Bobur, necha bu dahr meni zor aylar,
Sabrimni kamu, g‘amimni bisyor aylar.
To dahrdurur, budir aning rasmiki,
Oyrib kishini azizidin, xor aylar (III, 47, 31).
O‘zigacha Hindistonga kirib borib, u yerda saltanat qurgan hukmdorlar
haqida Bobur shuday deydi:
“…Hazrati Risolat (payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.) zamonidan shu
kungacha Hindistonga biz tarafdan faqat uch kishigina hokim bo‘lib, o‘z saltanatini
o‘rnatgan. Ulardan biri – Sulton Mahmud G‘oziy bo‘lib, u va uning avlodi saltanat
taxtida uzoq muddat o‘tirdilar. Ikkinchisi – Sulton Shihobiddin G‘uriy edi. Uning
o‘zi, qullari va unga tobe bo‘lgan kishilar bu mamlakatda ko‘p yillar podsholik
qildilar. Uchinchisi – menman, lekin mening ishim u podshohlarning ishiga
o‘xshamaydi” (III, 48, 411).
Nega bu shohlarning shuhrati Boburchalik bo‘lmadi? Buning sabablari
ko‘p. Eng muhimi, Bobur ulardan farqli o‘laroq, Hindistonda vatan qurdi. Ona
vatanidan ko‘nglini uzolmay, u yerga qaytolmasligini anglab tursa-da, ko‘nglidagi
niyati so‘nmadi, o‘zi qaytolmasa, farzandlari qaytishini o‘ylab yaratdi bu vatanni.
Andijonda, Samarqandda, Kobulda, Hirotda ko‘zlarining tubiga yashirgan,
ko‘nglida asrab-avaylagan orzularini Hindiston zamini uzra sochdi. Bog‘lar
yaratdi, gulzorlar barpo etdi. Bir faslga yo bir yilga yaraydigan qamish uylar va
boshqa omonat kulbalar o‘rniga baland imoratlar soldi, ariqlar torttirib, hovuzlar
qazdirdi, obodonchilik ishlarini olib bordi. Eng muhimi, elning ko‘ngliga yo‘l
topdi, elning mehrini qozondi.
Zahiriddin Muhammad Bobur qalbi go‘zal, kechirimli donishmand edi.
“Boburnoma”ning mazmuni buni yana bir bor isbotlaydi. Turli mamlakatlar,
kentlar va ularning tabiati, odamlarining hayoti tasvirida nuktadon olim qiyofasida
namoyon bo‘lgan shoh va shoir, ayni paytda, o‘z maqsadiga erishish uchun
farmonlar chiqaradi, qo‘shindagi yigitlarni ruhlantiradi, g‘alabaga da’vat etadi.
Uning qalbidagi judolik iztiroblari, sog‘inch va hasrat ham “Boburnoma” misralari
zaminiga singib ketgan. Biroq shular bilan birga Bobur hayotsevar, nekbin inson
edi. Sog‘inch, hasrat va nekbinlikning uyg‘unlashuvi Boburning katta shaxs
sifatidagi qiyofasini namoyish qiladi.
Bobur she’rlari, yurt firoqida bitilgan ruboiylari bugun ham har qanday
kitobxonning qalbiga kirib bora oladi. Ularda soxta lutf, ortiqcha jimjimadorlik,
eng muhimi, riyo yo‘q. Shoirning mumtoz she’riyatimizda yangicha ruh – Vatan
va unga bo‘lgan ishq ulug‘vorligi yo‘g‘rilgan she’rlari diqqatga sazovordir.
Shu o‘rinda adabiyotshunos olim V. Rahmonovning quyidagi fikrlarini keltirib
o‘tishni joiz deb topdim:,, Badiiy mahorat bobida biror o‘zbek shoiri Bobur bilan
bellasha olmaydi.… uninag mumtoz she’riyatga dadil kiritgan tarjimayi hollik
xususiyati ham Bobur she’riyatini alohida nurlantirib turadi. Ana shu keyingi
xususiyat shoirning vatanparvarlik tuyg‘ulariga jon bag‘ishlaydi” (II, 27, 4).
Darhaqiqat, Bobur ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ko‘pgina she’rlari hasbi
hol mazmunida bo‘lib, mavzu jihatdan vatan va unga bo‘lgan sog‘inch asosiy
o‘ringa chiqadi. Uning ijodida o‘z hayoti bilan baqamtilik sezilib turadi: shoh
sifatida boshiga tushgan qiyinchiliklarni qog‘ozga tushiradi. Zero, vatandan
ayrolik, vataniga hukmdor bo‘lolmagani shoir nazdida o‘z,, xato”laridan biri
ekanligini yozadi:
Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerin qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi (III, 47, 24).
Tarixiy asarlarga nazar tashlar ekanmiz, o‘sha davrda Movarounnahrdagi ijtimoiy-
siyosiy muhit Boburning yurtda uzoq vaqt hukmdorlik qilishiga yo‘l bermagan.
Boburning o‘zi xususidagi yuqoridagi ayblovi esa uning o‘ziga nisbatan
talabchanligidan, kamtar inson bo‘lganidan dalolat beradi. U benihoyat aziyat
chekib, o‘zga yurtga (avval Kobulga) ketishga majbur bo‘ladi. Shoir bu haqda
quyidagi g‘azalda shunday deydi:
El bilmasa holatim, bilur yor,
Holimdin erur Xudoy ogoh.
Kobul sori gar azimat etsang,
Qurbon qilay o‘zni sanga, ey shoh!
Bobur yana o‘tluq oh chekting,
Kuydurmasun elni oh nogoh! (III, 47, 27).
Ko‘rinadiki, Bobur hayotidagi turli qiyinchiliklar, qarama-qarshiliklar,
garchi u zakovat bobida ham munosib tarbiya ko‘rgan bo‘lsa-da, uning aql charxini
yanada o‘tkirlab, donishmandga aylantirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero,
uning ko‘pgina g‘azallarida faylasufona ruh yaqqol namoyon bo‘ladi:
Ulusning ta’nu ta’rifi manga, Bobur, barobardir,
Bu olamda o‘zumni chun yamon – yaxshidin o‘tkardim (III, 46, 37).
U Movarounnahrni tark etgach, ijodida Vatan motivi yanada kuchaydi, alohida
hasratli mazmun kasb etdi. Endilikda vatan tushunchasi ham, g‘urbat va g‘ariblik
tushunchalari ham kengayadi, konkretlashadi. Shoirga ona yurtda qolgan do‘st-u
yor, xesh-u aqrabolar va, hatto, tug‘ilgan o‘lka tabiati, noz-u ne’matlari Vatanni
eslatadi, uning bir bo‘lagi sifatida sog‘inch bilan orzu etiladi, ardoqlanadi:
Qovun birla uzumning hajrida ko‘nglimda g‘am har so‘,
Oqar suvning firoqidin ko‘zimdin har dam oqar suv (III, 34, 11).
Ma’lumki, Bobur adolatli podshoh sifatida, hukmron bo‘lgan yurtlarda ham
adolatli siyosat yuritdi. Xalqni ma’rifatga, bunyodkorlikka chorladi. Ma’naviy
hayotga salbiy ta’sir etuvchi omillardan voz kechib, jamiyat hayotida ularni
ta’qiqlab qo‘ydi. Hind xalqi hayoti va madaniyatining gullab-yashnashiga yuksak
hissa qo‘shdi. O‘zining ilm-u irfoni bilan ma’rifatni yanada rivojlantirdi. Ammo
umr bo‘yi uning xayolini Vatan, unga bo‘lgan intilish band etdi:
Ne yerda bo‘lsang, ey gul andadur chun joni Boburning,
G‘aribing‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydir (III, 46, 19).
Shoir faqat ko‘nglida kechirganini, boshidan o‘tkazganini yozdi. Yozganda
ham ko‘nglining tub-tubida asrab, jamlab, jonu jahoniga aylantirib, keyin yozdi.
Boburning o‘zi qayd etishicha, ko‘p vaqtgacha biror g‘azalini bir yozishda
oxirigacha tugatolgan emas. Chunki u hamisha yo‘lda, jangda – ot ustida bo‘ldi.
Bir bayt yoki ikki bayt ko‘ngilga tugilgach, bu tugun shoir boshidan kechirayotgan
boshqa voqealarga ham bog‘lanib ketgandan so‘ng yechildi. Bunda esa ularning
ma’no ko‘lamdorligi, ta’sir quvvati ortdi, kuchaydi, shu bois she’rdagi dard-hasrat
kitobxon dardiga aylanishi oson kechadi. Kitobxon dardiga aylangan asarlar, asrlar
oshsada o'z qadr-qimmatini yo'qotmaydi. Yaratilgan shu asarlar ta'sirida yuzaga
kelgan hijron dardi, yaratilajak asarlarga ham Boburning qalb tug'yonlari bilan
birga ko'chadi. Boburni umr bo'yi ezib kelgan, ezilib yashashga mahkum etgan
sog'inch hissi o'zbekning sevimli shoiri Sirojiddin Sayyid ijodida ham o'z aksini
topadi:
Vatan nadir – anglang ranj-u ozoridan,
So'rang uni Mirzo Bobur mozoridan.
O'z zuryodin haydab gulshan, gulzoridan,
Dovonlarda bag'ri biryon yurt edi bu... (III, 54, 44)
Mirzo Boburning tahlikali hayotidan, mehr to'la ijodidan ta'sirlangan bir
qator ijodkorlar uning shaxsiyatiga xos chizgilarini o'z asarlari orqali yaratdi. Tele
ekranlarda Bobur siymosi gavdalantirildi. Bu o'rinda , Boburning hayotidan
hikoya qiluvchi qimmatli manbaa "Boburnoma" , muallifning dard to'la qalbini
anglashda, undagi sog'inch tuyg'ularini his qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.
“Boburnoma” mohiyatan vatan haqidagi, uni sevish va qadrlashga bag‘ish-
langan go‘zal asardir. Shu bois, sharqshunos olim A.Samoylovich e’tirof
etganidek, Bobur asarlarini o‘rganish, tarjima qilish va nashr etish burch, sharaf va
baxtdir.
Dostları ilə paylaş: |