Fayzieva mavluda xudayarovna shaxsda psixologik himoya mexanizmini shakllantirishning ijtimoiy-etnik asoslari


O‘zbek xalq psixologiyasida (o‘zbek xalq og‘zaki ijodida) psixologik himoya mexanizmining ifodalanishi



Yüklə 1,81 Mb.
səhifə9/79
tarix10.05.2023
ölçüsü1,81 Mb.
#110585
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   79
10.05.2023

1.2. O‘zbek xalq psixologiyasida (o‘zbek xalq og‘zaki ijodida) psixologik himoya mexanizmining ifodalanishi
Qadimgi Sharqda psixologiya va badiiy adabiyot bir-biri bilan bog‘liq holda taraqqiy etgan. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodi va xalq psixologiyasida bu uzviy bog‘liqlik asrlar osha rivojlanib kelgan. Asosan badiiy va tarixiy asarlar orqali buyuk mutafakkirlarning psixologik merosi ifodalangan va ommalashgan.
Psixologiya bilan badiiy adabiyot tarixan va mantiqan bog‘liqdir. «Adabiyot»- odob, xulq, axloq, «yot»- ilm, ya’ni adab yoki xulq – atvor haqidagi ta’limot ma’nosini anglatadi. Adabiyot – ma’naviyat, hayot darsligi yoki jamiyat hayotiga xos tarbiyashunoslikdan iboratdir.
Dunyo fanlari taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobokalonlarimiz avvalo mudarris, murabbiy, adib va mashhur ilm darg‘alari bo‘lganlar. Ular uchun xalq og‘zaki ijodi va badiiy adabiyot ham darslik, ham ma’naviy oziq manbai, ham ijod mahsulini yorituvchi vosita bo‘lgan.
Shuning uchun ham Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Abu Ali Ibn Sinoning “Donishnoma”, “Tibbiy doston”, Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Yusuf Xoc Hojibning “Qutadg‘u bilig”, Kaykovusning “Qobusnoma”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”, Ahmad Yassaviyning “Devoni Hikmat”, Ahmad Yugnakiyning “Hibbatul xaqoyiq”, Alisher Navoiyning “Mahbub-ul-qulub”, “Hayratul abror” kabi asarlarida badiiylik va psixologik uyg‘unlik mavjud.
Ta’lim-tarbiyada milliylik va umuminsoniylik birligiga erishish avvalo psixologiyaning milliy asosga ega bo‘lishiga bog‘liq. Psixologiya ilmidagi inqirozning tub ildizlari, eng avvalo, uning milliy zaminidan, ko‘hna Sharqning ming yillik teran an’analaridan uzilib qolganligidadir. Psixologiya bilan badiiy adabiyotning tarixan bir-biri bilan bog‘liqligi va o‘zaro aloqasining metodologik va metodik tizimini yaratish psixologiya tarixiga doir tadqiqotlarning samaradorligini ta’minlaydi.
Millatning milliy xususiyatlari psixologiya fanida kam o‘rganilganligi bilan alohida ajralib turadi. Hozirgi paytda milliy xususiyatlarning shakllanish boskichlari, uning tarkibiy qismlari, milliy ongning ontogenezi, o‘ziga xos xususiyatlari va o‘zini-o‘zi anglash kabi muammolarning o‘rganilishi psixologiya fani uchun dolzarb masalalar sirasiga kiradi.
Shunday qilib, milliy madaniyat va turmush tarzi xalqning milliy ongi, milliy xarakteri va o‘ziga xosligini belgilovchi asosiy mezonlardir.
Psixologiya insonni rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganadigan fan sifatida o‘zbek xalq og‘zaki ijodini psixik rivojlanishning muhim manbai sifatida qarashni taqozo etadi. Bu bog‘liqlik psixologiya muammolarini xalq og‘zaki ijodida aks ettirilishida va psixologik ta’limda xalq og‘zaki ijodidan foydalanishda namoyon bo‘ladi.
Shu paytgacha o‘zbek xalq og‘zaki ijodining psixologik asoslari, rivojlanish qonuniyatlari, o‘quv – tarbiya jarayonlaridagi ahamiyati va yoshlar kamolotidagi o‘rni psixologik nuqtai nazardan o‘rganilmagan.
Shunga ko‘ra, shaxsda psixologik himoya mexanizmini shakllantirishning ijtimoiy – etnik asoslarini tadqiq etishimizdan maqsad shaxsda psixologik himoya mexanizmini shakllantirishda o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bo‘lgan maqollar va hikmatlardan foydalanish tizimini ilmiy asoslashdan iboratdir.
Xalq donishmandligi namunalari ichida ayniqsa maqollarning psixologik himoya mexanizmiga xos tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. Maqollar ixcham shaklga, ammo chuqur mazmunga ega bo‘lib, ularda xalqning turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi, jamiyat va tabiatga bo‘lgan munosabati yorqin ifodasini topgan. Maqollar xalqning ko‘p asrlik hayotiy tajribalari asosida yuzaga kelganligi sababli ular o‘zida kishilar hayotining g‘oyat xilma-xil tomonlarini mujassamlashtirgan, ayniqsa, turmush tarzining meyoriy – axloqiy jihatlarini aks ettirish bilan bog‘liq himoya mexanizmi sifatida namoyon bo‘ladi.
Maqollar inson psixologiyasining, unda shakllangan insoniy sifat va fazilatlarning yoki insoniy sifat va fazilatlarga bo‘lgan munosabatning til vositasidagi ifodasidir. Xalqimiz tomonidan yaratilgan har bir maqol tilimiz ko‘rkini, nutqimiz nafosatini, aql – farosat va tafakkurimiz mantiqini hayratomuz bir qudrat bilan namoyish etadi–ki, unda xalqimizning ko‘p asrlik hayotiy tajribalari va maishiy turmush tarzining o‘ziga xos qonuniyatlari, uning hayotga, tabiatga, inson, oila va jamiyatga munosabatlari, ijtimoiy – tarbiyaviy, ma’naviy – axloqiy va falsafiy qarashlari, eng muhimi shaxsning o‘zligi (shaxsning mazmun - mohiyatini to‘liq ifodalovchi psixologik himoya mexanizmi) to‘la namoyon bo‘ladi.
Har bir xalq yoki millat tomonidan yaratilgan xalq og‘zaki ijodi, jumladan xalq maqollari shu xalq farzandlari uchun tarixning hamma davrlarida shaxs hayoti uchun zarur bo‘lgan himoya mexanizmi sifatida xizmat qilgan va takomillashib kelgan.
O‘zbek xalq maqollari shu xalq psixologiyasining amalda sinalgan in’ikosi bo‘lganligi uchun hozirgi ta’lim tizimining hamma bosqichlarida undan samarali foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ayniqsa, Oliy ta’lim muassasalari talabalarida umumiy psixologiya, oila psixologiyasi, ontogenez psixologiyasi, shaxs psixologiyasi va pedagogik – psixologiya fanlarini o‘qitishda o‘zbek xalq maqollariga tayanish mavzu mohiyatini, ya’ni inson psixikasi mohiyatini, insonga xos sifat hamda fazilatlarning shakllanish qonuniyatlarini, eng muhimi shaxsga xos konstruktiv psixologik himoya mexanizmi ekanligini ilmiy va hayotiy xulosalarga tayangan holda tushuntirishga imkon beradi.
Darhaqiqat, o‘zbek xalqi tomonidan erishilgan barcha ma’naviy boylik va amaliy tajribalar xalq donishmandligi sifatida shu elning tarixida, badiiy adabiyoti va xalq og‘zaki ijodida, amaliy san’ati namunalarida, uning urf-odatlari, qadriyatlarida, shuningdek boshqa mehnat faoliyati mahsulotlarida ham aks etgan. Maqollar ixcham shaklga, ammo chuqur mazmunga ega bo‘lib, ularda xalqning turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi, dunyoqarashi, jamiyat va tabiatga bo‘lgan munosabati to‘liq ifodasini topgan. Zero, taniqli rus yozuvchisi L.N. Tolstoy maqollarning xalq hayoti, ruhiy dunyosi bilan naqadar yaqinligi haqida to‘xtalib: «Har bir maqolda men shu maqolni yaratgan xalqning siymosini (psixologik qiyofasini) ko‘raman», deb yozgan edi.
Hozirgi Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlar doimo yuksak axloqiyligi va olijanobligi bilan ajralib turgan. «Tinchlik va xotirjamlikni bersin» degan ibora xalqimizning azaldan tinchliksevar ekanligini ifodalovchi dalildir. Vatanga sodiqlik, xalqqa muhabbat, qahramonlik, kamtarlik, haqgo‘ylik, samimiylik, halollik kabi yuksak axloqiy fazilatlar ham bizda doimo qadrlangan. Zero, quyidagi xalq maqollari bekorga tug‘ilmagan: «O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha, o‘z yurtingda gado bo‘l»; «Yurtdan ketgan yurtmonda, o‘tar hasrat armonda», «El seni aqilli desa, sen eldan aql o‘rgan»; «Otang ishga buyursa, nomozingni buzib et (bajar)»; «Og‘zing to‘la qon bo‘lsa ham, dushman oldida tupurma»; «Orqangdan gapirgan do‘st emas»; «Dindan chiqsang ham, eldan chiqma»; «Kelmaganning ketidan borma»; «So‘zing qaytar joydan o‘zing qayt».
Xalqning axloqiy fazilatlari hasadgo‘ylik, xudbinlik, qo‘rqoqlik, mahmadanalik, yalqovlik, maqtanchoqlik singari salbiy odatlarni keskin qoralash orqali ham tarbiyalangan. «Siringni sirtga chiqarma»; «Yomon odam yovdan qochar, nomard odam siring ochar»; «qozilashgan qarindosh bo‘lmas»; «Mehnatdan qo‘rqmay, minnatdan qo‘rq»; «Ahmoqdan so‘rama, o‘zi aytar»; «Amal tegsa nodonga, o‘zin urar har yonga»; «Nodon so‘zlar, dono ibrat olar»; «Insofsizga erk bersang, elni talar» kabi maqollarda turli illatlarga nisbatan nafrat hissi ifodalangan.
Ma’lumki milliy o‘ziga xoslikning millat xarakterida mustahkamlangan turli xususiyatlari ham maqollarda o‘z ifodasini topgan. Masalan: «Sabrning tagi-sariq oltin»; «quda bo‘lguncha ko‘p sinash, quda bo‘lgach ko‘p siylash; «Oltin yerda qolsa ham, bilimli yerda qolmas»; «Mehmon oz o‘tirsa ham ko‘p sinaydi»; «O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir»; «Hisobini bilmagan hamyonidan ayrilar»; «Bilagidan ko‘ra yuragiga qara», deyiladi xalq maqollarida.
Xalqimiz hayotida jumboq va muammolarni hal qilishda kengashib, bamaslahat ish yuritish chuqur singib ketgan. «Ot olsang, uying Bilan kengash, Xotin olsang, urug‘ing bilan kengash»; «Onasi maqtagan qizni olma, El maqtagan qizdan qolma»; «Kengashli to‘y tarqamas»; «Birni ko‘rib, fikr qil, birni ko‘rib, shukur qil» kabi maqollar shular jumlasidandir. Kengashli joyda ahillik, o‘zaro hurmat, bir-biroviga bo‘lgan mehr-muhabbat rivojlangan. Ko‘chalar ravon, uylar ko‘rkam, bog‘lar so‘lim, marosimlar chiroyli va kamchiqim bo‘lgan. Xullas, kengashli joyda taraqqiyot va ezgulik rivoj topgan.
Shuni qayd etish kerakki, xalq og‘zaki ijodida, xususan maqollarda oilaviy muhitga ham keng e’tibor berilgan. O‘zbek oilalari an’anaviy ravishda ko‘p bolali bo‘lgan va ularda, albatta o‘z farzandlariga dastlabki axloqiy malakalarni singdirishga harakat qilgan. Farzandlar esa ota-onalarining tarbiyaviy ta’siri ostida kichikligidanoq yaxshi va yomon (distruktiv va konstruktiv xulq – atvor sifatlarini) xatti-harakatlarning farqini to‘g‘ri anglay boshlagan.
Har bir inson fe’l-atvorida o‘z millatiga xos xislatlar, xatti-harakatlar mavjud. Ana shu fe’l-atvor xalqning, xususan ota-onaning ta’siri tufayli ijtimoiy muhit va ijtimoiy munosabatlar tizimida shakllanib boradi.
O‘yinlarda va qo‘llaridan keladigan mehnatda o‘zaro yordam, jamoatchilikka bo‘ysunish, hayot faoliyatlari davomida batartiblilik, g‘amxo‘rlik, do‘stlik, rahimdillik (konstruktiv xulq – atvorga xos) kabi axloqiy fazilatlarni o‘zlashtiradilar. Kattaroq yoshdagi o‘smirlarda siyosiy ong, ijtimoiy faollik rivojlanadi. Ular jasurlik, mustaqillik, qat’iyatlilikdek axloqiy sifatlarni yuksak qadrlab uni egallashga tirishadilar, shu bois pedagoglarning eng muhim vazifasi bolalarni tarbiyalash amaliyotida xalq donishmandligining barcha asoslaridan yanada muvaffaqiyatliroq foydalanish va shu orqali shaxsni kamol toptirish, uning ijodiy imkoniyatlarini ochishdan iboratdir.
Yuqorida keltirilgan o‘zbek xalq maqollarida shu xalqning turmush tarzi, ijtimoiy sharoitlari, kishilarning jamiyatga, mehnatga bo‘lgan munosabatlari ifodalangan. O‘zbek xalq donishmandligida tarix va iqtisodiyot, turmush va huquq normalari, urf-odatlari, e’tiqodi, umuman millatning butun hayoti aks etgan.
Ishonchimiz komilki, maqollar xalqning nodir ma’naviy boyligi bo‘lib, milliylikni saqlashga, o‘z-o‘zini anglashga da’vat etuvchi asosiy omillardir.Ularning ma’rifiy va tarbiyaviy qimmati buyuk. Zero uni hech bir moddiy boylik bilan o‘lchab ham, yaratib ham bo‘lmaydi.
Tadqiqotimizning oldindan belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirish uchun o‘zbek xalq og‘zaki ijodi va uning eng muhim sahifasi bo‘lgan o‘zbek maqollari milliy psixologik va milliy madaniy muhitning in’ikosi sifatida chuqur mohiyatni anglash, ya’ni eng mufassal ko‘rish imkonini beradigan juda ko‘p metodikalar to‘g‘risida fikr yuritishga to‘g‘ri keladi.
Shunga ko‘ra, biz o‘zbek xalq og‘zaki ijodida (ayniqsa maqollarda) yorqin ifodalangan xalqning etnik (milliy) o‘ziga xos xususiyatlarining psixologik asoslarini o‘rganib chiqish uchun manbalarni tahlil qilish usullaridan, kuzatish, taqqoslash, suhbat, biografiya, anketa, test, matematik-statistik usullaridan o‘rinli foydalanishga harakat qildik.
Mazkur metodlar birinchi galda maqollar mohiyati o‘zbek xalqidagi o‘ziga xoslikni, uning tub psixologiyasini, ruhiy tabiatini aks ettiradigan jihatlarni (qonuniyatlarni) aniqlashga qaratiladi. Tadqiqotda qo‘llanilgan metodlarning maqsadiy yo‘nalganligi, ularda jamlangan savollar o‘zbek millatining muayyan-tarixiy tarzi va turmushidan olindiki, bular hozirgi kunda ham etnik ong, xalq an’analarining ko‘rinishida, etnik stereotiplar shaklida (maqollarda aks etgan o‘zgarmas sifatlar), o‘zbek xalqining o‘ziga xosligi psixologiyasida, uning ijodi namunalarida aks etishini tahlil qilishga xizmat qiladi.
Bizningcha metodlar yordamida olingan natijalar va ularning tahlili millatning har bir vakili haqidagi tasavvurlarimizga juda ham o‘xshaydi. Bundan tashqari, millatning vakillari bilan o‘tkazgan suhbatlarimiz hamda ularning shaxsi va faoliyatini bevosita kuzatishlarimiz, shuningdek ular bilan olib borilgan savol-javoblarimiz qo‘llagan metodlarimiz yordamida erishilgan natijalarning ishonchliligini o‘ziga xos tekshirish bo‘ldi.
Shaxsning xislatlarini aniqlash uchun tuzilgan testlar psixologikdiognostikada uzoq vaqtdan beri qo‘llanayotgan bo‘lsa ham, ammo ular haligacha nazariy jihatdan puxta asoslanmagan, nimalardir o‘lchangandi va u bir muncha prognostik ahamiyat kasb etadi, lekin uning nimaligi to‘la yoki yorqin tushunilmaydi.
Shuning uchun biz foydalanadigan metodlarning ishonchliligi va yaroqliligini ta’minlash maqsadida moslashtirishning maxsus dasturini tuzdik. Metodikalarning savollari o‘zbek xalqi yashayotgan milliy-madaniy muhitning xususiyatlari hisobga olingan holda hamda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining nodir namunalari o‘zbek xalq maqollarining mazmun mohiyatidan kelib chiqqan holda tuzildi va ekspert psixologlar nazoratidan o‘tkazildi.



Yüklə 1,81 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   79




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin