www.ziyouz.com kutubxonasi
102
— Toshkanddan chiqg‘aningizga necha kun bo‘ldi?
— Olti kun.
Sodiqning javobi uning ustidagi yukni tag‘in ham og‘irlashtirg‘andek sezilib ul boshini
quyiga engashtirdi va chuvoq soqolini tuzatib fikrda qoldi. Homiddagi keyingi
o‘zgarishdan xabarsiz taxmondag‘i uvadalarni tuzatish bilan ovora bo‘lib yurgan puchuq
xotin Homidning yonig‘a o‘lturib, xunuk bir iljayish orasida so‘radi:
— Qalay, Homidboy, ishlar o‘ngdanmi? Poshshanisaga endi sovchiliqqa
boraveramizmi?
Homid umidsizcha boshini chayqadi va salmoqqina qilib javob berdi:
— Ishimiz hali u darajaga yetkan emas, biz hozir faqat sovchining yo‘lidag‘i birinchi
g‘ovnig‘ina buzdiq.
Homid puchuq xotin orqaliq Kumushning xatini oldirish bilan o‘zining birinchi martaba
yuborg‘an xiyo-natnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini sezib,
Otabek ko‘kragiga ham qo‘l solib ko‘rmak va uning Kumushbibiga bo‘lg‘an munosabatini
bilib, ham shunga qarab ish yuritmak uchun Kumushning maktubini Sodiq orqaliq
Toshkandga yuborg‘an, Sodiq esa o‘qug‘uchig‘a ma’lum maktubni Otabekka topshirib,
Otabekning Kumushka yozg‘an maktubini ham olib kelgan ediki, yuqorida bu xat Homid
tomonidan o‘qulib o‘tdi.
Otabekning bu maktubi ortig‘i bilan o‘zining Kumushka bo‘lg‘an munosabatining
hamon eski holida boqiylig‘ini e’lon qilar va o‘zining osonliq bilan raqibka berilmasligini
so‘zlar edi. Bu yo‘lda birinchi qadamini muvaffaqiyat bilan bosqan Homid keyingilarini
birin-chidek ketishi uchun qayg‘ulanar edi. Bu kun-erta Otabek kelar-da, Kumush bilan
topishar. Xiyonat-nomaning o‘ziniki bo‘lmag‘anlig‘ini isbot etib, Homidning o‘ylag‘an
ishini yana keyinga siltar yoki butunlayga Homidning umidini uzar — mana bu ochiq,
ko‘rinib turgan ehtimol emas, haqiqat oldida ul hayron va bunga qarshi tadbir o‘ylash
bilan garang edi. Ul bu to‘g‘rida uzoq o‘ylab turmadi, bir narsaga qaror qo‘yg‘an kabi
fikrdan ko‘zini ochdi va puchuq xoting‘a dedi:
— Jannat opa, bir chilim beringiz-chi, — Jannat opa chilim solish uchun qo‘zg‘alg‘ach,
Sodiqqa dedi: — Inim Sodiqboy, ishimiz juda xom hali.
Sodiqning qizil ukki ko‘zlari o‘ynab javob berdi:
— G‘am yemang, aka, xom bo‘lsa o‘bdan pishitarmiz, o‘lmasak.
Sodiqning bu javobi Homidning ishonchini moyla-g‘andek bo‘ldi, to‘ppisini boshidan
olib namatka tashlag‘ach, minnatdorlik ohangi bilan:
— San bilan Jannat opam tirik bo‘lsalaringiz pishitarmiz, albatta! — dedi va Jannat
opa qo‘lidag‘i chilimni olib takir-tukir qilib pishitdi va shi-g‘-g‘-g‘ etdirib sar-xonani
sindirib yuborar darajada ichiga tortg‘ach, og‘zidan chiqg‘an pag‘a-pag‘a tutunlar orasida
chilimni Sodiqqa uzatib, Jannat opag‘a dedi: — Opa, siz tag‘in bir martaba qutidorning
uyiga xat olib boraturg‘an bo‘ldingiz...
— Qix, jonim bilan aylanay. Sodiq olib kelgan xatnimi?
Homid kuldi.
— Yo‘q, opa, agar bu xatni olib borsangiz, shunchalik qilg‘an ishlarimiz birpul degan
gap bo‘ladir. Ilgarigi gal yozdirib berganimdek o‘z rejamizga muvofiqlab Otabek tilidan
yana birini o‘martirib beraman.
— Xi-xi-xi, aylanay, qix... Man bu ishlarni qayoqdan bilay, Homidjon.
— Albatta bilmaysiz. Lekin mundan so‘ng yaxshi bilmog‘ingiz kerak, ozg‘ina yanglishib
ketsangiz ham hamma qilg‘anlarimiz shamolg‘a uchadir, undan so‘ng...— to‘satdan bu
o‘rinda Homidning esiga o‘zi-ning bir xatosi kelib tushdi: birinchi gal Otabek tilidan
yozg‘an soxta xatini uning qo‘l yozuvini mulohaza qilmasdan yuborg‘an va bu kungacha
bu sirni qutidor, Kumushbibilar tomonidan sezilib qolishidan qo‘rqib kelmakda edi. Endi