Boshlang’ich sinf o’quvchilarida milliy qadriyatlarni takomillashtirish usullari”


O’quvchilarda milliy qadriyatlarni takomillashtirish pedagogik muammo sifatida



Yüklə 463 Kb.
səhifə7/25
tarix21.06.2023
ölçüsü463 Kb.
#133371
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   25
MILLIY QADRIYATLARNI TAKOMILLASHTIRISH 2023

1.2.O’quvchilarda milliy qadriyatlarni takomillashtirish pedagogik muammo sifatida
Markaziy Osiyoda jumladan, O‘zbekistonda tarbiya borasida to’plangan tajribalar kamol topayotgan yosh avlod ta’limi hamda tarbiyasida muhim ahamiyatga ega. O‘zbek xalqi barcha Sharq xalqlari kabi yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga juda katta ahamiyat bergan. Bu an’ana avloddan-avlodga, xalq donishmandligining timsoli sifatida o’tib kelgan va milliy madaniyatimizda o’ziga xos o’rin tutadi. Sharq mutafakkirlarining ilmiy merosida ta’lim-tarbiya masalalari muhim o’rinni egallaydi. Ayniqsa ular yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashda milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashga katta e’tibor berganlar.O’zbek xalqining milliy urf-odatlari, an’analari va qadriyatlari barqaror bo’lib, o’sib kelayotgan yosh avlodning ijtimoiy ongiga ta’sir etib, milliy o’zligini anglashga, odamlarning turmushi va ma’naviyatiga ham bugungi kunga kelib ham o’z ijobiy ta’sirini ko’rsatib kelmoqda.
Jamiyatimizda ma’naviy yangilanishlar, yuksalishlar jadal kechayotgan, qolaversa, globallashuv jarayoni qadriyatlarimizga o‘z ta’sirini ko‘rsatib turgan bir paytda, yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg’unligini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Ma’naviy merosimizga asoslangan milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, uyg’un holda saqlab qolish, ruvojlantirish hamda kelgusi avlodlarga yetkazib berish asosiy vazifaga aylangan. Zero, Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori avvalambor farzandlarimizning unib-o‘sib, ulg’ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog’liqdi.
Ta’lim oluvchilarning qobiliyatlari va iste’dodlarini har tomonlama ochib berishga yo‘naltirilganlik, “milliy va umuminsoniy ideallarni qondirish, shaxs, jamiyat va atrofmuhit munosabatlarini uyg‘unlashtirish, an’anaviy “Ustoz-shogird” asosida o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi izzat-hurmat munosabatlari – ta’lim jarayoni subyektlarining o‘zaro tushunishlari, hamkorligini ta’minlovchi ta’limni insonparvarlashtirishning asosiy yo‘nalishlaridir”9. Bunday vaziyatda har bir o‘quvchida ma’lum bir faoliyat turiga nisbatan qobiliyati namoyon bo‘ladi. O‘zaro tushunish holatida o’quvchi-yoshlarni kuchli va kuchsizlarga ajratish, xatti-harakat, ta’sir boshqaruvchisi bo‘lish yo‘qoladi. Ko‘rgazmali emas, amaliy jihatdan o‘zaro tushunish o‘qituvchining o‘quvchi shaxsi qadriyatlarini va uning yutuqlarini anglashi orqali ta’minlanadi. Pedagog shaxs rivojlanishini o‘rtalashtirilgan me’yor bilan qiyoslamaydi. U o’quvchilarning rivojlanishi uchun shaxsiy ijodiy g‘alabalarni oshirish yordamida yoki har bir o‘quvchining imkoniyatlaridan imkon qadar keng foydalangan holda umumiy maqsadga erishish uchun sharoit yaratadi. Shunday qilib, milliy qadriyatlar ning O’quvchi-yoshlarni nafaqat ma’naviy qiyofasini shakllantiruvchi, shuningdek, kerakli mutaxassislikni egallab, ularni mamlakat va dunyo taraqqiyotida faqat bunyodkorlik uchun yo‘naltirishda ham yetakchi kuch sanaladi. Shu bois, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ta’lim tizimiga keng joriy etilishi, muntazam tadqiq etib borilishi lozim. Ma’lumki, har qaysi xalq o‘z farzandlarini milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratib bu borada bor kuch g‘ayratini ayamaydi. Chunki har bir xalqning o‘tmishi, yashash tarzi uning ko‘p asrlik qadriyatlarini bugungi kun yoshlari tomonidan qadrlanishi va ular orqali keyingi avlodga yetib borishini istaydi.Bu borada avvalo dunyoqarashni tarbiyalash yoshlarda qadriyatlarga bo‘lgan ongli munosabati qanday, qadriyatlarni o‘rganishga qiziqishi, bilimi, xulq atvorda uning namoyon bo‘lishi va albatta hayot turmush tarzida boyitib borishi lozim bo‘ladi.Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Dunyoqarash, dunyoqarash nima va uning mazmuni, mohiyati qanday ma’noni anglatadi? Haqiqatdan ham bunday savol tug‘ilishi tabiiydir. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib Dunyoqarash, dunyoqarash tushunchalarining ma’nosi va bu borada olib borilgan tadqiqot ishlariga to‘xtalib o‘tamiz.
