1.3.O’quvchilarda milliy qadriyatlarni takomillashtirishning mavjud holati Milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri hisoblanmoqda. Bunga bir misol sifatida hozirgi ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi va undan noto‘g‘ri foydalanish natijasida, yoshlar ongida o‘z millatiga yod bo‘lgan dunyoqarashni shakllantirmoqda. Shu jihatlarni inobatga olgan holda barcha sohalarda rivojlanayotgan davlatimiz, o‘z oldiga ta’lim-tarbiya tizimida milliy qadriyatlarni singdirilishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Haqiqatdan ham o‘zbek xalqiga xos, tarixan qaror topgan umuminsoniy va milliy qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar, axloqiy sifat va fazilatlarni umuman olganda dunyoqarashni yosh avlodda shakllantirish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifalaridan biridir.
Boshlangich sinf o’quvchilarida milliy qadriyatlarni takomillashtirishning muhimliligi shu bilan izohlanadiki, unda tabiiy qadriyat (inson yashashi uchun zarur bo‘ladigan tabiiy shart-sharoitlarning mavjudligi); iqtisodiy qadriyat (milliy boyligimiz, sanoat va ishlab chiqarish, isrof, tejamkorlik); ijtimoiy qadriyat (yerkinlik, tinchlik, tenglik, adolat, burch, sadoqat); siyosiy qadriyatlar (baynalminallik, hamkorlik); ilmiy qadriyatlar (ilm, ilm olish, o‘zlashtirish); falsafiy qadriyatlar (ong, anglash, g‘oya, tafakkur); badiiy qadriyatlar (adabiyot, san’at, madaniyat); diniy qadriyat (halollik, soflik, iymon, e’tiqod, vijdon,) va boshqa qadriyatlarimiz mujassamlashgan.
Insoniyat tarixining ilk davrlaridayoq odamlar narsalarning muayyan qimmatga ega ekanligini, insonning u yoki bu ehtiyojlarini qondira olishini, biron sohada foydali bo‘lishi mumkinligini kashf etganlar. Shu asosida narsalarga qadriyatli munosabat shakllangan. Dastlabki paytlarda bu xususiyat buyumlarning amaliy foydasi bilan bog‘lanar edi. Keyinchalik qadriyat maqomi boshqa ijtimoiy institutlar va ma’naviy hodisalarda yuzaga chiqa boshladi.
G‘arb falsafasida qadriyatlar muammosi qadimgi Gretsiyada ilmiy yuzaga keldi. Bu muammoni birinchilardan bo‘lib “Suqrot dunyoqarashning asosiy masalasini “Ne’mat nima?” degan savol bilan ifodalagan bo‘lsa, Demokrit “Baxt-saodat, ezgulik, adolat, go‘zallik mezonlari tabiatning o‘zida, hamma narsaning o‘z tabiiy oqimida ketishidadir”30. Nimaiki tabiatga mos bo‘lsa yaxshi, nimaiki unga zid bo‘lsa-yomon. Bizning huzur-halovatimiz va azoblarimiz, qoniqishimiz va noroziligimizning asosi ana shunda” deydi. Aflotun esa qadriyatlarni g‘oyada, ijobiy fazilatlarda, go‘zallik, haqiqat va uyg‘unlik sifatida ta’kidlaydi.
Qadimgi Xitoy falsafasida ham qadriyatli g‘oyalar Konfutsiylik ta’limotida “insonparvarlik”, “hamdardlik” singari tamoyillarda mavjud bo‘lgan. Konfutsiylikning asosiy tamoyili shunday: “O‘zingga ravo ko‘rmaganingni o‘zgalarga ravo ko‘rma”. Shuningdek, axloqning asosida - fuqaroning podshohga, xotinning erga, o‘g‘ilning otasiga, kichikning kattaga hurmati va bo‘ysunishi” ta’kidlangan.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” da ko‘plab qadrlash, asrab avaylash kabi jihatlar qatiy qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan. “Aynan yer, olov, suv va havo, butun borliq va axloqiy uchlik qadrlangan va bunga amal qilishgan”31.
