Tashkilotning maqsadi — bu ko‘rsatilgan vaqt davomida barcha xodimlar tomonidan muvofiqlashtirilgan harakatlar bilan erishish mumkin bo‘lgan istalgan holat yoki natija.
Maqsadlarni ifodalash ularning xususiyatlarini va ularga qo‘yiladigan talablarni aniq tushunilishini taqozo etadi.
Tashkilotning maqsadlarini turli mezonlar bo‘yicha tasniflash mumkin, ularning ichida vaqt davri, takrorlanish va ustuvorlik mezonlari yetakchilik qiladi.
Vaqt davriga qarab maqsadlar strategik (5—10 yillik davri uchun), taktik (5 yilgacha), tezkor (operativ) maqsadlarga ajratiladi. Ustuvorlik darajasi bo‘yicha maqsadlar zudlik bilan amalga oshiriladigan va muhim maqsadlarga, takrorlanishi bo‘yicha esa — doimiy, davriy takrorlanadigan va bir martalik maqsadlarga ajratiladi. Doimiy va davriy takrorlanadigan maqsadlar uchun, odatda, standart axborotlardan foydalangan holda, ya’ni rasmiy deb ataluvchi yondoshish asosida uslubiyot ishlab chiqiladi. Yangi yoki bir martalik maqsadlarga erishish uchun yangidan uslubiy asboblar yaratiladi, mutaxassislar o‘qitiladi, yangi resurslar izlab topiladi.
Maqsadlarning dekompozitsiyasi har qanday tadqiqot obyektlarini dekompozitsiyalash quyidagi: teng huquqli bo‘ysunish, kesishmaslik, birlik, to‘liqlik qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi
Maqsadlar bir qator xususiyatlarga: aniqlik (aniq ifodalangan yakuniy natija); erishish imkoniyati; vaqt bo‘yicha belgilanganligi (bajarish muddatlari); miqdoriy jihatdan o‘lchanishi; mantiqiyligi (mazmuni bo‘yicha bir ma’noni anglatishi, qarama-qarshi talqinlarning istisno etilishi); muxtasarlik; samaradorlik (natija va foyda berishi).
Muddatlarning belgilanishi, maqsadlarning aniqlashtirilishi va miqdoriy jihatdan ifodalanishi maqsadni mo‘ljallangan muddatga bajarilishi darajasini nazorat qilish imkonini beradi.
Menejmentning zamonaviy konsepsiyalari farmatsevtika tashkilotlarining rahbariyatini aholining farmatsevtika yoki dorixona turidagi boshqa tovarlarga va umuman farmatsevtika yordamiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish imkonini beruvchi umumiy (bosh) maqsadlarning qo‘yilishiga yo‘naltiradi.
Farmatsevtika tashkiloti oldida turgan umumiy maqsadlarni, kutilayotgan natijalarini ko‘rsatgan holda, aniq ifodalangan vazifalarga aylantirish zarur. Odatda, maqsadlar va vazifalar tashkilotlar faoliyatining turli funksiyalariga tegishli bo‘ladi.
Maqsadlar tizimini ishlab chiqishning qulay va amalda sinovdan o‘tkazilgan asbobi sifatida modellashtirishdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Boshqaruvning turli darajadagi maqsadlarini yagona majmuaviy tizimga tartibga solish modeli „maqsadlar daraxti“ deb ataldi.
„Maqsadlar daraxti“ qurish jarayoni bir nechta ketma-ket qadamlarni o‘z ichiga oladi:
1) daraxtning uchini — tashkilotning umumiy maqsadini belgilash;
2) faoliyatning yo‘nalishi bo‘yicha darajalarni shakllantirish (yoki maqsadlar dekompozitsiyasi). Har bir keyingi daraja shunday shakllantiriladiki, u o‘zidan yuqoriroq darajadagi maqsadga erishilishini ta’minlashi lozim;
3) „Daraxtning har bir shoxi“ maqsadga erishish usulini emas, balki qandaydir ko‘rsatkich bilan ifodalangan aniq yakuniy natijani aks ettiradi.
Ushbu grafikli modellashtirish uslubining mohiyati shundan iboratki unda ifodalab berilgan yakuniy (bosh) maqsad va unga erishish uchun kerakli chora-tadbirlar yaqqol aks ettirilgan sxemaga ega bo‘lamiz. Modelni yasash quyidagi qoidalar bo‘yicha amalga oshiriladi:
· chizma tepadan pastga yasaladi;
· faoliyatning yakuniy natijasi sifatida ifodalangan bosh maqsad modelning cho‘qqisi bo‘lib hisoblanadi;
· bosh maqsadni iyerarxiyaning pog‘onalari bo‘yicha yarim maqsadlarga bo‘lib yuborish;
· har bir yarim maqsad rejalashtirilgan chora-tadbir sifatida ifodalanadi;
· har bir quyi pog‘ona o‘zidan yuqori pog‘onaning maqsadlariga erishilishini ta’minlashi lozim;
· har bir pog‘ona doirasida yarim maqsadlar bir-biridan mustaqil bo‘lishi kerak;
· dekompozitsiya pog‘onalarining soni bosh maqsadning ko‘lami va murakkabligiga bog‘liq bo‘ladi;
· „ maqsadlar daraxtining poydevori“ aniq vazifalar va ishlar ko‘rinishida ifodalangan yarim maqsadlardan iborat bo‘lib, ularni belgilangan muddatlarda sifatli bajarish yoki miqdoriy jihatdan o‘lchash (baholash) mumkin.
Vazifalarni shakllantirish tamoyillari:
· vazifalar aniq, tekshiriladigan, relevant, bajariladigan, miqdoriy jihatdan (foizlarda, o‘rtacha indekslarda, standart cheklanishlarda, korrelatsion bog‘lanishlarda va hokazo) o‘lchanadigan bo‘lishi lozim;
· har bir vazifa faqat bitta natijani ko‘zda tutishi kerak;
· vazifalar xodimlarni maqsadga erishishga rag‘batlantirishi, ularning ko‘magidan foydalanishi lozim;
· vazifalarni va ularning bajarilishini hisobga olish.
Odatiy tasavvurga nisbatan bu tuzulma ildizi (bosh maqsad) tepaga, shox-butasi esa ag‘darilib pastga qaratilgan daraxtni eslatadi.
Maqsadlar iyerarxiyasi farmatsevtika tuzulmasi bilan bevosita bog‘liqdir. Maqsadlar iyerarxiyasining pog‘onalarini tashkiliy tuzulmani yasashning turli tamoyillari asosida ajratib ko‘rsatish mumkin.
Funksional bo‘lish asosida shakllantirilgan tashkilotlar uchun „maqsadlar daraxti“ 14.4- chizma bo‘yicha yasaladi.
Ushbu turdagi modellardan foydalanish, menejerga farmatsevtika tashkilotini rivojlantirishning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy asoslangan harakatlar dasturini tuzib chiqish va uni amalga oshirish imkonini beradi.
O‘zaro bog‘liq bo‘lgan, bajarilishiga juda qisqa muddatlar ajratilgan ishlar majmuasi boshqaruvini maqbullashtirish uchun tarmoqli modellar (grafiklar) yasalishidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Тarmoqli rejalashtirish uslubi reklama tadbirlari, ko‘rgazmalar, yarmarkalar, moliyaviy, tijorat, tashkiliy va nazorat tadbirlarini tayyorlash va o‘tkazishda; mayda chakana savdo tarmog‘ining kalendar rejalarini ishlab chiqishda; tovar yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni tuzishda; xonalar va ko‘pgina boshqa komplekslarni kapital va joriy ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish ishlarini bajarishda ko‘proq samara beradi.
Tarmoqli rejalashtirish va boshqaruv uslubidan foydalanish tarmoq grafiklarini hisoblab chiqarish, yasash va tahlil qilishga asoslanadi. Rejalashtiriladigan ishlarni grafiklari va tahliliy yozuvi tarmoqli modellarni tasvirlashning eng ko‘p tarqalgan usuli bo‘lib hisoblanadi.
Grafikli modelda qilinishi lozim bo‘lgan ishlarning mantiqiy ketma-ketligi, ularning o‘zaro bog‘lanishi va davomiyligi yaqqol aks ettiriladi. Тarmoqli modellarni asosiy (kritik yo‘li, voqealarning davomiyligi va boshqalar) parametrlarining tahlili vaqt sarflarining zaxiralarini aniqlash va qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun ulardan tezkorlik bilan amalda foydalanish imkonini beradi.
Dostları ilə paylaş: |