G’. M. Sayfullayev



Yüklə 0,61 Mb.
səhifə39/149
tarix19.12.2022
ölçüsü0,61 Mb.
#76293
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   149
darslik oxirgi variant G.Sayfullayev

RA’NODOSHLAR OILASI . Bu oilaga Shimoliy Yarim sharning
mo'tadil iqlimli mintaqalarida o‘sadigan 120 turkumga mansub 3000 ga yaqin tur daraxt, buta va ko‘p yillik o‘tlar kiradi. O‘zbekistonda uning 35 turkumga mansub 153 turi o‘sadi. Ra’nodoshlarning barglari yonbargchali, oddiy, uchga bo‘lingan, panjasimon yoki patsimon, yohud murakkab; 3 -5 yaproqchali, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari yakka-yakka, barg qo‘ltig‘ida o‘rnashgan yoki shingil; qalqon, soyabon xilidagi to‘pgullarda joylashgan; ikki jinsli, hasharotlar yordamida changlanadi. Gulqo‘rg‘oni murakkab, to‘g‘ri, ko‘pincha 5 a'zoli. Kosachasi bir- biri bilan qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan 5 ta kosachabarglardan tashkil topgan. Tojbargi 5 ta, erkin, oq, sariq yoki qizil rangli. Changchilari ko‘p, erkin, gul o‘rniga yoki kosachaga o'rnashgan (na'matakda). Urug'chisi 1-5 ta yoki ko‘p, qo‘shilgan yoki erkin urug‘chibarglardan tashkil topgan. Tugunchasi 1-5 uyli. Mevasi-quruq (yong‘oqcha, to‘pbargak) yoki ho‘l (bir yoki ko‘p danakli meva yoki soxta meva). Ko‘pchilik vakillarida gulo‘rin o‘sib (kattalashib) likopchasimon, qadahsimon, konussimon, yumaloq va boshqa shakllarga kiradi (bu gipantiy deb ataladi).Bu oila o'simliklari turli-tumanligi, gul va mevasining har xilligi bilan boshqa oilalardan ajralib turadi. Shuning uchun ham u juda ko‘p turkumlarni o‘z ichiga oladi. Bularga tobulg’i, olcha, na'matak, olma, olxo‘ri, bodom, nok, shaftoli, kamxastak, gilos, qulupnay, maymunjon kabi turkumlar kiradi. Tog’larning toshli yonbag‘irlarida, tog’lardagi daryo bo‘ylarida va to‘qaylarda ra’no (na’matak) turkumiga mansub butalar o‘sadi. Ulardan biri na’matak (ra’no) dir. U bo‘yi 3-4 m ga yetadigan, poyasi ko‘p, sershox buta. Qari poyalarining po‘sti to‘q kulrang, yoshlariniki-yashil. Tikanlari yirik. Barglari murakkab toq patsimon, 5-9 yaproqchali. Tog‘ning o‘rta qismlarida iyundan, yuqori qismlarida esa iyuldan boshlab gullaydi. Gullari yirik, diametri 8-9 sm, asosan och pushti, gulbandda yakka-yakka o‘rnashgan. Gulo‘ringa beshta kosachabargdan iborat kosacha birikkan. Kosacha o‘simlik mevalaganda ham to‘kilmaydi. Toj ham beshta tojbargidan tuzilgan. Gulda juda ko‘p changchi va urug‘chilari bor. Gulining formulasi K5T5Ch U.
Urug‘chisining tugunchasi botiq gulo‘rinda joylashgan. Ustuncha va tumshuqchalari tashqariga chiqib turadi. Na’matak gullari hasharotlar yordamida changlanadi. Na’matakning gullari changlanib va urug‘lanib bo‘lgandan so‘ng gul o‘rnida meva hosil bo‘ladi. Na’matakning soxta mevasi to‘q qizil, etdor, uzunchoq tuxumsimon bo‘lib, uzunligi 2 -3 sm. Meva ichida juda ko‘p qattiq urug’lari bor. Soxta mevasi-etdor, juda xushbo‘y, chuchuk-nordon, mazali bo‘lib, tarkibida inson sog‘lig‘i uchun zarur moddalardan darmondori, limon kislota, oshlovchi va boshqa moddalar bor. Tabobatda avitaminoz kasalligining oldini olish va davolashda ishlatiladi. O‘zbekistonda bu turkumga mansub 13 tur o‘simlik o‘sadi, bulardan 5 tasi manzarali o‘simlik sifatida gulzorlar, maydonlar, bog‘lar, istirohat bog‘lari, xiyobonlarda o‘stiriladi. Na’matak (ra’no) madaniy atirgullarning yovvoyi turi hisoblanadi. Qadim zamonlardayoq kishilar na’matakdan madaniy atirgullarni chiqarganlar. Hozirgi vaqtda yeryuzida atirgullarning 10 minggayaqin, O‘zbekistonda 340 dan ortiq navi ekiladi. Tog’larimizdagi keng yaproqli o‘rmonlarning asosiy qismini mevali daraxtlardan yong’oq, yovvoyi olma, yovvoyi nok, murut (olmurut), do'lana, olcha, bodom va kamxastaklar tashkil etadi. Shulardan biri olmadir. Olmalar olma turkumiga mansub daraxtlar bo‘lib, O‘zbekistonda ularning 5 ta turi bor. Shulardan 2 tasi yovvoyi, 3 tasi esa madaniy turlardir.Olmaning bargi oddiy, butun. Gullari oq, pushti yoki och pushti bo‘lib, qalqon to‘pgulga o‘ rnashgan. Gulidagi kosachabarg va tojbarglar 5 tadan, changchilari ko‘p. Urug‘chisi 5 ta, tugunchalari bir - biri bilan qo‘shilib ketgan. Gulining formulasi quyidagicha bo‘ladi: K5T5CH U(5). Bundan tashqari, olma gulining tuguni ostki. Olmaning mevasi gulo‘rinning tugunchaga qo‘shilib o‘sishidan hosil bo‘lgan, 5 uyli soxta mevadir. Nok gul va mevalari bilan olmaga o‘xshaydi. Lekin mevasining etida tosh hujayralari borligi bilan olmadan farq qiladi. O‘zbekistonda nok turkumiga oid 7 tur bor. Bulardan 3 tasi yovvoyi holda o‘sadi. Ular asosan tog’larda tarqalgan, ko‘pincha murut yoki olmurut deb
yuritiladi. Qolgan 4 tasi madaniy tur bo‘lib, bulardan ko‘p tarqalgani oddiy nokdir. Shuningdek, ra’nodoshlar oilasiga do‘lana turkumi ham kiradi. Do‘lananing mevasi 1-5 urug’chibargning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan, shuning uchun u 1-5 danakli bo'ladi. Tog‘olcha va olxo‘rilar olxo‘ri turkumiga mansub daraxt va butalardir. Bularning barglari ham oddiy, lekin guli va mevasining tuzilishi tobulg‘i, na’matak va olmalarnikidan biroz farq qiladi. Masalan, qimizak olvoli gulida kosachabarg va tojbarglar 5 tadan, changchilari ko‘p, urug’chisi bitta bo‘lib, bitta urug‘chibargdan hosil bo‘lgan. Gulo‘rin juda botiq-qadahsimon, lekin olmalarnikiga o‘xshab tuguncha bilan qo‘shilmaydi va mevaning hosil bo‘lishida ishtirok qilmaydi. Qimizak olvoli gulining formulasi quyidagicha: K 5T5Ch U,. Mevasi haqiqiy danakli mevadir. O‘zbekistonda olxo‘ri turkumiga oid 4 ta tur bo‘lib, bulardan 3 tasi madaniy (gilos ham shu turkumga kiradigan madaniy o‘simlik), qolganlari esa yovvoyi holda o‘sadi. Yovvoyi olma, nok, olcha va boshqa mevali o‘simliklar qurg‘oqchilik, sovuq va zararkunandalarga chidamliligi tufayli yangi navlar yaratishda, chatishtirish yoki payvandtag qilish uchun muhim ahamiyatga ega.
Ra’nodoshlar asosan daraxt, buta va ko‘p yillik o‘tlardan iborat. Gullari yirik, asosan 5 ta kosachabarg, 5 ta tojbarg, cheksiz changchi va birdan cheksizgacha urug‘chidan tarkib topgan. Oilaning rezavor mevalar vakillariga qulupnay, malina, maymunjonlar ham kiradi. Ra’nodoshlar oilasiga tegishli o‘simliklar respublikamizda madaniy holda ham ko‘p tarqalgan. Ularga o‘rik, shaftoli kabilar kiradi. Oila vakillaridan ikkitasi (O‘rta Osiyo noki, Olga sorbariyasi) O‘zbekiston Respublika «Qizil kitob»iga kiritilgan.

Yüklə 0,61 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   149




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin