Jihoz: To’rtta so’zlar to’plami.
Inson xotirasining tiplari sof holda juda kam uchraydi. Ko’p hollarda ular bir-biri bilan qo’shilib ketgan bo’lib, ulardan biri boshqasiga nisbatan yetakchilik qilishi mumkin.
Ana shu yetakchi xotira tipini aniqlash uchun qatorning ushlab qolingan a’zolari metodidan foydalaniladi. Bu metodning mohiyatiga ko’ra tekshiriluvchiga qator so’zlar o’qib beriladi, so’zlardan esda qoldirilganlarini qayta esga tushirib aytib berishi kerak. Xotirada qoldirilgan so’zlar soni (m) ni hisoblab, qayta esga tushirish koeffisiyentini (K) topish mumkin.
Yetakchi xotira tipini aniqlash uchun qo’zg’atuvchi material turli usulda ko’rsatilishii mumkin. (ko’rish, eshitish, yoki aralash). Tekshiruvchi materialni ko’rsatishi, o’qib berishi, yoki tekshiriluvchiga materialni o’qib berilayotganda pichirlab takrorlab turishi, havoda qo’li bilan yozib turishiga ham ruxsat berilishi mumkin. Har bir sinovdan so’ng tekshiriluvchi eslab qolgan so’zlarini tartibidan qat’iy nazar varaqqa yozib chiqadi.
Tajriba natijalarini tahlil qilishda qayta esga tushirish koeffisiyenti taqqoslanib, xotiraning yetakchi tipi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Ishning borishi: Tajriba yakka holda yoki guruh sharoitida o’tkaziladi va u to’rt bosqichdan iborat. Har bir bosqich o’rtasida 10 minutdan tanaffus qilinadi.
Birinchi bosqich. Tekshiruvchi tekshiriluvchiga so’zlarni o’qib beradi. Har bir so’z o’rtasida 5 sekundlik oraliq mavjud bo’lib, qator o’qib bo’lingandan so’ng tekshiriluvchi bayonnomaga esda olib qolgan so’zlarini yozadi.
Tekshiriluvchiga ko’rsatma: «Men sizga hozir bir qator so’zlarni o’qib beraman. Ularni yaxshilab diqqat bilan eslab qoling. Men bergan buyruqdan so’ng esda qoldirilgan so’zlarni bayonnomaga yozing».