“Dunyoqarash-dunyoga va insonning undagi o’rniga, kishilarning o’z atrofidagi voqelikka va o’z-o’ziga munosabatiga bo’lgan umumiy qarashlar tizimi, shuningdek, bu qarashlarga asoslangan odamlarning e’tiqodlari, ideallari, bilish va faoliyat tamoyillari”10. Dunyoqarash kishining yoshi, hayotiy tajribasi, bilimi, mafkurasi bilan bog’liq. Dunyoqarashda jamiyatda shakllangan falsafiy, ilmiy, diniy, siyosiy, axloqiy, huquqiy, estetik bilimlar, qarashlar o’z aksini topadi. Shaxsning Dunyoqarashi ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas bog’langan. Dunyoqarash insonning o’zini va dunyoni zaruriy ravishda anglashi hamda baholashi asosida shakllanadi. Bu jihatdan Dunyoqarash voqelikning inson ongidagi sub’yektiv in’ikosidir. Ayrim individning ongi bilan bog’langan individual Dunyoqarash, muayyan ijtimoiy guruh, qatlam, sinf, millat va jamiyat miqyosidagi ijtimoiy ong bilan bog’langan ijtimoiy Dunyoqarash mavjud. Bular bir-birini to’ldiradi, bir-biriga ta’sir qiladi, bir-birini rivojlantiradi. Dastlab individ dunyoni hissiy sezadi (dunyoni his qilish). Bunda individ voqelikni bevosita hissiy in’ikos etish natijasida anglaydi. Keyin voqelik haqida to’plagan bilimlari asosida individning Dunyoqarashi paydo bo’ladi. Bu dunyoni anglash deyiladi. Shaxsning dunyoni anglashi orqali uning o’zini anglashi ham shakllanib boradi. Shu tariqa dunyo haqidagi barcha bilimlar yuksak darajada umumlashtiriladi va yaxlit Dunyoqarash shakllanadi. Dunyoqarash insoniyatning tarixiy taraqqiyoti mobaynida rivojlanib borgan. Uning quyidagi shakllarini kursatish mumkin:
1. Mifologik yoki afsonalarga tayanuvchi dunyoqarash. U voqelik haqidagi mifologik bilimlar to’plangan va tizimga solingan bir davrda vujudga kelgan, borliqning inson ongidagi xayoliy in’ikosi sifatida qadimgi davr kishilari uchun xos bo’lgan. Ular voqelikni turli rivoyatlar va afsonalar asosida tasvirlab, uni qahramonlar, yovuz va xayrli kuchlarni aks ettiruvchi obrazlar tarzida bilishgan. Tabiatdagi jonsiz jismlarni jonlantirib, olov, suv, havo, tabiat hodisalarini ham muayyan jonli obrazlarning namoyon bo’lishi deb hisoblashgan.
2. Diniy dunyoqarash. U olamdagi voqea va hodisalarning sabablarini ilohiy, g’ayritabiiy kuch bilan bog’lab tushuntiradi. Diniy e’tiqod, tuyg’u, diniy aqidalarga ishonish, ilohiy kuchlarga sig’inish diniy Dunyoqarashning muhim jihatlari hisoblanadi.
3. Turmush bilan bog’langan (kundalik) Dunyoqarash. Unda aqlga sig’adigan tasavvurlar, olam va odam to’g’risidagi oddiy an’anaviy qarashlar aks etadi.
4. Falsafiy dunyoqarash. Unda butun borliq, tabiat, jamiyat, inson ruhiyati va tafakkurining eng umumiy jihatlari idrok etiladi, shu asosda olamning umumlashgan nazariy modeli yaratiladi. Dunyoqarash kishilarning axloq me’yorlari, hayotdagi intilishlari, qiziqishlari, mehnat va turmushlariga ta’sir ko’rsatib, katta amaliy ma’no kasb etadi.
Milliy qadriyatlarimizda urf-odat, an’ana, oila va qarindoshlik munosabatlari, milliy odob-axloq, kattalarni hurmat qilish, o‘zaro yordamlashish, kelajak avlod haqida g‘amxo‘rlik qilish milliy xususiyatimizda asosiy qoida bo‘lib shakllangan.Darhaqiqat, qadriyat- voqelikdagi muayyan hodisalarning umuminsoniy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy, axloqiy ahamiyatini ko‘rsatish uchun qo‘llaniladi. Insonlar uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha narsalar, sog‘lik, tinchlik, erkinlik, yaxshilik, adolat, haqiqat, ma’rifat, ijtimoiy tenglik, go‘zallik, moddiy boylik, ma’naviy boylik, an’ana, urf-odat va boshqalar qadriyat hisoblanadi. Ijtimoiy fanlarning qaysi sohasida qadriyatlarga doir tadqiqot olib borilgan bo‘lsa, ushbu tushunchaga shu jihatdan ta’rif berishga intilishgan.
Qadriyatlar tizimini umumbashariy, milliy va shaxsiy yondashuvlardan kelib chiqib tasniflash mumkin. Olam, tabiat va jamiyatning eng muhim tomonlarini, qonun qoidalarini, aloqadorliklarini ifodalaydigan qadriyatlar umumbashariy xususiyatga ega bo‘lib, bunday qadriyatlar o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan, abadiy qadriyatlardir. Dunyodagi har qaysi xalq, millat va elat, uning turmush tarzi, diniy e’tiqodi, o‘z tili, madaniyati, ma’naviyati, urf hamda odat an’analari, ota bobolarining o‘tmishi bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar milliy qadriyatlar sifatida e’tirof etiladi. Har bir shaxsning faoliyati, turmush tarzi, e’tiqodi, hayotining ma’nosi, odob-axloqi bilan bog‘liq qadriyatlar shaxsiy qadriyat sifatida namayon bo‘ladi.
Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki o‘quvchi yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi ishlar bugun yoki yaqin o‘tmishda dolzarb bo‘lib qolmagan. Ushbu muammo yuzasidan tarixga nazar soladigan bo‘lsak uning ildizi uzoq o‘tmishda ham muhim ahamiyat kasb etganligini ko‘rishimiz mumkin.Ta’lim-tarbiya jarayonida shaxs ongini shakllantirish va qadriyatli dunyoqarashni barqaror rivojlantirishning nazariy-tarixiy asoslari eng qadimgi yozma manbaa “Avesto” hamda Abu Ali Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy , Alisher Navoiy, Abdulla Avloniy kabi Sharq mutafakkirlari va ma’rifatparvar olimlarining asarlarida yoritilgan.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto’ ajdodlarimizning ko‘p ming yillik tarixi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ma’naviyati, madaniyati, urf-odatlari, an’ana va qadriyatlari, tili, dini, ta’lim-tarbiyasi va umuman olganda pedagogik qarashlarni o‘rganishimiz uchun bebaho yozma manba desak ayni haqiqatdir. I.A.Karimov ta’kidlaganidek: “Eng mo‘tabar, qadimgi qo‘lyozmamiz “Avesto” yaratilganiga 3000 yil bo‘lyapti. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig‘ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. “Avesto” ayni zamonda bu o‘lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat bo‘lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor etolmaydi”11.Albatta, “Avesto” da qat’iy qonunlarga amal qilingan va shu o‘rinda inson axloqining asosiy uchligini ezgu fikri, ezgu so‘zi, ezgu amali sifatida bayon etilganligida ham katta mazmun yotadi. Birgina, ezgu fikr haqida tadqiqotchi A.O.Makovelskiy shunday deydi, “yezgu fikr” - niyatning yaxshiligi, ilohiy qonun ruhidagi o‘z yaqinlariga nisbatan yaxshilik qilish, zarur bo‘lganida ularga madad berishga tayyor turish, kishilar baxt-saodati uchun yovuzlikka qarshi kurashga hozirlik ko‘rish ruhidagi o‘y fikrlar, barcha bilan tinch-totuv va boshqalarga nisbatan baxillik qilmaslikga intilishdir. Ezgu fikrli inson jaholatga tushmaydi, chunki jaholatda kishi ezgu niyatlarni yo‘qotib, burch va adolatni unutadi, o‘ylamay ish qiladi”. Bu fikrlar shuni anglatadiki “Avesto” da umuminsoniy qadriyatlarga alohida e’tibor qaratilgan.Shuningdek “Avesto” da yer, olov, suv va havo muqaddas sanalib uni ifloslantirish qattiq gunoh ekanligi ta’kidlanadi. Umuman olganda “Avesto” kitobi yoshlarni butun umri davomida yuqorida ta’kidlangan to‘rt unsurni, dunyodagi jamiki yaxshi narsalarni pok va bus-butun asrab avaylashga undaydi.
Zardushtiylik ta’limotida inson o‘zi o‘sib ulg‘aygan zaminni (vatanparvarlik) sevish, ardoqlash, atrof-muhitni toza saqlash kabi g‘oyalar qadrlangan va yoshlarga o‘rgatilgan. Shu qatorda milliy xususiyatlarni o‘rgatishning jismoniy tarbiya negizida o‘g‘il o’quvchilarga kurash tushish, otni egarlash, chorva qilish, ko‘paytirish, tuya-otlarni parvarishlash, ularni boshqara olish, qilichbozlik, chavandozlik, qalqon tutish, o‘zini himoya qilish, ot choptirish, to‘siqlardan sakrash, suzish, yugurish, nayza uloqtirish, kamondan o‘q otish kabi jismoniy-harbiy malaklarani egallash majburiy bo‘lgan.Shuningdek, “Avesto” da qiz o’quvchilar tarbiyasiga ham alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlanadi: “O‘g‘il o’quvchilarga nisbatan qiz o’quvchilar ilmu donish o‘rganishga jiddiyroq kirishsinlar. Chunki ular o‘zlari tug‘ilgan xonadonda ota ro‘zg‘orini tartibga solib, uyga ziynat berib yursalar, jufti haloli uyiga borgach, kelajak nasl, ya’ni farzandlari tarbiyasi, ta’limi bilan mashg‘ul bolmoqlari lozim bo‘ladi”12.
Yuqorida keltirilgan dalillar shundan dalolat beradiki “Avesto” da yoshlarni aqlan yetuk bo‘lishiga, hikmat o‘rganishiga, ma’naviy sof bo‘lishiga, yaxshilik qilish, qalbida ezgulik xislatlarini barq urushi, axloqiy, aqliy, jismoniy, mehnatsevarlik, ishbilarmonlik, vatanparvarlik, rostgo‘ylik, saxiylik kabi fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratgan. Bundan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, qadimgi davr va hozirgi zamonda ham har bir xalqning bola tarbiyalashda qadriyatli yondashuvni ustuvor ekanligini anglashimiz mumkin.Islom dinining muqaddas kitobi “Quron” va undan keyin turuvchi Hadis axloqiy manbaa hisoblanib, unda butun borliq va insoniyat haqidagi qadriyatni ko‘ramiz. Shuni ham ta’kidlash joizki, “Quron” va Hadislardagi manbalarning barchasi qadriyatdir.Xususan “Quroni Karim” da inson eng oliy qadriyat ekanligi aytiladi. “Quroni Karim”ning Isro surasi 70-oyatida “Batahqiq, Biz bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni o‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik. Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki avvalo insonning o‘zi eng oliy qadriyatdir.
Hadislarda ham xalqimizning milliy tarbiyasida mujassam bo‘lgan qadrlash, hurmat, e’zozlash ko‘p bor ta’kidlangan. Aynan shulardan biri, biz uchun qadirli bo‘lgan ota-onalarimizga hurmat ko‘rsatish va ularning duosini olish haqidadir. Imom Ismoil al-Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida keltirilgan kitobda, shunday Hadis bor. Abu Hurayra (r.a.) aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.): “Xor bo‘lsin, xor bo‘lsin, xor bo‘lsin!" - deb o‘n marotaba takror qildilar. Shunda sahobiylar: "Yo Rasululloh, kimni aytayapsiz?"-deb so‘rashdi. Rasululloh (s.a.v.): "Ota-onasining ikkalasi yoxud bittalari keksayib qolgan vaqtida (ularni rozi qilmay) o‘zini do‘zaxga tushishga mubtalo qilgan kishini”13, dedilar. Ushbu hadisdan ko‘rinadiki har bir inson o‘z ota-onasini rozi qilishi va duolarini olishi kerak. Shu o‘rinda aytish kerakki Konstitutsiyada ham “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar”14 deb belgilab qo‘yilgan.
Qadriyatlar borasida so‘z yuritilganda milliy tariximiz va dunyo svilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Ismoil al Buxoriy, Muhammad Iso at Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mutafakkirlarning ta’limiy-tarbiyaviy qarashlari orqali o‘quvchi yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalashda keng foydalanishimiz mumkin.
Asosan diniy qadriyatlarga alohida e’tibor qaratgan Imom Ismoil al-Buxoriy ta’lim-tarbiya haqida qimmatli fikrlarni bildirib o‘tgan. Rivoyatlarga ko‘ra, xalifaning Buxorodagi noibi Xolid ibn Ahmad ibn Xolid az-Zuhaliy uni saroyga kelib hadis ilmidan saboq berishga taklif etadi. Ammo Imom Ismoil al-Buxoriy bu taklifga: “Men ilmni xorlab sultonu amirlar eshigiga olib bormayman. Agar amirga ilm kerak bo‘lsa, o’quvchilarni (ikkinchi rivoyatda saroydagilarni) uyimga yoki masjidimga yuborsin”, - deb javob beradi. Bundan ko‘rinadiki Buxoriy ilmni nihoyatda qadrlagan va biz ham ilm olishga ongli yondoshmog‘imiz hamda ilmni qadrlashimiz zarur.
Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy ajdodlar merosini o‘rganish borasida shunday deydi: “O‘tmish davrlarda o‘tgan odamlar fanning turli tarmoqlari sohasida asarlar yozish bilan o‘zlaridan keyingi keladiganlarni nazarda tutganlar… ulardan biri o‘zidan avvalgilaridan qolgan ishlarni amalga oshirishda boshqalardan o‘zib ketadi, uni o‘zidan keyin keluvchilarga meros qoldiradi, boshqasi o‘zidan avvalgilarning asarlarini sharhlaydi, bu bilan qiyinchiliklarni osonlashtiradi… va o‘zi qilgan ishidan mag‘rurlanmaydi”15. Bu so‘zlardan ko‘rinib turibdiki ajdodlarimiz merosini o‘rganish, ular yaratgan ma’naviy merosni asrash va qadrlashni yosh avlod ongiga singdirish muhimdir.
Abu Nasr Forobiy ma’naviy merosida 12 ta xislat va fazilatini sanab o‘tib ularni yoshlar tarbiyasida mujassam qilish va ularda bu xususiyat qadriyatga aylanishini zarurligini ta’kidlagan. Ya’ni: “sog‘lomlik, farosatlilik, kuchli xotira, zukkolik, notiqlik, ma’rifatga intilish, nafsni jilovlash, haqiqatni sevish, oriyatlilik, mol-dunyo ketidan quvmaslik, adolatparvarlik, qat’iyatlilik va jasurlik”16. Shu o‘rinda aytish kerakki, Forobiy ta’kidlagan bu fazilatlar bugungi kunda yoshlar tarbiyasida dunyoqarashtushunchalarini qamrab oladi.
Abu Rayhon Beruniy asarlarining qiymati hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bizning tadqiqot ishimiz doirasida “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida xalq og‘zaki ijodi namunasidan foydalanilganligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu asarda yunon, rumliklar, eroniylar, xorazmliklar, xristiyan va yaxudiylar hamda islomgacha bo‘lgan arablarning yil hisoblari, yashash turmush tarzi, urf odatlari tasvirlangan. Mutafakkir bu asarni yozish juda qiyin ekanligini, qadimgi xalqlarni o‘rganishda rivoyat va afsonalarga tayanish kerakligi ammo ularda chalkashliklar, asossiz ma’lumotlar hamda bo‘rtirmalar mavjudligi bilan izohlaydi. Beruniy qadimgi xalqlarni o‘rganishning eng to‘g‘ri yo‘li “Rivoyatlarning davrimizga eng yaqin va eng mashhurini, so‘ngra yaqinroq va mashhurrog‘ini birin-ketin olib borishimiz lozim, ularni o‘z arboblaridan qabul qilib, tuzatish mumkin bo‘lganini tuzatamiz, boshqalarini o‘z holicha qoldiramiz. Shunda biz keltirgan rivoyatlar haqiqatni qidiruvchi va hikmatni sezuvchining ulardan boshqa rivoyatlar ustida ish yurgizishiga yordamchi va bizga muyassar bo‘lmagan narsalarga erishish uchun yo‘lovchi bo‘ladi” deb ta’kidlagan. Ko‘rinub turubdiki asar yaratilishida xalq og‘zaki ijodidan keng foydalanilgan bo‘lib, bugungi kunda biz ham ushbu jihatga alohida e’tibor qaratsak, yoshlarda dunyoqarashni yanada shakllanishida muhim vositalardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Abu Ali ibn Sino ham milliy tarbiyaga alohida e’tibor qaratib xususan hayo haqida quyidagi fikrlarni bayon etgan. “Insonda doim turadigan husn va latofat hayo ila iffatdur. Hayosiz yuz jonsiz jasad kabidur”17 deydi. Ushbu fikr hozirgi davrda milliy tarbiyamizda nihoyatda ahamiyatli bo‘lib, globallashuv jarayonida yoshlarimizning kiyinishida, ibo hayosida bir qancha salbiy holat ko‘zga tashalanayotganligi bilan ta’riflasak bo‘ladi. Haqiqatdan ham bu fikrlardan ko‘rinadiki, bizning ota bobolarimiz, qizlar qolaversa yigitlarning ibo hayo borasidagi tarbiyasiga alohida munosabat bildirganligini bu esa azaldan milliyligimizda mujassamligini anglatadi.
