ASHYOLAR Plastmassa quvurlar. Keyingi vaqtlarda vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarida plastmassa quvurlar ko‘plab ishlatilmoqda. Bunday quvurlarning zanglamasligi, kislota va ishqorlar ta’siriga chidamliligi, bo‘yab turishni talab qilmasligi bilan po‘lat va cho‘yan quvurlardan farq qiladi. Bunday quvurlarni yotqizish va montaj qilish metall quvurlarga qaraganda qulay va arzondir.
Viniplast quvurlar— plastifikator va maxsus to‘ldirgichlar qo‘shib tayyorlangan polivinilxlorid smoladan olinadi.
Viniplast quvurlar o‘zining zanglashga chidamliligi, pishiqligi va yengilligi tufayli gaz va neft quvurlari, oqova suv shaxobchalari, shamollatish sistemalarini montaj qilish va zararli suyuqliklarni, gazlarni va kimyoviy reaktivlarni uzatishda ishlatiladi.
Polietilen quvurlar.Polietilen quvurlar o‘zining yuqori fizik-kimyoviy xossalari tufayli xilma-xil joylarda ishlatiladi.
Quvurlar tayyorlash uchun polietilendan keng foydalanilayotganligiga asosiy sabab shuki, u yengil, zanglashga chidamli, oqib o‘tayotgan suyuqlik harakatiga kam qarshilik ko‘rsatadi, kislota, ishqorlar ta’siriga chidamli va elastik. Polietilen quvurlar viniplast quvurlardan 1,5 marta, po‘lat quvurlardan esa 10 marta yengil. Ularni 50 yilgacha bemalol ishlatish mumkin.
Faolit quvurlar.Faolit — fenolformaldegid smola asosida olinadigan zichlangan ashyo. U uchun to‘ldirgich sifatida asbest, grafit, kvars qumi va maydalangan koks ishlatiladi. Faolit quvurlar kislotalar (xlorli va ftorli vodorod) ta’siriga chidamli. Shuning uchun ular kimyo sanoatida zararli suyuqliklarni uzatishda ishlatiladi.
Shishaplastik quvurlar —Qurilishda ishlatiladigan quvurlar ichida asosan bosimsiz ishlaydigan quvurlar, sanoat binolarida shamollatish kanallari, vanna, rakovina, idish-tovoq yuvadigan baklar va boshqalarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.
Shishaplastik quvurlar 150°C va undan ortiq haroratga chidaydi. Ular poliefir smolalardan olinadi. Ulardan suv inshootlarida va kimyoviy suyuqliklarni uzatishda ham foydalaniladi.
Uzunasiga o‘lchanadigan buyumlar deganda plintuslar (pol yoki devor o‘rtasidagi chokni berkitib turuvchi uzun taxtalar), zinapoya tutqichi, chaspak (nalichniklar), eshik va oyna bloklari ham ko‘zda tutiladi.
ПВX dan tayyorlangan, uzunasiga o‘lchanadigan buyumlar, plintus, dasta va zinapoyachalar uchun nakladkalar tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Plintuslar burama mix yordamida mahkamlanadi, ashyoning silliq sirtidagi iflos dog‘lar oson artiladi, qo‘shimcha bo‘yashni talab qilmaydi. Murakkab shakldagi plintuslarda radio va telefon simlari uchun naychalar qoldirilgan bo‘ladi.
Zinapoya tutqichini o‘rnatish va uni mahkamlash juda oson, qo‘shimcha mehnatni talab qilmaydi, sirti to‘g‘ri va silliq, qo‘l bilan ushlash qulay. Zinapoya tutqichlari oq, ko‘k, zangori, havorang, pushti, qizil, kulrang, jigarrang, qora va h.k. bo‘lishi mumkin. Chaspak (nalichnik) eshik, deraza, ayniqsa pardadevor tirqishlarini berkitishda ishlatiladi.
Nashelniklarsantexnika uskunalari bilan devorlar o‘rtasidagi tirqishlarni berkitishda ishlatiladi. Shuningdek, devorlar o‘rama ashyolar va plitkalar bilan qoplanganda qoladigan choklarga ishlov berish va devorbop yirik panelli binolarning ulanish joylari va choklariga ishlov berish uchun ishlatiladi. Undan tashqari, deraza, eshiklar va yirik panelli devor choklarini zichlashda ishlatiladigan qistirmalar tayyorlanadi. Karnizlar devor bilan shiftning tutashgan burchaklarini bezashda ishlatiladi. Bunday buyumlar bo‘tqa, burama mix yordamida asosga mahkamlanadi yoki issiq havo vositasida payvandlanadi.