Dars kuzatish va tahlil qilish orqali o`quvchilarning umumiy tayyorgarligi, bilim olishdagi faolliklari, fanga bo`lgan qiziqishlari, o`quv materiallari va jihozlar bilan mustaqil ishlay bilishlari, o`qituvchiga bo`lgan munosabatlari aniqlanib, tahlilga tortiladi. Bunda asosiy mezonlar sifatida o`qituvchi tomonidan dars maqsadining to`g`ri qo`yilganligi, o`quv dasturi asosida dars jarayonini to`g`ri rejalashtirishi, materiallarini bilish darajasi, yangi mavzuni tushuntirish jarayonida asosiy g`oyani ajratib olishi, ilmiylik, ko`rgazmalilik tamoyillariga rioya qilishi, darsda hamkorlikka erisha olishi, bilim va ko`nikmalarni o`zlashtirishni nazorat etishi, dars mobaynida vaqtdan unumli foydalanishi va pedagogik muomala madaniyatini egallaganlik darajasi kabi jihatlar inobatga olinadi.
Unutmangki, sifatli dars - bu, o`quvchilar tomonidan samarali o`zlashtirilgan dars.
Dars boshlangandan keyin hech kimning ushbu jarayonga halaqit berishiga yo`l qo`yilmaydi.
Darsning tahlili quyidagi turlarga bo`linadi: 1. Ilmiy tahlil. 2. Psixologik tahlil. 3. Metodik tahlil. 4. Didaktik tahlil. 5. Umumpedagogik tahlil va boshqa tahlillar (yoki bularning hammasini qamrab oladigan kompleks tahlil).
O`qituvchilarning darslarini tizimli tahlil qilish o`qituvchilarga amaliy-metodik tavsiyalar berishga va natijada dars samaradorligining oshishiga xizmat qiladi.
Ta'lim muassasalaridagi fan metodbirlashmalarining asosiy vazifasi o`zaro tajriba almashish asosida ta'lim va tarbiya jarayonining ilg`or pedagogik texnologiyalar asosida samarali tashkil etilishini ta'minlashdan iborat.
Fan metodbirlashmalari ta'lim muassasalarida fan oyliklari, ochiq darslar festivallari jarayonida o`tkaziladigan barcha turdagi mashg`ulotlarning asosan o`rganilishi qiyin yoki murakkab bo`lgan mavzular asosida tashkil etilishini ta'minlaydi.
Har bir fan yo`nalishidagi metodbirlashmalarda "Men o`zlashtirilishi qiyin bo`lgan mavzular bo`yicha darslarni qanday tashkil etaman?" mavzusidagi ochiq muhokamalar tashkil etiladi.
Fan o`qituvchilari astoydil, vijdonan yondashgan holda "Bilimlar bellashuvi"da o`quvchilarining faol ishtirokini ta'minlaydi. "Ustoz-shogird" tizimida, "O`rgan-o`rgat" tadbirlarida chin yurakdan, faol ishtirok etadilar.
II. SINFDA TA`LIM SIFATINI OSHIRISHGA TA`SIR QILUVCHI OMILLARDAN BIRI SIFATIDA "TENGDOSHLAR" TIZIMI JORIY ETILADI Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosarlari, sinf rahbarlari, fan o`qituvchilari bu tizimni joriy etishdan oldin o`quvchilarga "Tengdoshlar" so`zining ma'nosini tushuntiradi, ayniqsa, "teng" so`ziga e'tibor qaratadi.
Sinf o`quvchilarining umumiy bilim saviyasini oshirish uchun bilimi va o`zlashtirish qobiliyati yuqori bo`lgan o`quvchilarga mavzularni o`zlashtirishda qiynaladigan sinfdoshlari biriktiriladi.
Bunda o`quvchilarning uy vazifalarini bajarishi, murakkab (tushunmagan) mavzularni o`zlashtirishida bir-birlariga ko`mak berishini tashkil etish maqsadida yashash manzillari bir-biriga yaqin bo`lgan o`quvchilarni o`zaro biriktirish va ularni sinfda bitta partaga o`tirgizish maqsadga muvofiqdir.
Natijada ayrim fanlarni o`zlashtirishga qiynaladigan o`quvchining fanga bo`lgan munosabati yaxshilanadi, bilimi oshishiga erishiladi, sinfdoshlar o`rtasida o`zaro hamkorlik va bir-biriga hurmat asosida shakllangan muhit yuzaga keladi.
Har bir o`quvchining shaxsiy xususiyatlari, qobiliyatlarini inobatga olgan holda ularga ta'lim-tarbiya berish jarayonini samarali tashkil etish lozim. Jumladan, o`quvchilarda maktab yoshidan boshlab o`z-o`zini boshqarish ko`nikmalarini shakllantirish orqali sinfda sog`lom muhitni yaratish uchun "Tartib posboni" tizimi joriy etiladi.
Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari, sinf rahbari sinfdagi sho`x, jismonan baquvvat, dars jarayoniga halaqit beradigan, yetakchi(lider)lik qobiliyati yuqori bo`lgan o`quvchi bilan ta'sirchan tushuntirish ishlarini olib borib, ular "Tartib posboni" etib tayinlanadi.
Bunda o`qituvchi o`qitishning interfaol usullaridan foydalangan holda o`quvchilarni birgalikda bilim olishga yo`naltiradi hamda "Tartib posboni" vazifasiga tayinlangan o`quvchilarning mas'uliyatlari yuqori ekanligini ta'kidlab, maktab ma'muriyati, sinf rahbarlari va o`qituvchilar ularga katta ishonch bildirganligini tushuntirib ruhlantiradi.
Eng muhimi bu tavsiyalar hisobotbozlik uchun emas, o`quv jarayonini to`g`ri tashkil etish ta'lim sifatini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Pedagogik jamoalar ularga ijodiy yondashgan holda bu tavsiyalar asosida oddiy va ta'sirchan metodlarni ishlab chiqishlari mumkin.