Gap bo'iaklari


Shavkat Rahmon she'riyati



Yüklə 51,18 Kb.
səhifə6/9
tarix13.12.2023
ölçüsü51,18 Kb.
#174748
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Gap bo\'laklarining tartibi. Inversiya. Shavkat Rahmon she\'riyati.

2.2. Shavkat Rahmon she'riyati.

O‘zbek adabiyoti tarixida o‘ziga xos ovozi va va ijod olami bilan nom qozongan, she’riyatimiz maydonida o‘z ijod maktabini yaratib ketgan zabardast shoirlarda biri Shavkat Rahmondir. Shoir o‘tgan asrning 80-yillarida kuyunchak ovozi va isyonkor ruhi bilan adabiyotimizda alohida ko‘zga tashlandi. U nainki har bir she’r, balki har bir so‘z ustida mahorat bilan ishladi. Bir-birini takrorlamaydigan satrlar, unutilmas badiiy obrazlar yaratish mahoratiga ega bo‘lgan Shavkat Rahmon ijodi o‘zbek adabiy tanqidchiligining yuksak e’tirofi va bahosiga musharraf bo‘ldi. Shoir boshqa ijodkorlardan farqli o‘laroq, faqat o‘z kayfiyatini tasvir etish bilangina chegaralanmasdi, u hamisha millatning dardi, xalqining armonlarini ifodalashga intilgan edi. Adabiyotshunos olim Umarali Normatov buni quyidagicha izohlaydi: “Shavkat Rahmonning ilk she’rlaridan tortib so‘nggi misralarigacha qalbi, tabiati, butun borlig‘i vaziyatga qarab tovlanavermaydigan mustahkam e’tiqodi, sodda va mag‘rur, kurashchan va jasur siymosi mana men deb turibdi”.3


Odatda, ijodkorlarning ilk to‘plami, ijoddagi ilk qadamlaridan sezilarli salmoq talab etilmaydi. Chunki dastlabki mashqlarning xom bo‘lishi mumkinligi haqidagi haqiqatga o‘rganib qolingan. Biroq Shavkat Rahmon “Ilk she’rlari bilan ommaning diqqatiga, e’tiboriga tushdi. Bu kamdan-kam ijodkorlarga nasib etishi mumkin bo‘lgan baxt”4 edi. Qolaversa, uning ijodda o‘z so‘zini ayta olishga o‘rgatgan va dastlabki ilhom uchqunlarini bergan tug‘ilgan tuprog‘i – O‘shni ham unutmaslik kerak. Chunki aslida: “Shavkat Rahmon shoir sifatida O‘shda shakllangan edi. To‘g‘ri, u Moskvada – Adabiyot institutida ta’lim oldi, Toshkentda ham ustozlaridan ko‘p narsa o‘rgandi. Biroq u shaxs sifatida O‘shda shakllangan edi. 19-20 yoshlarida shaxs bo‘lib shakllanadi, keyin o‘sha shaxs sayqallanadi, o‘zligini namoyon qiladi”5
Shoirning birin-ketin nashr etilgan she’rlarini mutolaa va tahlil qilish davomida uning ana shu ilk manbalardan yuksalganiga iqror bo‘lamiz. Shavkat Rahmonning she’rdan she’rga o‘sish tadrijini, she’riyatining shakllanishini alohida tadqiq qilgan adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam quyidagi mulohazalarga to‘xtaladi: “Munaqqidlar shoirlar haqida gapirisharkan, «u she’rdan she’rga, kitobdan kitobga o‘sib bordi» degan iborani ko‘p qo‘llashadi. Agar Shavkat Rahmon ijodiga shu nuqtai nazardan yondoshadigan bo‘lsak, quyidagilarni alohida ta’kidlab aytish joizki, u adabiyotga ilk she’rlaridanoq o‘z qiyofasi, o‘z badiiy so‘zi bilan kirib kelgan. Shoirning 1978 yilda ilk to‘plami — «Rangin lahzalar» nashrdan chiqdi. Shavkat Rahmon ilk to‘plami bilanoq she’riyatga o‘z so‘zi va ovozi bilan kirib keldi. Jajjigina kitobni varaqlar ekanmiz, biz bir vaqtning o‘zida ham vatan va tabiat manzaralari aks ettirilgan, yosh qalbning muhabbat, hayot va o‘limga nisbatan bo‘lgan jo‘shqin munosabatlari ifoda etilgan lirikasiga, ham jamiyatning va dunyoning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan zalvorli ijtimoiy she’riyatga duch kelamiz.
Shoir o‘zining kimligini birinchi urinishdayoq o‘quvchiga tanita olgan. Uning birin-sirin dunyo yuzini ko‘rgan «Yurak qirralari» (1981), «Ochiq kunlar» (1984), «Gullayotgan tosh» (1985), «Uyg‘oq tog‘lar» (1986), «Hulvo» (1987) kabi she’riy to‘plamlari 1989 yilda esa Shavkat Rahmon ulug‘ ispan shoiri Federika Garsia Lorkaning «Eng qayg‘uli shodlik» deb atalmish to‘plamini asliyatdan tarjima qilib nashr ettirdi. Nihoyat, shoirning vafotidan bir yil keyin, lekin uning o‘z qo‘llari bilan tartib bergan «Saylanma»si 1997 yilda o‘quvchilar qo‘liga borib yetdi. Mana, shoirning bor-yo’q bisoti.
Shavkat Rahmon umrining so‘nggi yillarida tartib bergan kitobi uning “Saylanma”sidir. “Kitobdan faqat ilgari chop etilgan to‘plamlaridan saylangan lirik-falsafiy she’rlargina emas, balki O‘zbekiston mustaqilligi arafasida va undan keyin, o‘lim to‘shagida qog‘ozga tushirilgan (shundan ba’zilari ilk bora e’lon qilinmoqda) badiiy mo‘jizalar ham o‘rin olgan. O‘ylaymizki, vido kitobi XX asr o‘zbek she’riyatida, umuman, umumturkiy adabiyotda chinakam hodisa bo‘lgan shoir shaxsiyati va uning ko‘ngil kengliklari-yu yurak qirralari to‘g‘risida o‘quvchiga to‘la-to‘kis tasavvur beradi”.6
Chindan ham qalamini eng katta g‘animga qarshi ham kurasha oladigan qurol deb bilgan shoir umrining so‘nggi yillariga qadar ham o‘zi sevgan tog‘lar kabi o‘sishda, shakllanishda davom etaverdi. Shavkat Rahmon otliq ijod bog‘idan qolgan sarxil mevalar har gal totib ko‘rilganida hayratlantiradi, g‘aflatdan uyg‘otadi, yig‘latadi ham. Xulosa qilib aytganda, Shavkat Rahmon she’riyati ilk she’rlardan tortib, umrining so‘nggi kunlarida yozilgan misralarga qadar shakllanishda davom etdi.
