G‘oya davrning mohiyatini ifodalovchi kategoriyadir. Qadimgi davr falsafasining asosiy tamoyili ana shu g‘oyalar tizimini ishlab chiqish edi. U tafakkur salohiyatini ishga solish asosida paydo bo‘ladi. Falsafiy dunyoqarash insonlar ma’naviy hayotini yangi bosqichga ko‘taradi. Natijada dunyoni aql "ko‘zi", tafakkur salohiyati bilan o‘rganish boshlanadi, ya’ni dunyoni ilmiy tushunishning zamini yaratiladi, uni estetik idrok etishga rag‘bat paydo bo‘ladi.
SHunday qilib, falsafa, falsafiy dunyoqarashning paydo bo‘lishi bilan inson kundalik turmush tashvishlarini o‘ylashdan o‘zligini va o‘z mohiyatini tushunishga, hodisalar dunyosini bilishdan g‘oyalar dunyosini anglashga o‘tadi. Buyuk, ezgulik g‘oyalari davr talabi, millat ehtiyoji asosida paydo bo‘ladi va ular bag‘ri keng, salohiyatli, etuk shaxslar tomonidan maydonga tashlanadi.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov milliy g‘oya to‘g‘risida gapirar ekan, bu g‘oya davrimizning asosiy mohiyati, millatning umid-istaklari, maqsad va vazifalarining fundamental tomonlarini ifoda etganini ko‘ramiz. Bu "Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot" barpo etishdek asosiy maqsadlarimizning konsepsiyasi ifodasidir.
Odamlarni ezgu maqsadlarga intilib, izlanib, tashabbuskor bo‘lib, yonib yashashga da’vat etish falsafiy tafakkurning asosiy xususiyatidir. Falsafiy etuklik, ulug‘ g‘oyalar o‘z millatini ardoqlaydigan, qalbi pok insonlar tafakkuriga xosdir.
"Faylasuf o‘z xalqining ra’yini, o‘z xalqida bo‘lgan eng yaxshi fazilatlarni ifodalagan bo‘lishi kerak. Faylasufning xulq-atvori, axloqi ham o‘z kasbiga loyiq bo‘lishi kerak... Faylasuf bo‘lmoqchi bo‘lgan odam o‘z axloqi va xislatlari bilan bu aytilgan shartlarga javob bera olsa, shundan keyin, u falsafa bilimini o‘rganishga va uni boshqalarga o‘rgatishga kirishuvi mumkin". Buyuk millat bo‘lish xalq qanday bo‘lishi, demakki, har bir inson qanday bo‘lishi kerakligi bilan chambarchas bog‘liq. Buyuk millat buyuk g‘oyalar bilan yashaydi. YAngi zamon yangi g‘oyalar tantanasi bilan olg‘a qarab ketadi. Biz kelajagi buyuk davlat tomon ketayotgan ekanmiz, bu yo‘l orzu - umidlarimiz, ezgu- niyatlarimiz tantanasi namoyon bo‘lishi asosida boradi. Demak, bugungi kunda ana shu yuksak g‘oyalarni amalga oshirish, ommaga etkazish masalasi kun tartibiga quyilgan ekan, bu g‘oyalarni buyuk kuchga aylantirib, millatning, xalqning rolini ko‘rsatib, uni safarbar qilib, birlashtirib, ma’lum maqsadlarni ko‘zlab faoliyatda bo‘lishga qaratish asosiy masaladir.
Bugungi kunda har bir shaxs, har bir fuqaroda xalq taqdiriga, Vatan taqdiriga, jamiyatimiz ravnaqiga mas’ul bo‘lish hissini tarbiyalash muhimdir. Negaki, erkin va farovon hayot millionlar mehnatining samarasi asosida barpo etiladi, amalga oshadi.
Negaki, borliq, bilish, metodologik amaliyot, ma’naviyat, mafkura, milliy va bashariy qadriyatlar, insoniylik va odamiylik, ma’rifat va tarbiya, g‘oya va tamoyillar, jamiyat va inson, sivilizatsiya va inson omili kabilar bir butun antropotsentrik dunyoqarashning u yoki bu xususiy holidir. YAxlit dunyoqarashni shakllantirish esa, falsafaning asosiy vazifasidir.
Falsafaning asosiy vazifalari.Har qanday predmetni o‘rganishning dastlabki vazifasi-bu fanning maqsadini aniqlab, uning o‘ziga xos tomonini, ahamiyatini ochib berishdan iborat. Bu esa fan haqida to‘liq va aniq tushunchaga ega bo‘lishga xizmat qiladi. "Falsafa" atamasi bugungi kunda turlicha ma’noda ishlatiladi.