PARDOZBOP NOYOB METALLAR VA ULARNING QOTISHMALARI Sanoat qurilishida shunday obyektlar borki, u yerdagi sharoit uchun katta talablar qo‘yiladi va, shu bois maxsus xossalarga ega bo‘lgan metallarni ishlatish kerak bo‘ladi. Ishlatiladigan qotishmalarning asosiy qismini titan, sirkoniy, vanadiy, gafniy, niobiy, tantal, molibden, volfram, germaniy va boshqalar tashkil etadi.
Titan ko‘rinishidan po‘latga o‘xshaydi. Zichligi 4500 kg/m3, erish harorati 1725°C. Titan legirlangan metall bo‘lib, uning mustahkamligini va o‘tga chidamliligini yanada oshirish maqsadida titan eritmasiga po‘lat qo‘shiladi. Titanning nodirligi shundaki, uning mustahkamligi, qattiqligi, o‘tga bardoshligi po‘latga nisbatan yuqori, shu bilan birga zichligi po‘latdan ikki barobar kichik. Aluminiydan biroz og‘ir, ammo mustahkamligi 5-6 barobar katta, harorat 200°C gacha sovitilganda ham, uning kislotaga ishqorga, tuzga, xlorga va oltingugurtga chidamliligi kamaymaydi.
Titan rudasi (tog‘ jinsi) qazilma boyliklari AQSh, Meksika, Rossiya (Ural), Kanada, Hindiston kabi davlatlarda topilgan. Titan mustahkam va yengil bo‘lganligi sababli kosmonavtika texnologiyasida keng ishlatiladi. Maxsus flyuslar yordamida titanni elektr yoy va elektr toshqol usullari bilan payvandlash usullari ishlangan.
Sirkoniy — cho‘zilishdagi mustahkamligi juda yuqori (100 MPa) kislota, ishqor va tuzli muhitga chidamli nodir metall. Uning zichligi 6500 kg/m3, erish harorati 1857°C. Mis va sirkoniy aralashmasidan turli qotishmalar va legirlangan po‘lat olishda ishlatiladi.
Vanadiy — oqish kumushsimon metall, zichligi 6020 kg/m3, erish harorati 1720°C ga teng bo‘lgan, tuzli suvda zanglamaydigan nodir metalldir. Vanadiy po‘lat eritmasiga qo‘shilgan legirlangan metall. Vanadiy bilan mis eritmasidan a’lo sifatli bronza olinadi.
Tantal— juda qattiq, zichligi 16600 kg/m3, erish harorati 3000°C ga teng qotishma. Tantal, asosan elektrvakuum uskunalarida maxsus qotishma sifatida ishlatiladi.
Molibden — oq, yaltiroq, juda qattiq, zichligi 10320 kg/m3, erish harorati 2570—2600°C ga teng nodir metall. Asosan maxsus qotishmalar olishda legirlovchi element sifatida ishlatiladi.
Volfram — kumushsimon oqish rangdagi, juda qattiq, zichligi 19000—20000 kg/m3, erish harorati 3370 50°C ga teng bo‘lgan nodir metalldir. Maxsus xususiyatga ega bo‘lgan yuqori sifatli po‘latlar hamda qattiq qotishmalar olishda ishlatiladi.
Temir uni.Bir jinsli yoki har xil temir aralashmalarini maydalab olingan kukunni eritgunga qadar qizdirib yoki qisman erigan holatda yuqori bosimda zichlab olingan buyumga temir kukunli yoki temir-sopol ashyolar deb ataladi. Hozirgi vaqtda temir va notemir ashyolardan olingan kukunni zichlab, har xil shakldagi buyumlar olish texnologiyasi keng rivojlanmoqda. Ayniqsa, qolipga joylangan temirni erigunga qadar qizdirib olingan uzun buyumlar sanoatda ko‘p ishlatilmoqda. Temir kukunli texnologiya asosida olingan buyumlarning hajmiy g‘ovakligi 40—45% ga teng, tolali temirlardan ishlangan buyumniki esa 80% dan kam bo‘lmaydi. Temir tolali buyumlardan yuqori haroratda tovushdan va tebratma uskunalardan chiqadigan shovqindan muhofaza qilishga mos buyumlar ishlanadi. Nodir, o‘tga chidamli temir kukunlaridan ishlangan qismlarni sanoatda tutgan o‘rni alohida ahamiyatga ega. Ayniqsa, volfram, molibden kukunlari bilan sopol aralashmalaridan olingan qotishmalar eng samarali ashyolar guruhiga kiradi. Bundan qotishmalarni o‘tga chidamli karbid va kobalt kukunlari bilan o‘zaro aralashtirib erigunga qadar qizdirib, keyin zichlab olinadi. Shuningdek, qotishmalar tarkibida karbid, titan, volfram kabi nodir metall kukunlari ham bo‘lishi mumkin. Natijada, olmos singari qattiq, erish harorati 800—1000°C bo‘lgan qotishmalar hosil bo‘ladi.