2.
O‘zbekistonda innovatsion faoliyatni rivojlantirish konsepsiyasi
asoslari
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga asosan,
mamlakatimizda intellektual va texnologik salohiyatni oshirishning uzoq
muddatli ssenariylarida asosiy yo‘nalish – innovatsiyalarni rivojlantirish,
korxonalarda innovatsion faoliyat bilan faol shug‘ullanishni rag‘batlantirish
ko‘rsatib o‘tilgan. Bu iqtisodiyotning ustuvor soha va tarmoqlarini innovatsion
rivojlantirishning yangi modellarini shakllantirish imkonini beradigan strategik
milliy innovatsiya tizimini yaratish bilan bog‘liq.
Haqiqatan ham, milliy innovatsiya tizimi ilm-fan, sanoat va jamiyat o‘rtasida
shunday uzviy munosabatlar tizimini shakllantiradiki, unda innovatsiyalar
iqtisodiyotni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, innovatsion taraqqiyot
ehtiyojlari esa ilmiy faoliyat ravnaqini belgilab beradi va rag‘batlantiradi. Shu
bois barcha mamlakatlar milliy innovatsiya tizimiga tayangan holda milliy
raqobatbardoshlikning yuqori darajasiga erishish va saqlab turish siyosatini olib
borishadi.
Milliy innovatsiya tizimining birinchi konseptual poydevori o‘tgan asrning
80-yillarida yaratilgan. Lundvall, Frimen va Nelson uning asosiy maqsadlarini
ta’riflab berishgan. Ularning xulosalari zamonaviy iqtisodiyotni taraqqiy
ettirishning asosiy omili biznesni rivojlantirish manfaatlaridagi innovatsiyalar va
ilmiy tadqiqotlar ekanligi, institutsionallik innovatsion faoliyat mazmuni va
tuzilmasiga ta’sir qiluvchi omil hisoblanishi va ilmiy bilim iqtisodiyotni
rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi to‘g‘risidagi g‘oyalardan iborat bo‘lgan.
Olimlarning umumiy fikricha, milliy innovatsiya tizimini milliy chegaralar
doirasida ilmiy bilimlar va texnologiyalarni ishlab chiqish va kommersiyalash
bilan mashg‘ul, maqsad-vazifalari turlicha bo‘lgan tuzilmalarning, jumladan,
davlat idoralarining integratsiyasi jarayoni va natijasi sifatida e’tirof etish joiz.
165
Ular mustahkam milliy ildizlarga, an’analarga, siyosiy va madaniy xususiyatlarga
ega institutlar majmuasi bilan ta’minlanadi (Y.Kondrateva). G.Goldshteynning
qayd etishicha, samarali milliy innovatsiya tizimini yaratishning muhim sharti
davlat undan asosiy manfaatdor bo‘lishiga, innovatsion faoliyatning ustuvor
yo‘nalishlarini har yili belgilashi va zarur resurslar bilan ta’minlashiga bog‘liqdir.
Bugun har bir mamlakat ilg‘or iqtisodiyot nazariyasiga asoslangan o‘z milliy
innovatsiya tizimini yaratishga intilmoqda. Biz bir necha rivojlangan va
rivojlanayotgan davlatlarning muvaffaqiyatli va kutilgan natijani bermagan
tajribasini tahlil qildik. Pirovardida har qaysi mamlakatda bu tizimni rivojlantirish
strategiyasi amaldagi davlat makroiqtisodiy siyosati, me’yoriy-huquqiy
qonunchilik, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bevosita davlat boshqaruvi shakllari, ilmiy-
texnologik va sanoat salohiyati, ichki tovar va mehnat bozorining holati, tarixiy-
madaniy rivojlanish darajasi bilan uyg‘unlikda belgilanganini aniqladik. Masalan,
Isroil bugungi kunda texnologik jihatdan eng rivojlangan mamlakatlaridan biri
hisoblanadi. Har bir g‘oyani amalda ishlaydigan, doimiy va yuqori daromad
keltiradigan texnologiyaga aylantirish bu yerdagi biznes uchun an’anaga
aylangan. Isroil innovatsiyalar rivojiga sharoit yaratish bo‘yicha Global
Innovation Index – 2017 reytingida 17-o‘rinni egalladi. U bir paytlar
parchalanayotgan sobiq SSSRdan ko‘plab malakali mutaxassislarni qabul qilib,
ilmiy-texnik jihatdan jadal ilgarilab ketdi. 1989-90-yillarda bu mamlakatga 200
mingdan ortiq muhandis va olim ko‘chib kelgan.
Isroilning rivojlanganlik darajasini quyidagi faktlar bilan tavsiflash mumkin:
–
unda har yili 15-20 ta yangi nanotexnologiya yaratiladi va o‘zlashtiriladi,
ular orasida ekologik jihatdan xavfsizlari ham bor. Bu ilm-fan va innovatsiyalarga
xarajatlar yuqoriligi (mamlakat YaIMning 4,4 foizi atrofida) bilan bog‘liq;
–
aholisining malakaviy ma’lumoti bo‘yicha Isroil dunyoda AQSh va
Kanadadan keyin uchinchi o‘rinda turadi;
–
ilmiy unvonlarga ega xodimlar barcha ishlovchilarning 25 foizini tashkil
etadi;
–
har ming kishining 145 nafarini olimlar tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich
Yaponiyada 70 tadan, AQShda 85 tadan oshmaydi;
–
har ming kishiga 109 sahifa ilmiy ish to‘g‘ri keladi;
–
aholi jon boshiga berilgan patentlar soni bo‘yicha Isroil dunyoda birinchi
o‘rinda;
–
mamlakatda aholi umumiy soniga nisbat bo‘yicha qaralsa, dunyodagi eng
ko‘p startaplar to‘g‘ri keladi. Isroil yuqori texnologik va innovatsion korxonalar
soni bo‘yicha AQShdan keyingi yetakchi o‘rinni band etgan. Unda har kuni 12 ta,
yil davomida 4000 dan ziyod shunday korxonalar paydo bo‘ladi;
166
–
Isroil, AQShdagi Silikon vodiysini istisno etganda, dunyodagi yuqori
texnologik korxonalarning eng katta konsentratsiyasiga, ya’ni zich joylashuviga
ega;
–
Isroil
AQShdan
keyin
NASDAQ
birjasida
kotirovkanadigan
korxonalarning eng ko‘p soniga ega;
–
Isroil bir innovatsion korxonaga davlat tomonidan kiritiladigan
investitsiyalar hajmi bo‘yicha jahonda AQShdan keyin ikkinchi o‘rinda;
–
u aholi jon boshiga yangi ochilgan biotexnologik korxonalar soni bo‘yicha
ham eng yuqori foizga ega;
–
Isroil tadbirkorlik rivojlanishi bo‘yicha jahonda uchinchi o‘rinni zabt
etgan. Unda ayollar, 55 yoshdan oshganlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni
egallaydi;
–
Isroil kosmik kemalarni Sharqdan G‘arbga, ya’ni Yer aylanishiga qarama-
qarshi yo‘nalishda uchira oladigan yagona davlatdir. Bu raketalarning dushman
qo‘shni hududlar ustidan uchib o‘tishini istisno etish imkonini beradi.
Umuman, innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyot Isroilga mintaqadagi eng
yuqori turmush darajasini ta’minladi. Aholi jon boshiga YaIM 2014-yili 28,4
ming AQSh dollarini tashkil etdi.
Isroilda turli sohalarda texnologiyalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi
sanoat korxonalari va universitetlar konsorsiumlarini moliyalashtiradigan talay
jamg‘armalar, davlat dasturlari, infratuzilmalar mavjud. Sirasini aytganda, bu
zamindagi innovatsiya tizimi olim va muhandislarga o‘z kashfiyotlari asosida
kichik firma ochishlari, keyinchalik ishlab chiqarishning yangi texnologiyalarini,
ya’ni o‘z innovatsion mahsulotlarini bozorda sotishlari uchun qulay imkoniyatlar
yaratgan.
Biz boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish nihoyasida quyidagi
xulosalarga keldik:
1)
innovatsiyalar iqtisodiyotni rivojlantirishda juda muhim rol o‘ynaydi;
2)
uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni asosan mehnat unumdorligining o‘sishi
ta’minlaydi. O‘z navbatida, bu o‘sish faqat innovatsiyalarni joriy etish orqali
amalga oshiriladi. Bizning hisob-kitoblarimiz bo‘yicha O‘zbekistonda mehnat
unumdorligi taxminan 10,97 dollarga teng. Bu Norvegiya va Lyuksemburg
ko‘rsatkichlaridan 7 baravar, AQShdagidan 6 baravar, Turkiyadagidan 3 baravar,
Rossiyanikiga nisbatan 2 baravar kam demakdir;
3)
mamlakatda qulay tadbirkorlik muhitini yaratmay, samarali innovatsion
rivojlanishga erishish mumkin emas;
4)
qulay tadbirkorlik muhitini shakllantirmasdan innovatsiya loyihalarini
davlat
tomonidan
moliyalashtirishni
kuchaytirish
past
samaradorlik
koeffitsiyentiga ega bo‘ladi;
167
5)
milliy
innovatsiya
tizimi
yaratilishi
ilmiy
tadqiqotlarning
kommersiyalashishi uchun qulay sharoitlar shakllanishiga olib keladi.
6)
innovatsiya tizimlarini tashkillashtirish va ularning amal qilish prinsiplari
xorijiy mamlakatlarda rivojlanish modellariga qarab, har xil darajada farqlanadi.
Mavjud tizimlarni o‘zimizga ko‘r-ko‘rona ko‘chirish kutilgan samarani bermaydi.
Yaxshisi, o‘sha davlatlarda bu institutlar uyg‘un ishlashini va o‘zaro aloqalarni
o‘rnatish mexanizmini o‘rganish kerak.
7)
muvaffaqiyatli innovatsion rivojlanishning bosh omili iqtisodiyotga yangi
texnologiyalarni singdirish qobiliyati (absorbtion ability) bo‘lib, bu innovatsiyani
o‘zlashtirish va qo‘llash uchun qulay muhit yaratilishidan dalolat beradi.
8)
O‘zbekiston Milliy innovatsion tizimiga juda o‘xshash tuzilmaga ega
Belarus milliy innovatsiya tizimi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, rivojlanayotgan
iqtisodiyot sharoitida tadbirkorlik sektoriga tadqiqotlar olib borish uchun budjet
mablag‘larini ajratish innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishda
tez natija beradi.
9)
Qozog‘iston tajribasidan ma’lum bo‘lishicha, moliyalashtirishning
venchurli mexanizmini joriy etish murakkab vazifa bo‘lib, jiddiy harakatlarni,
o‘zgarishlar va vaqtni talab etadi.
10)
AQShning ushbu yo‘nalishdagi tajribasi yuqori ichki raqobat
iqtisodiyotda o‘z-o‘zidan innovatsiya korxonalari mustaqil ravishda paydo
bo‘lishiga olib kelishini, yuqori malakali mutaxassislar (ya’ni, universitetlar)
qulay makon (laboratoriyalar, ilmiy-tadqiqot institutlar)da va qulay muhit
(innovatsion klasterlar)da barakali ishlashini va innovatsiyalarni rivojlantirishini
isbotladi.
11)
Yevropa Ittifoqida shuni ko‘rish mumkinki, faol moliyalashtirish
(YaIMning kamida 3 foizi miqdorida) innovatsiya salohiyatini, unga a’zo
mamlakatlar iqtisodiyoti rivojlanishini kuchaytirdi.
12)
Germaniya tajribasi bilvosita qo‘llab-quvvatlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri
boshqarishdan samaraliroq bo‘lishini, ilm-fan, ishlab chiqarish va bozorning
integratsiyalashuvi mamlakat innovatsiya tizimi elementlari hamkorligining eng
samarali shakli ekanligini, har bir investitsiya innovatsion yo‘naltirilgan
bo‘lishiga harakat qilish kerakligini ko‘rsatdi.
13)
Buyuk Britaniya tajribasiga qaraganda, hozirgi iqtisodiyotda fanlararo
tadqiqotlar va ishlanmalarning natijadorligi tor yo‘nalishli loyihalarnikiga
nisbatan yuqoriroqdir.
14)
Finlyandiya tajribasiga asoslansak, siyosatni tubdan o‘zgartirib,
mamlakatni taraqqiyotning innovatsiya yo‘liga burish qisqa fursatda uni
dunyodagi yetakchi iqtisodiyotlardan biriga aylantirishi mumkin.
168
15)
Isroil innovatsion mahsulotlarni kommersiyalashtirish va bozorga
chiqarish uchun eng qulay sharoitlar yaratgan mamlakatdir.
Xulosalar va rivojlangan mamlakatlar tajribasini o‘rganish asosida biz
iqtisodiyotni innovatsion yo‘l bilan uzoq muddatli rivojlantirish, 2017-2021-
yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining “Iqtisodiyotni rivojlantirish va
liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari”da belgilangan chora-tadbirlarni
samarali amalga oshirish, Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida tasdiqlangan
“Davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari,
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish”ga qaratilgan
davlat siyosatini qadam-baqadam izohlab beradigan konsepsiya ishlab chiqdik. U
10 ta pog‘onadan iborat. Marhamat, tanishing.
Dostları ilə paylaş: |