Q.Nazarov “Qadriyat - voqelikdagi muayyan hodisalarning, umuminsoniy, ijtimoiy-axloqiy, madaniy-ma’naviy ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llaniladigan falsafiy-sotsiologik va aksiologik tushuncha”32. Qadriyat insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsa va hodisalar: sog‘lik, tinch-totuvlik, erkinlik, ezgulik, teng huquqlilik, adolat va haqiqat, ma’rifat, madaniyat, ilm, moddiy va ma’naviy boyliklar, tarixiy obida va yodgorliklar, go‘zallik, axloqiy fazilatlar, urf-odatlar, an’ana, marosim, udum va boshqalar hisoblanadi.
Q.Nazarov dunyoqarashga quyidagicha ta’rif beradi “Dunyoqarash- qadriyatlarni anglash jarayonida vujudga keladigan, qadrlash tuyg‘usi, aksiologik tushuncha, xulosalarni ifodalaydigan va aks ettiradigan ijtimoiy ong shaklidir. Unda qadriyatlar, ularning mohiyati, mazmuni, namoyon bo‘lish shakllari, ahamiyati va xususiyatlari o‘z aksini topadi”33.
M.Quronovning ilmiy tadqiqot ishlarida milliy qadriyatni shakllantirishda avvalo anglab yetish, ya’ni ong haqidagi muhim tushunchalarni berib o‘tadi. Ushbu tadqiqotda “Ong haqida tushuncha. Psixika va ongning rivojlanishi” mavzusi asosida bo‘lajak o‘qituvchilarga ong haqida tushuncha va uni shakllantirishning mohiyati, mafkuraviy ongni tarbiyalash uslublarini psixologik asoslar bilan qurollantiriladi. Demak, ushbu psixologik mavzuni o‘zlashtirmay turib, milliy g‘ururni, o‘zlikni, milliy ongni tarbiyalashga kirishish mumkin emas. Ilm fan taraqqiy etgan hozirgi davrda tarbiyaviy jarayonnni tashkil qilishda o‘quvchining nafaqat aqli, tafakkuri, balki hissiy dunyosiga ham katta o‘rin ajratilishi kerak”34.
Ijtimoiy fanlarda, siyosiy ong, ekologik ong, estetik ong kabi iboralarga ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan ilmiy tushunchalar sifatida qaraladi. Ammo, dunyoqarashiborasi ko‘pchilikka notanish, uning mazmuni to‘g‘risida fikr mulohazalar nihoyatda kam. Aksilogik ong ijtimoiy ongning maxsus shakli bo‘lib, olam, voqelik va hayotni qadrlash tuyg‘usi asosida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Unga asoslangan munosabat, yondashuv, amaliyot va faoliyatlar ham boshqalardan farq qiladi. Masalan, huquq kishilarning huquqiy munosabatlari va bu boradagi faoliyatini aks ettiradi. Huquqiy talablar va normalar esa qonun yoki qoidalarga aylangan, muayyan hujjatlarda aks ettirilgan bo‘ladi. Ularga rioya qilish ko‘p hollarda majburiy bo‘lib hisoblanadi, bu borada bir qator idora va tashkilotlar ish olib boradilar. Axloq, estetika va dunyoqarash esa huquqdan farq qiladi. Ular bilan bog‘liq qoida va talablarni hayotga joriy etadigan maxsus tashkilot va idoralar yo‘q hisobi. Ushbu qoida va talablar esa ko‘p hollarda jamoatchilik fikri, faoliyat va yashashning ma’naviy mezonlari sifatida namoyon bo‘ladi. Ularning foyda yoki ziyonini aniqlashning aniq o‘lchami yo‘q. Bu, ayniqsa, qadrlash tuyg‘usi, qadrni anglash hissi va dunyoqarashning boshqa jihatlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Umuman olganda, qadriyat tushunchasiga tarif beradigan bo‘lsak, qadriyat - voqelikdagi muayyan hodisalarning qimmatini belgilash uchun xizmat qiluvchi falsafiy kategoriya bo‘lib, u mazkur hodisaning subyekt tomonidan aks ettirilishi natijasida paydo bo‘ladi.
