Tadqiqot natijalarining aprobatsiyasi Tadqiqot natijalari 5 ta xalqaro va 14 ta respublika ilmiy-amaliy anjumanlarida muhokama etilgan.
Tadqiqot natijalarining e’lon qilinganligiDissertatsiya mavzusi bo‘yicha jami 40 ta ilmiy ish chop etilgan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining dissertatsiyalar asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda 16 ta maqola, shulardan 12 ta maqola respublika va 4 ta maqola xorijiy jurnallarda nashr etilgan.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmiDissertatsiya kirish, to‘rtta bob, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati va ilovalardan tashkil topgan. Ishning umumiy hajmi 201 bet.
I-BOB. PSIXOLOGIYADA PSIXOLOGIK XIMOYA MUAMMOSINING O‘RGANILISH TARIXI VA HOZIRGI HOLATI. 1.1.Psixologik himoya fenomeni haqidagi nazariy qarashlar rivojlanishining umumiy tavsifi. Jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida psixolog mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning yanada kuchayayotganligi alohida e’tirof etilmoqda. Har bir shaxsning barkamolligini ta’minlash maqsadida o‘quv-tarbiya jarayonini zamonaviy fan-texnika yutuqlari bilan qurollantirish, shaxsning odamlar va jamoalarda o‘zaro munosabatlarga kira olish imkoniyati va subyektiv qoniqishining samaradorligini oshirish maqsadida o‘qish va kasbiy tayyorgarlik hamda keyingi mehnat faoliyatida tizimli psixologik yordamga zarurat mavjudligi aniqlandi. Psixolog kasbiy faoliyatining asosiy vazifalariga shaxsning konstruktiv xususiyatlarini barqarorlashtirish va shakllantirish kiradi. Psixolog professional faoliyatining asosiy vositlaridan biri u bajaradigan xarakatlarning muvaffakiyatini belgilaydigan shaxsiy va kasbiy shakllanganlikni belgilovchi psixologik qiyofasi (xarakteristikasi)dir. Psixolog professional faoliyatiga xos zaruriy xususiyatlarning shakllanishi oliy ta’limda taxsil olish davrida ruy beradi. Oliy ta’limdagi bilim olish jarayonida bo‘lajak psixolog ilmiy bilim, konstruktiv o‘zaro muloqot-munosabatlarni tashkillashtirish va qiyinchiliklarni yengib o‘tish orqali zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni ma’lum miqdorini egallashi kerak bo‘ladi. Shaxsning psixologik himoyasini funksiyalashtirilishi hayotiy qiyinchiliklarni yengishning samaradorligini belgilaydi, shaxsni o‘zi haqidagi ijobiy taassurotlarini saqlab qoladi.
Shaxsning psixologik himoyasi bilan bog‘liq izlanishlarga F.V. Bassin, R.M. Granovskiy, G.V. Grachev, L.R. Grebennikov, E.L. Dotsenko, V.G. Kamenskiy, G. Kellerman, E.I. Kirshbaum, X. Konte, R. Lazarus, I.M. Nikolskiy, R. Plutchik, I.D. Stoykov, A. Freyd, Z. Freyd, N. Xaan, V.A. Shtroo va boshqalarning ilmiy izlanishlarini keltirish mumkin. Psixologlarning professional faoliyatidagi psixologik himoyaning paydo bo‘lish muammosi yetarlicha o‘rganilmagan, uning ba’zi aspektlari haqida O.N. Yejov, N.V. Makarova, N.A. Podimov, E.S. Romanov, E.N. Yurasova va T.S. Yasenkolarning tadqiqotlarida psixologik izohlar berilgan, xolos. Bo‘lajak psixologlarning konstruktiv psixologik himoyasini shakllantirish muammosini o‘rganish psixologning hozirgi hayot qiyinchiliklarini konstruktiv ravishda bartaraf etishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoji va muammoning shakllanish hamda yuz berishi qonuniyatlarini o‘rganib, ularni bartaraf qilish bilan bog‘liq mutaxassisning kasbiy tayyorgarligi o‘rtasidagi ziddiyatlarni oqilona yechish bilan belgilanadi.
“Psixologik himoya” fenomeni A. Adler, F.V. Bassin, A.A. Nalchadjyan, R. Plutchik, I.D. Stoykov, F. Perlz, Z. Freyd, A. Freyd, E. Fromm kabi mashhur olimlarning ilmiy tadqiqotlarida turli tushunchalar bilan izohlanganligini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, psixologik himoya fenomenining genezisi G. Blyum, G.V. Burmenskiy, Y.M. Granovskaya, R.M. Nikolskaya, Y.T. Sokolova, V.V. Stolin, A. Freyd, Y.V. Chumakova, E.G. Eydemiller va V.V. Yustetskiy tadqiqotlarida o‘rganilgan. Himoya funksiyasining ong bilan bog‘liqligi F.V. Bassin, R. Berns, R.S. Pantileyev, K. Rodjers, V.V. Stolin ilmiy izlanishlarida keng izohlanganligini ko‘ramiz. Shaxsning shakllanishida himoyaning ta’siri muammosi, ya’ni u destruktiv va konstruktiv bo‘lishi mumkinligi F.Y. Vasilyuk, L.R. Grebennikov, Y.L. Dotsenko, B.V. Zeygarnik, Y.S. Romanova, T.S. Yasenkolarning tadqiqotlarida o‘rganilgan. Psixologik himoyaning tuzilmali va dinamik hususiyatlari, uning individual, shaxslararo va guruhlararo darajalarda paydo bo‘lishi A.M. Bogomolov, G.V. Grachev, Y.L. Dotsenko, Y.B. Zaxarova, I.D. Stoykov, Z.A. Parfenova, V.A. Shtroo, M.V. Yurkovalarning ilmiy izlanishlarida tahlil qilingan.
