O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta ta’lim vazirligi


Flogiston nazariyasi davrchasi



Yüklə 9,89 Mb.
səhifə35/156
tarix02.10.2023
ölçüsü9,89 Mb.
#151580
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   156
portal.guldu.uz-Kimyo tarixi o`quv majmua

Flogiston nazariyasi davrchasi

Yevropa davlatlarida XVII asr fani va uning rasionalizmi eksperimental natijalarga asoslangan yirik kashfiyotlarga olib keldi. Har xil ilmiy jamiyatlar va fanlar akademiyalarining tashkil topishi kimyo fanining taraqqiyotiga muhim omil boʻldi. XVII asr boshlarida tezda faoliyatini toʻxtatgan boʻlsa ham Rimda ziyraklar akademiyasi (Accademia dei lincei), 1652-yilda Germaniya tabiatshunoslarining Leopoldina akademiyasi tashkil topdi va hozirgacha faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 1657-yilda Florensiyada tajriba akademiyasi (Accademia del Cimanta) tuzildi, 1662-yili Londonda qirollik jamiyati (Royl Society), yaʻni ingliz FA, 1666-yili Parij FA shakllandi.


XVII asr falsafasining qayta shakllanishi tabiatshunoslarga ham ijobiy taʻsir etdi. Ingliz faylasufi Frensis Bekon Verulamskiy (1561-1626-yy.) ning oʻrgatishicha, ilmiy tadqiqotning asosiy yoʻli va rivoji avvaldan puxta rejalashtirilgan asosiy eksperimental ishlarni yoʻlga qoʻyishdir.
Analitik geometriyaning asoschisi, faylasuf Rene Dekart (1596-1650-yy.) barcha jismlar har xil shakl va oʻlchamlardagi mayda zarrachalardan tarkib topgan, ularning orasida “juda siyrak materiya” mavjud deydi. Shu bilan birga, Dekartning fikricha, korpuskulalar (corpuskula - mayda zarracha) ham yaxlit materiyadan iborat iborat boʻlib, ular boʻlinishi mumkin. Korpuskulalar tuzilishini oʻrganishda P.Gassendi (1592-1655-yy.) Epikur atomistikasi bilan diniy tushunchalarni uygʻunlashtirib qoʻshib yuboradi, ammo atomlar va ular orasida boʻshliqlar mavjudligini tan oladi. Birikmalar hosil qiluvchi atomlar guruhini u molekula (molek - massa, yigʻindi degani) deb ataydi. Yevropada tabiatshunoslikning korpuskulyar nazariyasi vujudga keldi, ammo bu davrda kimyoning sezilarli rivojlanishi kuzatilmadi. Hamon fizik va matematik fanlar usullariga nisbatan kimyoviy taraqqiyot sekin davom etardi, chunki hali bu fanlarning yutuqlarini kimyoga tadbiq qilish olimlar orasida qabul qilinmagan va insoniyat bunga tayyor emasdi.30
XVII asrda manufakturalar rivoji, yangi sanoat korxonalari, ayniqsa metallurgiya uchun koʻp yoqilgʻi kerak edi. Yevropada barcha oʻrmonlar kesildi va yoqib tugatildi, endi yangi yoqilgʻi manbalarini qidirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalasi koʻndalang boʻldi. 1698-yilda birinchi bugʻ mashinasi ingliz injeneri Tomas Severi (1650-1715-yy.) tomonidan yasaldi. Bugʻ mashinalarida olovning bunday gʻayrioddiy qoʻllanilishi kimyogarlarda juda katta qiziqish uygʻotdi. Nega bir xil jismlar yonadi, ayrimlari yonmaydi? Boshqa tomondan metallurglar metallarni maʻdanlardan qaytarish usuli bilan ajratib olish jarayonlarini izohlab berishni kimyogarlardan talab qilishardi. Shu paytda olim­lar metallar yoqilganda oʻladi, ohak (lotincha - calx) yoki tuproqqa aylanadi deb hisoblashardi. Shuning uchun ham metallarning kuydirilishi kalsinatsiyalash deyilardi.
XVII asrda yonish jarayonining mexanizmi juda dolzarb boʻldi va olimlar diqqatini jalb etdi. Kimyogar Jan Rey (1583-1645-yy.) metallar­ning kalsinatsiyalanishida ogʻirlashuv sababi havoning quyuqlashib, pechdagi issiqlik taʻsirida kichkina zarrachalar yopishadi deb tushuntiradi, ammo uning bu ilgʻor fikri faqat 150 yildan keyingina munosib baholandi. Bu borada bir qator olimlar oʻz fikrlarini ham izohlashdi. Ularning ilgʻor fikrlari, metallarning yonilgʻi va kalsinatsilanishi haqidagi ilmiy yangiliklari, elementlar haqidagi R. Boyl ishlari XVIII asr boshida olimlar tomonidan tan olinmadi va oʻz rivojini topmadi.31
Ana shunday tushunmovchilik davrida flogiston nazariyasi vujudga keldi. Metallarning kalsinatsilanishi uzoq vaqt kuzatilgach, pirovard natijada qoʻrga oʻxshagan birikma hosil boʻlishiga eʻtibor berdilar. Bundan tashqari metallar kuydirilganda ayrim gazsimon moddalar ajralib chiqadi, bu uchuvchan moddalar tabiati tushunarli emasdi. Uglerod yonganda “oʻrmon ga­zi” hosil boʻlishini Van Gelmont ilgari aytgani bilan unga ham eʻtiborsizlik bilan qarashdi. Flogiston nazariyasining asoschilari sifatida kimyogar-vrachlar Iogann Ioaxim Bexer (1635-1682-yy.) va uning izdoshi boʻlgan G.Shtal (1659-1734-yy.) hisoblanadi. Universitetini tugatib professor ilmiy darajasigacha yetgan boʻlsa ham, Bexerning ilmiy -dunyoqarashi juda qoloq va gʻaliz edi. 1667- yilda yozgan “Yer osti fizikasi” asarida murakkab jismlarning dastlabki tarkibiy qismlari haqida gapirib, barcha anorganik oʻsimlik va tirik organizmlar tuproq va suvdan iborat deb hisoblaydi. Bexer tuproqni uch xil deb qabul qiladi: “birinchi tuproq” - suyuqlanadigan toshsimon modda, “ikkinchi tuproq”- yogʻsimon yonadigan, “uchinchisi”- uchuvchan deb hisoblaydi. Jismlarning yonuvchanligini ulardagi yogʻsimon ikkinchi tu­proq yoki oltingugurt borligi bilan tushuntiradi. Metallar ogʻirligining ortishi sababini “olovsimon materiya” metall bilan birikadi, deb oʻrgatadi. Ana shunday gʻaliz tushuncha va chalkashliklardan iborat boʻlgan Bexerning fikrlari G.Shtal tomonidan flogiston nazariyasini yaratishda asos qilib olindi.32
Georg Ernest Shtal Galledagi Vittenberg universitetining tibbiyot professori boʻlgan va kimyodan dars berardi. 1717-yilda Berlinga koʻchib oʻtgan olim Prussiya FA aʻzoligiga saylanadi. 1723-yili Berlinda oʻzining asosiy ilmiy asari – “Dogmatik va eksperimental kimyo” asarini yozib tugatadi. Alkimyogarlarning dastlabki tarkibini moddalarning elementar unsurlardan tarkib topuvchi qismlari deb qabul qiladi. Barcha yonuvchi modda­larning “yonish prinsipi”ni tushuntirish uchun fanga flogiston (yunoncha - yonuvchi, olov degani) iborasini kiritadi. Bexerdan farq qilib, “yonish prinsipi”ni “yogʻsimon tuproq” emas, balki nozik gazsimon materiya, vaznsiz tutqich bermas - flogiston belgilashini uqtiradi. Shunday boʻlsa ham, Shtal oʻzining flogistoni Aristotelning olovi emasligini taʻkidlayli. Yonish jarayonida yonuvchi moddadan ajralgan flogiston quyunga oʻxshagan modda hosil qiladi va havo bilan qoʻshilib ketadi deydi. Uni havodan ajratib olish mumkin emas. Havo tarkibidagi flogiston oʻsimliklar tomonidan ajratib olinadi, uni isteʻmol qilgan boshqa tirik organizmlar flogistonni qabul qiladi. Flogiston faqat boshqa moddalar bilan bogʻlangan boʻlgani uchun uning oʻzini oʻrganish mumkin emas. Shtal moddalarning ran­gi, hidi va boshqa xossalari flogiston bilan belgilanadi deydi.
Metallarning oksidlanish-qaytarilish xossalarini tushuntirish Shtal uchun kislorod nazariyasining oyogʻini osmonga qoʻyish bilan barobar boʻlib chiqdi. Flogiston nazariyasiga koʻra kalsinatsiyalash:
Metall - flogiston = metall ohagi (oksidi)
Kislorod nazariyasiga koʻra:
Metall + kislorod = metall oksidi
Shunday qilib bu nazariyaga koʻra flogistonni manfiy kislorod deb hisoblash mumkin. Koʻrinib turibdiki, flogiston nazariyasi ayrim xato va kamchiliklardan iborat fikrlarga asoslangan, Shtalning oʻzi ham flogi­stonni konkret real jism emas, abstrakt, mavhum tushuncha sifatida qabul qilgan.
Barcha mavjud kamchiliklariga qaramasdan flogiston nazariyasi kimyo rivojida avval ijobiy xizmat koʻrsatgan boʻlsa ham, keyinchalik koʻp toʻsqinliklar qildi. Ayrim tarixchilar XVIII asr oxiridagi kimyo fanining rivojlanishini shu nazariya yutugʻi deb sanashadi, aslida esa bu rivojlanishning bosh omillarini boshqa manbalardan qidirish kerak. Sanoat miqyosida ishlab chiqarishning keng koʻlamli oʻsishi, Angliyadagi texnokrat revolyutsion taraqqiyot, Fransiyadagi ijtimoiy jarayonlar koʻpgina kimyoviy texnologiyalarning toʻxtovsiz yechimini hal etdi. Xom ashyo, yangi maʻdanlar, energiya manbalarini qidirish kabi hayotiy ehtiyojlar yangi kimyoviy tahlil usullarini talab qilardi. XVIII asr oʻrtalaridan boshlab uzoq davom etgan kimyoviy tahlil davri XVIII asr kimyodagi revolyustion taraqqiyotning bosh omili boʻldi.
Bu davrda flogiston nazariyasini bir qator olimlar qabul qilishmadi. Galle universiteti professori F.Gofman (1660-1742-yy.) kasbdoshi Shtalga metall ohaklarining ayrimlarida “nordon tuz” borligi uchun eʻtiroz bildirdi. Golland olimi G.Burgavening (1668-1738-yy.) asosiy xizmati shundaki, 1732-yili 2 tomlik “Kimyo elementlari” asarini yozadi. Bu kitobdan Moskva universiteti talabalarining bir necha avlodi foydalangan. Muallif asarida olov, havo, suv va tuproq haqida batafsil toʻxtaladi, ammo alkimyogarlarning notogʻri fikrlarini tahlil qiladi, flogiston nazariyasi haqida hatto eslatib ham oʻtmaydi.
XVII asr boshlaridan kimyoviy moyillik haqida yangi tasavvurlar vujudga keldi. Chunonchi, bu haqida fransuz kimyogari E.F.Joffrua (1672-1731-yy.) tuzgan “Moyillik jadvali” asari oʻzining tuzlar tarkibiga kuchli ki­slota va asoslar taʻsir etib, kuchsiz kislota va asoslarning siqib chiqarishini kuzatgan eksperimental ishlari asosida yozilgan edi.



Yüklə 9,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   31   32   33   34   35   36   37   38   ...   156




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin