Oddiy qat’iy sillogizm Ma’lumki, deduktiv xulosa chiqarish aslida sillogizm shaklida bo‘ladi. Sillogizm qo‘shib hisoblash, degan ma’noni anglatadi. Bu termindan mantiqda, odatda, deduktiv xulosa chiqarishning ko‘proq ishlatiladigan turi hisoblangan oddiy qat’iy sillogizmni ifoda qilish uchun foydalaniladi. Sillogizm xulosa chiqarishning shunday shakliki, unda o‘zaro mantiqiy bog‘langan ikki qat’iy mulohazadan uchinchi-yangi qat’iy mulohaza zaruriy tarzda kelib chiqadi. Bunda dastlabki mulohazalardan biri albatta yo umumiy tasdiq yoki umumiy inkor mulohaza bo‘ladi. Hosil qilingan yangi mulohaza dastlabki mulohazalardan umumiyroq bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra sillogizmni umumiylikka asoslangan xulosa chiqarish, deb atasa bo‘ladi. Masalan, quyidagi mulohazalar berilgan bo‘lsin:
Hech bir xasis saxiy emas.
Ba’zi boylar xasisdir.
Bu mulohazalardan zaruriy ravishda - «Ba’zi boylar saxiy emas», degan uchinchi mulohaza kelib chiqadi. Sillogizmning tarkibi oddiy qat’iy mulohazalardan tashkil topgani uchun u oddiy qat’iy sillogizm deyiladi.
Sillogizmning tarkibi xulosa asoslari (praemissae) va xulosa (conslusio) dan tashkil topgan. Xulosa asoslari va xulosadagi tushunchalar terminlar deb ataladi. Xulosaning mantiqiy egasi – S - kichik termin (terminus minor), mantiqiy kesimi – P - katta termin (terminus major) deb ataladi. Xulosa asoslari uchun umumiy bo‘lgan, lekin xulosada uchramaydigan tushuncha – M - (terminus medius) o‘rta termin deb ataladi. Asoslarda katta terminni o‘z ichiga olgan mulohaza katta asos, kichik terminni o‘z ichiga olgan mulohaza kichik asos deb ataladi.
Terminlarning katta yoki kichik deb atalishi ular ifodalagan tushunchalarning hajmiga bog‘liq. Terminlar o‘rtasidagi munosabatni doiralar yordamida quyidagicha ifodalash mumkin.
S - kichik termin.
M - o‘rta termin.
R - katta termin.
O‘rta termin katta va kichik terminni mantiqiy bog‘lovchi element hisoblanadi.
Sillogizm aksiomasi Aksiomalar isbotsiz chin deb qabul qilingan nazariy mulohazalar bo‘lib, ular vositasida boshqa fikr va mulohazalar asoslab beriladi. Sillogizmning aksiomasi xulosalashning mantiqiy asoslanganligini ifodalaydi. Sillogizm aksiomasini terminlarning hajmiga yoki mazmuniga ko‘ra, ya’ni atributiv ta’riflash mumkin.
Sillogizm xulosasining asoslardan zaruriy keltirib chiqarilishi quyidagi qoidaga asoslanadi: «agar bir buyum ikkinchi buyumda joylashgan bo‘lsa, ikkinchi buyum esa uchinchi bir buyumning ichida bo‘lsa, unda birinchi buyum ham uchinchi buyumning ichida joylashgan bo‘ladi» yoki «bir buyum ikkinchi buyumda joylashgan bo‘lsa, ikkinchi buyum esa uchinchi bir buyumdan tashqarida bo‘lsa, unda birinchi buyum ham uchinchi buyumdan tashqarida joylashgan bo‘ladi».
Bu qoida sillogizm aksiomasining mohiyatini terminlarning hajmi munosabatlari asosida tushuntirib beradi. Sillogizm aksiomaning mohiyati quyidagicha: buyum va hodisalarning sinfi to‘g‘risida tasdiqlab yoki inkor etib bayon qilingan fikr shu sinf ichiga kiruvchi barcha buyum va hodisalarning har biri yoki ayrim qismiga ham taalluqli bo‘lgan tasdiq yoki inkor fikr hisoblanadi.
Masalan:
Tafakkur shakllari obyektiv xarakterga ega.
Tushuncha tafakkur shaklidir. Tushuncha obyektiv xarakterga ega.
Sillogizm aksiomasini atributiv ifodalaganda predmet bilan uning belgisi o‘rtasidagi munosabatga asoslaniladi: biror buyum, hodisa belgisining belgisi, shu buyum hodisaning belgisidir; buyum, hodisa belgisiga zid bo‘lgan narsalar buyum, hodisaning o‘ziga ham ziddir.
Sillogizm aksiomalarida fikr shakli va mazmuni o‘zaro uzluksiz, obyektiv bog‘langan bir butunning ayrim tomonlarini ifodalaydi. Bu bir tomondan, hamma umumiylikka hususiylik, juz’iylik va yakkalik hos ekanligini va har bir yakkalik, juz’iylik, hususiylik umumiylik hislatiga ega bo‘lishini ifodalasa, ikkinchi tomondan, buyum va belgining o‘zaro uzviy bog‘langanligini, ya’ni buyumlar jinsi ayrim o‘ziga hos belgiga ega bo‘lsa, albatta, bu belgi shu jinsdagi hamma buyumlar uchun ham hos belgi bo‘lishini ifodalaydi. Bular esa o‘z navbatida yakkalik va umumiylik o‘rtasidagi, miqdor va sifat o‘rtasidagi dialektik aloqadorlikning tafakkur jarayonida o‘ziga hos namoyon bo‘lishidir.