Amir Temur o‘zining vatanparvarligi, adolatliligi, baynalminal tarbiya egasi ekanligi, ko‘plab pandu-nasihatlari bilan bizga ma’lum bo‘lib, bu jihatlar hozirgi yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalashda juda ahamiyatlidir. Amir Temur o‘zi amal qilgan o‘nta sifat haqida fikr yuritgan bo‘lib, ularning har birida qadriyatlarimiz mavjud. Aynan o‘n sifatning barchasi tarbiyada o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ushbu sifatlarning birinchisini misol tariqasida keltiramiz. “Men sifatlarimning eng avvali deb beg‘arazlikni tushundim. Hammaga ham bir xil: jiddiy va odil qaradim, hech bir kimsani boshqasidan farq qilmasdim, boyni kambag‘aldan ustun qo‘ymadim, deb ta’kidlaydi. Ushbu fikrdan ko‘rinadiki Amir Temur inson oliy qadriyat ekanligini teran anglagan. Bu hislat ayni vaqtda tarbiyada juda muhim bo‘lib, yoshlarda insonlar o‘rtasidagi qadrlash, hurmat va tenglik hislarini yanada shakllantiradi.
Mirzo Ulug‘bek ta’limotida ilm inson va uning ma’naviyati uchun yetakchi o‘rin tutadi. Haqiqatdan ham, ilm jaholatga qarshi kurashishda sinmas qilich bo‘lib, insonni g‘aflat uyqusidan uyg‘otadi, fikrini teranlashtiradi, tafakkurini boyitadi. Inson ilm-ma’rifat yordamida ulug‘ darajaga yetadi. U Buxoroda o‘zi qurdirgan madrasa peshtoqiga: “Bilim olish har bir muslim va muslimaning burchidir, deb yozdirgani ham yuqoridagi fikrimizga isbot bo‘la oladi. Bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, Mirzo Ulug‘bek uchun ilm qadriyat ekanligi va shu asosida barcha yaxshi sifatlar yuzaga kelishini anglatadi.
Alisher Navoiyning barcha asarlari yosh avlod kamoloti va ularda umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Mutafakkirning “Nasoyim-ul muhabbat” asarida komil insonga xos xususiyatlar va uning sharqona fazilatlari sanab o‘tiladi. Bular qatoriga ulug‘ mutafakkir: “tavba, halol luqma bilan qanoatlanish, o‘z kasbidan kun o‘tkazish, shariatga rioya etish, kamtarlik, farzandlari va xizmatkorlariga qo‘pollik qilmaslik, shirin so‘zli, muloyim bo‘lish, yaxshi xulqli, rahmdil bo‘lish, saxiy bo‘lish, mard bo‘lish, xushxulq bo‘lish, rozilik bilan kun o‘tkazish, sabrli bo‘lish, sadoqatli, vafoli bo‘lish, qiyinchilikdan qo‘rqmaslik”18 kabilarni kiritadi.
Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonida esa ota-onaga hurmat, iymon, adolat, saxiylik, to‘g‘rilik, omonatga xiyonat qilmaslik, sabr-qanoat, vafo, shukronalik, rostgo‘ylikni tarannum etadi. Mana shunday fazilatlarga ega bo‘lgan odamning oila va atrofdagilar oldida qadr-qimmati yuqori bo‘lishligini nazarda tutadi. Shuningdek Alisher Navoiy: “Yaxshilik bilan nom qoldirmoqning o‘zi ulug‘ mukofotdir”, deydi. Bu xususiyatlarni xalq og‘zaki ijodida keng tarannum etilganligini nazarda tutib yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalashda tarbiyaning muhim jihati ekanligini yana bir bor anglab yetish mumkin.
Jadid ma’rifatparvarlaridan Abdulla Avloniy xalqimizning ta’lim-tarbiya taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan bo‘lib, u qadrlagan muhim jihatlardn biri aql tarbiyasi bo‘lib, xalqni ma’rifatli bo‘lishga chorlaydi. Abdulla Avloniy “Adabiyot yoxud milliy she’rlar”, “Birinchi muallim”, “Turkiy guliston yoxud axloq”, “Ikkinchi muallim”, “Maktab gulistoni” kabi darslik va o‘qish kitoblarini yaratdi. Abdulla Avloniy darsliklarida milliy qadriyatlaridan foydalanib yoshlarda qadriyatli dunyoqarashni shakllantirishga alohida e’tibor qaratgan.
Abdulla Avloniy axloq haqida to‘xtalib, quyidagicha fikr bildiradi: “Insonlarni yaxshilikka chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan ilmga axloqshunoslik deyilur. Axloq ilmini o‘qib, bilib amal qilgan kishilar o‘zining kim ekanin, janobi Haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganin bilur. Bir kishi o‘zidan xabardor bo‘lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O‘z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakka sa’y va ko‘shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur”19.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning fikricha, Vatanni butunlay yo‘q bo‘lish xavfidan saqlab qolish, avvalo avlodlarni erk va ozodlik, mustaqillik ruhida tarbiyalash, ma’rifat va taraqqiyotga milliy qadriyatlarni tiklash orqaligina erishish mumkin.U shunday yozadi: “Madomiki, bizlar tarbiyasiz o’quvchilarimizni o‘qitmaymiz, yomon xodisalar va badbaxtliklar oramizda doimo xukmron bo‘lsa kerak. Bu ishlarni yo‘q bo‘lmog‘iga o‘qimoq va o‘qitmoqdan boshqa iloj yo‘qdir”. Shuningdek “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilm fanidan bebaxra millat, boshqa millatlarga paymol bo‘lur”20 deydi.
Demak, qadimgi qo‘lyozma va tarixiy-badiiy asarlar o‘sha davrlarda yashab ijod qilgan ajdodlarimizning tafakkuri, orzu - istaklari ularning ma’naviy-ma’rifiy kamolotini aks ettiradi. Ular tomonidan el-yurt tinchligi va obodligi, xalqning birligi qadrlanib yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga singdirilgan. Shu jihatdan, qadimgi qo‘lyozmalarda, sharq mutafakkirlari hamda jadid ma’rifatparvarlarining asarlarida ifodalangan ma’naviy-axloqiy qarashlari, orzu-amallari, insoniylik, tinchliksevarlik, mehnatni qadarlash, vatanparvarlik, ilm olishga intilishlari hamda odob-axloq namunalari, milliy pedagogika taraqqiyoti tarixida muhim ahamiyatga egadir.
Qadriyatli yondashuv har bir xalq uchun muhim sanaladi va albatta yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalash muhim hisoblanadi. Tadqiqot mavzusi doirasida Respublikamiz va xorijiy mamlakat olimlari tomonidan ko‘plab qadriyatli yondashuvlar borasidagi tadqiqot ishlari mazmuni o‘rganildi.
Adabiyotlarda dunyoqarash, qadriyat tushunchasi falsafiy, sotsiologik, psixologik-pedagogik jihatdan izohlangan.
Qadriyat ko‘pincha ilohiy, ilmiy va siyosiy dunyoqarashlarning asosida bo‘lib uning o‘zagini tashkil qilgan.Qadriyat falsafiy tushuncha hisoblanib, u obyektiv olamni bilish, idrok etishning siyosiy, ilmiy, diniy, badiiy-estetik, falsafiy dunyoqarash shakllaridan farqlanadigan alohida bir ko‘rinishidir.
Qadriyatlar insoniyatning ma’naviy taraqqiyoti yo‘lida erishgan muhim yutug‘i sifatida vujudga keldi. Bunda narsa va hodisa mohiyatini inson manfaati nuqtai nazaridan kelib chiqib idrok etish hamda bilishga doir yangicha yondashishdir.Qadriyatlar falsafasi, dunyoqarashning ijtimoiy-falsafiy xususiyatlari, jamiyatimizni ijtimoiy-madaniy jihatdan rivojlantirish, ma’naviy-axloqiy muhitni yanada yaxshilash, oliy talim o’quvchilarida qadriyatli yo‘nalganlikni tarkib toptirishning falsafiy hamda sotsiologik tamonlari, umumiy o‘rta ta’lim maktab o‘qituvchilarida qadriyatli yo‘nalganlikni namoyon bo‘lishi, shaxsning ma’naviy kamol topishida etika-estetika va axloqiy qadriyatlarning uyg‘unligini ta’minlash muammolari Respublikamizning faylasuf olimlari Q.Nazarov, J.Tulenov, E.Yusupov, A.Begmato, M.Bekmuradov, M.Qahhorova, M.A.Nurmatovalar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlarida, shuningdek ular tomonidan chop etilgan o‘quv qo‘llanma va darsliklar mazmunida yoritilgan.
Zamonaviy jamiyatda ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishning muammo va yechimlarini tadqiq etgan faylasuf olima M.Qahhorovaning ta’kidlashicha, eng avvalo mazkur jarayonni amalga oshirishning ijtimoiy-falsafiy asoslarini, zaruriy axloqiy qonuniyat va tamoyillarini aniqlash lozim. Insonning axloqiy shakllanishi va rivojlanishida uning qadriyatli yo‘nalganligi muhim ahamiyat kasb etib, bunda adolat, burch va ma’suliyatlilik kabi sifatlar shaxsning axloqiy yetukligini belgilashga xizmat qiluvchi asosiy mezonlar vazifasini bajaradi. Ta’kidlash lozimki, o‘quvchi-yoshlarda dunyoqarashni tarbiyalash va rivojlantirish jamiyat ma’naviy-axloqiy muhitini takomillashtirib borishning asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilanadi.
Qadriyat fani dunyoviy ilm-fan rivojining mahsuli sifatida Yevropada vujudga keldi va rivojlandi. Yangi zamon Yevropa ijtimoiy-falsafiy tafakkuri ilohiy hikmatlar va mo‘jizalarni emas, balki real inson, uning erki, aqli va tafakkurini oliy qadriyat deb tushunishga asoslanar edi. Dunyoqarash olam mohiyatini diniy va ilmiy asosda bilishdan butunlay farqlanadigan qadriyatli tushunishga, ya’ni narsa va hodisalar mohiyatini bilishga, ijtimoiylashgan inson manfaatlari nuqtai nazaridan yondashishga asoslanar edi.
Qadriyatshunos-faylasuf Q.Nazarovning ta’kidlashicha, insoniyat taraqqiyotining burilish nuqtalarida, bir ijtimoiy-siyosiy tuzum boshqasi bilan almashinayotgan o‘tish davrida, faylasuflar oldida muqarrar ravishda “Qadriyat nima?” degan savol paydo bo‘ladi. Chunki, insoniyat taraqqiyoti qadriyatlar tizimining almashinuvidan iboratdir.Immanuil Kant nemis klassik falsafasining asoschisi faylasuf, qadriyatli ong borasida shunday deydi, - “Qadriyatli ong, hodisani o‘rganishning boshlang‘ich nuqtasi, borliq va uni bilish”21. Bundan ko‘rinadiki o‘zligini, borliqni anglash, bilish (bilim) qadriyat ekan.Shuningdek, nemis faylasuflari Vilgelim Vindelband va Genrix Rikkertlarning ta’limotlarida qadriyat bu falasafa, bilish ya’ni falsafiy dunyoqarash degan fikrlarni ilgari surgan bo‘lsa, Edmund Gusserl, Maks Sheller, Nikolay Gartman qadriyatga fenomenologik jihatdan yondashgan. Mazkur holatda nazariy va amaliy bilish orasidagi «ko‘prik» vazifasini aksiologik yondashuv bajaradi.
J.Tulenov o‘zining “Qadriyatlar falsafasi” nomli darsligida “qadr”, “qadriyat”, “qadrlamoq”, “qadrli”, “qadrshunoslik”, “qadrsiz”, “qadr-qimmat” kabi tushunchalarning mohiyatini ochib bergan. J.Tulenovning fikricha “Qadriyat deyilganda, inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan, millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va shu tufayli ular tomonidan baholanib qadrlanadigan tabiat va jamiyat ne’matlari, hodisalari majmuini tushunish lozim”22. Sh.Mardonov pedagog kadrlarni tayyorlashda ta’limiy qadriyatlarga asoslanib ularning malakasini oshirishning pedagogik jihatlari borasida o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etgan. “Ta’limiy qadriyatlar shaxsga ilmiy-nazariy bilimlarni berish, unda yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarni tarbiyalash, uning har tomonlama barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim ijtimoiy-pedagogik ahamiyatga ega bo‘lgan, shuningdek, o‘ziga xos ahamiyat kasb etuvchi obyektiv va subyektiv omillar majmuasidir”23.