“Psixologik himoya” atamasi birinchi marotaba 1894 yilda Z. Freyd tomonidan “Himoyalovchi neyropsixozlar” nomli tadqiqot ishida qo‘llanilgan, keyin esa “Jazava etiologiyasi”, “Himoyalovchi neyropsixozlar haqida keyingi fikrlar” kabi ilmiy izlanishlarida keng qo‘llanilganligini ko‘rishimiz mumkin. Keyinchalik bu atama muallif tomonidan kam qo‘llanilganligini va natijada “chiqarib tashlash” atamasi bilan almashtirilganligini guvohi bo‘lamiz. “To‘xtash, simptom, qo‘rquv” nomli ilmiy ishida Z. Freyd “psixologik himoya” tushunchasiga qaytadi va bu bilan hamma “munosabatda Men qo‘llagan texnikalar”ni belgilab chiqadi. [143; 63]
Himoya individual hulqni boshqaradi va Z.Freydning fikricha, ong va ongsizlik o‘rtasidagi nizoda o‘zaro munosabatlarni aniqlab beradi. Ong ongsizlikka regressiya orqali ta’sir qiladi, bu esa uni nomaqbul instinktiv jalb qilishlardan himoya qiladi. Ongsizlik xulq-atvorda amalga oshiriladigan maqbul bo‘lgan shakllarga aylantiradigan himoya mexanizmi orqali ongga ta’sir qiladi. Himoya funksiyasi bu ziddiyatlarni zaiflashtirish va ongni nomaqbul instinktiv jalb qilishlardan asrashdir.
A. Freyd ongni psixologik himoya orqali nomaqbul instinktiv jalb qilishlardan asrash nazariyasini ishlab chiqishni rivojini davom ettirdi. U normal funksiyalanishda himoyalarning rolini o‘rgandi, himoya mexanizmlarining filogenezini ko‘rib chiqdi. Himoya mexanizmlarining faoliyat maqsadi id, superego va tashqi dunyo kuchlari o‘rtasida uyg‘un munosabatlarni saqlab qolish uchun, qiyin vaziyatlarga moslashish imkonini beradigan tashvish (norozilik) va instinktlarni o‘zgartirish, rivojlantirish yoki ba’zi o‘rinlarda cheklash bilan bog‘langan edi. Tahdid manbaiga qarab, A. Freyd instinktdan himoyalanish va ta’sirdan himoyalanishni farqlashni taklif etadi. Birinchi holatda himoya jarayoni instinktlar bilan bog‘liq va “Men” uchun xavfli bo‘lgan tasavvurlarni ongidan chetlatishga qaratilgan. Ta’sirdan himoyalanish esa faoliyati davrida xavfli istaklar va ta’sirlarni (og‘riq, sevgi, rashk, va hokazo.) ongga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bundan tashqari, A. Freyd doimiy himoya hodisalari ham borligini belgilaydi, ya’ni ularni “o‘tmishda juda kuchli himoya jarayonlarining qoldiqlari, ular asl holatlaridan ajralib, doimiy xarakter xususiyatlariga aylangan”ligini nazarda tutgan. A. Freyd shaxs himoya mexanizmlarining birinchi ta’rifini shakllantirdi, ya’ni: “Himoya mexanizmlari – bu “Men”ning faoliyati bo‘lib, unga xavf tug‘diradigan ta’sirlarga duch kelganda boshlanadigan munosabatdir. Ular ongga muvofiq emas, balki avtomatik ravishda faoliyat ko‘rsatadi». A. Freydning fikriga ko‘ra, shaxsning ongli faoliyati himoya mexanizmlarini joylashtirishda asosiy funksiyalarni bajaradi. Muallif psixologik himoya shakllanishining asosiy omillarini bolalik davridagi shaxslararo munosabatlar sohasidagi turli buzilishlar bilan bog‘laydi. Psixologik himoya mexanizmlarini amalga oshirish individual va shaxsiy xususiyatlar bilan belgilanishi mumkin [142;57]. Ijtimoiy-genetik mojarolarni hal qilishda himoya mexanizmlari nafaqat tug‘ma fazilatlar sifatida, balki ixtiyorsiz ta’limning individual tajribasi mahsuli sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi. Himoya mexanizmlarining repertuari individualdir va shaxsning moslashish darajasini tavsiflaydi degan taassurotlar shakllana boshladi. A. Freydning asarlarida psixologik himoyaning birinchi nazariyasi taqdim etilgan, ontogenezda himoya mexanizmlarining shakllanish ketma-ketligi va himoya mexanizmlarini tasniflash mezonlari ajratilgan. A. Freyd Z. Freydning shaxs himoya usullari va patologik kasalliklar o‘rtasidagi munosabatlar, himoya mexanizmlarining meyor va individual rivojlanish patologiyasining namoyon bo‘lishi haqidagi g‘oyalarini yanada rivojlantirgan. Psixoanalizning turli sohalari vakillari psixologik himoyaning muayyan jihatlarini o‘rganishni davom ettirdilar. Himoya mexanizmlarini shakllantirishda insonlarning o‘zaro aloqasi va shaxslararo munosabatlarning roli birinchi marotaba Neofreydistlarning asarlarida kengroq muhokama qilinganligini ko‘ramiz. Ular inson uchun xavf-xatar manbai, va albatta unga nisbatan himoyani, jumladan ijtimoiy-madaniy omillarni, ya’ni yolg‘izlik, himoyasizlik, ota-ona muhabbatining yetishmovchiligi, atrofdagilarning etiborsizligi, o‘zaro shaxsiy aloqalar meyorida emasligi sifatida ko‘rib chiqishgan. Olimlar nafaqat alohida himoya mexanizmlarni ta’riflashgan: balki kompensatsiya (A. Adler), qochish (E. Fromm), bosim (K. Xorni), saylov e’tibori (G. Sallivan), shuningdek, himoya strategiyalarining hulq-atvori: avtoritarizm, destruktivlik, tobelik (E. Fromm), odamlarga qarshi intilish, odamlardan qochish, odamlarga intilishni ham ta’riflashgan (K. Xorni).
E. Fromm atrofdagilar bilan o‘zaro konstruktiv himoya shakllarini rad etgan taqdirda shaxs tomonidan amalga oshirilayotgan mexanizmlarni ham o‘rganib chiqqan. Muallif "yerkinlikdan qochish" ni ta’minlaydigan 4 guruh mexanizmlarni ko‘rsatib o‘tadi: 1. Boshqalar ustidan cheksiz hukmdorlik qilishga intilish-Sadizm; 2. Mazoxizm, "men" ni tashqi muhit bilan birlashtirib, shaxs mustaqilligidan voz kechishga moyillik; 3. Destruktivizm, obyektni barbod qilish, yo‘q qilish va u bilan tinch-totuv yashamaslikdan iborat; 4. Shaxs individiga taklif yetilgan umumqabul qilingan meyorlarni o‘zlashtirishida, shaxsni boshqa odamlarning kutishlari mavzusiga aylantirish avtomatlashtirish konformizmni ifodalaydi.
E.Frommning fikriga ko‘ra, berilgan metodlar chidab bo‘lmas darajadagi yo‘qotish hissini yumshatadi, lekin yuzaga kelgan qiyinchiliklarni hal qilmaydi. Ushbu mexanizmlardan barqaror foydalanish qiyin hayotiy sharoitlardan qochish uchun stereotip strategiyani shakllantiradi, o‘z-o‘zini anglash va qobiliyatlarning faol namoyon bo‘lishi istagini cheklaydi. O‘z-o‘zidan insondagi mustaqillik va yaxlitlik tuyg‘usini buzadi. [144;537]
K. Levin va uning hamkorlari tomonidan olib borilgan umidsizlik muammosini o‘rganishga doir izlanishlarning natijalarida ham shaxs psixologik himoyasini o‘rganishga bag‘ishlanganligini ko‘ramiz. Psixoanalizdan farqli o‘laroq, ularda psixologik himoya ongli rekonstruksiya mahsuloti sifatida o‘rganilgan, eksperimental tadqiqot mualliflari intrapersonal ziddiyatning analogini – ehtiyojning umidsizlik holatini modellashtiradi va bu boshqaruvning tashqi xulq-atvor ko‘rinishlarini ifodalaydi. Interaksionistik yondashuv vakili T. Shibutani himoya mexanizmlarini tushunishni idrok yetish va ramziylashtirish jarayonlari bilan bog‘laydi. Kompensator qurilmalarning ongsiz shakllarini qo‘llash, muallif nuqtai nazaridan, muhim ehtiyojlarning xafvsizligi uchun reaksiya sifatida harakat qiladi va salbiy hissiy reaksiyalardan himoya qiladi, tahdidli vaziyatlarni yumshatadi va xulq-atvorni buzishga to‘sqinlik qiladi. Gumanistik psixologiya vakillari (A. Maslou va boshq.) o‘z-o‘zini faollashtiruvchi shaxsni o‘z himoya mexanizmlaridan voz kechgan shaxs sifatida ko‘rib chiqishgan, chunki uzining imkoniyatlarini ochib berish, o‘zini psixopatologiyasini fosh etib, himoya mexanizmlarini namoyon etish bilangina o‘z hayotining maqsadiga erishish mumkin [25]. Transaksion tahlilda E. Bern [25;183] himoya mexanizmlarining analoglari deb vaqt tuzulishining turli usullarini hisobga olgan. Bunday tuzilishga bo‘lgan ehtiyoj boshqalar e’tiboriga muhtojlik va ularga tegishli bo‘lish ehtiyojidan kelib chiqadi.
E. Bern vaqtni tuzilishining asosiy himoya mexanizmlari deb:
1. Yopishish – har qanday munosabatlarni rad yetish;
2. Marosimlar - an’analar va urf-odatlar bo‘yicha dasturlashtirilgan butunlay oldindan aytsa bo‘ladigan harakatlar;
3. Ish – ishlashi kerak bo‘lgan mahsulot bilan dasturlashtirilgan tashqi haqiqatga qaratilgan xatti-harakatlar.
4. Ko‘ngil ocharliklar -marosimlar kabi rusumlashtirilmagan va bashorat etilmagan bo‘lsada, erkin o‘zaro tanlashni ifodalaydi;
5. O‘yinlar-ongsiz hayot rejasi (ssenariy) mavjudligi tufayli psixologik foydaga olib keladigan va sherikni tuzoqqa tushiradigan maqsadli o‘zaro xatti-xarakatlar majmuasidir.
Ssenariylar cheklangan miqdorda asoslanadi va mavzular sevimli hikoyalar, masallar, mavzular va afsona shaklida taqdim yetiladi. Y. Bern himoya mexanizmlariga yopishish, o‘yinlar, ssenariylar va moslashtirish yo‘llariga vaqtni taqsimlanishining boshqa usullarini biriktirgan.
Rossiya psixoterapeya fani amaliyotida (B.D. Karvasarskiy, G.L. Isurina, V.A. Tashlikov), psixologik himoya shaxsning adaptiv reaksiyalar tizimi sifatida tushuniladi, munosabatlar dezadaptiv komponentlarining ahamiyati himoya o‘zgarishiga qaratilgan – kognitiv, emotsional, hulq-atvorli – shaxsning o‘z psixotravmatik ta’sirini zaiflashtirish maqsadida qullaniladi. Bu jarayon turli mexanizmlar orqali psixikaning ongsiz faoliyati doirasida sodir bo‘ladi. "Psixologik himoya" hodisasini o‘rganish tarixini tahlil qila turib E.S. Romanova rus psixologiyasida psixoanalizning jiddiy qabul qilinmasligi bilan tadqiqotchilarga psixologik himoya muammolarini tadqiq qilishga imkon bermaganini ta’kidlaydi. [113;563] O‘tgan asrning 50-70 yillaridagi ishlarda, "himoya" atamasi “psixologik to‘siq” atamasi bilan almashtirilgan yoki istisno qilingan, (B.G. Ananev, Y.Y. Nasinovskaya, L. B. Filonov, M. Y. Yakubovskaya), “shaxsning 10 himoya belgilari” (I.D. Stoykov), “himoya reaksiyasi” (L.I. Bojovich, M. S. Neymark), "semantik to‘siq" (L.S. Slavina, L.B. Filonov), va boshqa ko‘rinishlarda uchratish mumkin. Keyinchalik, tadqiqotchilar, shaxsda himoya mexanizmlari amaldagi ilmiy o‘rganishning mumkin va zarur bo‘lgan mavzusi ekanligini tan ola boshladilar (B.V. Zeygarnik, V. K. Myager, A.A. Nalchadjyan, Y.T. Sokolova, va hokazo.). Boshqa mualliflar psixoanalitik nazariyani chetlab o‘tib, psixologik himoyani (V.S. Rottenberg, I.D. Stoikov va boshqalar.) faoliyat nazariyasi pozitsiyasidan yoki ustanovka nazariyasiga tayanib o‘rganishdi (V.N. Volkov, va hokazo Burlakova F.V. Bassin N.M.) [17; 15]. "Psixologik himoya" atamasi psixologiya fanida turli psixologik voqeliklarni jalb qilish bilan izohlanadi. V.I. Jurbin [51;14] o‘zining tasavvur yoki funksional xususiyatlari orqali bu hodisaning o‘ndan ortiq ta’riflarini aniqladi: maqsad, natija, bilish jarayonlari, faoliyat, tartibga solish va boshqalar.
Ammo, har bir tadqiqotchi hodisalarni uning amalga oshirishini:
- aqliy faoliyat, aqliy jarayonlar, axborotni qayta ishlash usullari, (F.V. Bassin, R.M. Granovskaya, Y.A. Konstandov, I.M. Nikolskaya, V.Y. Rojnov, Y.V. Savenko, G.Salliven, I.V. Tonkonogiy);
- moslashish mexanizmi, kompensatsiya (V.M. Volovik, L.R. Grebennikov, A.A. Nalchadjyan, V. A. Tashlikov);
- shaxslararo strategiyalarni, guruhlararo aloqalarni o‘zicha tasvirlaydi (G.V. Grachev, Y.L. Dotsenko, Y.B. Zaxarova, S.N. Krigina, A.U. Xarash). Mualliflar psixologik himoyaning asosiy vazifasini shaxsni ong sohasini jarohatlaydigan salbiy kechinmalardan, "chegaralash" deb ataydilar; shaxsning psixologik xavfsizligini ta’minlash [52;12], ortib borayotgan tashvish, nevrozlar, qo‘rquvlar, adekvat o‘z-o‘ziga baho berish, da’volarning realistik darajasi, guruhga mansublik hissi, shaxsning hayotiy vaziyatga tashqi va ichki ijtimoiy-psixologik moslashuvchanligi bilan xarakterlanadi. Biror bir hayotiy vaziyatga duch kelganda, inson u bilan muayyan, o‘ziga xos individual-spetsifik tarzda o‘zaro aloqada bo‘ladi, u esa shaxsning subyektiv-obyektiv yo‘nalganligi tarzida namoyon bo‘ladi. Ular hayotiy vaziyatda shaxsning subyektiv ishtirok etish darajasini tavsiflaydi. Shunga ko‘ra subyektiv-obyektiv yo‘nalishlar insonning hayotiy vaziyatlarga nisbatan asosiy hayotiy yo‘nalishlarini ifodalaydi va subyektivlik potensialini ro‘yobga chiqaradi. insonni subyektiv yoki obyektiv yo‘nalishiga olib borish imkonini beruvchi quyidagi ko‘rsatkichlar aniqlangan [70; 153].
Shaxsning subyektiv-obyektiv yo‘nalishlari biror bir xayotiy vaziyatga duch kelganda, inson u bilan muayyan, individual-spetsifik tarzda o‘zaro aloqada bo‘lgan damlarda namoyon bo‘ladi. Ular hayotiy vaziyatda subyektiv ishtirok etish darajasini tavsiflaydi. Shunga ko‘ra subyektiv-obyektiv yo‘nalishlar insonning hayotiy vaziyatlarga nisbatan asosiy hayotiy yo‘nalishlarini o‘zida namoyon etadi va subyektivlik potensialini ro‘yobga chiqaradi. 1. Subyekt-obyekt yo‘nalishlarining umumiy ko‘rsatkichi, ya’ni hayotiy vaziyatga kirish; 2. TRANS-vaziyatli o‘zgaruvchanlik, muhim kechinmalar va hayotiy o‘zgarishlarning hilma hilligi. O‘zgaruvchanlikning qarama-qarshi qutbi transitatsion barqarorlikdir; 3. TRANS-situatsion nazorat lokusi, ya’ni o‘zi va o‘zining hayoti uchun mas’uliyatini o‘z zimmasiga olish. Ichki va tashqi turlarga bo‘linadi; 4. Dunyoni TRANS-vaziyatli o‘rganish, ya’ni ichki yoki tashqi dunyoga yo‘nalganlik, ego - yoki eko-yo‘nalish. 5. TRANS-vaziyatli xarakat, ya’ni moslashuvchanlik, yangi aloqalarga va hayotiy vaziyatlarga tayyorlik. Qarama-qarshi qutb – transsituatsion inersiya. 6. TRANS-vaziyatli ijodkorlik, ya’ni shaxs hayotiy pozitsiyasining ijodiy yo‘nalganligi xarakteristikasi. Qarama-qarshi qutb-trans vaziyatli. Aytilganlar Y.Y.Korjova tomonidan ishlab chiqilgan ham hayotiy yo‘nalishlar so‘rovnomasida keltirilgan. [71;384]
O‘rnatish nazariyasi nuqtai nazaridan psixologik himoya bo‘yicha tadqiqotlarni F.V. Bassin o‘tkazgan [17, 18, 50]. U psixologik himoyani ruhiy travma oqibatlarini o‘z-o‘zidan davolashga qaratilgan ruhiy faoliyat sifatida; shaxsning ziddiyatlari yuzaga kelganda shaxsiy munosabatlarni o‘rnatish tizimining dinamikasini aniqlagan. Muallifning fikricha, himoyaning asosiy roli o‘rnatish tizimining qayta qurishda, ortiqcha hissiy stressni bartaraf etish maqsadida, kasallikka qarshilik qilish va aqliy faoliyatni tartibsizlanishining oldini olishdan iborat. Himoya mexanizmlarining shakllanishi va ishlashiga olib keladigan vaziyatlarning umumiy ifodalanishi uchun F.V. Bassin "yeksklyuziv vaziyatlar" atamasini ishlatadi [18; 15]. Ular ostida muallif rivojlanishning ma’lum bir lahzasi sifatida ziddiyat o‘ta keskin bo‘lgan va uni bartaraf etishni talab qiladigan vaziyatlarni tushunadi va ziddiyatlarni hal qilish xususiyati shaxsning rivojlanishidagi yo‘nalishini aniqlaydi.
Y.S. Romanova va L.R. Grebennikovalarning fikriga ko‘ra, ekskvizit holatlar mavjud bo‘lgan himoya mexanizmlarini ishlab chiqish yoki qayta qurish va shu bilan adaptiv qobiliyatlarni rivojlantirish imkonini beradi. [113;563] F.V. Bassin psixoanalizni himoya faoliyatining bir tomonlama talqini uchun tanqid qiladi. Shunday qilib, psixoanalitiklar psixologik himoyani faqat ekskvizit vaziyatlarni hal qilish uchun ishlatiladigan mexanizm sifatida, "Men"dagi ziddiyatning dahshatli klinik oqibatlarini oldini olishning yagona vositasi sifatida ko‘rib chiqqanlar. Tadqiqotchining fikriga ko‘ra, psixologik himoya nafaqat maxsus holatlarda qo‘llaniladi, balki organizm tomonidan kasallikka qarshilikni ta’minlaydigan va aqliy faoliyat va xulq-atvorni buzishga to‘sqinlik ko‘rinishida meyor sifatida qo‘llaniladigan psixologik mexanizmdir.
Psixologik himoyaning bu ko‘rinishini, o‘zlarining ilmiy-tadqiqot ishlarida R.M. Granovskaya, L.R. Grebennikov, B.V. Zeygarnik, V.G. Kamenskaya, V.K. Myager, A.A. Nalchadjyan, I.M. Nikolskaya, Y.S. Romanova, Y.T. Sokolova, va boshqalar rivojlantirgan. Ehtiyojning intensivligi oshgandagi holatlarda, va uni qondirish sharoitlarining yo‘qligi holatlarida, xatti-harakatlarning nazoratini psixologik himoya mexanizmlari amalga oshiradilar. Bu R.M. Granovskaya, I.M. Nikolskayaning ushbu ilmiy fenomenga bergan bahosidir. Ular tasavvurlar tizimini nobud qiladigan noxush ma’lumotni rad etib yoki buzib, himoya insonning o‘zi haqidagi odatiy fikrini saqlab qoladi, deb hisoblashgan. Psixologik himoyaning harakat mexanizmi shaxsning qadriyat tizimi tarkibiy qismlarini qayta tashkil etish bilan bog‘liq. Ushbu mualliflarning asarlarida himoya mexanizmlari kerakli maqsadga erishish usullari emasligini ta’kidlaydi, ammo ular yuzaga kelgan qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun zarur kuchlarni jamlashga imkon beradi. Muammoni samarali kechirish (o‘rganish) himoya komplekslari va strategiyalarning namoyon bo‘lishini tushunishda bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik rus psixologlari psixologik himoyani muhim munosabatlar tizimida faollashgan shaxsni barqarorlashtirish tizimi sifatida ko‘rib chiqadilar.
Shunday qilib, V.N. Myasishchev munosabatlarning uch sinfini ajratib ko‘rsatadi: predmet va hodisalar dunyosiga munosabat, o‘zgalarga nisbatan munosabat va o‘ziga nisbatan munosabat. Ohirgisi shaxs tomonidan nihoyatda faol himoyalanadi. Psixologik himoyaning xarakati intrapersonal qarama-qarshiliklarni paydo bo‘lishini yo‘q qiladigan shaxslararo yoki ijtimoiy ziddiyatlar tomonidan yuzaga kelgan. Himoya mexanizmlari, ularning tarkiblari, asabiylashish vaziyatlarida foydalanish strategiyalarini bilish, ijtimoiy moslashish uchun sharoit yaratish, shaxsning ijtimoiy vaziyatlarga moslashish yo‘llarini tushunish uchun zarurdir. Moslashish jarayonida psixologik himoyaning ko‘rinishlari V.V. Arshavskiy, F.B. Berezin, A.A. Nalchadjyan, V.S. Rottenberg va boshqalar tomonidan o‘rganilgan. A.A. Nalchadjyan himoya mexanizmlarini “shaxsning muayyan darajada barqarorlashishga undovchi va moslashuv shakliga olib keladigan aqliy harakatlarning sxemalari va asabiy vaziyatni hal qilishdan iborat” sifatida tushungan. A.A. Nalchadjyan himoya reaksiyalarini o‘zlarining namoyon bo‘lish vaqtiga qarab, zudlik va kechiktirilganlarga ajratgan. Shuningdek, frustratorning harakat hususiyatiga ko‘ra, tashqi frustratorlarga qarshi qaratilgan himoya reaksiyalariga, va ichki frustratorlarga qarshi ishlatiladigan himoya reaksiyalariga ajratgan. Frustratorni individual anglash, muallifning fikriga ko‘ra, himoya-moslashuv jarayonining samaradorligi, motivatsiya tuzilishi va shaxsiy da’volar darajasini belgilaydi. [89;264]
I.D. Stoykov psixikaning asosiy funksiyalari sifatida himoya mexanizmlari ko‘rinishlarini o‘rganib, ularni aqliy darajada amalga oshish tartibiga ko‘ra uch darajada namoyon bulishini farqlaydi: tananing himoya hususiyatlari, individning himoya hususiyatlari va shaxsning himoya hususiyatlari. Birinchi daraja: tananing himoya hususiyatlari xulq-atvorni hissiy aqliy tartibga solish orqali amalga oshiriladi. Ular alohida tana tizimlarining, alohida analizatorlarning va umuman organizmning normal faoliyatini saqlab turadi. Ikkinchi daraja: individning himoya hususiyatlari idrokiy psixologik tartibga solish orqali amalga oshadi. Ular Markaziy asab tizimining yuqori qismlarini himoya (cheklangan) to‘htash orqali kuchli jismoniy va semantik stimullardan himoya qiladi. Uchinchi daraja: shaxsning himoya hususiyatlari xulq-atvor va faoliyatni ongli va shaxs uchun belgilangan meyorlarga amal qilgan holda tartibga solish yoki ular yordamida amalga oshiriladi. Ular shaxslararo nizolarda hosil bo‘lgan shaxsning o‘rnatilgan psixologik tuzilishini mustahkamlaydi.
I.D. Stoykov psixologik himoya, bir tomondan, shaxsning hissiy va emotsional muvozanatini saqlashga yordam beradi, boshqa tomondan, shaxsning ijtimoiy yetishmovchilik sabablariga olib kelishi mumkin, deb hisoblagan. Boshqa tadqiqotchilar (F.Y. Vasilyuk, A.A. Ilyasov, I.Y. Kirshbaum, V.S. Tashlikov, Rottenberg va boshqalar) [30;140;]psixologik himoyaning jamiyatda shaxs rivojlanishga salbiy ta’sir etishi haqidagi nuqtai nazarni ilgari surishgan. Ularning fikricha, psixologik himoya shaxsning jamiyatda rivojlanishini cheklaydi, shaxsda javobgarlik va mas’uliyat tushunchasini shakllanmay qolishiga olib keladi.
Y.I. Kirshbaum va A.I. Yeremeyeva madaniyatda psixoprotektiv mavjudlikni tahlil qildilar [67;181] . Ularning ishida psixologik himoya insonning ijodkorligini yo‘qotadigan, anglab bo‘lmas, har tomonlama kompleks foydalaniladigan hodisa sifatida tavsiflanadi. Himoyaning asosiy vazifasi ekskvizit vaziyatning haqiqiy yechimi emas, balki ruhiy noqulaylikni bartaraf etishda qo‘llaniladigan harakat sifatida tushuniladi. Himoyani qo‘llashning oxirgi natijasi muammoni xayolan hal qilishda, o‘z-o‘zini aldashda yoki xatti-harakatdan voz kechishda ifodalanishi mumkin. Psixologik himoyaning ikkiyoqlamalik xarakteristikasi insonning psixologik va ijtimoiy rivojlanishida himoyaning roli uchun diametral qarama-qarshi qarashlarning rivojlanishiga asos bo‘ldi va bu hodisani ilmiy tadqiq qilishni yanada murakkablashtirdi.
Hozirgi kunda eng to‘liq va tizimli psixologik himoya amerikalik psixologlar R. Plutchik, G. Kellerman, X. Kont ishlarida taqdim etilgan. Psixologik himoyaning faoliyat modeli va genezisini R. Plutchik G. Kellerman va X. Kont bilan xammualiflikda 1979 yilda taqdim etgan edi. Ushbu model psixologik himoya mexanizmlarini asosiy hissiyotlarning sakkizta prototiplari sifatida, hissiyotlarning umumiy psixo-yevolyutsion nazariyasiga asoslangan. Muallif nazariy va empirik tadqiqotlarni tahlil qila turib, himoya mexanizmlari shaxs bilan bog‘liq ta’sirli holatlar va shaxsiy xususiyatlari bilan bog‘liqligini taxmin qiladi. R. Plutchik psixologik himoya nazariy modelining beshta postulatini ilgari surdi: 1. Spetsifik (o‘ziga xos) himoyalar muayyan his-tuyg‘ularni egallash uchun shakllanadi. 2. Sakkizta asosiy hissiyotlarni egallashni rivojlantaradigan sakkizta asosiy himoya mexanizmi mavjud. Bularga: qo‘rquv, g‘azab, quvonch, qayg‘u, qabul qilish, rad yetish, kutish, ajablanish kiradi. 3. Sakkiz asosiy himoya mexanizmlari (bostirish, almashtirish, reaktiv shakllantirish, kompensatsiya, inkor qilish, proyeksiya, intellektuallashtirish, regressiya) o‘xshashlik va qutblanish kabi xususiyatlarga yega. 4. Shaxsning diagnoz va baholash xususiyatiga ko‘ra o‘ziga xos himoya usullariga ega. 5. Shaxs himoya mexanizmlarining har qanday kombinatsiyasidan foydalanishi mumkin.
Mazkur nazariya psixologik himoya va uning mexanizmlari haqidagi bilimlarni yagona tizimdagi integratsiyaning bir necha urinishlaridan biridir. Unga asosan psixologik himoyalarning intensivligini miqdoriy jihatdan tavsiflashga imkon beruvchi "Hayot Tarzi Indeksi (Life Style Index)" so‘rovnomasi yaratildi. Berilgan usulning rus tilidagi versiyasini moslashtirish va standartlashtirilishi YE.S. Romanova rahbarligi ostida L.R. Grebennikovning dissertatsiya tadqiqotlari doirasida amalga oshirildi. L.R. Grebennikov va Y.S. Romanova o‘z tadqiqotlarida tizimli yondashuv nuqtai nazaridan psixologik himoya haqidagi bilimlarni tahlil qildilar. Mualliflar himoya mexanizmlarini turli modallik hissiyotlarini yengish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-psixologik moslashuvning o‘ziga xos vositasi bo‘lgan ontogenetik rivojlanish va hayotga moslashish natijalari deb baholaydilar. Ammo muayyan sharoitlarda ular ko‘rsatgan himoya mexanizmi noto‘g‘ri va doimiy mojarolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Fan taraqqiyotining hozirgi bosqichida psixologik himoya deganda an’anaviy psixoanalitik talqin tushuniladi, ya’ni "intrapersonal" himoya, tashqi ta’sirlardan esa psixologik himoya "ijtimoiy-psixologik" yoki "shaxslararo" himoya deb belgilanadi. Y.L. Dotsenko shaxslararo psixologik himoyani boshqa subyektdan unga tahdid soladigan zararlarni bartaraf etish yoki kamaytirish uchun psixologik vositalardan foydalanish jarayonini tushunadi. Psixologik himoyaning psixoterapevtik jihatlari ham mavjudligini ko‘rib chiqib va tahlil qilib, Y.L. Dotsenko shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘ladigan shunga xos asosiy himoya munosabatlarini (g‘amxo‘rlik, haydash, blokirovka qilish, boshqarish, to‘xtash, e’tiborsizlik) ko‘rsatib o‘tadi. Ushbu tuzilmalar dinamik xususiyatga ega. Muallif tahdidning tabiatiga va uning mazmuniga mos keladigan, nospetsifik, stereotipizatsiya qilingan, faqat tahdidni faktga mos keladigan himoya munosabatlari va harakatlarini o‘ziga xos tarzda tasniflaydi. [46;304]
Tadqiqot tahlillarida ko‘rsatilishicha, intrapersonal o‘zaro ta’sirning namoyon bo‘lishi inson bolaligida kirishadigan shaxslararo munosabatlar tabiatidan kelib chiqadi. Bu nuqtai nazar G.V. Grachev tomonidan amalga oshirilgan shaxsni psixologik himoyasining tadqiq qilish va ishlab chiqish tizimida o‘z aksini topgan.
Shaxsning axborot-psixologik xavfsizligi nazariyasini asoslab, u shaxsning psixologik himoyasini tashkil etuvchi uchta asosiy darajasini ko‘rib chiqadi:
ijtimoiy – butun jamiyat miqyosida;
ijtimoiy-guruhli – turli ijtimoiy guruhlar asosida;
psixologik himoya quyidagi shakllarda amalga oshiriladigan individual-shaxsiy: intrapersonal psixologik himoya va individual ijtimoiy-psixologik himoya.
G.V. Grachevning fikriga ko‘ra, psixologik o‘z-o‘zini himoya qilish shaxsni psixologik himoya qilish tizimining markaziy komponentidir. Uni shakllantirishning asosi axborot va xulq-atvor qayta ishlash algoritmlari bo‘lib, ular shaxsning axborot-psixologik ta’siriga duchor bo‘lgan axborot-kommunikatsiya holatlarining asosiy guruhlariga mos keladi. Muallif tomonidan psixologik himoyaning nazariyasi va texnologiyasini asoslashga uringan.
Shtroo V.A. nafaqat intrapersonal, shaxslararo, balki guruhli va guruhlararo darajalarda ham himoyani o‘rganish zarur deb hisoblaydi.
Zaxarova Y.B. tadqiqotlarida psixologik himoyaning tuzilish darajasi modelini taklif etadi va u o‘z ichiga:
- ichki himoya – Men-obraz (shaxsni hisobga olish) o‘ziga o‘zi tahdid qilganda himoya mexanizmlarini qo‘llash;
- shaxslararo himoya- o‘zaro shaxsiy tenglik asosida subyektga boshqalar tomonidan tahdid bo‘lganda himoya mexanizmlarini qo‘llash;
- biz-obrazini saqlab qolishga qaratilgan himoya-muayyan ijtimoiy guruhning boshqa guruhlar a’zolari bilan o‘zaro munosabatlarida shaxsning ijtimoiy identifikatsiyasiga tahdid tug‘ilganda himoya mexanizmlarini qo‘llash. [52;5]
Z.A. Parfenova “psixologik himoya” hodisasining tarkibiy va dinamik xususiyatlarini ishlab chiqishga murojaat qilgan. Muallif psixologik himoyaning ong osti, ongli va ijtimoiy shakllarini ko‘rib chiqadi. Ong osti psixologik himoya-shaxsiy tajriba va rivojlanishning mahsuli; ongli psixologik himoya-bevosita atrof-muhit meyorlari va ijtimoiy qarashlarning o‘zlashtirilishi natijasidir. Ijtimoiy psixologik himoya esa Z.A. Parfenovaning fikriga ko‘ra, ikki tomonlamadir, chunki bir tomondan, u ko‘proq darajada yanada ongsizdir (ong ostidan ko‘ra) va boshqa tomondan-u jamiyatning madaniy meyorlari va an’analarini o‘zlashtirishning natijasidir. [97;236]
Shunday qilib, tadqiqotchilar himoyani "ichki" va "tashqi" ga bo‘lish mezoni sifatida tahdid o‘chog‘ining mahalliylashtirilganini ko‘rib chiqmoqdalar. "Intrapersonal" himoya vositalari ularning klassik ma’nosida psixologik himoya mexanizmlari sifatida namoyon bo‘ladi, va "shaxslararo" himoyada shaxs himoya xulqining turli shakllari dolzarblashadi. Inqirozli vaziyatlarni bartaraf etishning himoya xulq-atvorini shakllantirishning tajribasini tadqiq etilmoqda. Bunday tajriba, albatta, inqirozli vaziyatlarni optimal, shuningdek, o‘z joniga qasd qilish va professional deformatsiyalarni bartaraf etishga, xodimlarning holatini hissiy va psixologik nazorat qilish va tuzatishga, va zarur bo‘lganda o‘z vaqtida reabilitatsion yordam qilishga asos bo‘ladi. Psixoprofilaktik usullar, avtogenik o‘qitish usullari va o‘yin psixotexnikasi, psixodrama va krizis holatida insonni topa olish va undan mustaqil ravishda chiqishning o‘ziga xos holatlarini qo‘llash, o‘quv treninglari ishlab chiqilgan. Treninglar jarayonida ishtirokchilar tomonidan anglangan va noqulay oqibatlarga ega bo‘lgan hatolarni qanday tahlil qilishlar, inqirozli vaziyatlarni yengishning konstruktiv usullari va yo‘llarini shakllantirishlar ishlab chiqilgan. Mualliflar shaxsiy anglashda dolzarb talablarning aytilishlari, ishtirokchilarning hissiy “ko‘tarilishi”da namoyon buladigan, individual ish shakli oldida guruhli ish shakllarining shartsiz imkoniyatlari haqida tavsiyalar berilgan.
I.Y. Maxovaning ishlari oliy ta’lim sharoitida vaziyatning dolzarbligi va shaxsiy identifikatsiya qilish subyektning holat va refleksiv mexanizmi sifatida vakolatning konseptual modelini tekshirishga bag‘ishlangan. O‘quv-kasbiy tayyorgarlik faoliyatining shakllantirish omillarini o‘rganishda uning konseptual modelida keltirilgan kompetentlik hodisasi tuzilishining haqiqati aniqlangan. Kompetentlik komponentlari (indikativ, meyoriy va diagnostik) talabalarning o‘quv-kasbiy faoliyatining omilli tuzilmalarida aniqlanadi. [81;57]
Muallif bitiruvchilar vakolatlarining indikativ komponentini tahlil qilish jarayonida shaxsning himoya mexanizmlari haqidafikr bildirgan. Bitiruvchilar vakolatlarining indikativ komponenti o‘quv vaziyatida o‘zlarining dolzarb maqsadlariga erishish bilan qoniqishlari taqdim etilgan, ammo kuchlanishning kuchayishi va identifikatsiyaning tarqalishi bandlik va professional vaziyat talablariga rioya qilish zarurati bilan bog‘liq bo‘lib, shaxsning himoya mexanizmlari bilan qoplanishini namoyon etadi. Ideal kasbiy obrazning tartibga soluvchi roli yo‘q; kasbiy vaziyatning ma’nosi shu nuqtai nazardan ustun turadi.
Subyekt xususiyatlari psixologik xavf va tahdidlarning oldini olish, zararsizlantirish va bartaraf etish usullarini egallash va qo‘llash natijasida yuzaga keladigan muammoni hal qilish jarayonida psixologik xavfsizlik va farovonlikka erishish uchun ichki resurslarni jalb qilish sifatini belgilaydi. Bu xususiyatlarning ta’siri ham ichki (muallifning o‘zining yoki ishtirokchilar yordami ruhiyatining ko‘rinishlariga), ham tashqi (faoliyatni amalga oshirishning ijtimoiy-psixologik sharoitlarida insonni o‘rab turgan jamiyatning psixologik xavfsizligi ko‘rinishlariga) yo‘naltirilgan. Belgilangan subyektiv xususiyatlarning uyg‘unligi individual va ijtimoiy psixologik makon chegarasida sodir bo‘ladi, shuning uchun uning davomiyligi va intensivligi muhim darajada nafaqat shaxsning o‘ziga bog‘liq, balki barcha ishtirokchilar vakolatlarining negizida muayyan jamiyat bilan birgalikda yaratilgan psixologik xavfsizlik atmosferasining mavjudligiga bog‘liqdir. Bu "psixologik xavfsizlik muhitini yaratish, psixologik xavfni bartaraf etish va bartaraf etish texnikasi bilan o‘z faoliyatini jihozlash uchun nazariy va amaliy tayyorlik qobiliyatning birligidir" deb tushunilgan psixologik xavfsizlik subyektining vakolatini tadqiq qilish va rivojlantirish zarurati keskinligini anglatadi». Demak, psixologik himoya deganda ichki va tashqi nizolar, xavotirlanish holatlari va bezovtalik bilan bog‘liq noxush, shikastlanish kechinmalaridan ongni himoya qilishga qaratilgan shaxsni psixologik barqarorlashtirishning maxsus tizimi tushuniladi. Psixologiya fanida psixologik himoya hodisasini tushunishda ikki asosiy yondashuvni farqlash mumkin. Birinchisi, psixologik himoyani ongning mudofaa strategiyalari tizimi (rad yetish, ratsionalizatsiya va boshqalar.) sifatida ko‘rib chiqish.
Ikkinchi yondashuv esa, har qanday ruhiy faoliyat va uning namoyon bo‘lishi himoyaga tegishlidir, chunki shaxsning o‘zaro munosabat jarayonida psixologik noqulayliklarni kamaytirish yoki bartaraf etish imkonini beradi. Bunday yondashuv tadqiqotimizning maqsad va vazifalariga mos keladi. Biz F.V. Bassin, R.M. Granovskaya, L.R. Grebennikov, B.V. Zeygarnik, V.G. Kamenskaya, V.K. Myager, A.A. Nalchadjyan, I.M. Nikolskaya, Y.S. Romanova, Y.T. Sokolova va boshqalarning, mojaroli vaziyatlarda o‘z-o‘zini tartibga solish va yengish relevant vosita bo‘lgan inson ongining kundalik ishlaydigan mexanizmining psixologik himoyasini normal va eng ma’qul deb hisoblashgan nuqtai nazariga tayanamiz. Psixologik himoyadan foydalanish hissiy stressni yengillashtirish, xulq-atvorni tartibsizlantirishning oldini olish va qisqa vaqt ichida yangi ijtimoiy-psixologik sharoitlarga moslashish imkonini beradi. Ba’zi hollarda himoya mexanizmlari doimiy mojaro holatiga olib kelishi mumkin, shuning uchun halokatli va konstruktiv himoya choralarini farqlash kerak deb hisoblaymiz.