Qurilish qorishmalari tarkibidagi to‘ldirgichlarning o‘zaro aralashuvida ularning mayinligini oshirish va ishlatilgandan keyin uning suv o‘tkazmasligini yaxshilash, nam sharoitda mustahkamligiga putur yetkazmaslik, xullas o‘ziga suv yuqtirmaslik xususiyatiga erishish bino va inshootlarning chidamliligini oshi- rishda katta ahamiyat kasb etadi.
Qurilish qorishmalarining mayin, qovushqoq bo‘lishida o‘ziga nam yuqtirmaydigan kremneorganik (KO) suyuqliklar keng ishlatiladi. Bunday suyuqliklar ikki usulda ishlatiladi: 1) qorishma tayyorlayotganda uning tarkibiga qo‘shish yoki 2) suvoq qilingandan keyin uning yuzasiga surtish.
KO birikma eritmasi suyuq holatda suvoq yuzasiga surtiladi va natijada g‘isht yoki sement qorishmaga 7—
10 mm chuqurlikka qadar shimiladi. Ashyodagi g‘ovak va naychalarni to‘lg‘izgan suyuqlikdan eritma bug‘lanib ketadi va KO polimer birikma uning devorlarini yupqa parda bilan qoplab suv yuqtirmaydigan qiladi. Ammo, suvoq qatlamining havo va bug‘ o‘tkazuvchanligini kamaytirmaydi. Mustahkamligini bir ozgina oshiradi.
Qurilishda eng ko‘p tarqalgan KO suyuqliklarga ГKЖ-10, ГKЖ-11 va ГКЖ-94 larni kiritish mumkin.
Barcha qurilish ashyolari namlanuvchan (gidrofil) va o‘ziga suv yuqtirmaydigan (gidrofob) guruhlarga bo‘linadi. Bunday xususiyatga ega bo‘lishligi ashyolarning kimyoviy tarkibiga bog‘liq. Masalan, ashyo yoki undagi zarrachalar yuzasi gidroksid (OH) yoki kislorod (O) va azot (N) atomlari anionlaridan tashkil topgan bo‘lsa u suv va namni osongina o‘ziga yutadi. Namlanish xususiyati ashyodagi g‘ovak va naychalarning suvni o‘ziga tortish qobiliyati bilan o‘lchanadi.
O‘ziga suv yuqtirmaydigan moddalar bilan surtilgan ashyo yuzasida o‘zaro molekulalar bog‘lanishi bo‘ladi va natijada unga suv yuqmaydi, yuzasidagi suv tomchisi osongina tushib ketadi. Masalan, KO moddalar, uglevodorodlar (parafin, bitum mahsulotlari va h.k.) bilan ishlangan qurilish ashyolari o‘zidan suvni itarish xossasiga ega.
Qattiq jismlarni suvga shimilish darajasi, ularning yuzasiga suyuqlikning yopishish (adgeziya) qobiliyati va molekulalarni o‘zaro bog‘lanish (kogeziya) kuchi bilan aniqlanadi.
Agar suyuqlik bilan qattiq jism yuzasidagi molekulalarning o‘zaro tortish kuchi suyuqlikdagi molekulalarning tortish kuchidan katta bo‘lsa, jism osongina suvga shimiladi. Aks holda, qattiq jism bilan suyuqlik molekulalari bir-birini o‘zidan itaradi, natijada suvni o‘ziga yuqtirmaydi.
Qattiq jismlarni namlanish va suv shimuvchanlik darajasi namlanish burchagi orqali ifodalanadi. Buning uchun jism yuzasi bilan suyuqlik tomchisi orasidagi burchak aniqlanadi. Namlanish burchagi 0° va 180° ga teng bo‘ladi. Agar bu ko‘rsatkich 0° bo‘lsa, jism suvga oson shimiluvchan, 180° bo‘lsa, o‘ziga suv yuqtir- maydigan deb ataladi.
Shunday qilib, namlanish burchagi qanchalik kichik bo‘lsa, jism ushbu suyuqlikda oson shimiluvchan bo‘ladi. Undagi g‘ovaklar va naychalarga suyuqlik osongina kirib shimiladi.
Agar qurilish ashyolari, buyumlari yoki ular yuzasidagi g‘ovak va naychalar suv yuqtirmaydigan KO suyuqliklar bilan ishlangan bo‘lsa, ularni suv shimuvchanligi, suv o‘tkazuvchanligi sezilarli darajada kamayadi, mustahkamlik xossalari esa yaxshilanadi. Masalan, g‘ovaklarining o‘rtacha diametri 10 mk ga teng sement:ohak:qum tarkibli suvoq yuzasi KO suyuqlik bilan surtilgan bo‘lsa, kuchli bo‘ron yomg‘iri ta’sirida ham bunday suvoq namlanmaydi. Bunda yomg‘irning suvoq yuzasiga ta’sir etuvchi gidrostatik bosimi o‘rta hisobda 200-400 mm li suv ustuniga teng bo‘ladi.
Qurilish qorishmalari tarkibidagi samarali suyuqlik ГKЖ-10 va ГKЖ-11 larning quruq holatdagi miqdori sement yoki ohak og‘irligiga ko‘ra 1,5% dan kam bo‘lmasligi kerak. Qovushqoqlikni oshiruvchi KO suyuqliklar qorishmaning suv shimuvchanligini va suv o‘tkazuvchanligini kamaytiradi. ГKЖ-11 ning samaradorligi ГKЖ-10 ga nisbatan pastdir. Qurilish qorishma xossalariga KO suyuqliklarning ta’siri 7.3- jadvalda ko‘rsatilgan.
Agar suvoqbop qorishma tarkibi o‘zgarsa, ГKЖ suyuqliklarni qorishma xossalariga ta’siri ham o‘zgaradi. Har xil tarkibdagi (sement : ohak : qum) suvoqbop qorishmalariga 1,5% miqdorda qo‘shilgan ГKЖ suyuqliklarni ularni suv shimuvchanligi va suv o‘tkazuvchanligiga ta’sirini 7.4-jadvalda ko‘rish mumkin.
Jadvaldagi ko‘rsatkichlarga ko‘ra zich tuzilishga ega bo‘lgan suvoqbop qorishmalarga qo‘shilgan ГKЖ suyuqlik ularni suv shimuvchanligi bilan suv o‘tkazuvchanligini sezilarli darajada kamaytiradi.
7.3-jadval