurmo ko‘karib
turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani ko‘rdi.
— Xo‘sh, — so‘radi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga
termilib to‘ymaganmidik?
— O‘sha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, —
javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham ko‘raman. Uning yoniga
qaytgim keladi, buning uchun sening ko‘maging kerak. Men shamolga aylanishim
darkor.
— “Sevgi” deganlari nima o‘zi? — so‘radi sahro.
— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirg‘iy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil
o‘tloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, tog‘laringni biladi. Sening
esa unga bag‘ring doimo ochiq.
— Qirg‘iyning tumshug‘i menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar bo‘yi
yetishtirganim unga o‘lja bo‘ladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sug‘oraman,
qornini qaerda to‘ydirishini ko‘rsataman. Keyin esa osmondan sho‘ng‘ib keladi — endi
men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib
ketadi.
— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirg‘iyni boqish uchun. Qirg‘iy esa odamni
boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni to‘yintiradi va shunda yana hayot
jonlanadi, qirg‘iyga o‘lja paydo bo‘ladi. Olam shunday yaralgan.
— Sevgi deganlari shumi?
— Sevgi deganlari shu. Sevgi o‘ljani qirg‘iyga aylantiradi, qirg‘iyni — odamga, odamni
esa sahroga. Qo‘rg‘oshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.
— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.
— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir.
Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.
Sahro bir muddat jim qoldi.
— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu
kam. Yolg‘iz o‘zim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam so‘ra.
Yengilgina shamol qo‘zg‘aldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib bo‘zbolaning o‘zlariga
tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.
Alkimyogar kulimsiradi.
Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan
gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib
yelib-yugurishadi, ularning tug‘ilgan makoni ham, o‘lim topgan joyi ham yo‘q.
— Menga yordam ber, — dedi unga bo‘zbola. — Bir safar menga sen sevgilimning