M.Raximqulova tomonidan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini darsdan tashqari mashg‘ulotlarda ekologik qadriyatlar asosida tarbiyalash masalalari yoritilgan bo‘lsa, Sh.Shodmonova oilada kichik maktab yoshidagi o’quvchilarni milliy qadriyatlar asosida axloqiy tarbiyalashning pedagogik asoslarini o‘rgangan. Shuningdek, R.Ernazarov tomonidan o‘quvchilarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish borasida ilmiy izlanishlar olib borilgan. Tadqiqotchi M.Inomova tomonidan esa oilada o’quvchilarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda milliy qadriyatlardan foydalanishning pedagogik asoslari tadqiq etilgan.
Ta’lim-tarbiya jarayoniga aksiologik yondashuvdan kelib chiqib, o‘quvchilarda milliy tarbiya xususiyatlarini shakllantirish bilan bog‘liqlikda, Respublikamiz pedagog olimlari tomonidan salmoqli ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilgan.Masalan, M.Quronov tomonidan O‘zbekistonning umumiy o‘rta ta’lim maktablarida milliy tarbiyaning ilmiy-pedagogik asoslari o‘rganilgan. Professor M.Quronov milliy tarbiyani amalga oshirishda avvalo o‘qituvchiga bog‘liqligini ta’kidlaydi. “O‘quvchilarni milliy madaniy urf-odatlar ruhida tarbiyalsh kerakligi haqida ko‘p gapirilsa ham, milliy odatlar, millatning o‘ziga xos psixologik tabiati o‘qituvchilar tomonidan chuqur o‘zlashtirilmasa, unga o‘z faoliyatlarida amal qilinmasa, milliy tarbiyaning samarasi qoniqarli bo‘lmaydi”24, deydi.
A.Muxsiyeva oilada farzand tarbiyasi, oilaning ta’limiy-tarbiyaviy imkoniyatlarini pedagogik jihatdan tadqiq etib, oilada milliy tarbiya jarayonining metodik asoslarini ishlab chiqdi. U milliy qadriyat borasida “Milliy qadriyatlarni hamda milliylikni o‘zida mujassamlashtira olgan har bir inson - milliy donishmandlik vakili, u ota-bobolaridan meros qolgan o‘z milliy qadriyatlariga chuqur hurmat bilan qaraydi, jon - dili bilan targ‘ibot qiladi”25, - deydi.
G.Xolboyeva xalq og‘zaki ijodi asarlari tahlili orqali o‘quvchilarda milliy qadriyatlarni shakllantirish tamoyillarini, 5-7-sinflarning adabiyot darslari misolida tadqiq etgan. Tadqiqotchi milliy qadriyatni yoshlar ongiga singdirish muhimligini ta’kidlab shunday deydi: “Asrlar davomida xalq hayotida sinovlardan o‘tgan qadriyatlar butun millatni ezgulikga boshlaydi. Shunday ekan, jamiyatimizning buguni, ertasi va kelajagi ko‘p jihatdan yoshlarimizning milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topishiga bog‘liq”26.
R.Ro‘ziyevaning tadqiqot ishida jamiyatning ma’naviy yangilanishida milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligini shakllantirish masalalari yoritilgan. Olima tadqiqot ishida ko‘plab olimlarning qadriyatlar borasidagi tadqiqotlarini o‘rganib chiqib “Qadriyatga oid muammo qolmadi, ular tadqiq etib bo‘lindi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Ijmoiy-tarixiy taraqqiyot betakror hodisa ekan, mazkur qadriyatlarning sotsiodinamikasini o‘rganish va ulardan shaxs ma’naviyatini yuksaltirishda foydalanish muhim bo‘lib qolaveradi”27 deb ta’kidlaydi.
S.Kistaubayev shaxs ekologik dunyoqarashini shakllantirishda milliy qadriyatlarning tutgan ahamiyati haqida, tadqiqot ishida shunday deydi: “Shaxs ekologik tafakkur tarzi, u yashab turgan mintaqa tabiiy-geografik iqlimi, shart-sharoiti, millat yoki xalq mentalitetiga, turmush maromiga, tarixi, urf-odati, e’tiqodi, qolaversa muayyan jamiyatda yashovchi kishilarning tabiatni muhofaza qilishiga doir ijtimoiy munosabatlari bilan uzviy bog‘liq”28. Ushbu so‘zlardan ko‘rinadiki, insonda ekologiyaga bo‘lgan munosabat milliy qadriyatlarimizdagi urf-odatlar, milliy dunyoqarash asosida shakllanib avloddan-avlodga o‘tib boradi. Bu esa, yoshlarda ekologik hodisalarga befarq qaramaslikni, tabiatni sevish, uni asrab-avaylash bilan bog‘liq qadriyatli munosabatning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Qadriyatlarni tasniflash, ularning mazmunini yoritish, ta’limiy qadriyatlarni tahlil etish, shaxsda aksiologik dunyoqarashni shakllantirish, qadriyatli yo‘nalganlikni tashxis etish masalalari nafaqat Respublikamiz olimlari, balki xorijlik tadqiqotchi-olimlar tomonidan ham o‘rganilgan. Qadriyatlar tizimini aniqlashtirish, ta’limga aksiologik yondashuvni joriy etish hamda kasbiy qadriyatlarni shakllantirish masalalari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari olimlaridan I.Isayev, G.A.Melekesov, N.A.Popovanova, L.V.Vershinina, S.I.Rabazanov, O.A.Sidorenko, R.A.Gromov, R.A.Murtazin, Z.Ravkin, N.Rozov, V.Slastenin, I.Surina, L.A.Grigoryeva, YE.Shiyanovlar tomonidan o‘rganilgan bo‘lsa, shaxs dunyoqarashi, jamiyatning aksiologik asoslari va uning turli jihatlari M.Kagan, YE.A.Osipovalar tomonidan tadqiq etilgan.
G.Melekesov o‘zining “Razvitiye aksiologicheskogo potensiala lichnosti budushego uchitelya” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida, shaxsda aksiologik potensialni rivojlantirishning dolzarbligini quyidagicha izohlagan:
- jamiyat hayotida destruktiv va salbiy hodisalarning kuchayishi natijasida (jamiyatning ijtimoiy tabaqalanishi, psixotrop iste’mol qilish, narkomaniya, bezorilik, madaniyatni pasayishi va uning globallashuvi) yosh avlod tarbiyasida ta’lim muassasalari ahamiyatining oshishi;
- “davlat va jamiyatda o‘qituvchilik kasbiga nisbatan munosabatning o‘zgarishi;
- maktabning yuqori darajali madaniyatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyoji, o‘quvchi shaxsini asosiy qadriyat deb biladigan, ijod erkinligi va o‘zini-o‘zi takomillashtirishga intiladigan zamonaviy o‘qituvchiga nisbatan ehtiyojning oshishi;
- pedagogik jamoatchilik tomonidan ta’limni insonparvarlashtirish muammolariga e’tiborni kuchaytirish zarurligi va o‘quvchi shaxsining aksiologik potensialini shakllantirish hamda rivojlantirish muammosining nazariy jihatdan yetarlicha ishlab chiqilmaganligi”29.
Tadqiqotchining fikricha, shaxs aksiologik potensialining rivojlantirilishi qadriyatlar tizimining shakllanishiga, subyektning o‘z qadr-qimmatini belgilashiga ta’sir etadi va mazkur jarayon aksiologik potensialning rivojlanish mantig‘ini o‘zida aks ettiruvchi quyidagi model asosida amalga oshirilishi lozim: moslashish, yo‘naltirish va shaxsiylashtirish.
Rus olimlaridan V.P.Vijletsov va M.A.Kaganlar tomonidan o‘quvchilarning o‘qish faoliyati hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat mazmuni o‘rganilib, tadqiqot natijalari asosida qadriyatli dunyoqarash asoslarini shakllantirishga doir ilmiy-amaliy tavsiyalar keltirib o‘tilgan.
Qadriyatlar mazmunini, ularni tasniflashga doir metodologik yondashuvlar mohiyatini o‘rganish, ijtimoiy, pedagogik va psixologik jihatdan davlat hamda jamiyat g‘oyalari tizimiga qadriyatli munosabatni shakllantirish borasida M.I.Bobneva, E.D.Dorofeyev, V.V.Znakov, N.A.Juravleva, D.A.Leontev, N.S.Pryajnikov, V.A.Yadovlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishgan.
Bundan tashqari, Yaponiya va Janubiy Koreyada ham mazkur muammoga alohida e’tibor qaratgan holda, Ta’limga oid Qonun hujjatlarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qadriyatli yo‘nalganlikdan kelib chiqib, tinchlik va insoniylik ideallariga amal qiluvchi millat fuqarolarini shakllantirish vazifasi yuklatilgan. Ya’ni: insondagi qobiliyat va shaxsiy sifatlarni yuksak darajada rivojlantirish; tinchlikparvar davlat va jamiyat, haqiqat va adolatni sevuvchi bunyodkorlarni tarbiyalash; shaxsiy erkinlik; mas’uliyatlilik; mehnatsevarlik; mustaqil fikrga egalik; o‘zgalar bilan hamkorlik, an’anaviylik bilan zamonaviylikni anglash; kundalik turmush malakalariga egalik; har qanday holda iroda ko‘rsatish; ruhan va jismonan kuchlilik; o‘zini baxtli va boshqalar bilan uyg‘un holda ko‘ra olish kabi fazilatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining DTS hamda o‘quv dasturlariga binoan maktab boshlang’ich sinf o‘quvchilarining yoshiga mos ravishda quyidagi tayanch ma’naviy-axloqiy fazilat (kompetensiya)lar – Vatanni sevish, ardoqlash va unga sadoqatli bo‘lish, ishbilarmonlik, kuch va irodalilik, sog‘lom fikrlash, g‘amxo‘rlik, yaxshilik, oqibatlilik, burch va mas’uliyatlilik, tolerantlik, huquqiy ong, yangicha fikrlash, mehnat qilish, mehnatni qadrlash singari ijobiy sifatlar shakllantirilishi lozim. boshlang’ich sinf o‘quvchilarida mazkur ijobiy fazilatlarni rivojlantirish eng avvalo ularda dunyoqarashning qay darajada shakllanganligi bilan uzviy bog‘liq hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilgan har bir tadqiqotchi-olimlarning ilmiy izlanishlari ta’lim-tarbiya jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, yuqorida nomlari tilga olingan tadqiqotchi olimlar milliy qadriyatlar asosidada o‘quvchilarda dunyoqarashni tarbiyalash muammosini alohida tadqiq etishmagan. Bunga misol tariqasida shuni aytish mumkinki, boshlang’ich sinf o‘quvchilarida milliy qadriyatlarni inson va insoniyat uchun juda ahamiyatli bo‘lib, millat va xalqlarning ijobiy manfaati hamda maqsadlariga xizmat qiladigan milliy, umuminsoniy, shaxsiy, tabiat va jamiyat, butun borliqga bo‘lgan munosabati dunyoqarash tufayli shakllanadi. Buning uchun dastlab,boshlang’ich sinf o‘quvchilarida milliy qadriyatlar tizmini takomillashtirishning psixologik-pedagogik xususiyatlarini, mazkur jarayonni amalga oshirishga ta’sir etuvchi omillar mazmunini va mavjud holat tahlilini amalga oshirish lozim.


Yüklə 463 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   25




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin