23-modda. Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobot. Asosiy xo‘jalik jamiyati
bo‘lgan va sho‘ba xo‘jalik jamiyatlariga, o‘z nazorati ostidagi tashkilotlarga ega
buxgalteriya hisobi sub’yekti konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzadi.
Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish tartibi, shuningdek asosiy
xo‘jalik jamiyatining nazorati ostidagi tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
buxgalteriya hisobi standartlari bilan belgilanadi.
Ushbu modda talablari vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va byudjet
tashkilotlarining jamlanma moliyaviy hisobotiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
24-modda. Moliyaviy hisobotning hisobot davri.1 yanvar — 31 dekabr
kalendar yili yillik moliyaviy hisobotning hisobot davridir.
1 yanvardan boshlab davriy moliyaviy hisobot tuzilayotgan davrning hisobot
sanasini ham qamrab olgan davr kalendar yil mobaynida tuziladigan davriy
moliyaviy hisobot uchun hisobot davridir.
Yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxs huquqi qo‘lga
kiritilgan sanadan boshlab o‘sha yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davr, yuridik
shaxs bo‘lmaganlar uchun esa, ular davlat organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanadan
boshlab o‘sha yilning 31 dekabriga qadar bo‘lgan davr birinchi hisobot yili deb
hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs (byudjet tashkilotlaridan tashqari) 1 oktyabrdan keyin
ro‘yxatga olingan bo‘lsa, birinchi hisobot yili keyingi yilning 31 dekabrida tugaydi.
Ro‘yxatdan o‘tilguniga yoki yuridik shaxs huquqi olinguniga qadar amalga
oshirilgan xo‘jalik operasiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar birinchi hisobot yilining
moliyaviy hisobotiga kiritiladi.
25-modda. Moliyaviy hisobotni taqdim etish. Moliyaviy
hisobot
quyidagilarga taqdim etiladi:
davlat soliq xizmati organlariga;
ta’sis hujjatlariga muvofiq mulkdorlarga;
davlat statistika organlariga;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlarga.
Moliyaviy hisobot elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin.
Moliyaviy hisobot yilning har choragida taqdim etiladi. Kichik korxonalar va
mikrofirmalar buxgalteriya balansidan hamda moliyaviy natijalar to‘g‘risidagi
hisobotdan iborat faqat yillik moliyaviy hisobotni taqdim etadi.
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya
vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan buxgalteriya
hisobining ayrim sub’yektlari uchun moliyaviy hisobotni taqdim etishning boshqa
muddatlari belgilanishi mumkin.