Shavkat Rahmon she’riyatining mavzu ko‘lami juda keng. Shoir o‘zi kuylagan har qanday mavzuda yonib, to‘lqinlanib, joiz bo‘lsa, dildan azoblanib kuylashga o‘rgangan. U, ayniqsa, ijtimoiy hayot motivlarini keng ko‘lamda aks ettirgan. Shavkat Rahmon qalam tebratgan asosiy mavzular va shoir keskin bahslar qilgan muammolar sirasiga Vatan, erk, tabiat, inson va jamiyat, ishq, baxt va armon, hatto o‘lim kabi eng e’tiborga molik mavzularni qayd etish va tahlil qilish lozim. Quyida bularga alohida-alohida to‘xtalib o‘tamiz.
Shavkat Rahmon ijodining gullagan davri eng og‘ir kunlarga – mustabid Sho‘ro tuzumining so‘nggi yillariga to‘g‘ri keldi. Xalqning og‘ir ahvoli, ham siyosiy, ham iqtisodiy va ijtimoiy qaramlikka qarshi isyonkorlik ruhi she’rga ko‘chgani sir emas. Buning oqibatida she’riyatda, xususan Shavkat Rahmon ijodida ijtimoiy mavzuning muhimroq o‘ringa chiqqanini ko‘ramiz. Ammo shunisi e’tiborliki, Shavkat Rahmon she’rni publitsistikaga – fikrning qurboniga aylantirib yubormadi. Haqiqatga, sadoqatiga sodiq qoldi.
Xalqimiz hayotida kechayotgan voqealarning hech biri Shavkat Rahmon nazaridan chetda qolgan emas. U har doim she’rga xos jasorat bilan birinchilardan bo‘lib yaqinlashib kelayotgan har qanday xavfdan elni ogoh qildi, har qanday zulmga, jaholatga qarshi turadi. “Bir vaqtlar do‘sti yo’qligidan kuyinib she’r yozgan shoir endi qurib tugayotgan dengizning hasratida. Millatining manqurtlashib, jismonan zaiflashib borayotganidan alamda. U yana so‘zi – she’ri bilan birga bu dardu mashaqqatlarni boshida o‘tkazadi, u orqali hasratini to‘kib soladi:
So‘nggi zuryodimni zaharlar qullar,
So‘nggi chechaklarim aynib so‘lajak.
Ey, beklar zahar ich – o‘zbeging qolib,
O‘zgaga bo‘ysunding, o‘lganing shuldir.
Shundanmi, boshida teridan qolip,(bu –manqurt degani!)
Saksovul singari mayishgan budun.
Shoir zamon muammolari – millatning dardini ifodalar ekan, tarixga bot-bot murojaat qiladi:
Hiylagar do‘stlarday yaqinlashdi yov
Komillik qidirgan jasur erlarga.
Ilavsin yigitlar, bobur yigitlar
Sajdaga bosh qo‘ydi teskari qarab,
Gullarni kemirib yig‘ladi itlar,
Buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.
Shavkat Rahmon she’rlari faqat dilning emas, jasoratning ham tarjimonidir. Shoir ijodini kuzatib borgan o‘quvchi uning she’rdan-she’rga yuksalib, kurashchanligi ortib borganligini ko‘radi.”7 Ijtimoiy hayot va zamon muammolarini she’riyatda aks ettirmaslikning iloji bo‘lmagan davrlar ham bo‘lganligini unutmagan holda ta’kidlash joizki, “... she’riyat ham, xususan, XX asr o‘zbek she’riyati ham qaysidir ma’noda ijtimoiylashdi. Binobarin, Shavkat Rahmon ham, ko‘pincha, ijtimoiy mavzularga qo‘l urishga majbur bo‘ldi. Oqibat shu bo‘ldiki, hayotning shirin va adolatli bo‘lishiga halaqit berayotgan har qanday narsa va kimsalar she’riyatga ko‘chib o‘tdi, shoirning dushmanlari ko‘paydi:
Dushmanim ko‘paydi, hatto, o‘liklar
Bahorni sog‘ingan qutlug‘ oylari,
Hilvatda yig‘ilib yurdi sho‘rliklar
Changalda bo‘hton-u ig‘vo loylari…
Biroq she’riyatga aynan shu xil kayfiyatni kirib kelishi poeziya deb atalmish yuksak olamni qaysidir ma’noda oyog‘idan tortib yerga tushirib qo‘ydi. Natijada biz, ko‘pincha, she’r o‘qirkan, qalban yuksalish va poklanish o‘rniga turmushning deyarli har kuni o‘zimiz duch kelayotgan chirkin nuqtalariga takror ro‘para kelib qiynalamiz. Lekin ayni chog‘da “buning uchun shoirdan o‘pkalash ham noto‘g‘ri bo‘lar, chunki unda simobdek qaynab turgan ijtimoiy mavzularni qo‘yib, gul va bulbul dunyosiga sho‘ng‘ib ketolmay qiynalayotgandir”, degan o‘ylar ham boshimizda aylanadi. Muhimi, Shavkat Rahmonga ijtimoiy mavzuni shaxsiy mavzu sifatida yoki buning aksi: o‘z shaxsiy dardini ijtimoiy dard darajasida kuylay olish baxti nasib etgan. Ya’ni u ko‘pning dardini o‘z ko‘ngil prizmasidan o‘tkazib, uni shaxsiylashtira (personifikatsiya) bilgan. Natijada umumdard shaxs dardiga, “men” dardiga aylangan.”8 Aytish mumkinki, shoirning ijtimoiy ruhdagi barcha she’rlari yurak hayqiriqlari bo‘lib, aksariyat millat, xalq, odamlarning uxloqligidan o‘kinishlar, yangi va uyg‘oq hayotga chorlovlardir.

Yüklə 51,18 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin