Muvofiqlashtirish — tizimning komponentlari o‘rtasida bog‘lanishni o‘rnatish, ishlashida hamjihatlik va kelishuvni tashkil etish, reja va topshiriqlarni bajarishda tezkor dispetcherizatsiya bo‘yicha, menejmentning markaziy funksiyasi bo‘lib hisoblanadi. Bu eng murakkab funksiyalardan biri bo‘lib, odatda, menejerlar tomonidan bajariladi. U tashkilotning menejment tizimi ishlashi samaradorligiga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi muhit omillari o‘zgarishini o‘rganib chiqishga va menejment tizimi parametrlarini tashqi muhit talablariga keltirish choralarini ko‘rishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bu tuzatishlar kirituvchi choralarni ishlab chiqish va aniqlangan chetga chiqishlarni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlovchi qarorlarni amalga oshirish jarayonidir. Tuzatishlar kiritish vazifasi — tashkilotning maqsadlariga o‘z vaqtida va samarali erishilishini ta’minlash maqsadida reja topshiriqlarini, normativlarni, standartlarni yangilashdan iborat.
Boshqaruvni har qanday jarayonining umumiy funksiyalari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lanish 14.3- chizmada keltirilgan.
Sxemadagi yo‘nalishli chiziqchalar shuni ko‘rsatadiki, rejalashtirish bosqichidan nazorat bosqichigacha bo‘lgan harakatni faqat jarayonni tashkil etish va ishlayotganlarga mehnatni asoslash yo‘li bilan amalga oshirish mumkin. Bunda qolgan barcha funksiyalarning kelishuvini va hamjihatligini ta’minlovchi muvofiqlashtirish funksiyasi markaziy o‘rinni egallaydi.
O‘zaro bog‘langan funksiyalarning har bir juftligi „maqsad — vosita“ siklida ishlovchi boshqaruv qarorlarining yopiq konturini ifodalaydi.
„Rejalashtirish“ konturida jarayon, ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar va rejalashtirilgan resurslar rivojlanishning belgilangan maqsadlariga erishilishini shak-shubhasiz ta’minlashi sharti bilan o‘z nihoyasiga yetadi. Aks holda boshlang‘ich maqsadlarga tuzatish kiritilishi kerak.
„Tashkilotchilik“ konturida belgilangan reja topshiriqlarini albatta va eng samarali bajarilishini ta’minlovchi tashkiliy yechim (usul)larni izlash amalga oshiriladi.
„Nazorat“ konturida qabul qilingan sharoitlarda reja topshiriqlarining bajarilishini borishi va yuzaga keladigan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qarorlarni ishlab chiqilishi ustidan uzluksiz kuzatuv amalga oshiriladi.
Boshqaruv konturi modelining ijrosi, qaytar aloqa signali bo‘yicha komparator yordamida amaldagi ma’lumotlarni rejalashtirilgan ma’lumotlar bilan taqqoslash, amaldagi holatni baholash, chetga chiqishlarni aniqlash, tuzatish kirituvchi choralarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish imkonini beradi.