Yuqoridagi xususiyatlar psixologik-pedagogik sohalarda olib borilgan tadqiqotlarning ijobiy natijalariga tayanib amalga oshirsakgina, o‘sib kelayotgan yosh avlodda dunyoqarashni yanada shakllantirishga keng imkoniyat yaratadi. Xususan bu borada ko‘plab psixologik va pedagogik jihatdan tadqiqotlar amalga oshirilgan bo‘lib, ularning maqsadi, mazmun va mohiyati bilan tanishib chiqamiz.
Rus psixologi B.G.Ananev o‘tgan asrning 60-yillarida tolerantlik atamasidan birinchi bo‘lib foydalangan bo‘lsa, bu fenomenning ijtimoiy psixologiyasini ilk marotaba rus olimasi G.L.Bardiyer (2007) keng tadqiq etdi. Ular aniq sharoitlarda, ya’ni ijtimoiy voqeliklar va jarayonlarda tolerantlikni shaxs faoliyatida tutgan o‘rni hamda uning qay tarzda namoyon bo‘lishi, shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlashda o‘z fikrlarini bayon etganlar. Tolerantlik tushunchasiga ta’rif berilganda lotincha “tolerantia” chidam, chidamlilik, toqat qilish, kengfe’llik ma’nosini anglatib, falsafada bag‘rikenglik, halimlik va xayrixohlik tushunchalarini ifodalaydi.
Amerikalik olimlar D.Makkeland (D.McCelland) va J.Atkinson (J.W. Atkinson)lar tomonidan ishlab chiqilgan motivatsiya nazariyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ular motivatsiyani o‘lchashda aniq baho berishga harakat qilishib, uchta omilga bo‘lishadi: muvaffaqiyatga intilish; tan olinishga intilish; hokimiyatga intilish.
Muvaffaqiyatga erishish omilida kishilar hayotiy ne’matlardan bahramand bo‘lishni nazarda tutishadi. Muvaffaqiyatga erishish jarayonida shaxs o‘z oldida turgan qiyin muammolarni yechishni yoqtiradi va unga intiladi. Hokimiyatga intilish omilida esa muayyan shaxs boshqaruvga o‘z hukmini o‘tkazishga intiladi va bundan mag‘rurlanadi. Ushbu uchta omilni fenomenologik qadriyat sifatida ham anglash mumkin.
V.Karimovaning ta’kidlashicha, “Faoliyat – ehtiyoj – motivatsiya” tushunchalari o‘zaro bog‘liqdir. Har qanday faoliyat ortida insonning aniq ehtiyoji yotib, bu shaxsni o‘rab turgan muhitga bog‘liq bo‘ladi. Shu ehtiyoj ta’sirida paydo bo‘ladigan faollikning turtkisi – motivdir. Muallifning fikricha, “motivatsiyalashgan tizim birligi – bu motivdir”35. Tuzilish jihatidan motivlar ikki xil farqlanadi: “xohish-istakli” va “haqiqiy”. Dunyoqarashni tarbiyalash shaxs motivatsion tizimi bilan uzviy bog‘liq.Darhaqiqat, inson hayoti davomida jamiyatdagi urf-odat, qadriyatlar asosida xulq-atvor meyorlarini shakllantirib boradi va unga amal qilish muhim hisoblanadi. Chunki, inson jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy yutuqlarini qadrlashi, ularni anglashi kerak. Bu esa o‘z zamonasini to‘g‘ri idrok qilish va tushunish, shaxsiy va ijtimoiy qadriyatlarni amaliy bilishni anglatadi.
E.G‘.G‘oziyev inson oliy qadriyat ekanligini ta’kidlab insonning ongi hayvonlardan farq qilishini ta’kidlaydi. U psixikaning yuqori bosqichi insongagina xos bo‘lgan, uning eng yuksak darajasi hisoblanmish ongda o‘z aksini topadi deydi. Shuningdek, “Shaxsning boshqa kishilarga, tabiatga, jamiyatga, ashyolarga qadriyatlarga nisbatan munosabatlari mavjud mezonlarga asoslansa, muayyan qoidalarga bevosita amal qilinsa, har bir narsaga oqilona, odilona va omilkorlik bilan yondashilsa, ongning nazorat funksiyasi hukm surayotganligidan dalolat beradi”36. Ushbu so‘zlardan anglanadiki inson ongida barcha jihatlar mujassam bo‘lishi shu o‘rinda qadriyatli ong shakllanishi zarurligi anglanadi. Bunga sabab esa insonning butun borliqqa nisbatan qadriyatli ongi shakllanishi muhim ahamiyat kasb etadi.Shunday ekan qadriyat insonlarning olamga bo‘lgan munosabatini, uning ichki ehtiyojlari va voqelikka munosabati bilan uyg‘unlashuvi asosida yuzaga keladi. Ushbu munosabatning barqaror xususiyat kasb etishida inson faoliyatining maqsadi hamda motivlarini shakllantirishga xizmat qiluvchi “qadriyatli yo‘nalganlik” atamasi bilan ifoda etiladi.
Pedagogik dunyoqarashga doir adabiyotlarda “qadriyatli ustanovka” tushunchasi ham uchraydi. Garchi ko‘pchilik mualliflar “qadriyatli yo‘nalganlik” va “qadriyatli ustanovka” tushunchalarini sinonim sifatida qo‘llashsa ham, birinchilardan bo‘lib M.Rokich ular orasidagi farqni alohida ajratib ko‘rsatgan. Amerikalik olimning fikricha, “Qadriyatli ustanovka ma’lum bir obyekt (konkret yoki abstrakt, shaxsiy yoki ijtimoiy)ga yoki vaziyatga nisbatan subyekt munosabatida aks etuvchi uzoq vaqt davomida shakllangan bir qancha ishonch, e’tiqodlar majmui deb qarash mumkin”. Demak, yo‘nalganlikda shaxsning jamiyatdagi meyorlar bilan inson ehtiyojlari uyg‘unlashuvi aks etsa, qadriyatli ustanovkada shaxsning amaliy faoliyatda mazkur munosabatlari tizimini ro‘yobga chiqarishga tayyorligi aks etadi.
O.Tohirov va B.Ochilovalarning ta’kidlashicha, “Qadriyat – bu tabiiy va ijtimoiy hayotda namoyon bo‘ladigan, kishilar qadrlaydigan va ular uchun manfaatli, foydali, ijobiy ahamiyatli tabiiy, individual va ijtimoiy ehtiyojni qondirishga xizmat qiladigan, moddiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy, mafkuraviy va siyosiy omillar yig‘indisidir”37 O.Musurmonovaning fikricha “Qadriyatlar - inson tomonidan qadrlanadigan narsalardan iborat bo‘lib, kishilarning talabi, xohishi, qiziqishi va maqsadi asosida o‘zaro munosabat, o‘zaro ta’sir (atrof-muhit bilan, insonlar bilan) natijasida dunyoga keladigan holatdir”38.
Siyosatshunos olim N.Jo‘rayevning ta’kidlashicha, “Qadriyat deyilganda, inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan tabiat va jamiyat hodisalari majmui tushunilishi lozim”.
N.Ortiqov o‘z tadqiqotlarida umuminsoniy qadriyatlar borasida “Bu millatni, elatni tashkil qiluvchi kishilarning milliy madanyatini, merosini, qadriyatlarini, urf-odatlarini, an’analarini o‘zlashtirishdagi faoliyatini rivojlantirish bo‘lib, u milliy ong va milliy o‘zlikni anglashning subyektidir. Umuminsoniy qadriyatlar asosida shaxsni axloqiy shakllantirishda millatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, yuksak insoniylik, mehr-oqibat, iymon-e’tiqod, or-nomus, insof-diyonat kabi fazilatlardan foydalanish, shuningdek “ota-ona, qarindosh-urug‘larning hurmatini joyiga qo‘yish, oilaning muqaddasligi tuyg‘ularining barkamol bo‘lishiga erishish, o‘zaro munosabatlarda yonma-yon yashayotganlar manfaatlarini hisobga olish” deydi.
S.T.Yuldosheva badiiy qadriyatlarning ahamiyatiga to‘xtalib shunday deydi, “San’at durdonalari insonda estetik hissiyotni uyg‘otadi, uni estetik jihatdan tarbiyalaydi”39. Badiiy qadriyat – mana shu qadriyat mezonlari talablariga javob beruvchi san’at asari, uning asosida go‘zallik o‘zining ko‘plab ko‘rinishlarida asosiy mezonlar belgisi hisoblanib, unda estetik va badiiy qadriyatlar ma’lum nisbatlarda bo‘ladi. Badiiy qadriyatlarning mazmunida u yoki bu san’at tili yordamida estetik mazmun va badiiy obrazda berilgan “go‘zallik qonunlari bo‘yicha” aks ettirilgan va qayta yaratilgan borliq aks etadi.
Pedagogik dunyoqarash sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borgan B.Xodjayev “Pedagogik dunyoqarash inson va ta’limni qadriyat deb e’tirof etgan holda, ta’limiy qadriyatlarni muhokama etuvchi hamda ta’limga qadriyatli yondashuvni amalga oshiruvchi pedagogik bilimlar sohasidir”, - deb ta’kidlaydi. Shuningdek, pedagogik dunyoqarashning asosiy tushunchalari qatoriga quyidagilarni kiritadi: “Qadriyat, qadriyatli ong, qadriyatli munosabat, qadriyatli xulq-atvor, qadriyatli ustanovka, qadriyatli yo‘nalganlik, ta’lim, tarbiya.”40 1. Qadriyat. Qadriyatlar qachonki, insonda qadriyatli ong, qadriyatli munosabat va ustanovkalar shakllantirilgan sharoitdagina, uning faoliyati va xulq-atvorini mo‘ljalga olishga imkon beradi. Qadriyatga yo‘nalganlik yaxlitlikda shaxsning faoliyat va xulq-atvordagi aniq qadriyatlarga yo‘nalganligini aks ettiradi, har bir aniq vaziyatlarda esa shaxs qadriyatli ong va qadriyatli munosabatlarga rahbarlik qiladi.
2. Qadriyatli ong. “Ong”, “munosabat”, “xulq-atvor» kategoriyalarini psixologiya va falsafa o‘rganadi. Ijtimoiy ong, ijtimoiy xulq-atvorni shakllantirish metodlarini esa pedagogika aniqlab beradi.
3. Qadriyatli munosabat. Falsafada munosabat deganda, undagi yashirin xususiyatlarni aniqlash va amalga oshirish sharti sifatida xayotiy narsa-hodisalarga aloqadorlik usuli tushuniladi. Munosabat narsada aks etmaydi va narsalarning xususiyatlarini ham aks ettirmaydi, u nimanidir qilishda ishtirok etish shakli sifatida, nimanidir ahamiyatini ochib beradi. Munosabat ikkinchisi uchun birinchisining ahamiyatini tavsiflovchi narsa-hodisalar va subyekt orasidagi aloqalarni ko‘rsatib beradi. Falsafada «qadriyat» tushunchasi «ahamiyat» tushunchasi bilan yaqin. Doimo subyekt va obyekt harakatga kirishib, inson faoliyatining moddiy-ma’naviy dunyosini qamrab olganda obyektning yoki uning xususiyatlarini aniq ahamiyati namoyon bo‘ladi. Faqat faoliyatdagina qadriyat o‘zining muhim mavjudlik maqomini oladi. Qadriyatli munosabat - shaxsiy va ijtimoiy ahamiyatlilikning o‘zaro aloqadorligini aks ettiruvchi shaxsning ichki pozitsiyasi.
4. Qadriyatli xulq-atvor. Qadriyatli mazmunga ega ta’limda shaxsning xulq-atvori mo‘ljalga olinadi, ular esa uning insonparvarlikka yo‘nalganligini aniqlaydi va qadriyatli baholash asosi sifatida namoyon bo‘ladi.
5. Qadriyatli ustanovka. Shaxs tomonidan o‘zining ichki pozitsiyasini anglashi va aniq qadriyatlar bilan bog‘liqlikda faoliyatga tayyorgarlikning mavjudligi qadriyatli ustanovka sifatida aniqlanadi. Ustanovka shaxsning aniq faoliyatga tayyorlik holatini aks ettiruvchi yo‘naltirilganlik tavsifini egallaydi. Unda kognitiv (bilim, axborot) va affektiv (emotsiya, xissiyot) tarkibiy qismlar namoyon bo‘ladi. Demak, qadriyatli ustanovka – shaxs tomonidan o‘zining ichki pozitsiyasini anglashi va aniq qadriyatlar bilan bog‘lqlikda faoliyatga tayyorlik darajasini belgilaydi.
6. Qadriyatli yo‘nalganlik. Qadriyatli yo‘nalganlik u yoki bu qadriyatlarga yo‘nalganlik sifatida tavsiflanadi. Yo‘naltirish jarayonining quyidagi bir-biriga tutash fazalari aniqlangan: shaxsiy qadriyatlarni o‘zlashtirish; o‘zlashtirilgan qadriyatlar asosida shaxsni o‘zgartirish; shaxsning o‘z-o‘zini loyihalashi va o‘z-o‘zini bashorat qila olishi. Qadriyatga yo‘nalganlik shaxs yo‘nalganligining mazmunli tomonini, uning borliqqa munosabatini namayon etadi. Shuningdek, qadriyatli yo‘nalganlik subyekt uchun shaxsiy ahamiyatga ega ijtimoiy qadriyatlar bilan bog‘liqlikda atrof-borliqqa subyektning bahosi sifatida qaraladi. Shuningdek qadriyatga yo‘nalganlik maqsadni ochib beradi, qiziqish, ehtiyoj, shaxsning e’tiqodini tavsiflovchi ideallarni aks ettiradi.
7. Ta’lim. Insonning shaxs sifatida shakllanishi insonparvarlik qadriyatlari tizimini o‘zlashtirishni nazarda tutadi, u esa o‘zida insonparvarlik madaniyati asoslarini aks ettiradi. Ushbu qadriyatlarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalasi o‘zida katta ijtimoiy ahamiyatni ifoda etadi. Uning mazmuni shundan iboratki, shaxs tomonidan ongli ravishda madaniy qadriyatlar tanlovini ta’minlash va uning negizida mustahkam, inkor etmaydigan, insonparvar qadriyatli munosabatlar individual tizimini shakllantirishdir.
8. Tarbiya. Qadriyatli yondashuvlar axloqiy ideallarda o‘z aksini topadi, bular esa shaxs faoliyatida maqsadli ravishda oliy ko‘rinish hosil qiladi. Ideallar o‘zida belgilangan maqsadlarni namoyish etib, bu dunyoqarashlar tizimining oliy qadriyatidir. Axloqiy ideallar shaxs motivatsion-qadriyatli munosabatining oliy mezoni sifatida namoyon bo‘ladi. Shaxsning jamiyat oldidagi burch va vazifalari hamda ma’suliyatini anglab yetishi bilan tavsiflanadi. Ushbu yondashuv tadqiqotimiz doirasidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda dunyoqarashni tarbiyalashning tarkibiy komponentlarini aniqlashtirishning imkonini beradi.
Boshlangich sinf o’quvchilarida milliy qadriyatlarni takomillashtirishning mazmunini idrok etish qobiliyati bilan bevosita bog‘liq hisoblanadi. Bunda milliy qadriyatlarining emotsional va qadriyatli mohiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlash lozim. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, o‘quvchilarda dunyoqarashni tarbiyalash avvalo ular tomonidan milliy qadriyatlarining emotsional-qadriyatli mohiyatini datlabki idrok etish jarayonlari quyidagi holatlar bilan shartlanadi:
-“ta’limiy va tarbiyaviy faoliyat shakllarida dialogik munosabatlar (o‘qituvchi-o‘quvchi, o‘quvchi-o‘quvchi, ota-ona va farzandlar, o‘quvchi-jamoa o‘rtasidagi munosabat)ning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganligi;
-dialogik munosabatlarda qadriyatlar bilan bog‘liq nizoli vaziyatlarning takrorlanish davomiyligi;
-nizoli vaziyatlarning asotsial ta’sirini aksiologik-pedagogik profillaktika orqali korreksiyalash mexanizmi adekvatligini ta’minlash”41.
O‘quvchilarda dunyoqarashni tarbiyalash jarayoniga qator omillar ta’sir etishini inobatga olgan holda ularni yaxlit holda uch guruhga ajratib olish maqsadga muvofiq: makro, mezo, mikro omillar.
O’quvchilarda milliy qadriyatlarning takomillashishiga ta’sir etuvchi omillar mazmuni:
1) makro omillar-o‘quvchilarning dunyoqarashini shakllantirishda mamlakat, xalq, jamiyat va davlatning ta’sir ko‘rsatishi;
3) mezo omillar-dunyoqarashni tarbiyalashda shaxs tug‘ilib yashayotgan mintaqa, shahar, mahallaning hamda OAV (matbuot, TV, radio, xalq og’zaki ijodi va hokazo)ning ta’sir ko‘rsatishi;
4) mikro omillar-dunyoqarashni tarbiyalashda oila, tengdoshlar va o‘qituvchilar jamoasi, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla va turli xil jamoat tashkilotlarining ta’sir ko‘rsatishini inobatga olish lozim.
Demak, boshlangich sinf o’quvchilaridunyoqarashini tarbiyalash milliy qadriyatlardan foydalanishni rivojlantirishning pedagogik-psixologik xususiyatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
- ijtimoiy xulq atvor bilan bog‘liq bo‘lgan madaniy meyorlarni bilish, ularning o‘quvchi tomonidan ichki qabul qilinishi hamda ulardan amaliy faoliyat jarayonida foydalana olishi - interiorizatsiyaning namoyon bo‘lishi;
- shaxslararo o‘zaro munosabatlarda o‘z qiziqishlari, ehtiyojlari, hissiy kechinmalarini tushunishi, shaxslararo muloqot jarayonida erkin ifodalay olish - eksteriorizatsiyaning namoyon bo‘lishi;
- moddiy va nomoddiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar mazmunini tushunish, ularni ijtimoiy xulq-atvorning namunaviy modeli sifatida baholash, shuningdek, o‘zining individualligi va qadr-qimmati, boshqa insonlarning qiziqish va ehtiyojlarini anglash – qadriyatli ustanovkaning namoyon bo‘lishi;
- hayotiy faoliyat jarayonida yuzaga keladigan odatiy muammoli vaziyatlarning kelib chiqish sabablarini anglay olish qobiliyati, konstruktiv yechimlarni izlashga intilish – qadriyatli tanlov;
- umumijtimoiy va shaxsiy tajribani umumlashtirish qobiliyati, doimiy o‘z-o‘zini rivojlantirish orqali shaxsiy kapitalni oshirib borishga nisbatan qadr tuyg‘usining namoyon bo‘lishi - personalizatsiya (shaxsiylashtirish) va individual bahoning qaror topishi.
Ko‘rib chiqilgan ma’lumotlar tahlili asosida dunyoqarashtushunchasiga quyidagicha ta’rif berish mumkin: “Dunyoqarash motivatsion, kognitiv, xulq-atvor hamda aksiologik baholashga doir tarkibiy komponentlardan iborat bo‘lib, insonning moddiy va ma’naviy qadriyatlarga nisbatan aksiologik ehtiyoji, aksiologik bilimi, yo‘nalganligi, shuningdek, aksiologik potensial xususiyatlarini namoyon etadi”42. Dunyoqarash bu ijtimoiy ong shakllaridan biri sifatida butun borliq, shaxsiy, kasbiy, umumiy, milliy, umuminsoniy va boshqa qadriyatlarning mazmun mohiyatiga oid bilimlar majmui bo‘lib, o‘quvchi shaxsining aksiologik yo‘nalganligi, potensiali hamda ijtimoiy voqea-hodisalarga nisbatan qadriyatli baholashida namoyon bo‘ladi.Demak, yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalash uchun ijtimoiy jarayon, oila, maktab va ularda dunyoqarashni rivojlantirishga qaratilgan faoliyatda qiziqish, hoxish-istak, bilish muhim hisoblanadi.